Rasulullohning Madinaga kirishlari
Payg'ambar alayhis-salom qilich taqqan ansorlar qurshovida Madinaga kirib keldilar. Quvonchi ichiga sig'magan madinaliklar ko'chalarga chopib chiqdilar, bu ularning hayotidagi eng baxtiyor kun edi. Ko'chalarni to'ldirgan ayollar, bolalar, kanizaklar zavq-shavqqa to'lib qo'shiq aytishardi:
Rasululloh to'lin oydek nur sochib,
Chiqib keldi Saniyyatul-Vado'dan.*
Shukr aytmoq lozim bizga har lahza,
Biron kimsa qo'l uzmasin duodan.
Musulmonning shamchirog'i bu dinni
Olib keldi Rasul bizga Xudodan.
Poyu piyoda, ot-ulovdagi kishilar rasulullohning atrofida girdi-kapalak bo'lishar, o'z uyiga olib kirish uchun tuyaning jilovini talashishardi.
*Saniyyatul-Vado' - Madinaga yaqin joydagi adir.
ILK DAF'A O'QILGAN JUM'A NAMOZI
Payg'ambar alayhis-salom bani Salimi ibn Avf mahallasiga yetib kelganlarida jum'a vaqti bo'ldi, u kishi tuyadan tushib namoz o'qidilar. Bu rasulullohning birinchi marta o'qigan jum'a namozlari edi. Xutbada Ollohga hamdu sano aytganlaridan keyin yig'ilganlarga murojaat qilib bunday dedilar: "Ey jamoat! Oxirat uchun tayyorgarlik ko'ringlar! Yaxshi amallarni qilib, in'om va ehson beringlar. Bir kuni mol-dunyolaringizdan ayrilib, Xudoning dargohiga borasizlar. Yaratgan egam: "Tarjimon va vositachiga hojatsiz payg'ambar yubormaganmidim? Mol-dunyo bermaganmidim? Qilgan yaxshi amallaring qani? Keltirgan imoning, bergan ehsonlaring qani? deb so'raydi. O'shanda qilgan yaxshi amallaringizdan boshqa joningizga oro kiradigan hech narsa bo'lmaydi. Yon-veringizga boqib do'zaxdan boshqa narsani ko'rmaysiz. Shuning uchun qo'ldan kelgancha yaxshi amallarni qilib, do'zax azobidan qutilishga urininglar. Yarimta xurmochalik narsani bo'lsa-da, sadaqa qilinglar. Hech narsasi yo'q odamlar loaqal yaxshi gapirib miskinlarning ko'nglini olsin. Parvardigori olam bitta yaxshilikni bir necha barobar qilib qaytaradi. Sizlarga omonlik, Ollohning rahmati va barokatlarini tilayman".
ABU AYYUBNIKIGA TUSHISH
Jum'adan keyin rasululloh yo'lda davom etdilar. Har bir hovlidan o'tayotganlarida odamlar tuyaning jiloviga osilishib, u kishini uyiga taklif etishardi. Payg'ambar alayhis-salom jilovni qo'yib yuborishlarini o'tinib, tuya qayerga cho'ksa, o'sha uyga tushajaklarini aytdilar. Tuya esa rasulullohning qarindoshlaridan Adiy ibn Najjor mahallasiga yetganda Abu Ayyub Xolid ibn Zayid Ansoriyning eshigi oldida to'xtab cho'kkaladi.
Xolid Muoviyaning xalifalik davrida Istambul muhosarasida halok bo'lib, shahar tashqarisiga dafn etilgan. Rasululloh tuyadan tusha turib: "Inshoolloh turar joyimiz shu yer bo'lg'usi. Rabbim, meni muborak yerga tushirgin, sen hamisha qutlug' joyni ato etguvchisan", dedilar. Abu Ayyub payg'ambar alayhis-salomning narsalarini ichkariga olib kirdi, As'ad ibn Zurora esa tuyani boqish uchun o'z uyiga olib ketdi. Bani Najjor mahallasining qizaloqlari rasulullohni qo'shiq aytib kutib olishdi. "Meni yaxshi ko'rasizlarmi?" deb so'radilar sarvari olam. Qizlar "ha" deb javob qaytarishdi. "Xudo haqqi, men ham sizlarni jon-dilimdan yaxshi ko'raman", dedilar u zoti muborak.
Abu Ayyubning uyi ikki qavat bo'lib, rasulullohga ikkinchi qavatni munosib ko'rdi, biroq u kishi ziyoratchilar bilan ko'rishib, suhbatlashishning qulayligi uchun pastda turishni ixtiyor etdilar. Mezbon kelim-ketim ko'payib chang-to'zon, dam-badam sepilgan suvlardan hovur ko'tarilib rasululloh ozor chekishlaridan tashvishlangan edi. Chindan ham kunlarning birida suv solingan xum sinib ketdi. Er-xotin rasulullohning ustlaridan chakka o'tmasin deb suvni ko'rpaga shimdirib olishdi. Shundan keyin qo'yarda-qo'ymay rasulullohni yuqorigi qavatga ko'chirib chiqishdi. Ansorlarning kattalaridan Said ibn Iboda, As'ad ibn Zurora, Zayd ibn Sobitning onasi turli-tuman lazzatli taomlar pishirib u kishini har kuni yo'qlab turishdi.
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- 6 diniy kalima
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Tahorat kitobi
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.