background
logotype
image1 image2 image3

Abdulloh ibn Abbos

Abdulloh ibn Abbos Rasululloh (s.a.v) amakilarining o‘g‘li. Sanasi aniq bo‘lmasa-da, Makkada Abu Tolib oilasiga qarshi qo‘llangan iqtisodiy qamal vaqtida tug‘ilgani ma’lum. Onasi Ummu Fazl Luboba binti Horis mo‘minlar onasi Maymuna (r.a.)ning singlisi, Xadicha onamiz (r.a.)dan keyin islomni qabul qilgan ikkinchi ayol.

Otasi Abdullohni tug‘ilishi bilan Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga olib bordi. Rasululloh (s.a.v.) chaqaloqni bag‘irlariga bosib: «Ilohim, uni dinning bilimdoni qil! Kitob (Qur’on)ning tafsirini unga o‘rgat», deya duo qildilar.

Abdulloh ibn Abbos islom oyoqqa turgan Madina shahrida ulg‘aydi va ilm oldi. Tahorat qilish, namoz o‘qishni shaxsan Rasululloh (s.a.v.)dan o‘rgandi. Yoshlik chog‘ida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uning boshini silab, bir necha bor: «Ey Alloh, butun ilm va hikmatni shu boshga ber. Unga ta’vil va tafsirni o‘rgat. Parvardigorim, insoniyatga bergan barcha ilm va hikmatni uning qalbiga jo qil», deya duo qilganlar (Muttafaqun alayh). Saodat asrida juda yosh bo‘lgani sabab, Rasululloh (s.a.v.)ning xonadonlariga bemalol kirib chiqar, boshqa sahobalar bilmagan va ko‘rmagan ko‘p narsalarni bilardi.

Hazrat Ali (k.v.) davrida muhim mansabda xizmat qildi. Jamal va Siffin janglarida Ali (k.v.)ning yonida turdi va Abu Muso Ash’ariy bilan birga u kishining vakili bo‘ldi. "Hakam voqeasi"dan keyin Basra hokimi etib tayinlandi hamda xorijiylarning isyonini bostirib, hududda osoyishtalik o‘rnatdi. Keyinroq unga tuhmat qilishganidan so‘ng hokimlikdan ketdi va Makkaga qaytib, umrining oxirigacha ilm bilan mashg‘ul bo‘ldi. Hayotining so‘nggi yillarida hazrat Husayn (r.a.)ning Karbaloda shahid etilganidan qattiq qayg‘uga tushib, ko‘zlari ojiz bo‘lib qoldi. Hijriy 68 (milodiy 687) yili Toifda vafot etdi.

Ibn Abbos din ilmlari bo‘yicha eng zukko shaxslardan biri; Qur’on, tafsir, hadis va fiqh ilmi, shuningdek, arab adabiyotining bilimdonlaridan edi. Shuning uchun Ibn Mas’ud: «U Qur’onning tarjimoni, mufassirlarning sultonidir», deya ta’rif bergan. Ilmi kuchliligidan zamondoshlarining «Ummatning olimi, ilmda misli dengiz» degan e’tiroflariga sazovor bo‘lgan. Islom tarixida Qur’ondagi nozik iboralarning sharhi va ularning eng sahih rivoyatlari ham Ibn Abbosga oiddir. U tafsir bo‘yicha kitob yozmagan. Biroq Mashhur olim Feruzobodiy uning oyati karimalar haqida aytgan tafsirlarini to‘plab kitob holiga keltirdi va uni «Tanvirul miqbos, min tafsiri Ibn Abbos» deb nomladi.

Abdulloh Ibn Abbosdan yettita eng ko‘p hadis roviylari orasida beshinchi o‘rinda turadi. U Payg‘ambarimiz (a.s.)dan 1660 ga yaqin hadis rivoyat qildi. Uning rivoyatlari mashhur oltita ishonchli hadis to‘plamiga kiritilgan. Ibn Abbosdan ko‘plab olim va muhaddislar ilm olishgan. Shu jumladan: o‘g‘illari Muhammad va Ali, jiyani Abdulloh ibn Ma’bad, Ibn Umar, Sha’ba ibn Hakam, Abu Tufayl, Said ibn Musayyab va hokazo.

Juda tartibli va tinib-tinchimas Abdulloh ibn Abbos barcha ishlarini aniq reja asosida amalga oshirardi. Haftaning muayyan kunlari keng ommaga diniy ilmlar bilan bir qatorda arab tili va she’riyatidan dars berardi. U kishi to‘rt roshid xalifa zamonlarida fatvo bergan. Hazrat Usmon (r.a.) davrida elchilik ham qildi. Xususan, Vizantiyaning Afrikadagi bosh vakili Georgios va uning mulozimlari Ibn Abbosning aql-zakovati, fikrlash doirasi va ilmining kengligini ko‘rib: «Bu inson arablarning eng zo‘r olimi bo‘lsa kerak» deb o‘ylashgan ekan.

Shoakmal Shoakbar o‘g‘li tayyorladi
"Irfon taqvimi"dan

* * *

ABDULLOH ibn ABBOS (yoxud al-Abbos) Abul Abbos (619-686) - Muhammad (sav)ning amakivachchalari. Abdulloh ibni Abbos nihoyatda ilmli bo‘lganligi tufayli "xabr al-umma"("jamoa donishmandi") laqabiga sazovor bo‘lgan.

Muhammad (sav) va sahobalarning faoliyatlari, aytgan so‘zlari haqidagi hikoyalarini (hadislar) to‘plash fikri dastlab Abdulloh ibni Abbosga kelgan.

Abdulloh ibni Abbos Qur'onni tafsir qiluvchi, fiqhga oid masalalarni sharxdovchi (huquqga doir masalalar bo‘yicha uning o‘zi xulosa chiqargan), johiliyat davri tarixi, Muhammad (sav)ning g‘azotlariga oid hikoyalarni yetkazuvchi sifatida mashhur.

