background
logotype
image1 image2 image3

Podsholarga yo’llangan maktublar

Musulmonlar Hudaybiyadan hijratning oltinchi yili tugashiga yaqin qaytib kelishdi. Yo'llar qurayshlardan amin bo'ldi. Shundan keyin payg'ambar alayhis-salom turli iqlim podsholariga maktub yozib, elchilar yubordilar. Maktublarga bosish uchun kumushdan muhr yasatilib, unga "Muhammadun rasululloh" degan so'zlar zarb etildi. Rum podshosi Qaysarga Dihyatul Kalbi degan kishi orqali maktub jo'natilib, nomani Busro hokimi orqali topshirish tayinlandi. Maktub quyidagicha mazmunda edi:

QAYSARGA MAKTUB

"Bismillahir rohmanir rohim. Muhammad ibn Abdullohdan Rumning kattasi Hiraqlga.

To'g'ri yo'lga ergashganlarga salom. Men seni Islom diniga da'vat etaman. Musulmon bo'lsang joning omonda, Olloh senga ikki hissa savob beradi (Biri Iso alayhis-salomga, ikkinichisi Muhammad alayhis-salomga imon keltirgani uchun). Agar Islom dinini qabul qilmasang xalqingning barcha gunohi sening gardaningga tushadi. Ey ahli kitob! Faqat Ollohga ibodat qilish, Ollohga hech narsani sherik keltirmaslik, Ollohni qo'yib, bir-biringizni Xudoga aylantirib olmaslik kabi hammamiz uchun mushtarak aqidani hurmat qilaylik, degin. Agar ular bu (taklifni) qabul etishmasa, bizning musulmon ekanimizga guvoh bo'lsinlar, denglar". (Oli Imron surasining 64-oyati.)

ABU SUFYONNING GAPI

Qaysar bu maktubni olgach: "Muhammadning qavmidan biron kishini topib keling, undan Muhammad haqida so'rab ko'raylik", dedi. Shu kunlarda Abu Sufyon sheriklari bilan Shomda savdo-sodiq qilishayotgan edi. Qaysarning odamlari uni podshoning huzuriga taklif etishdi. Abu Sufyon hamrohlari bilan Quddusga kelib hukmdorning huzuriga tashrif buyurdi. Qaysar tarjimon orqali ulardan qaysi birining nasabi payg'ambar alayhis-salomga yaqinligini so'radi. Abu Sufyon Abu Manof jamoasidan bo'lgani uchun: "Unga hammadan ko'ra men yaqinman", deb javob berdi. Qaysar uni o'ziga yaqin turg'izib, qolganlarni orqaga chekintirdi va Abu Sufyonning hamrohlariga: "Men o'zini payg'ambar hisoblagan Muhammadning qanday odamligi haqida so'rab bilish uchun Abu Sufyonni oldinroqqa turg'izdim. Agar u yolg'on gapirsa, hijolat chekmang deb sizlarni orqaga oldirdim", dedi. Shundan keyingina podshoh bilan Abu Sufyon o'rtasida quyidagi savol-javob bo'ldi:

- Muhammadning nasl-nasabi qanday?

- Oliy nasab.

- Muhammaddan ilgari orangizdan payg'ambarlik da'vosini qiladigan biron kimsa chiqqanmi?

- Yo'q.

- U payg'ambarlik da'vosini qilishdan ilgari yolg'onchiligi uchun yuzi qaro bo'lganmi?

- Yo'q.

- Uning ota-bobolari orasida podsholik qilganlari bormi?

- Yo'q.

- Unga ergashganlar yuqori tabaqa kishidarimi yo past tabaqa vakillarimi?

- Past tabaqalar.

- Unga ergashganlarning soni ko'payyaptimi yoki ozayyaptmi?

- Ko'payyapti.

- Unga ergashganlar orasida Islomni yoqtirmay dindan qaytganlari bormi?

- Yo'q.

- Muhammad biron marta va'dasiga bevafolik qilganmi?

- Yo'q. Hozir u bilan shartnoma tuzganmiz. Bu shartnomani buzadimi-yo'qmi bilmayman.

- U bilan urushdinglarmi?

- Urushdik.

- Kim g'olib chiqdi?

- Ba'zan u, ba'zan biz g'alaba qozondik.

