background
logotype
image1 image2 image3

Rasulullohning muruvvatlari

Payg'ambar alayhis-salom Ka'baning ichiga kirib takbir aytdilar. Maqomi Ibrohimda ikki rakaat namoz o'qiganlaridan keyin obizamzam ichdilar va masjidga kirib o'tirdilar. Odamlar rasulullohning atrofiga yig'ilib, u kishiga juda ko'p aziyatlar yetkazgan, yurtlaridan haydab chiqargan, har qadamda bir shumlikni ko'zlab urushgan quraysh mushriklariga qanday muomala qilishlarini kutib turishardi. Mana shu qaltis vaziyatda sarvari olamning shunday bebaho fazilatlari namoyon bo'ldiki, bundan har bir musulmon faqat biron maqsadni ko'zlab emas, balki har qanday vaziyatda Olloh uchun xolis turish lozimligini o'rganishi kerak. Payg'ambar alayhis-salom yig'ilganlarga: "Ey quraysh xalqi, meni hozir nima qiladi, deb o'ylayapsizlar?" deb so'radilar. Odamlar: "Sen mard qarindoshimizning o'g'lisan. Mard qarindoshimiz bizga yaxshilik qiladi, deb o'ylayapmiz", deyishdi. Rasululloh: "Bo'pti, sizlar o'ylagancha bo'la qolsin. Boringlar, hammangiz ozodsizlar!" deya muruvvat ko'rsatdilar.

Xudo rahmat qilgur imom Busayiriyning "Hamziya" qasidasida bunday misralar bor:

Haq uchun bo'lsa muhabbat, nafrati insonning,
Unga baribir erur hukm etganda yotu o'z.
Maqtovlardan mast bo'lib, g'ururlanmas payg'ambar,
Ranjimaydi aytsa gar yovuz kimsa yomon so'z.
Zolimlardan olsa qasd, xo'rliklarga chidolmay,
To'kilardi begumon daryo-daryo qizil qon.
Har bir ishda Ollohning rizosini ko'zlab u,
Vafoga ham jafoga adolat bo'ldi qalqon.
Fazlu karam bobida betimsol edi asli,
Xushchiroyu husnixulq, hech ishida yo'q nuqson.
Payg'ambar alayhis-salom nutq so'zlab, islom dinining ayrim muhim masalalari ustida to'xtalib o'tdilar: "Kofirlarning badaliga musulmon o'ldirilmaydi. Dini boshqa odamlar bir-biriga merosxo'r bo'lmaydi. Hech kim otasi yoki onasining hamshirasi (egachi-singlisi)ga uylanishi mumkin emas. Da'vogar dalil ko'rsatsa, javobgar qasam ichishi lozim. Ayol kishi mahramsiz uch kunlik safarga chiqishi mumkin emas. Bomdoddan keyin kun chiqquncha, asrdan keyin kun botguncha namoz o'qib bo'lmaydi. Qurbon hayiti va ramazon hayiti kunlari ro'za tutilmaydi. Ey quraysh jamoasi, Olloh taolo sizlardagi johiliyat davridagi kibru havoni, otalaringiz bilan faxrlanish hissini yo'qotdi. Hammangiz odam bolalarisizlar, odam esa tuproqdan yaratilgan". Shundan keyin rasululloh Hujrot surasining 13-oyatini o'qidilar: "Ey insonlar, biz sizlarni bir erkak bilan bir ayoldan yaratdik. O'z aro tanishib, bilishishinglar uchun ko'pgina millat va urug-aymog' qildik. Eng taqvodor bo'lganingiz Ollohning dargohida eng hurmatli hisoblanasizlar. Olloh esa hamma narsani bilguvchi, hamma narsadan xabardor zotdir".

Bu gaplardan ta'sirlangan odamlar musulmon bo'lib, payg'ambar alayhis-salomga bay'at qila boshlashdi. Muoviya ibn Abu Sufyon bilan Abu Bakr Siddiqning otasi Abu Qahofa ham shu kuni imon keltirishdi. Payg'ambar alayhis-salom ularning islom diniga kirganidan benihoya xursand bo'ldilar.

Bay'at qilish uchun bir odamning dag'-dag' titrayotganini ko'rgan rasululloh: "Qo'rqma, men podshoh emasman. Quritilgan go'sht yeydigan quraysh xotinning bolasiman", dedilar.

