Rasulullohning chekkan aziyatlari
Muhammad payg'ambar dinga oshkora da'vat eta boshlaganlaridan keyin juda ko'p qiyinchiliklarga, tazyiqlarga duch keldilar. Xususan, Baytullohga borib namoz o'qish azobga aylandi. Rasulullohga ko'p aziyat yetkazuvchi bir guruh bo'lib, ochiqdan-ochiq haqoratlab ozor bergani uchun ular masxara qilguvchilar, deyilardi. Bu kimsalarning boshlig'i Mag'zum jamoasidan bo'lmish Abu Jahl Amr ibn Hishom ibn Mug'ira edi. Bir kuni u o'z Odamlariga: "Ey birodarlar, ko'rib turibsizlar, Muhammad dinimizni kamsityapti, ilohlarimizni so'kyapti, bizlarni aqlsizlikda, ota-bobolarimizni zalolatda qolganlikda ayblayapti. Ollohga qasam ichib aytamanki, ertaga katta bir toshni olib, Muhammadni poylab o'tiraman. Namoz paytida sajdaga bosh qo'yganida boshini yanchib tashlayman. Keyin meni Abdumonof jamoasiga topshirasizlarmi yoki himoya qilasizlarmi ixtiyor o'zlaringizda. Abdumonof jamoasi qo'lidan kelganini qilsin", dedi. Ertasiga u katta bir toshni olib, rasulullohni poylay boshladi. Hech narsadan xabari yo'q Payg'ambar alayhis-salom odatdagidek namoz o'qigani keldilar. Tamoshatalab qurayshlar Abu Jahlning nima karomat ko'rsatishini kuzatib turishardi. Sarvari olam sajdaga bosh qo'yganlarida Abu Jahl orqadan pusib keldi-da, toshni baland ko'tardi va birdaniga rangi oppoq oqarib, qo'llari qaltiragancha orqaga tisarildi, qo'lidagi tosh tushib ketdi. Tekin tomosha ilinjida to'planganlar uning oldiga kelib, nima bo'lganini so'rab-surishtirishdi. "Muhammadga yaqinlashib endigina uraman deganimda bahaybat bir bug'ro (erkak tuya) paydo bo'lib, daf qildi. Xudo haqqi, umrimda bunaqa qo'rqinchli tuyani sira ko'rgan emasman", dedi Abu Jahl. Bu gap rasulullohning quloqlariga yetganda u kishi: "O'sha tuya qiyofasidagi Jabroil edi, agar Abu Jahl yana bir qadam tashlaganida oyog'i ostiga olib tepkilab tashlardi", dedilar. Abu Jahl, baribir, rasulullohning jig'iga tegishini, u kishining namoz o'qishiga xalal berishini qo'ymadi. Hatto bir kuni: "Agar yaxshilikcha namoz o'qishni yig'ishtirmasang, holing voy bo'ladi", dedi surbetlik bilan. Rasulullohning jahllari chiqib, uni koyib tashladilar. Olloh "Alaq'* surasining 15-19- oyatlarida Abu Jahlga tahdid soladi: "Agar u niyatidan qaytmasa, albatta uning zulfidan, (barcha) yolg'onchi va gunohkorlarning sochidan tutib jahannamga sudraymiz, u o'z sheriklaryni chaqirsin! Biz zaboniyalarni* chorlaymiz. Unga bo'ysunma, Ollohga sajda qil va yaqin bo'l".
Imom Buxoriy rivoyat qilishicha, payg'ambar alayhis-salom namoz o'qiyotganlarida Abu Jahl: "Kim tuyaning qornini opkelib Muhammadniig ustiga tashlaydi", deya odamlarni gij-gijlaydi. Aqaba ibn Abi Muayd tozalanmagan qorinni olib kelib rasululloh sajdaga bosh qo'yganlarida ustilariga tashladi. Masjiddagi musulmonlarning birontasi u kishini himoya qilishga, hatto qorinni olib tashlashga botinolmadi, ular oz, mushriklar esa ko'pchilik edi. To qizlari Fotima kelib qorinni olib tashlamaguncha rasululloh sajdadan bosh ko'tarmadilar. Mushriklardan qattiq dili og'rigan payg'ambar alayhis-salom: "Ey Xudo, mana shu qurayshlarning jazosini o'zing bsrgin!" - deya duoibad qildilar va bir qancha odamning nomini tilga oldilar. Abdulloh ibn Mas'udning guvohlik berishicha, o'sha odamlar Badr urushida bitta qolmay halok bo'lishgan.