- U sizlarni nimalarga da'vat etadi?

- Faqat birgina Ollohga ibodat qilishga, unga hech narsani sherik keltirmaslikka, ota-bobomizning dinini tashlashga, namoz o'qishga, sadaqa berishga, iffatli bo'lishga, va'daga vafo qilishga, omonatga xiyonat qilmaslikka undaydi.

- Muhammadning nasabi oliy deding, payg'ambarlar shunday oliy nasab bo'lishadi. Undan ilgari hech kim payg'ambarlik da'vosini qilmagan ekan, mabodo shunday kimsa bo'lganda Muhammad unga taqlid qilyapti, deyish mumkin edi. U ilgari yolg'onchilik bilan odamlarni laqillatib, yuzi qora bo'lmagan ekan, demak bunday odam Xudoga ham kazzoblik qilmaydi. U ota-bobosining taxtini talashayotgan ekan desam, avlodidan podshoh chiqmagan ekan. Unga ergashuvchilar quyi tabaqa vakillari deding, payg'ambarga hamisha past tabaqa kishilari ergashadi. Ularning soni ortib boryapti deding, ahli imon ko'payishi turgan gap. Unga ergashganlar orasida dindan qaytganlar yo'q ekan, imon odamlarning qalbiga singiganda shunday bo'ladi. Jangu jadalda goh sizlar, goh musulmonlar g'olib kelganini aytding, payg'ambarlik shu tarzda sinaladi, alaloqibat ular g'olib chiqishadi. Uning namozga, sadaqa berishga, iffatli bo'lishga, va'daga xiyonat qilmaslikka, omonatga ko'z olaytirmaslikka buyurganini aytding, bu payg'ambarlarga xos fazilatdir. Muhammadning haqiqiy payg'ambar ekaniga ishonch hosil qildim. Biz ko'pdan beri kutgan odam dunyoga kelibdi, lekin uni sizlardan chiqadi deb sira o'ylamagan edim. Agar aytgan gaplaring rost bo'lsa, Muhammad mana shu ikki oyog'im turgan joyni ham zabt etadi. Uning yoniga o'zim borishga harakat qilaman.

Abu Sufyon guvohlik berishicha, Qaysarning yon-verida turganlar birdan shovqin-suron ko'tarishgan. Podshoh quraysh vakillariga chiqib ketishni buyurgan. Qaysarning saroyini tark eta turib, Abu Sufyon: "Abu Kabsha o'glining dovrug'i Banu asfar podshohini ham qo'rqitib yubordi", dedi.

Qaysar Hims shahriga kelib, Rumning katta arboblarini huzuriga yig'di-da, saroyning eshiklarini tambalatdi. Shundan keyingina a'yonlariga yuzlanib: "Ey rumliklar! To'g'ri yo'lni topishni va podshohligingiz barqaror bo'lishini istasanglar Muhammad payg'ambarni e'tirof etinglar!" dedi. Bu gapni eshitgan saroy a'yonlari xuddi qafasga tushib qolgan yovvoyi eshaklardek o'zlarini eshikka urishdi, biroq chiqib ketolmay talvasada uyoqdan-buyoqqa zir yugura boshlashdi. Qaysar taklifi ularning nafratiga uchraganini ko'rgach: "Men bu gapni o'z diningizda mustahkammisiz yoki yo'qmi sinash uchun aytgan edim", dedi. Saroy a'yonlari yengil tortib, unga ta'zim bajo keltirishdi. Qaysar podsholikni Islom dinidan ortiq bildi, bu bilan payg'ambar alayhis-salom aytganlaridek fuqarosining gunohini ustiga oldi. Shunga qaramay, Qaysar rasulullohning elchisini izzat-ikrom bilan kuzatdi.

BUSRO HOKIMIGA YO'LLANGAN MAKTUB

Payg'ambar alayhis-salom Horis ibn Umayir Azdiydan Busro hokimiga maktub jo'natdilar. Horis Mu'ta degan kentga yetib kelganda Shurahbil ibn Amr G'assoniy degan kimsa uchrab qoldi. U elchidan qayerga ketayotganini so'radi. Horis Shomga yo'l olganinini aytdi. Shurahbil: "Sen Muhammadning elchisi bo'lsang kerak-a?" deb so'radi. Horis tasdiq javobini bergan zahoti o'ldirildi. Payg'ambar alayhis-salom bu xabarni eshitib, qattiq qayg'urdilar. Shu paytgacha u kishining biron elchisi halok bo'lmagan edi.

