background
logotype
image1 image2 image3

Rasulullohning payg’ambar bo’lishdan avvalgi axloqlari

Muhammad alayhis-salom muloyim fe'l-atvorli, ahdiga sodiq, inson sha'niga dog' tushiradigan yomon xulqlardan xoli, odamgarchiligi ustun, xushmuomala, qo'shnichilikni o'rniga qo'yadigan, tabiati yumshoq, eng muhimi rostgo'y zot edilar. Olloh u kishining vujudida muloyimlik, sabrlik, shukronalik, odillik, kamtarlik, iffat, qo'li ochiqlik, qahramonlik, uyatchanlik kabi go'zal xislatlarni, to'g'ri sa'y-harakatlarni jam etgani uchun el-yurt Amin deb atardi. Hatto Abduddor jamoasidan bo'lmish rasulullohning ashaddiy dushmani Nazru ibn Horis ham u kishidagi fazilatlarga tan berib, Ukoz bozorida o'tgan bir yig'inda: "Sizlar (qurayshlarni aytmoqchi) Muhammaddan bolalik chog'idayoq xursand edinglar, u orangizdagi eng rostgo'y, eng ishonchli kishi edi, Voyaga yetib, payg'ambar bo'lganda uni sehrgarga chiqardinglar. Ollohning nomi bilan qasamyod qilamanki, u aslo sehrgar emas", degan.

Rum podshosi Hiraql (Qaysar) Abu So'fyondan: "Muhammad payg'ambarlik da'vosini qilishdan oldin yolg'onchiligi uchun hech malomatga uchraganmidi?" deb so'raganda u: "Yo'q", deb javob qaytargan. "Muhammad odamlarga yolg'on so'zlamagan ekan, demak Xudoga yolg'onchilik qilishi mumkin emas", deydi Hiraql. Olloh taolo payg'ambar alayhis-salomni bolaligidanoq johiliyat davrining qusurlaridan asragan, odamlar ko'r-ko'rona sig'inadigan but va sanamlarni yomon ko'rsatgan, u kishi butparastlarning o'z sanamlari sharafiga o'tkazadigan bayramlarida qatnashmas edilar. "O'smirlik paytimdanoq butlarni, bema'ni she'rlarni yomon ko'rardim. Johiliyat davrining ishlarini faqat ikki marta ko'nglim tusadi, lekin har ikki gal ham Olloh o'ylaganimni ro'yobga chiqarmadi. Shundan keyin Tangri taolo meni payg'ambarlikka musharraf etgunga qadar bunday narsalar xayolimga ham kelgani yo'q. Bir kuni kechasi biroz qo'y boqadigan cho'pon bolaga qo'ylarimga qarab turishni iltimos qilib, Makkadagi yoshlarning tungi saylida qatnashmoqchi bo'ldim. Shaharga kirib to'y bo'layotgan bir xonadonning oldida to'xtab qoldim. Nay, childirma, qo'shiq ovoziga quloq tutib o'tirdim. Biroq hali quloqlarim kuy-qo'shiqdan rohatlanib ulgurmay ko'zim ilinibdi. Ertasiga quyoshning issiq taftidan uyg'onib ketdim. Ko'zlagan maqsadimga yetolmay izimga qaytdim. Ikkinchi safar ham shu hol takrorlandi", deya hikoya qiladilar payg'ambar alayhis-salom.

Rasululloh qurbonlik molning qonini oqizib, ibodat qilinadigan tosh - Nusubga atab so'yilgan molning go'shtini yemasdilar. Aroq-sharob ichish arablarda keng tarqalgan bo'lsa-da, u kishi bu illatdan hamisha o'zlarini tiyganlar. Olloh payg'ambarlar vahiyni qabul qilishga layoqatli bo'lishlari uchun ularning jismini ana shunday fazilatlar bilan ziynatlagan. Ular payg'ambar bo'lishdan oldin ham, keyin ham har qanday gunohlardan holi edilar. Bu zoti muborak bolaligida erta-indin zimmalariga yuklanadigan ulkan vazifalarga munosib bo'lish uchun, payg'ambarlikka erishgach esa, o'z ummatlariga ibrat ko'rsatish uchun ham jisman, ham ruhan poklandilar.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.