Tarixchilar rivoyat qilishicha, payg'ambar alayhis-salom bilan Abu Jahl o'rtasida yana bir g'aroyib voqea yuz bergan. Bu murtad kimsa Aroshiy degan odamning tuyalarini olib, pulini bermay yuraveradi. Bir kuni Aroshiy quraysh zodagonlari to'planib turgan yerga kelib, dardini aytib yordam so'raydi. Ular payg'ambar alayhis-salomni mayna qilib, ustidan kulish niyatida: "Hov anovi odamga uchrashsang, haqqingni undirib beradi", deyishadi. Tomoshatalablar rasululloh bilan Abu Jahlning munosabatini yaxshi bilishgani uchun ham tuyakashni atay ro'para qilishadi. Aroshiy sarvari olamning yoniga kelib muddaosini aytadi. Rasululloh uni boshlab Abu Jahlnikiga boradilar. Darvozani taqillatishganida ichkaridan: "Kim?" - degan ovoz eshitiladi. Rasululloh: "Bu men, Muhammadman", deydilar. Abu Jahl rangi o'chgan holda bo'shashib chiqadi. Rasululloh: "Manavi odamning haqqini ber", deydilar. Abu Jahl churq etmay pulni sanab beradi. Ishi osongina bitganidan tuyakashning og'zi qulog'iga yetadi. Tomoshatalablar esa hayron bo'lishib, Abu Jahlning oldiga kelishadi. "Muhammadning ovozini eshitganimdayoq tepamda bahaybat bir bug'ro tuya paydo bo'ldi. Bunaqa qo'rqinchli hayvonni sira ko'rmaganman. O'takam yorilib ketishiga sal qoldi", deya shikoyat qildi.
O'z amakilari Abulahab ibn Abdulmuttolib ham rasulullohga ko'p ozor berib, masxara qilguvchilardan biri edi. Devor-darmiyon qo'shni bo'lgan Abulahab jiyanining eshigi oldiga najosatlarni keltirib tashlardi, xotini Ummu Jamila ham eridan qolishmas, bekor turmay rasulullohni haqoratlar, tinmay g'iybat qilar, axlatu najosatlarni topib kelishda eriga ko'maklashardi. Ular haqida Tabbat surasi nozil bo'lgach, battar quturib ketishdi. Rasulullohning ikkinchi qo'shnisi Uqba ibn Abumuayt ham har qadamda yomonlik qilib ig'vo tarqatib lazzatlanar, marazlikda. Abdulahabdan qolishmas, qilmishi yovuzlik edi. Bir kuni u quraysh oqsoqollariga qo'shib, rasulullohni mehmonga chaqirdi. Payg'ambar alayhis-salom: "Xudo haqqi, imonga kelib, kalima keltirmaguningcha ovqatingni yemayman", deya shart qo'ydilar. Uqba naridan-beri kalimai shahodatni aytdi. Bu xabar shu zahoti Uqbaning do'sti Ubay ibn Xalafga yetib bordi. U Uqbadan: "Bir g'alati xabar eshitdim, shu gap rostmi?" - deb so'radi. Uqba: "E, bo'lmagan gap, uyimga bir mo'tabar odam kelib, imonga kelmasang, ovqatingni yemayman, deb turib oddi. U mening xonadonimdan tuz totmay chiqib ketishidan ko'nglim g'ash bo'lib, kalima keltirgan bo'ldim. Aslida niyatim boshqaligini yaxshi bilansan-ku", dedi. "Muhammadni oyog'ing ostiga olib, yuziga tuflab, ko'ziga qo'lingni tiqib olmaguningcha sening yuzingga qarash menga harom", dedi Ubay. Uqba uning shartini bajo keltirdi. Olloh Furqon surasining 27-29-oyatlarida Uqba haqida shunday deydi: "U kuni zolim kishi (Uqba) ikki qo'lini tishlab: payg'ambar bilan bir yo'lni tanlagan, falonchini do'st tutmagan bo'lsam koshki edi. Qur'on kelgandan keyin u (shayton) meni yo'ldan urdi, deydi. Shayton insonni (yo'ldan urgach) tashlab ketadi".
Uqbaning rasulullohga qilgan eng yomon muomalasidan yana biri "Sahihul Buxoriy"da bayon etilgan. Kunlarning birida payg'ambar alayhis-salom namoz o'qiyotganlarida Uqba orqadan kelib u kishining bo'yniga choponini tashlab, bo'ga boshladi. Tasodifan kelib qolgan hazrat Abu Bakr rasulullohni ajratib oldi-da, Mo'minlar surasining "Robbing Olloh" degan va "robbingiz tomonidan sizlarga mo'jizalar olib kelgan kishini o'ldirasizlarmi", degan oyatini aytib, mushrikni koyidi. Rasulullohga o'chakishib ozor yetkazadiganlardan yana biri Amr ibn Osning otasi Os ibn Voil edi. U doim: "Muhammad o'lganidan keyin tirilasizlar deb (sahobalarni) aldayapti. Xudo haqqi, biz faqat vaqt o'tishi bilangina o'lamiz", derdi. Olloh Osning gapiga raddiya berib Josiya surasining 24-oyatini nozil qildi: "Ular hayot deganlari faqat bu dunyoda ko'rgan-kechirganimiz, tug'ilamiz va umrguzaronlik qilamiz, faqat vaqt o'tishi bilangina yo'q bo'lamiz, deyishadi. Bu haqda ular hech qanday ma'lumotga ega emas, qiyos bilangina shunday deyishadi".