Islom ensiklopediyasidan

 

Abdulloh ibni Abbos r.anhu

Rosul Akramning amakivachchalari. Tafsir, hadis, fiqh va boshqa ilimlarning olimidir. Sahobai kiromning mashhurlaridan. Hijrattan oldin Makkada tavallud topganlar. 68 yili Toifda vafot etganlar. 
Abulloh ibni Abbos r.anhu tavallud topganlarida otalari u zotni Rosul Akramning oldilariga olib bordilar. Payg'ambarimiz S.A.V tupruklarini uzotning tomoqlariga surkadilar hamda Abdulloh ibni Abbosning haqlariga duo qiladilar. Holalari Maymuna binti Horis r.anho Rosul AKramning zavjalari bo'lganligi bois Rosul Akramning uylariga tez tez kelib turganlar. Ba'zan kechalari ham o'sha yerda qolganlar. Tahorat olishni va namoz o'qishni Rosul Akramning o'zlaridan o'rganganlar. 
Makkaning fathidan keyin Madinaga hijrat qilganlar. o'sha vaqtda 11-12 yoshlarda edilar. Rosul Akram zamonlaridan Qur'oni Karimning bir qismini yodlagan edilar. Rosul Akram vafot etganlarida 13-15 yoshlarda edilar. BUndan keyin Qur'oni karimni to'la yodlab Ubay ibni Ka'b r.anhu va Zayd ibni Sobit r.anhularga boshidan yoddan o'qib berdilar. Hz.Umarning ilm suhbatlarida juda ko'p qatnashib u zotdan ilm o'rgandilar. Abdulloh ibni Abbos r.anhu Qur'oni karimning tafsirida juda katta ilmga sohib edilar. Shu bois u zotga Tarjimanul Qur'an laqabi berilgandir. Ibni Mas'ud r.anhu u zot haqlarida "U Mufassirlarning sultonidir" deb e'tirof qiladilar. 
Abdulloh ibni Abbosning tafsir kitoblari yo'qdir. Ammo muhtalif rivoyatlari bor. Islom olimlari u zotning rivoyatlari bilan tafsir kitoblarini bezaganlar. 
Abdulloh ibni Abbos r.anhumo Rosul Akramdan juda ko'p hadis rivoyat qilganlar. ba'zi manbalarning xabar berishicha u zot rivoyat qilgan hadislar soni 1660 tadir. U zot umrlarining oxirlarida ko'zlari ko'r bolib qolgan. 68 yili bir hafta kasallikdan so'ng olamdan o'tganlar. Janozalarini Hz. Alining o'gillari Muhammad Al Hanafiyya o'qiganlar.

* * *

U kishi kim bo‘lgan?

Ummatning olimi va Qur’onning tarjimoni. U kishi Abbos ibn Abdulmuttalib ibn Hoshimning o‘g‘li. Otalari Abbos Payg‘ambarimizning amakilari hisoblanadi.

Otalari: Abbos Islomni birinchilardan bo‘lib qabul qilgan, lekin musulmonligini yashirib yurgan. Badr jangida musulmonlarga qarshi kofirlar tomonidan majburan chiqqanlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kimki Abbosga duch kelsa, uni o‘ldirmasin. Chunki u o‘zi istamasdan chiqqan», deganlar. Musulmonlardan Abul Yusr Ka’b ibn Amr roziyallohu anhuning qo‘llariga asirga tushganlarida Abul Yusr o‘zi fidya berib Abbosni Makkaga jo‘natgan.

Onalari: Ummu Fazl Liboba binti Horis roziyallohu anho. Erlari Abbos roziyallohu anhudan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Hadicha onamizdan keyin Islomga kirganlar. Islomga kirganlarida yer yuzida ikkita muslima ayol bor edi. U kishi o‘sha muslimalarning biri edilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan o‘ttizta hadis rivoyat qilganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam peshin vaqtida o‘sha kishinikida qaylula qilib uxlab olar edilar. Usmon roziyallohu anhuning xalifalik davrlarida eri Abbos roziyallohu anhudan oldin vafot etganlar.

Xolalari: Mo‘minlarning onasi Maymuna binti Horis roziyallohu anho fozila ayol edilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam hijriy yettinchi sanada o‘z nikohlariga olgan oxirgi ayol hisoblanadilar.

Aytilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, o‘zini hiba qilgan (bag‘ishlagan) ayol hisoblanadilar. Hatto bu kishining sha’nlariga Ahzob surasining 50-oyati nozil bo‘ldi. «…Yana mo‘mina ayolni – agar u o‘zini Payg‘ambarga tortiq etsa-yu…».

Tavalludlari

Kofirlarning musulmonlarga berayotgan aziyatlari kuchayib, ish tarixda «zulmkor ahdnomasi» nomi bilan mashhur bo‘lgan sahifani yozishgacha olib bordi. Kofirlar ahdnomada musulmon va ularning dinini qo‘llab-quvvatlayotgan yoki ularga yaxshi muomalada bo‘layotganlar bilan aloqani uzishga, ularga hech narsa sotmaslik va ulardan hech narsa sotib olmaslikka, ularga qiz bermaslik va ulardan qiz ham olmaslikka ittifoq qilishdi.

Hali shirkning namoyandalari o‘ylab topgan sahifa qoralanmay turib, Quraysh musulmonlarni «Bani Hoshim» nomi bilan mashhur bo‘lgan daraga qamab qo‘ydi. Daradagilarni tashqariga chiqqani ham qo‘ymasdi. Boshqalar uchun unga kirishi va u yerdagilar bilan suhbatlashi ham ta’qiqlab qo‘yildi.

Ummu Fazl ham o‘z eri Abbos bilan Bani Hoshimdan bo‘lgani uchun bu dushmanchilik qurboni bo‘ldi va daraga kirdi. O‘sha payt Ummu Fazl homilador edi. U kishining homiladorligi ko‘plab qiyinchiliklarni boshlaridan kechirishga sabab bo‘ldi. Homiladorlik og‘rig‘i va yemishning yo‘qligi Ummu Fazlni mashaqqatga solib qo‘ydi. U kishining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam olib kelgan narsaga iymon keltirganlari barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tishga ko‘maklashar edi.

Bundan tashqari, Xadija onamiz bilan birga bo‘lishlari Ummu Fazlga bu mashaqqatlarni yengib o‘tishda eng katta dalda edi. Xadija onamiz o‘zlariga yashirincha keladigan oziq-ovqatlardan Ummu Fazlga berib turar edilar.

Ummu Fazlning homiladorligi sezila boshlaganda Abbos roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: «Ey Muhammad, menimcha, Ummu Fazl homilador bo‘lgan, shekilli», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mana shu bola sababli Alloh yuzimizni yoritishini Allohdan umid qilaman», dedilar.

Ummu Fazlning ko‘zi yorishiga oz qolgan, homiladorlik qiyinchiligini boshlaridan kechirayotgan bir paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Ummu Fazl», dedilar. Ummu Fazl : «Labbay, yo Rasululloh», dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Sizning homilangiz o‘g‘il bola», dedilar. Ummu Fazl: «Axir qanday bo‘ladi, endi nima qilaman? Quraysh qabilasi (ya’ni kofirlari) ayollar tug‘masligiga bitim tuzgan edi-ku», dedi.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Homilangiz men aytganday o‘g‘il. U tug‘ilganda mening oldimga uni olib keling», dedilar. Tug‘ish vaqti kelib, Ummu Fazl yengil bo‘ldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek o‘g‘il bola tug‘ildi. Uni bir matoga o‘rab Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga olib kelishdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unga Abduloh, deb ism qo‘ydilar va muborak so‘laklari bilan tanglayini ko‘tarib qo‘ydilar. So‘ng: «Bolani olib ketavering. Hali ko‘rasiz, bu bola juda aqlli va dono inson bo‘lib yetishadi», dedilar. Ummu Fazl yosh Abdullohni emizish va uning tarbiyasi bilan band bo‘lib qoldilar. Lekin ishlari ko‘payib ketganiga qaramay, doimo musulmonlar va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ahvollaridan boxabar edilar. Xususan, Xadija onamiz va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abu Tolib vafot etgandan keyin Quraysh mushriklarining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aziyatlari kuchayganda Ummu Fazl eri Abbosni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lish va u kishini himoya qilishga targ‘ib qildilar.