HORIS IBN ABU SHIMRGA YO'LLANGAN MAKTUB

Payg'ambar alayhis-salom Hiraqil tomonidan tayinlangan Damashq hokimi Horis ibn Abu Shimrga Sho'jo ibn Vahibdan quyidagicha mazmundagi maktubni jo'natdilar:

"Bismillahir rohmanir rohim. Ollohning elchisi Muhammaddan Horis ibn Abu Shimrga!

To'g'ri yo'lga ergashgan, Ollohga imon keltirgan va Ollohni e'tirof etganlarga salom. Men seni hech bir sherigi yo'q yolg'iz Ollohga ishonishg'a da'vat etaman. Gapimga ko'nsang hokimliging barqaror bo'laveradi".

Horis maktubni o'qib chiqqach, g'ijimlab otdi. "Mening hokimiyatimni kim tortib olarkan?" dedi nopisandlik bilan va musulmonlarga qarshi urush e'lon qildi. "Qaytib borganingdan keyin ko'rgan-bilganlaringni Muhammadga ayt", dedi u elchiga. Shundan keyin yo'l-yo'riq olish uchun Qaysarga odam jo'natdi. Chopar yetib kelganda Qaysarning huzurida musulmonlarning elchisi Dihya bor edi. Qaysar Horisga maktub yo'llab, uni niyatidan qaytardi hamda tez orada Eliyoni ziyorat qilishga borajagini, shunga yarasha tayyorgarlik ko'rib qo'yishni buyurdi. Qaysar Eronni zabt etgach, Eliyoni ziyorat qilishni ko'ngliga tugib qo'ygan edi. Bu xatni olgan Horis darrov muomalasini o'zgartirib, rasulullohning elchisiga yaxshi yengil-bosh, yo'l xarajatiga yetarli pul, oziq-ovqat berib, izzat-ikrom bilan kuzatib qo'ydi.

MUQAVQISGA YO'LLANGAN MAKTUB

Payg'ambar alayhis-salom Qaysar tomonidan qo'yilgan Misr hokimi Muqavqisga Hotab ibn Abu Bultaadan quyidagi mazmundagi maktubni yo'lladilar:

"Bismillahir rohmanir rohim. Ollohning elchisi Muhammaddan Qibti*ning kattasi Muqavqisga!

To'g'ri yo'lga ergashganlarga salom. Men seni musulmon bo'lishga da'vat etaman. Musulmon bo'lsang joning omonda, Olloh ikki barobar savob berajak, agar taklifimdan yuz o'girsang, qibtilarning gunohi ham senga yuklanadi. "Ey ahli kitob, faqat Ollohga ibodat qilish, unga hech narsani sherik keltirmaslik, yaratgan qolib bir-birimizni Xudoga aylantirmaslik kabi ikkala tomon uchun ham mushtarak aqidalarni hurmat qilaylik, degin. Agar ular bundan yuz o'girishsa, bizning musulmon ekanimizga guvoh bo'linglar", denglar. (Oli Imron surasining 64-oyati.)

Hotab Iskandariyaga borib, maktubni Muqavqisga topshirdi. U maktub bilan tanishib chiqqach: "Agar Muhammad haqiqiy payg'ambar bo'lsa, nega unga osiylik qilib, yurtidan haydab chiqarganlarni duoibad qilmadi?", deb so'radi. Hotab: "Men bibi Maryamning o'g'li Iso Ollohning elchisi ekaniga ishonasan-ku. O'z xalqi tutib olib Isoni o'ldirmoqchi bo'lganda yaratgan egam uni o'z dargohiga olib ketgan. O'sha paytda Iso xalqiga halokat tilab duoibad qildimi?" dedi. Uning javobidan mamnun bo'lgan Muqavqis: "Sen donishmand zot tomonidan yuborilgan aqlli odam ekansan. Mundoq razm solib qarasam, Muhammad odamlarni yomon ishlarga undamas, yaxshiliklardan esa qaytarmas ekan. U adashgan sehrgar ham, yolg'onchi kazzob ham emas ekan. Unda yashirin, g'ayb sirlarini, maxfiy ishlarni bilishdek payg'ambarlarga xos fazilatlar bor ekan. Biz bu takliflar haqida o'ylab ko'raylik", dedi va rasulullohga quyidagicha javob maktubi yozdi:

"Bismillahir rohmanir rohim. Qibtilarning kattasi Muqavqisdan Muhammad ibn Abdullohga salom!