Xabbob ibn Aratt degan sahobaning Osda puli bor edi. U haqini talab qilganda Os: "Sen islom diniga kirgansan, Muhammad jannatda oltin-kumush, kiyim-kechak, xizmatkorlar muhayyo bo'ladi, deydi. To'g'rimi?" deb so'raydi. Xabbob uning gapini tasdiqlaydi. "Sen jannatga kirguningcha mening mol-mulkim, bola-chaqam ko'payadi, o'shanda qarzingni qaytaraman", deydi Os surbetlik bilan. Olloh Maryam surasining 77-80-oyatlarida bunday deydi: "Bizning oyatlarimizni inkor etgan, menga mol-dunyo, bola-chaqa beriladi, degan odamni ko'rdingmi? U gaybni bilarmidi yoki Olloh bilan ahdu paymon qilishganmi? Sira unday emas, uning aytganlarini yozib qo'yamiz, unga beriladigan azobni ko'paytiramiz, uning mol-mulki, bola-chaqasi bizning izmimizda qoladi, oldimizga yolg'iz o'zi keladi".
Zuhra jamoasidan Asvad ibn Abduyag'us rasulullohga qarindosh bo'la turib, har qadamda u kishiga ozor yetkazardi. Agar u payg'ambar alayhis-salomning sahobalar bilan kelayotganlarini ko'rsa: "Qaranglar, podsholar kelishyapti!" deb mazax qilardi. Sahobalar turli tomondan tazyiqqa uchragani uchun tirikchiligini zo'rg'a o'tkazishar, engil-boshlari yupun edi. "Ha, bugun osmondan gapirmaysanmi?" deya rasulullohni mayna qilardi Asvad. Xadichaning amakivachchasi Asvad ibn Muttolib Asadi ham masxaralovchilardan biri edi. U musulmonlarni ko'rsa, sheriklariga ko'z qisib, piching qilardi, ularni izzat-nafsiga tegib, janjal chiqarishga urinardi. Olloh Qur'oni karimda ular haqida shunday deydi: "Mushriklar imon keltirgan kishilarni doim masxara qilib, ustilaridan kulishadi. (Imon keltirganlar) yonidan o'tganda ko'z qisishadi, uylariga maqtanib qaytishadi, musulmonlarni adashganlar deb hisoblashadi".
Abu Jahlning amakisi Valid ibn Mug'ira quraysh oqsoqollaridan biri edi. O'ziga to'q, obro'-e'tiborli bu kimsa ham payg'ambarni masxara qiluvchilardan biri edi. Kunlarning birida u Qur'on oyatlarini eshitib qattiq ta'sirlandi. O'z qavmi bani mag'zum jamoasiga kelib: "Muhammadning og'zidan shunday so'zlarni eshitdimki, xudo haqqi, bu insu jinsning kalomiga o'xshamaydi. Bu shu qadar shirin, chiroyli, boshdan-oxirigacha lutfdan iborat so'zlarki, har qanday baytu g'azalni bosib tushadi. Dunyoda bundan o'tadigan so'z bo'lmasa kerak". Quraysh mushriklarining yuragiga g'uluv tushdi: "Agar Validdek odam dinini o'zgartirsa bas, qolganlarni to'xtatib bo'lmaydi". Abu Jahl ularni xotirjam qilib: "Amakim bilan o'zim gaplashaman, u Muhammadning orqasidan ergashadigan jinni emas", dedi va Validning oldiga borib, ahvolni yotig'i bilan tushuntirdi, ota-boboning yo'lidan qaytish gumrohlik ekanini, hamma e'tiqod qilayotgan din qolib, ko'zga ko'rinmaydigan Xudoga sig'inish aqldan emasligini aytdi. Valid jiyaniga o'ychan ko'z tashlab: "Sizlar Muhammadni jinni deysizlar, lekin uning poyintor-soyintor gapirganini eshitganmisizlar? Uni folbin deysizlar, biroq qachon fol ochib, karomatgo'ylik qilgan? Uni shoir deysizlar, ammo uning she'r yozganini kim ko'rgan. Uni yolg'onchi deysizlar, lekin shu paytgacha u biron kimsani aldaganmi?" deb so'radi. Abu Jahl va unga ergashib kelganlar bu gaplarning hammasini rad etishdi, lekin uning qanday odamligini tushuntirib berishni o'tinishdi. Valid bir oz sukutga cho'mgach: "U sehrgar! - dedi. - Agar sehrgar bo'lmasa erni ayoldan, otani