Lekin Abbos roziyallohu anhu agar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ergashganlarini Quraysh mushriklariga bildirib, u Zotni himoya qilsalar, Makka boshliqlariga berib qo‘ygan mol-mulklari va boyliklaridan mahrum bo‘lib qolishdan qo‘rqdilar. Chunki ular Abbosni musulmon bo‘lganini bilib qolsa, unga biror narsasini qaytarib bermasliklari va u hech vaqosiz qolishini bilardilar.

Hijratlari

Ummu Fazl eri Abbosdan o‘g‘li Abdulloh bilan birga Madinaga hijrat qilish uchun izn so‘radi. Abbos Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga o‘z oilalari bilan birgalikda Madinaga hijrat qilishga izn so‘rab xat yozdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey amaki, mening Payg‘ambarligim eng so‘ngi payg‘ambarlik bo‘lganidek, sizning hijratingiz hijratning eng oxirgisi bo‘ladi», dedilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bu xabarni eshitgandan keyin Abbos roziyallohu anhu safar tadorigini ko‘rib, safar uchun kerakli barcha narsalarni tayyorlab qo‘ydi. Ummu Fazl va bolalar ham safarga tayyor bo‘lishdi. Bolalarning eng oldingi safida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ko‘rish va u kishi bilan birga turishga mushtoq bo‘lgan Abdulloh ibn Abbos turardi.

Abbos roziyallohu anhu aytilgan vaqt kelgach, bola-chaqalarini olib yo‘lga chiqdi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Makkadan Madinaga hijrat qilganda yosh bola edilar. Makka bilan Madina orasidagi Juhfa degan joyga yetib kelganda, Abbos Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni uchratadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam katta qo‘shin bilan Makkani fath qilish uchun ketayotgan edilar. Abbos roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qo‘shilib, Makka fathi uchun ortga qaytdi. Ummu Fazl roziyallohu anho bolalari bilan safarini davom ettirib, Madinaga ketdilar. Keyinchalik Ummu Fazl hayotlarining oxirigacha Madinada yashadilar.

Abdulloh ibn Abbos nubuvvat xonadonida

Abdulloh ibn Abbos onasi Ummu Fazl bilan Madinaga hijrat qilganda hali balog‘at yoshiga yetmagan edi. Madinaga hijrat qilganidan juda xursand. Negaki, tez kunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘ladi. Najot va saodat vahiyi nozil bo‘ladigan joyda bo‘lishini yosh Abdulloh juda o‘tkir zehni va farosati bilan anglagan edi.

Abdulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ilm buloqlaridan bahramand bo‘lish uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qaerga borsalar, U Zotning orqasidan qolmas, xuddi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni tark qilmaydigan soyalariday u kishi bilan birga yurar edi.

Abdulloh Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan masjid yoki sahobalar majlisida birga bo‘lish bilan cheklanib qolmas, doimo u Zotning uylarida hoziru nozir edilar. Odatda vaqtining ko‘p qismi xolasi, ya’ni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Maymuna roziyallohu anhoning uyida o‘tardi. Ko‘pincha Abdulloh shu xonadonda yeb- ichib, o‘sha yerda tunab qolardi.

Bir kuni kechqurun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Maymuna onamizning uylariga kirib keldilar. Qarasalar, Abdulloh uxlab qolgan ekan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Bolakay namozni o‘qidimi?», deb so‘radilar. Maymuna onamiz: «Ha, Abdulloh Xuftondan keyin o‘qiladigan namozni o‘qib yotdi», dedilar.

Bu haqda Abdullohning o‘zi quyidagicha aytadi: «O‘sha payt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xolamga nima deyayotganlarini eshitayotgan edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyquga kirdilar. Tun yarimlab qolganda, u Zot turib tahorat oldilar. So‘ng namozga kirishdilar. Men ham darhol o‘rnimdan turib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan qolgan suv bilan tahorat olib, ishtonimni yaxshilab bog‘ladim-da, u Zotning chap tomonlariga turib, iqtido qildim. U kishi ohistalik bilan, qulog‘imdan ushlab, meni o‘ng tomonlariga o‘tkazdilar. So‘ng besh yoki yetti ra’kat Vitr namozini o‘qidilar. Namozning faqatgina oxirgi ra’katida salom berdilar».

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yonlarida yurishi shunchaki vaqt o‘tqazish uchun emas, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bajargan amallari va din hukmlarini o‘rganish uchun edi. Chunki Abdulloh ibn Abbos Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ba’zi amallarini bizga rivoyat qilib qoldirganlarki, u xabarni faqatgina yosh Abdullohdek yarim kechasi ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni qiladigan amallarini kuzata olish kabi imkoniyatga ega bo‘lgan kishigina rivoyat qila oladi.

Mana, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning o‘zlari bir kuni xolalarinikida tunab, yarim kechasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qilgan ishlarini ko‘rib, uni quyidagicha rivoyat qiladi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yarim tunda o‘rnilaridan turib yengil tahorat oldilar. Men ham turib, xuddi u kishiday tahorat oldim. U Zot Alloh qodir qilgancha namoz o‘qidilar. Men ham u kishiga iqtido qilib namoz o‘qidim. So‘ng uxladilar. Uyqu ovozini eshitdim. So‘ng u Zotning oldilariga muazzin keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat olmasdan namoz o‘qish uchun masjidga chiqdilar».

Ibn Abbos roziyallohu anhu yana bizga nubuvvat xonadonida bo‘lgan muhim voqeani tasvirlab beradi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida edim. U Zot chanqoqliklarini bosmoqchi bo‘lib turdilar, tahorat oldilar, so‘ng tik turib suv ichdilar».