Payg'ambar alayhis-salom o'limga hukm etgan kimsalarga bu olam tangu tor bo'ldi, lekin u zoti muborakning hukmlari odil va haqli edi. Bundaylarning bir qismi Ollohning iltifoti tufayli imon keltirib, jonini saqlab qoldi. Abdulloh ibn Sa'd ibn Abiy Sarh emikdosh qarindoshi Usmon ibn Affonga yolborib rasululohdan omonlik olib berishini o'tindi. To Makkada osoyishtalik o'rnatilguncha Usmon ibn Affon Abdullohni o'z uyiga yashirib qo'ydi. Keyin uni payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga olib bordi-da: "Ey rasululloh, men qarindoshimga omonlik berdim, sen uning bay'atini qabul qilgin", dedi. Payg'ambar alayhis-salom xuddi uning gapini eshitmagandek teskari qarab oldilar. Usmon iltimosini bir necha marta takrorladi, rasululloh har gal yuzlarini ters buraverdilar. Lekin Usmon juda ham hokiturob bo'lib yolboravergach, oxiri uning yuz xotiri uchun Abdullohning gunohidan kechdilar. Usmon bilan Abdulloh chiqib ketgach, sarvari olam sahobalarga: "Birontangiz Abdullohning kallasini olarmikinsiz deb teskari qarab olsam, nega jim turaverdinglar?" dedilar. "Nega bizga ishora qilib qo'ymadingiz?" deyishdi sahobalar. "Payg'ambar ko'zi xiyonat qilishi mumkin emas", deya ularga tanbeh berdilar rasululloh.

Ikrima ibn Abu Jahl Makka fath etilgandan keyin qochib ketdi. Uning xotini Ummu Hakim Makka fath etilishidan avval musulmon bo'lgan edi. Ummu Hakim sarvari olamdan eri uchun omonlik olgach, izlab yo'lga tushdi. Izlay-izlay nihoyat uni dengiz sohilida kemaga chiqmoqchi bo'lib turganda topdi. "Men senga dunyodagi eng yaxshi, yangi odil odamdan omonlik olib keldim. O'zingni o'zing juvonmarg qilmay men bilan birga yur", dedi Ummu Hakim. Ikrima xotinining gapiga ishonib Makkaga qaytib bordi. Payg'ambar alayhis-salom uni ko'rib: "Musulmon bo'lib, bizga hijrat qilib kelgan odamni quchoq ochib kutib olamiz", deya o'rinlaridan turib ketdilar. Ikrima imon keltirib, ilgarigi gunohlari uchun payg'ambar alayhis-salomdan o'ziga istigfor aytishlarini o'tindi. Rasululloh uning iltimosini bajo keltirdilar. Shu kundan e'tiboran Ikrima islom uchun astoydil jon koyitadigan musulmonlardan biriga aylandi.

Hubar ibn Asvad qochib gadoy topmas bir pastqamlikka yashirindi. U payg'ambar alayhis-salom Makka bilan Toif oralig'idagi Ji'ronada turgan paytlarida kelib: "Ey rasululloh, men Eronga qochib ketmoqchi edim, lekin sening silai-rahmingni, dilingni ranjitganlarning ham gunohidan o'tishingni eshitib qaytib keldim. Bizlar butparst edik. Olloh sen orqali hidoyatga erishtirdi, halokatdan qutqardi. Meni ham kenglik qilib kechirgin", dedi, "Mayli, kechirdim", dedilar payg'ambar alayhis-salom.

Horis ibn Hishom bilan Zuhayr ibn Aru Umayya Maxzumiyni Abu Tolibning qizi Ummu Honi himoyasiga olgan edi. Horis payg'ambar alayhis-salomga uchrashgan paytida rasululloh seni hidoyat qilgan xudoga shukr, senday odam islomning nimaligini tushunmay qolishi mumkin emasdi", dedilar. Sarvari olamning bu gaplari Hishomning ko'nglini tog'dek o'stirib yubordi. U to umrining oxirigacha islom uchun astoydil jon koyitadigan sahobalardan biriga aylandi.

