background
logotype
image1 image2 image3

Rasulullohning Madinaga hijrat qilishlari

Payg'ambar alayhis-salom darrov do'stlari Abu Bakrning yoniga borib, Olloh hijrat qilishlariga ijozat berganini aytdilar va ikkov yo'l tadorikini ko'rishdi. Abu bakr safarga tayyorlab qo'ygan ikki tuyaning ustiga yuklarini orta boshladi, bitta meshga oziq-ovqat, bittasiga suv solindi. Dayil ibn Bakr urug'idan Abdulloh ibn Urayqitni yo'l boshlovchilikka yollashdi. U usta yo'l boshlovchi bo'lgani uchun mushrikligiga qaramay uch kundan keyin Savr g'orida uchrashishga kelishib, ikki tuyani yuklari bilan ishonib topshirishdi. Shu kuni kechasi suiqasdchilar o'z manfur niyatlarini amalga oshirishlari kerak edi. Ular rasulullohning eshigi oldida to'planishdi. Payg'ambar alayhis-salom g'animlarida shubha tug'dirmaslik uchun o'rinlariga amakilarining o'g'li Alini yotqizib qo'ydilar. Mushriklar esa u kishini ko'zdan qochirib qo'ymaslik uchun eshik tirqishidan mo'ralab turishdi. Rasululloh to'nlarini Alining ustiga yoptilar-da, Yosin surasining 9-oyatini o'qib, tashqariga chiqdilar. "Ularning oldida bir to'siq, orqasida bir to'siq paydo qilib, ko'zlariga parda tortdik, shu bois hech narsani ko'risholmadi". Olloh qonxo'rlarni uxlatib qo'ydi. Payg'ambar alayhis-salomiing uydan chiqqanlarini hech kim ko'rgani yo'q. U kishi kelishilgan joyda Abu Bakr bilan uchrashdilar. Ikkovlon Savr g'origa kirib yashirinishdi. Mushriklar suiqasdlari barbod bo'lganidan, tuni bilan rasulullohni emas, Ali ibn Abu Tolibni poylab chiqishganidan hayratga tushishdi. Shu zahoti payg'ambar alayhis-salomni izlab yo'lga otlanishdi, u kishini tutib bergan yoki qayerdaligini aytgan odamga mukofot va'da qilishdi. Agar ular Savr g'origa borib qarashsa, rasululloh bilan Abu Bakrni bemalol topib olishlari mumkin edi. Nochor ahvolda qolganlaridan qattiq o'kingan Abu Bakr yig'lab yubordi. Payg'ambar alayhis-salom unga tasalli berib: "Qayg'urma, Olloh biz bilan birga", dedilar. Chindan ham parvardigor mushriklarning ko'zini ko'r qilib qo'ydi. G'orga qarash birontasining esiga ham kelmadi, hatto rasulullohning ashaddiy dushmanlari Umayya ibn Xalaf ularning bu yerga yashirinishi mumkinligini tasavvuriga ham sig'dirolmasdi. Mushriklar chor-atrofni tit-pit qilib, izg'ib yurishdi. Qochoqlar uch kungacha g'ordan chiqmay pusib yotishdi.

Abu Bakrning o'g'li ziyrak, uddaburon yigit edi, u kunduzlari mushriklarga aralashib, rasululloh bilan otasi haqida eshitgan-bilganlarini ularga gapirib berar, qosh qorayganda iziga qaytib, g'orda tunardi. Bomdoddan keyin yana Makkaga yetib kelardi. Uning izini yo'qotish uchun Omir ibn Fuhayra boqayotgan qo'ylarini uning orqasidan haydardi. Ta'qib tugagan kuni ertalab yo'l boshlovchi Abdulloh ibn Urayqit yetib keldi. Ular Qizil dengizni yoqalab yo'lga tushishdi. Kutilmaganda orqadan Suroqa ibn Molik kelib qoldi, u mushriklarning rasulullohni o'ldirgan yoki tutib bergan odamga mukofot ta'sis etishganidan xabardor edi. Mudlij qabilasidan besh-o'n kishi gaplashib o'tirishganida birov kelib: "Dengiz bo'yida uch-to'rt kishining qorasini ko'rdim, Muhammad bilan birga qochgan sheriklari emasmikin?" dedi. Mukofotni bir o'zi olishni ko'zlagan ochko'z Suroqa: "Falonchi-pismadonchilar yo'qolgan mollarini izlab yurishgan edi, shularni ko'rgandirsan", deya gapni chalg'itdi va bir ozdan keyin sekingina davradan sirg'alib chiqdi-da, otga minib, qochoqlarning izidan tushdi. Ularga yaqinlashganda oti munkib yiqildi. O'rnidan turib yana otiga mindi, ovoz bemalol eshitilgudek joygacha yaqinlashib keldi. Rasululloh parvo qilmay xotirjam ketaverdilar. Abu Bakr esa tez-tez orqasiga burilib qarardi. To'satdan Suroqaning oti tizzasigacha qumga botib qoldi. U otini qamchilab joyidan jildirishga urindi. Joni azobda qolgan jonivorning oyoqlari qumdan chiqar-chiqmas, chang-to'zon ko'tarilib, ko'zlari hech narsani ko'rmay qoldi. Shum niyati g'alati yo'sinda barbod bo'lganidan qattiq vahimaga tushgan Suroqa yordam so'rab payg'ambar alayhis-salomni chaqirdi.