Bir kuni Ibn Abbos roziyallohu anhu o‘ziga o‘zi: «Allohga qasamki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qilganlaridek qilaman», deb turib, tahorat oldi va tik turib suv ichdi. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ortidagi safga turib, u Zotga iqtido qildi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining tomonlaridan barobarlariga o‘tib safni olishini ishora qildilar. Ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinroq turishni istamasdan orqa safda turaverdi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam namozni tugatib bo‘lgach: «Namozda mening barobarimda turib safda turishingdan nima seni to‘sib qo‘ydi?»−dedilar. Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli, siz men uchun buyuk va aziz insonsiz. Axir men qanday qilib sizning barobaringizda bo‘lib qolishim mumkin?» dedi. Ibn Abbosning bu javobidan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning haqqiga: «Ey Allohim, unga hikmatni ato qil», deb duo qildilar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ibn Abbos haqqiga qilgan duolari

Abdulloh ibn Abbos hali dunyoga kelmasidan onasining qornidaligidayoq unga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning nazar-e’tiborlari tushgan edi. U yosh o‘spirin bo‘lib, ulg‘ayganda ham bu e’tibor susaymadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning boshini silab: «Ey Allohim, uni dinda faqih qilib qo‘ygin va ta’vilni (Qur’on ma’nolarini yaxshi anglashni) ato qilgin», deb duo qilar edilar.

Gohida uni duo qilib: «Allohim, unga hikmat va Qur’on ma’nolarini yaxshi anglashni ato qil», der edilar. Va ba’zan esa: «Allohim, unga baraka ato qil va uni solih bandalaringdan qil», deb duo qilar edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdullohning haqqiga faqatgina duo qilish bilan chegaralanibgina qolmay, uning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor ko‘rsatar, xayrli ishlarni qilishga yo‘naltirib turar edilar. Chunki u Zot bu bola kelajakda ilmli bir shaxs bo‘lib yetishini payg‘ambarlik nuri bilan ko‘rar edilar.

Mana, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ibn Abbosni o‘zlari mingan ulovning orqasiga mingashtirib, unga Islom asoslari va iymon qoidalarini o‘rgatmoqdalar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibn Abbos bilan bitta ulovda ketar edilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ey bolakay, Alloh senga manfaat beradigan ba’zi so‘zlarni o‘rgataymi?», dedilar. Ibn Abbos intiqlik, zavqu shavq bilan: «Ha, yo Rasululloh», dedi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Allohning aytganlarini muhofaza qilsang, Alloh ham seni muhofaza qiladi. Allohning aytganlarini qilsang, Uni oldingda topasan. Kengchilik, xursandchilik paytida Allohni yod olgin. Alloh seni qiyinchilik va mashaqqatga tushib qolganingda eslaydi. Agar so‘raydigan bo‘lsang, faqat Allohdan so‘ra. Ko‘mak va madad so‘raydigan bo‘lsang ham, faqat Allohdan so‘ra. Shuni bilib qo‘yki, agar butun ummat yig‘ilib, senga bir foyda keltirmoqchi bo‘lsa, Alloh yozib qo‘ygan narsadan ortig‘ini qilisha olmaydi. Agar ular senga zarar yetkazish maqsadida yig‘ilishsa, Alloh bitib qo‘ygan narsadan oshig‘ini qila olishmaydi. Qalamlar (yozishdan) to‘xtagan. Sahifalardagi (siyoh bilan yozilgan) narsalar qurigan», dedilar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ibn Abbos bilan muloyimlik va mehribonlik ila muomalada bo‘lar edilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o‘zining zakovatli inson ekaniga dalolat qiluvchi savollarni so‘raganida, u Zot Ibn Abbosning zakovatidan xursand bo‘lar edilar. U bilan suhbatlashishni yoqtirar , uni bag‘irlariga bosar edilar.

Jabroil alayhissalomni ko‘rishlari

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu yoshlik chog‘idanoq Alloh taolo unga bir necha karomatlarini bergan edi. In’om etilgan karomatlardan biri bu — Jabroil alayhissalomni ko‘zlari bilan ko‘rishlari bo‘lgan. Ibn Abbosning o‘zi Jabroil alayhissalomni ikki marta ko‘rganligini aytgan.

Keling, o‘sha voqeani u kishining o‘zidan eshitaylik:
«Otam Abbos bilan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini xuddi otamdan xafa bo‘lgandek tutdilar. U kishining huzurlaridan chiqqach otam: «Amakingning o‘g‘li mendan xafa bo‘lgan ko‘rinadi», dedilar. Men: «Yo‘q, u bir kishi bilan gaplashib turgan edilar. Shuning uchun sizga shunday tuyulgan bo‘lsa kerak», dedim. Otam ajablanib: «Nima, u kishining oldilarida odam bor edimi ?», dedilar. Men: «Ha, odam bor edi», dedim.

Otam Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilariga qaytib: «Yo Rasululloh, boya oldingizda biror kishi bor edimi,  Abdulloh, U kishining oldilarida bir odam bor edi. U bilan gaplashayotgan edilar», dedi, deb so‘radilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: «Ey Abdulloh, sen uni ko‘rdingmi?», dedilar. Men: «Ha», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U Jabroil alayhissalom edi», dedilar».

Ikkinchi marta ko‘rishlari esa Abbos roziyallohu anhu o‘g‘li Abdullohni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bir narsani so‘rab kelish uchun jo‘natganlarida sodir bo‘ldi. Yosh Abdulloh Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelganida, U zotning huzurida bir kishi turganini ko‘rib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hech nima demasdan qaytib ketdi. Otasining oldiga kelib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurida odam borligi uchun hech nima demasdan qaytib kelganini aytadi.

Abbos roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga uchrab: «Ey Allohning rasuli, sizning oldingizga o‘g‘lim Abdullohni jo‘natgan edim, oldingizda odam borligi uchun biron og‘iz gapirmasdan qaytib kelibdi», dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ey amaki, o‘sha odam kimligini bilasizmi?», dedilar. Abbos: «Yo‘q», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U Jabroil alayhissalom edi. O‘g‘lingiz Abdulloh, hatto olim bo‘lmaguncha va ko‘zi ojiz bo‘lib qolmaguncha bu dunyodan o‘tmaydi», dedilar.

Haqiqatdan ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytganlari bo‘lib, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu katta olim bo‘ldilar va ko‘zlari ojiz bo‘lgach, bu dunyodan o‘tdilar.