bolasidan, xo'jani qulidan ajrata olarmidi". Yig'ilganlar quvonganidan qiyqirib yuborishdi. Valid ayni ularning ko'nglidagi gapni topib aytgan edi. Olloh Muddasir surasining 11-26-oyatlarida bu kimsa haqida shunday deydi: "Men tanho yaratgan kishini (yani Validni) o'zimga qo'yib ber. Unga juda ko'p mol-dunyo, amriga tayyor turadigan o'g'illar berdim, martabasini baland qildim. U yana ko'proq berishimni tama qiladi. Aslo, aslo! U bizning oyatlarimizga qarshi chiqdi. Unga qattiq azob beraman, chunki u o'ylab rejalar tuzdi. La'natlar bo'lsinki, qanday rejalar tuzdi? Yana la'natlar bo'lsinki, qanday rejalar tuzdi, a? Undan keyin qovog'ini uyub, aftini burishtirib, razm soldi. Takabburlik bilan orqasiga o'girildi. Bu o'rganilgan sehr va insonning so'zi, dedi. Men uni do'zaxga solaman".
Valid haqida Qalam surasining 10-16-oyatlarida yana bunday deyiladi: "Qasamxo'r, past, tuhmatchi, g'iybatchi, baxil, haddidan oshgan, gumroh, qo'pol, ustiga-ustak otasi noma'lum odamga itoat etma. U boy-badavlat va serfarzand bo'lgani uchun bizning oyatlarimiz o'qib berilsa, qadimgilarning cho'pchaklari deydi. Dimog'ini kuydiradi". Dimog' kuyishi xorlikning nishonasi. Yuz-et qadrli a'zo bo'lib, yuzga joylashgan burun g'urur nishonasidir. Xudo qadrli qilgan. Yuzdagi qimmatli a'zoning kuyishi takabbur insonning xor bo'lajagiga ishoradir.
Abduddor ibn Qusay jamoasidan Nazir ibn Horis ham rasulullohning g'animlaridan edi. Bir kun sarvari olam va'z-nasihat qilayotgan va o'tgan ummatlarning tarixlarini so'zlayotganlarida Nazir shartta o'rnidan turib: "Ey odamlar, buyoqqa kelinglar, men sizlarga Muhammaddan ko'ra qiziqroq narsalarni gapirib beraman", dedi va Eron shohlari haqida hikoya qila ketdi. Chindan ham u Eron podsholari tarixini yaxshi bilardi. Shu bois rasulullohning gaplarini xuddi shunday tarixiy voqea yoki odatdagi afsonalar deb hisoblardi. Olloh Luqmon surasining 6-7-oyatlarida Nazir haqida bunday deydi: "Odamlar orasida Ollohning yo'lidan adashtirish va uni (ya'ni payg'ambarni) kulgiga qo'yish uchun o'zi omi bo'la turib, quruq gap sotadiganlar ham bor. Bunday odamlar xorlik azobiga giriftor bo'lishadi. Bundaylarga oyatlarimiz o'qib berilsa, go'yo eshitmayotgandek, xuddi ikki qulog'i og'irlashib qolgandek takabburlik bilan teskari qarashadi. Undaylarning qattiq azobga giriftor etilajagidan bashorat bering".
Hijr surasining 95-96-oyatlarida Olloh payg'amabar alayhis-salomni masxara qilguvchilardan o'ch olajagini bayon etadi: "Masxara qilguvchilarga qarshi turishga shak-shubhasiz bizning o'zimiz kifoyamiz, ular Ollohdan boshqa ilohga cho'qinishadi, hademay (buning oqibatini) bilishadi". Olloh aytgan gapini albatta amalga oshirajagini avvaldan ma'lum qilgan, Makkada nozil bo'lgan oyatlarda bu haqda xabar bergan edi. Rasululloh Madinaga ko'chganlaridan keyin masxara qilguvchilar birin-ketin halok bo'lishdi. Abu Jahl, Nazir ibn Horis, Uqba ibn Muayt o'ldirildi. Abulahab, Os ibn Vohil, Valid ibn Mug'ira kabilar og'ir dardga chalinib, abgor bo'lishdi.
*Zaboniyalar - gunohkorlarni do'zaxga tashlaydigan farishtalar.
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- 6 diniy kalima
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Tahorat kitobi
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.