Yashirinib olgan Safvon ibn Umayya musulmonlarning qasosidan qo'rqib o'zini dengizga g'arq etmoqchi bo'ldi. Amakisining o'g'li Umayr ibn Vahib payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga kelib: "Ey ollohning payg'ambari, Safvon o'z qavmining boshlig'i. Oldin qilgan gunohlaridan qo'rqib o'zini suvga g'arq etmoqchi. Sen saxovat bilan hamma odamning gunohidan kechyapsan, unga ham omonlik bergin", deb o'tindi. "Mayli, amakivachchanga borib ayt, gunohidan kechdim", dedilar rasululloh. "Bu gapingni isbotlaydigan biron nishona bergin", dedi Umayr. Payg'ambar alayhis-salom sallalarini olib, uning qo'liga tutqazdilar. Umayr sallani olib, Savfonga uchrashdi. "Ota-onam sadagang ketsin, men eng yaxshi, eng mehribon, eng muloyim, eng oqil odam - payg'ambar alayhis-salomning yonidan keldim. U amakingning o'g'li, uning hurmati - sening hurmating, uning sharafi - sening sharafing, uning hokimiyati - sening hokimiyating. Yur, borib tavba qil", dedi. Safvon: "Unga ro'para kelishdan qo'rqaman", dedi. "Payg'ambar alayhis-salom haddan tashqari muloyim, bag'ri keng odam", deya uni ishontirishga urindi Umayr va omonlik berilganining nishonasi bo'lmish sallani ko'rsatdi. Safvon shundan keyingina payg'ambar alayhis-salomga uchrashib: "Umayr rasululloh senga omonlik berdi, deyapti, shu gap rostmi?" deb so'radi. "Ha rost" dedilar payg'ambar alayhis-salom. "Unday bo'lsa, menga o'ylab ko'rishga ikki oy muhlat bergin" deya iltimos qildi Safvon. Payg'ambar alayhis-salom unga to'rt oy muhlat berdilar. Safvon to'rt oydan keyin kelib imon keltirdi va islom uchun astoydil xizmat qiladigan fidoyi musulmonlardan biriga aylandi.

Utbaning qizi Hind ham yashirinib olgan edi, bu urinishidan biron natija chiqmasligiga ko'zi yetgach, kelib islom dinini qabul qildi. Payg'ambar alayhis-salom uning hurmatini o'rniga qo'yib, o'rinlaridan turib kutib oldilar. "Ey rasululloh, - dedi Hind, - men ilgari sening xalqing mag'lub bo'lishini istagan edim, endi sening xalqingga zafar yor bo'lishiga tilakdoshman".

KA'B IBN ZUHAYRNING IMONGA KELISHI

Taniqli shoir Ka'b ibn Zuhayr biron himoyachi va dalda beruvchi odam topolmay qattiq azobda qoldi. Payg'ambar alayhis-salom Makkadan qaytganlaridan keyin Madinaga kelib islom diniga kirdi va rasulullohning huzurlarida mashhur "Qasidai burda"ni o'qidi. Quyidagi misralar ushbu qasidadan olingan.

Umid bog'lab kelgan do'stlarim aytu'
Qilolmaymiz senga yordam-shafoat.
O'z holimga qo'ying dedim ne bo'lsa,
Peshonamga bitganini ko'ray nihoyat.
Oxir bir kun qazo topar odamzot,
Uzoq yillar yashasa-da salomat.
Rasululloh hukm etibdi o'limga,
Lek afv etar qilib menga inoyat.
Olloh senga berdi nurli Qur'onni,
Haq diniga qilib seni hidoyat.
Rasululloh dushman uchun Ollohning
O'tkir tig'li qilichidir benihoyat.
Qasida shu yerga yetganda rasululloh ustilaridagi to'nlarini yechib, shoirning yelkasiga tashladilar.

Rasulullohning amakilari Hamzani o'ldirgan Vahshiy ham imon keltirib, yaxshi musulmonlar safidan joy oldi. Payg'ambar alayhis-salom uni qabul qilib, musulmon bo'lgani bilan qutladilar. Abu Lahabning o'g'illari Utba bilan Mu'tab ham islom diniga o'tdilar, rasululloh bu xabardan benihoya xushnud bo'ldilar.

Suhayl ibn Amr yashirinib olgan edi, o'g'li Abdulloh payg'ambar alayhis-salomdan omonlik olib berdi. "Suhayl aqlli va yaxshi odam. Bunday odam islom dininning haqiqatini anglab yetmasligi mumkin emas", deya marhamat qildilar sarvari olam. Bu gapdan qattiq hayajonlangan Suhayl: "Hudo haqqi, payg'ambar menga juda ko'p yaxshiliklar qildi", dedi minnatdorchilik bilan va umrining oxirigacha islom dini uchun kamarbasta bo'ldi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.