Erta uyg‘ongan zakovat

Ibn Abbos roziyallohu anhuning aql va zakovatlari boshqa bolalardan farqli o‘laroq yoshlik chog‘laridayoq shakllanib bo‘lgan edi. O‘zi, aslida, shunday ham bo‘lishi kerak edi. Chunki Abdulloh yoshligidan Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lib, u Zotning ilm buloqlaridan bahramand bo‘lishlik sharafiga muyassar bo‘lgan edi. Axir qanday qilib zakovatli bo‘lmasin, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uning haqqiga «Dinda zakovatli bo‘lsin», deb duo qilganlar-ku. Bundan tashqari, tug‘ilganidan keyin oshqozoniga kirgan birinchi narsa bu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning muborak tupuklari hisoblanadi.
Abdulloh ibn Abbos o‘spirinlik davridan boshlab salla kiya boshladi. Uning ustiga ilmiy nurlar yog‘ila boshladi.
Abdullohdagi mana shu nurni sezgan shaxslardan biri, bu − Umar roziyallohu anhu edilar. U kishi o‘z xalifalik davrlarida yosh Abdullohni katta sahobalar bilan bo‘ladigan ilmiy majlislarga olib kirar edilar. Sahobalar Umarning o‘zi bilan yosh bolani olib yurishidan ajablanib, hayratda qolishar edi. Hatto bir kuni sahobalar Umar roziyallohu anhuga e’tiroz bildirib: «Nima uchun bu yosh bolani bizning majlisimizga olib kirasiz, axir bizning ham yosh bolalarimiz bor, ularni olib kirmayapmiz-ku?!» deyishdi. Umar: «Bu kimligini, ilm va fazl egasi ekanligini juda yaxshi bilasizlar-ku», dedilar. So‘ng olim va faqih sahobalarni chaqirib, ularga Alloh Qur’onda: «Qachonki, Allohning nusrati (madadi) va g‘alaba kelganida, odamlar to‘p-to‘p bo‘lib, Allohning dini (Islom)ga kirayotganlarini ko‘rganingizda, darhol Robbingizga hamd bilan tasbeh ayting va Undan mag‘firat so‘rang! Zero, U tavbalarni qabul etuvchiZotdir», deb marhamat qildi.

«Sizlar ushbu oyatlar haqida nima deysizlar?», deb so‘radilar. Ularning ba’zilari: «Alloh bizni agar nusratga erishib fath qilsak, Unga hamd va istig‘for aytishga buyurmoqda», deyishdi. Ba’zilari esa hech nima demasdan, sukut saqlashdi. Umar roziyallohu anhu Abdullohga qarab: «Sen ham shunday fikrdamisan, ey Ibn Abbos?», dedi. Abdulloh: «Yo‘q, men unday demayman», dedi. Umar: «Unda sen nima deysan?», dedilar. Abdulloh: «Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ajallari yaqinlashganini bildiruvchi oyatlar bo‘lib, Alloh ushbu oyatlar bilan Nabiyiga o‘lim soatlari yaqinlashganini bildirgan», dedi. Umar: «Allohga qasamki, men ham ushbu oyatlardan mana shu sen aytgan narsani tushunganman», dedilar.

Abdulloh ibn Abbosning o‘zi: «Umar roziyallohu anhuning meni katta sahobalarni oldiga olib kirishlaridan asosiy maqsadlari, bu meni ularga zakovatimni ko‘rsatib qo‘yish uchun edi», degan.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu yoshlari kichik bo‘lgani sababli katta sahoblar oldida sukut saqlab turar edilar. Umar roziyallohu anhu yoshi kichik, ammo aql va ilmda barkamol bo‘lgan bu yosh bolani qo‘lidan ushlab, qaerga borsa, o‘zi bilan birga olib yurar edi.

Bir kuni Umar roziyallohu anhu ilmiy majlis qurib, «Laylatul qadr» kechasi haqida bahs va munozara qilayotgan sahobalar majlisiga kelib qo‘shildilar. Majlisda bir sahobiy o‘rnidan turib, Qadr kechasi haqida bilganini gapirdi. Abdulloh ibn Abbos esa odob bilan jim o‘tirar edi. Umar roziyallohu anhu Abdullohning indamay turganini ko‘rib, «Ey Abbosning o‘g‘li, nega jim turibsan, uyalmagin, yoshing kichikligi seni gapirishdan to‘sib qo‘ymasin», dedilar. Abdulloh ibn Abbos: «Ey mo‘minlarning amiri, Alloh toq Zotdir, toqlikni yaxshi ko‘radi. Dunyo kunlarini yetti kun qilib qo‘ydi (ya’ni kunlarni haftadan iborat qilib qo‘ydi). Rizqlarimizni yetti (kun yoki soat yoki lahza)da yaratib qo‘ydi. Ustimizdagi osmonni yetti qavat qilib qo‘ydi. Ostimizdagi yerni ham yetti qavat qilib yaratdi. Yetti oyatdan iborat bo‘lgan Fotiha surasini nozil qildi. Qur’onda nikohlanish mumkin bo‘lmagan qarindoshlarni yetti toifaga bo‘lib qo‘ydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ka’batullohni yetti marta tavof qilib, Safo va Marva orasida ham yetti marta sa’y qilib, Muzdalifada shaytonga yettita tosh otib, ummatlariga ko‘rsatib berdilar. Menimcha, «Laylatul qadr» kechasi Ramazonning oxirgi yetti kunidan birida bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman», dedi.

Umar roziyallohu anhu Ibn Abbosning bu javobidan hayratlanib: «Qadr kechasi borasida faqat mana shu bolaning fikrigina mening fikrimga to‘g‘ri keldi», dedilar.

Ilmga muhabbat

Abdulloh ibn Abbosning ilmi to‘liq bo‘lmasdan turib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olamdan ko‘z yumdilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vafotlariga Ibn Abbos mahzun bo‘lib qattiq yig‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ilmni olib, ilmga bo‘lgan muhabbati cheksiz bo‘lgan bu yosh bolakay Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin nima qiladi, ilmdan voz kechib, uni tark etadimi yoki ilm olishga jiddiy kirishib, uni mukammal o‘rganadimi?!

Ibn Abbos Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan o‘rganib, o‘zi tanlagan ilm yo‘lini ixtiyor qildi. Endi u ilmni mukammal o‘rganishga bel bog‘ladi.

Ibn Abbos birinchi o‘rinda o‘qish va yozishni o‘rganishga kirishdi. Chunki ulug‘ sahobalardan naql qilingan ilmlarni yozib qo‘yishi kerak edi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin Ibn Abbos ansorlardan bo‘lgan o‘rtog‘iga: «Yur, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari juda ko‘p, ulardan borib ilm o‘rganamiz», dedi. Haligi ansoriy bola: «Allohga qasamki, sening bu gapingdan men hayron qolaman. Odamlarni orasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridek insonlar turganda, odamlar diniy masalalarni sendan kelib so‘rasharmidi», dedi. Ibn Abbos roziyallohu anhu u bolani tark qildi va o‘zi sahobalardan ilm olishga kirishdi. Ko‘plab sahobalarni ketidan ilm izlab yurdi. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhuning o‘zi quyidagicha deydi:«Falonchi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan hadis eshitgan ekan, degan xabar menga yetib kelsa, o‘sha hadis eshitgan odamning uyiga borar edim. Borsam, u uxlab yotgan bo‘lardi. Men uning eshigi oldida ridomni yostiq qilib, chiqishini kutib yonboshlab o‘tirar edim. Shamol esib yuzim tuproq bo‘lib ketar edi. Haligi odam uyg‘onib eshikka chiqar va meni ko‘rib, «Ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilarining o‘g‘li, tinchlikmi?!», der edi. Men: «Men, bilishimcha, siz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan hadis eshitgan ekansiz. O‘sha hadisni sizdan eshitgim keldi», der edim. U: «Odam jo‘natsangiz, o‘zim oldingizga borar edim», der edi. Men: «Bu borada men sizning oldingizga kelishim shart», der edim. Uning bu gapni aytishiga sabab, Nabiy sollallohu alayhi vasallam tiriklik chog‘larida, u Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelar edi va u Zotning oldilarida meni ko‘rar edi va mening Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qarindoshlari ekanligimni yaxshi bilardi».