Rasululloh hamrohlari bilan Suroqa yetyb kelguncha kutib turdilar. U mushriklarning yovuz niyatlarini, rasulullohni tutish uchun hamma choralarni ishga solishayotganini, hatto pul sarflashayotganini aytib berdi va yenidagi bor oziq-ovqat bilan yo'lga kerakli narsalarni ularga taklif etdi. "Bizga narsalaring kerak emas, faqat quvlab kelayotganlarga ko'rmadim desang bas", deyishdi ular. Suroqa omonlik xati so'ragan edi, rasululloh Abu Bakrga yozib berishni buyurdilar.

Olloh katta iltifot ko'rsatib o'z payg'ambarini balo-qazolardan asradi. Madinaliklar rasululloh kelayotganlaridan xabar topib, har kuni Harraga - qora toshli soy bo'yiga chiqishardi va quyosh tikka kelgandagina qaytib ketishardi. Shunday kunlarning birida bir yahudiy payg'ambar alay-hissalomning olisdan elas-elas ko'rinayotganlarini xabar berib: "Hay arab jamoasi, sizlar kutayotgan payg'ambaringlar kelyapti!" deya qichqirdi. Ansorlar apil-tapil soy bo'yiga yugurib, rasulullohning yo'llariga peshvoz chiqdidar.

QUBOGA TUSHISH

Sarvari olam bani Amr ibn Avf jamoasining mahallasiga kelib tushdilar. Mashhur munajjim Muham-mad Poshoning aniqlashicha, bu hodisa rabbiul avvalning 8-kuni, melodiy 622 yil 9-oyning 20 kuniga to'g'ri keladi. Islom dini paydo bo'lib, o'n uch yildan keyin g'alabaga yuzlanganining yangi tarixi shu kundan boshlanadi. Bu yillar mobaynida rasululloh juda ko'p jabr-sitam tortdilar, Ollohga oshkora ibodat qilish imkonidan mahrum etildilar. Mushriklar tomonidan xo'rlangan, mol-mulki talon-taroj etilgan musulmonlar sadoqatli do'stlarga, osoyishta boshpanaga erishdilar. Payg'ambar alayhis-salom Amr jamoasining oqsoqoli Kulsum ibn Hadimning uyiga qo'ndilar. So'qqabosh Said ibn Xaysamaning uyida odamlarni yig'ib, suhbatlar o'tkazardilar. Abu Bakr Siddiq Sinih mahallasidagi Horija ibn Zayidnikiga joylashdi.

PAYG'AMBARLARNING HIJRATI

Muhammad alayhis-salom bu hijratlari bilan ilgari o'tgan payg'ambarning sunnatini bajo keltirdilar. Avvalgi payg'ambarlarning deyarli hammasi tug'ilib o'sgan yurtidan bosh olib ketgan, Ibrohim alayhis-salomdan tortib Isoyi Masihgacha tarki vatan etishga majbur bo'lishgan. Bu zoti muboraklar parvardigorning dargohida beqiyos yuksak martabalarga erishgani holda o'z qavmi, urug'-aymog'i tomonidan xo'rlangan. Ular Ollohning roziligy yo'lida o'z qavmiga ibrat ko'rsatish va ularni to'g'ri yo'lga boshlash uchun barcha ozoru kulfatlarga chidab, sabr-qanoatda namuna bo'lganlar. Agar Misr tarixiga nazar tashlansa, Isroil (Yaq'ub alayhis-salom) va u kishining bolalari qismati ham yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi. Kan'onliklar Yusufni donoligi, hushxulqligi uchun hurmatlab, dini bilan mutlaqo qiziqishmagan. U kishi Misrga hijrat qilganlar. Vaqt o'tishi bilan misrliklar Yusuf alayhis-salomning beqiyos ulkan xizmatlarini unutib, bani Isroilni ezib, juda ko'p sitamlar o'tkazishgan. Muso bilan Horun Ollohning ibodatini bajo keltirmoq niyatida bani Isroil qavmini Misrdan olib ketgan. Yahudiylar Iso alayhis-salomni tan olmay o'ldirishga qasd qilishganda, u kishi jon saqlash uchun qochib ketishga majbur bo'lganlar. Masih shogirdlariga: "Haq uchun quvilganlar baxtlidirlar, ular Ollohning dargohiga kirurlar, ya'ni avliyolar maqomiga yetadilar. Sizlarga osmonda katta ajr berilajagi haqida bashorat qilindi. Ular (bani Isroil) sizlardan avvalgi o'tgan payg'ambarlarni ham shu tariqa haydab yuborishgan", deydilar. Chindan ham tarixga nazar tashlansa, Lud, Od, Samud qavmlari singari xalqi kofir bo'lgan yurtlar Ollohning g'azabiga yo'liqishidan avvalroq pang'ambarlari bu joylardan bosh olib ketishgan.

Bundan anglashiladiki, Muhammad alayhis-salomiing Islom dinini targ'ib etish yo'lida turli qiyinchiliklarga uchrab, tarki vatan etganlari tabiiy bir hol ekan. "Bu yaratganning azaliy bir qonuniyatidir. Ollohning qonu-niyatida o'zgarish yo'qdir" (Axzob surasi, 62-oyat).


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.