Ilm olish borasida Ibn Abbos kibr qilmadilar. Kimda ilm bo‘lsa, uning yoshi katta bo‘ladimi yoki kichik bo‘ladimi, yoki bo‘lmasa hur bo‘ladimi, yoki qul bo‘ladimi − buni farqi yo‘q, o‘shandan borib ilm o‘rganar edi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Abu Rofi’ ismli xodimlari bor edi. Abu Rofi’ning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytgan so‘zlari va qilgan amallarini qayd etib borish uchun o‘zlari bilan olib yuradigan yozma taxtalari bor edi. Shu bois Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu hech bir kibr qilmasdan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xodimlari Abu Rofi’dan ilm o‘rganar edilar.

Buyuk sahoba Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Ibn Abbosning ilmga bo‘lgan muhabbati va ilm olish yo‘lidagi jiddu jahtidan hayratlanib, «Agar bu bolakay biz topgan narsani topganida edi (ya’ni Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan ko‘p yillar mobaynida birga bo‘lish sharafiga erishganda edi) birortamiz unga yaqinlasha olmasdik», dedilar.

Olamni yoritib turgan quyoshdan nur chiqqanidek, yomg‘ir suvi bilan sug‘orilgan yerdan o‘t-o‘lanlar o‘sib chiqqanidek, ilm bilan to‘lgan qalb egasidan halimlik chiqishi kerak.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuda ham xuddi shu xislat bor edi. U kishidagi halimlik og‘zidan chiqadigan so‘zlari va hatti-harakatlaridan bilinib turardi. U hech qachon dag‘al so‘zlamas edi. Birovga qo‘pollik bilan muomala ham qilmagan. Og‘ir-vazmin, juda halim va xushmuomala inson edi.

Qanaqasiga halim inson bo‘lmas ekan, axir u kishi nubuvvat xonadonida tarbiya topdilar-ku!

Ibn Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Ibn Abbosni so‘kdi. Ibn Abbos: «Menda o‘zim bilgan narsani hamma bilishini xohlash, men uchun begona bo‘lgan bir kishining ishini hokim adolat bilan yechib berganda xursand bo‘lish va men yashab turgan joyda emas, boshqa musulmon o‘lkalarda yomg‘ir yog‘sa, garchi mening yurtimga undan foyda bo‘lmasa-da, o‘sha o‘lkaga yomg‘ir yoqqani uchun xursand bo‘lish kabi ba’zi xislatlarim bor. Sen bo‘lsang meni so‘kyapsan», dedi».

Mana shu Ibn Abbosning xulqi va halimlik fazilati edi. U kishi o‘zini so‘kkan odamga muloyimlik bilan, nodon kishiga esa ilmu ma’rifat bilan javob qaytarar edi. U kishiga nisbattan yomon muomala qilgan odam xoh yonida bo‘lsin, xoh u kishidan yiroqda bo‘lsin − har ikki holatda ham o‘sha insonga nisbattan muloyimlik bilan munosabatda bo‘lar edi. Uning ortidan yomonlab, g‘iybat qilmas edi.

Maymun ibn Mehron roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Men Ibn Abbosning: «Menga falonchi sizni yomonladi, degan xabar yetib kelganda, uni uch darajaning birida deb bildim. Agar u mendan yuqori inson bo‘lsa, bu − qadrli inson, deb qadr-qimmatini o‘z o‘rniga qo‘ydim. Agar u inson mendek bo‘lsa, unga fazilat ko‘rsatib, uni yomonlamadim. Agar mendan pastda bo‘lsa, unga g‘amxo‘rlik qildim (ya’ni uni ham yomonlamadim). Mana shu mening fe’l-atvorim. Kimga bu fe’lim yoqmasa, marhamat, Allohning yeri keng, ketaverishi mumkin», deganini eshitganman», dedi».

Ibodat va zuhdlari

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu olimlarning sultonigina bo‘lib qolmasdan, yoshliklaridanoq obid va zohidlarning eng peshqadami edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uylari u kishiga ibodat va zuhd fiqhini o‘rgatgan birinchi madrasa hisoblanadi. Qanday qilib u kishini zohid va obidlarning peshqadami demaslik mumkin, axir u kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida dunyoga kelib, ularning tarbiyalarida o‘sdi-ku!

Ibn Mulaykah roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men Ibn Abbos bilan Makkadan Madinagacha birga borganman. Yo‘lda tunaydigan bo‘lsak, yarim kechasi turib, Qur’on tilovat qilar va ko‘p zikr qilar edi».

Ibn Abbos rozizllohu anhu toat-ibodat yo‘lida o‘zi uchun juda ham qadrli bo‘lgan narsalaridan voz kechishga tayyor edi. Hatto o‘sha qadrli narsa inson uchun eng kerakli a’zo hisoblangan ko‘z bo‘lsa ham.

Ko‘zlariga suv kirib qolganda, tabiblar kelib, «Bizga qo‘yib bering. Ko‘zingizni ichidagi suvlarni chiqaramiz va tuzalib qolasiz. Lekin besh kuncha namoz o‘qiy olmaysiz», deyishdi. Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Yo‘q. Unday bo‘lsa kerak emas. Allohga qasamki, men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: «Kimki bir vaqt namozni qasddan tark qilsa, erta qiyomat kunida Alloh taolo undan g‘azab qilgan holda u Allohga yo‘liqadi», degan so‘zlarini eshitganman», deb javob berdi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Allohdan qo‘rqib juda ko‘p yig‘lar edi. Hatto ko‘p yig‘laganidan ko‘zlari ostida chiziqlar paydo bo‘lib qolgan ekan.

Tovus ibn Kayson rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi: «Ibn Abbos roziyallohu anhuchalik Allohning buyruq va qaytariqlariga qattiq amal qiladigan kishini ko‘rmadim. Allohga qasamki, hozir u kishini eslasam, ko‘z yoshimni to‘xtatolmayman».

Abu Rajo rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi: «Ibn Abbos roziyallohu anhuning mana bu joyi ko‘z yoshi oqadigan yo‘lakcha edi. Undagi yo‘lakcha xuddi shippakning eski ipiga o‘xshardi».

Rum podshohining savoliga bergan javoblari

Ibn Abbos roziyallohu anhudagi ilmning fazilatidan Muoviya roziyallohu anhu u kishini alohida bir martabaga ko‘tarib hurmat va ehtirom ko‘rsatar edi. Yechimi murakkab bo‘lgan masalalarni Ibn Abbos roziyallohu anhudan so‘rab olar edilar.

Rum podshohi musulmonlarni ojiz qoldirish va musulmonlarning saviyasi pastligini ko‘rsatib qo‘yish maqsadida Muoviya roziyallohu anhuga ba’zi savollarni maktub tarzida yozib yubordi.

Ibn Abbos roziyallohu anhuning ma’rifat nurlari podshoh jo‘natgan zulumot bulutlarini tarqatib hamma joyni nurafshon qildi.

Rum podshohi Muoviya roziyallohu anhuga yettita savolni yozib jo‘natdi.

1. Allohga eng suyukli kalom?

2. Alloh nazdida eng ehtiromli erkak va ayol?

3. Bachadonga kirmagan, lekin ruhi bor bo‘lgan to‘rtta narsa?

4. Ichidagi mayyit bilan birga yurgan qabr?

5. Faqatgina bir marta quyoshning nuri tekkan yerdagi makon?

6. Qovsu qazah (ya’ni kamalak) nima?

7. Osmondagi Mujirra (somon yo‘li) nima?

Bu maktub Muoviya roziyallohu anhuga yetib kelgach, savollarni o‘qib chiqdilar. Savolning yechimi qiyinligini ko‘rib, Hibrul umma (bu ummatning olimi)ga, ya’ni Ibn Abbosga odam jo‘natib, savollarga javob yozib yuborishini so‘radi. Chunki ilm qal’asi va butun dunyo imomi bo‘lgan Abdulloh ibn Abbosgina bunday qiyin masalaga yechim topa bilardi.

Ibn Abbos Rum podshohi yo‘llagan savollarga quyidagi javoblarni yozib, Muoviya roziyallohu anhuga jo‘natdilar:

- Allohga eng suyukli kalom, bu − «Subhanallohi valhamdu lillahi va la ilaha illallohu vallohu akbar, vala havla vala quvvata illa billah», degan zikrdir.

- Allohga eng suyukli kishi Odam alayhissalom. Chunki Alloh qo‘li bilan yaratdi uni, ruhidan pufladi, unga farishtalarni sajda qildirdi va barcha narsalarning nomini o‘rgatdi.

- Alloh nazdida eng ehtiromli ayol, bu − Maryam binti Imron.

- Bachadonga kirmasdan jon kirgizilgan narsalar: Odam alayhissalom, Havo onamiz, Muso alayhissalomning hassalari va Ismoil alayhissalomning o‘rnilariga qurbonlik qilingan qo‘chqor.

- Ichidagi mayyit bilan birga yurgan qabr, bu − Yunus alayhissalomni o‘z ichida olib yurgan baliq.

- Faqatgina bir marta quyoshning nuri tekkan yerdagi makon, bu − Alloh taoloning qudrati bilan o‘rtasidan teng ikkiga ajratilgan dengiz. Bunda Alloh Fir’avn va uning lashkarlaridan Muso alayhissalomni xalos etish uchun dengizni bo‘lganda, dengizning tubidagi yer ko‘rinadi va o‘sha payt quyoshning nuri o‘sha joyga tushadi. Muso alayhissalom va unga ergashganlar dengizning narigi sohiliga o‘tib olganlaridan so‘ng, dengiz yana avvalgi holiga qaytadi.

- «Qovsu qazah (kamalak) nima? », degan savolga keladigan bo‘lsak, bu yer ahlining suvda cho‘kib ketishidan omonda qolganligining belgisi. Chunki Nuh alayhissalom davrlarida mana shu kamalak ko‘ringach, osmondan yog‘ayotgan yomg‘ir va yerdan chiqayotgan buloqlar to‘xtagan va bu yer ahliga omon qolganining belgisi bo‘lgan.

- Osmondagi Mujirra (somon yo‘li)ga keladigan bo‘lsak, u osmondagi eshikdir.

Bu javob yozilgan maktubni Muoviya roziyallohu anhu Rum podshohiga jo‘natdilar. Rum podshohi javoblarni o‘qib, «Allohga qasamki, buni Muoviya yozmagan. Bu Payg‘ambar qarindoshlaridan birining yozgan javobi bo‘lishi kerak», dedi.

Kamtarliklari

Kim ilm yo‘lini tanlab, ilm odoblarini o‘rgansa va ilm ahli bilan birga bo‘lsa, unday inson, albatta, olimlarni ehtirom qilishi, qadrlashi va ular bilan o‘zini kamtarin tutgan holda, ularning suhbatlaridan bahramand bo‘lishi lozim.

Nasabli, sharafli va ilmlari kuchliligiga qaramasdan, Ibn Abbos roziyallohu anhu olimlarni hurmat qilish va ular bilan bo‘ladigan muomala-munosabatda o‘zini kamtarin tutish borasida boshqalarga namuna bo‘ldilar.

Ibn Abbos roziyallohu anhu Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning oldidan siljimasdi. Zayd ibn Sobit qaerga borsa, Ibn Abbos uning ortidan qolmas edi. Zayd ibn Sobit biror joyga ketayotganda, Ibn Abbos u kishining ulovining yuganidan ushlab borardi. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu xijolat bo‘lib, Ibn Abbosdan bunday qilmasligini iltimos qilar, Ibn Abbos roziyallohu anhu esa: «Olimlarimizga mana shunday hurmat ko‘rsatishga buyurilganmiz», der edi. Bu so‘zni eshitgan Zayd roziyallohu anhu: «Menga qo‘lingizni ko‘rsating», dedi, Ibn Abbos qo‘lini ko‘rsatganda uni o‘pib qo‘yib: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ahli baytlariga nisbattan mana shunday qilishga buyurilganmiz», dedi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning uyiga kelib ilm o‘rganar va «Ilm olishga boriladi, ilm kelmaydi», der edilar.

Ibn Abbos o‘z ustozlari Zayd roziyallohu anhuni ilmda eng kuchli olim deb bilar va u kishi haqida: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ulug‘ sahobalari Zayd ibn Sobitning ilm borasida eng kuchli olim ekanliklarini bilishardi», der edilar.

Zayd ibn Sobit vafot etganda Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu qattiq qayg‘uga botdilar. U kishi dafn qilingandan so‘ng qabrlari ustida turib hayotlik chog‘larida qilgan yaxshi amallarini sanab chiqdilar va «Odamlar orasidan ilm qanday ko‘tarilishini ko‘rmoqchi bo‘lganlar, mana, ko‘rib qo‘ysin — ilm mana shunday odamlar orasidan ko‘tariladi», deb Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning vafotlariga ishora qildilar.

Sahoba va tobeinlarning maqtovi

Alloh taolo Ibn Abbos roziyallohu anhuga noyob iste’dod, o‘tkir fikr, bitmas ilm va hozirjavoblik kabi ajoyib ne’matlarini ato qilgan edi. Ibn Abbos haqlarida «U shirin va mazali asal yig‘ish uchun guldan gulga qo‘nib yuradigan asalariga o‘xshar edi», deyilgan.

Darhaqiqat, Ibn Abbos roziyallohu anhu maqtashga arziydigan inson edi. U kishi barcha narsada peshqadam, ilm borasida dengiz, Qur’on tarjimoni, ilm talab qilishdan to‘xtamaydigan fazilat sohibi edi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u kishi haqida «Kelajakda yetuk olim bo‘ladi», deb xushxabar bergan edilar.

Keling, u kishi haqida sahoba va tobeinlar aytgan so‘zlar bilan tanishib chiqaylik:

Sa’d ibn Abi Vaqqos roziyallohu anhu Abdulloh ibn Abbos haqlarida: «O‘tkir fahm, aqlu idrok, ilm va halimlik borasida Ibn Abbosdan ko‘ra kuchliroq insonni ko‘rmadim», dedilar.

Ubaydulloh ibn Utba roziyallohu anhu: «Ibn Abbos bir necha xislatlarda boshqalardan o‘zib ketgan edilar. Ibn Abbosda hech kim erisholmagan ilm, hamma uning fikriga muhtoj bo‘ladigan fiqh, halimlik, oliynasab va topag‘onlik kabi xislatlar bor edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadislari, Abu Bakr, Umar va Usmon roziyallohu anhumning fatvolarini u kishidan ko‘ra kuchliroq biladigan odam yo‘q edi. Qiyin masalani yechishda u kishidan ko‘ra o‘tkir fikrli inson yo‘q edi. Biz u kishining ilmiy suhbatlarida bo‘lardik. Bir kecha to‘liq g‘azavotlar haqida, yana bir kecha to‘liq arab nasablari haqida va yana bir kecha to‘liq she’r haqida gapirib berar edilar», dedi.

Abu Voil roziyallohu anhu aytadi: «Ibn Abbos bizga ma’ruza qilib berdilar. U kishi o‘sha yili mavsumning amiri edilar. Ma’ruzani «Nur» surasidan boshladilar. Surani o‘qib tafsir qilar edilar. U kishining ma’ruzalarini eshitib, «Bunaqa ma’ruza qiladigan odamni ko‘rmaganman, hatto eshitmaganman. Agar fors va turklar mana shu ma’ruzani eshitganida edi, aniq Islomga kirgan bo‘lardi», dedim».

Masruq roziyallohu anhu aytadi: «Ibn Abbosga qaraganimda, «Bu insonlarning eng ko‘rkami», derdim. Agar u kishi gapirsa, «Insonlarning eng o‘tkir notiqi», derdim. Agar u kishi hadis aytsa, «Insonlarning eng kuchli olimi», derdim. Ibn Abbos roziyallohu anhudan uch marta Qur’onni o‘tkazib oldim. Har bir surada to‘xtab, bu kim haqida nozil bo‘lgan va o‘sha voqea qanday bo‘lgan», deb so‘rar edim».

Qosim ibn Muhammad roziyallohu anhu aytadi: «Ibn Abbos roziyallohu anhuning majlislarida biror marta botil (bo‘lmag‘ur) narsani ko‘rmadim».

Tovus ibn Kayson roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning besh yuzga yaqin sahobalarini ko‘rganman. Ular bir masalada tortishib qolishsa, Ibn Abbos roziyallohu anhuning so‘zini qabul qilishardi».

Abu Mulayka roziyallohu anhu aytadi: «Mujohidning qo‘lida bir necha lavhlar bor edi. Uni Ibn Abbos roziyallohu anhudan Qur’on oyatlarining tafsirini so‘rayotganini ko‘rdim. Ibn Abbos roziyallohu anhu unga: «Bu oyat haqida mana bunday yoz», der edilar. Mujohid u kishidan Qur’on oyatlarini hammasining tafsirini so‘rab oldi».

Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu: «Ibn Abbosdek (ilmli) biror kishini ko‘rmadim», dedi.

Said ibn Musayyib roziyallohu anhu: «Ibn Abbos roziyallohu anhu insonlarning eng kuchli olimidir», dedi.

Said ibn Jubayr roziyallohu anhu: «Ibn Abbos roziyallohu anhu menga hadis aytar edilar. Agar menga izn berganlarida edi, peshonalaridan, albatta, o‘pib olgan bo‘lardim», dedilar.

Mujohid roziyallohu anhu aytadi: «Ibn Abbos roziyallohu anhu ilmlari ko‘pligidan«dengiz» degan nomni olganlar».

Vafotlari

Ibn Abbosning yoshlari o‘tib, qarib qolganlarida, musulmonlar orasida oxirgi kunlarda alanga olayotgan kelishmovchilik va ziddiyatlardan uzoqlashgilari kelib qoldi. Buning uchun havosi toza bo‘lgan Toif shahrini tanladilar.Toifdaliklarida odamlar turli yurtlardan kelib, u kishidan ilm olishardi. Ko‘zlari ojiz bo‘lguncha bu holat davom etdi. Ko‘zlari ojiz bo‘lganda yoshlari yetmishdan oshgan edi. Ko‘p o‘tmay u kishi bu olamdan ko‘z yumdilar. U zotni bilgan  insonlarning hammasi mahzun bo‘lishdi.

Maymun ibn Mehron roziyallohu anhu aytadi: «Toifda Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning janozalarida ishtirok etdim. U kishiga janoza o‘qish maqsadida tobutlari yerga qo‘yilganda, kafanlari ustiga oppoq bir qush kelib qo‘ndi. Keyinchalik shunaqa qush bormikin deb, qidirib ko‘rdik, ammo unaqa qushni topa olmadik. Qabrga qo‘yilgach, «Ey xotirjam (sokin) jon! (Ato etilgan ne’matlardan) rozi bo‘lgan (va Alloh tomonidan) ham rozi bo‘lingan holingda, Robbing (huzuri)ga qaytgin! Bas, (solih) bandalarim (safi)ga qo‘shilgin va jannatimga kirgin!», degan tovushni eshitdik».

Siyrat.uz


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.