Maktubingni o'qidim. Unda bayon etilganlarni va nimaga da'vat etayotganingni tushundim. Men payg'ambar kelishidan voqif edim, uni Shomdan chiqadi, deb o'ylardim. Yuborgan elchingni izzat-ikrom bilan kutdim, senga qibtilar orasida katta nufuzga ega ikki kanizak, kiyim-kechak, minishingga bir xachir jo'natyapman, vassalom".

Bu kanizaklardan biri Moriyani payg'ambar alayhis-salom nikohlariga oldilar, undan o'g'illari Ibrohim tug'ildi; ikkinchi kanizak Hasson ibn Sobitga berildi. Muhavqis esa musulmon bo'lmay qolaverdi.

*Qibti - Misrdagi qadimiy millat nomi. Bu srda butun mamlakat ko'zda tutilgan.

NAJOSHIYGA YO'LLANGAN MAKTUB

Payg'ambar alayhis-salom Habashiston podshosi Najoshiyga Amr ibn Umayya Zumariy orqali quyidagi maktubni jo'natdilar:

"Bismillahir rohmanir rohim. Ollohning elchisi Muhammaddan Habashistonning kattasi Najoshiyga salom!

Olloh shunday maqtovga sazovarki, undan boshqa biron iloh yo'qdur. Olloh butun koinotning egasi, ayb-nuqsonlardan holi, mo'minlarga salomatlik bash etguvchi, ularni azobdan asraguvchi, jam'iki narsalarni boshqaruvchi zotdir. Iso Maryamning o'g'li Ollohga mansub ruh va Ollohning Maryamga ato etgan so'zidir. Olloh Isoni dunyodan aloqasini uzgan Maryamga marhamat etdi va iffatli, pokiza ayol homilador bo'ldi. Olloh qudrat qo'li bilan Odamni yaratgandek, Isoni dunyoga keltirdi.

Men seni sherigi yo'q bir Ollohga ishonishga, unga itoat qilishga, menga ergashishga, menga, kelgan vahiylarga imon keltirishga da'vat qilaman. Men Ollohning elchisi, seni va xalqingni Ollohga itoat etishga undayman. Men sizlarga Ollohning amrini yetkazib nasihat qildim, nasihatimni qabul etinglar. To'gri yo'lga ergashganlarga salom".

Najoshiy maktubni olgach, elchini benihoya izzat-ikrom bilan kutdi. "Xudo haqqi, men Isoning Muhammad haqida xabar berganidan voqifman. Lekin Habashistonda yordamchilarim oz, ularning sonini ko'paytirib, dillarini yumshatgunimcha sabr qilgin", dedi elchiga. Amr ilgari Habashistonga kelib, qolib ketgan musulmonlarni Madinaga, payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga taklif etdi. Muhojirlar orasida Abu Sufyonning qizi Ubaydulloh ibn Jahshning ayoli Ummu Habira ham bor edi. Islomning avvalida er-xotin Habashistonga hijrat qilgan, biroq ko'p o'tmay Ubaydulloh gumrohlashib nasroniy diniga kirgan va uzoq yashamay o'lib ketgan edi. Ummu Habiba Habashistondaligida payg'ambar alayhis-salom Najoshiyni vakil qilib uni o'z nikohiga oldilar.

KISROGA YO'LLANGAN MAKTUB

Payg'ambar alayhis-salom Eron podshosi Kisroga Abdulloh ibn Huzofa Sahmiy orqali quyidagi maktubni yubordilar.

"Bismillahir rohmanir rohim. Ollohning elchisi Muhammaddan Eronning kattasi Kisroga!

To'g'ri yo'lga ergashib Ollohga va Ollohning elchisiga imon keltirgan, Ollohdan boshqa iloh yo'q, u sherigi yo'q zotdir, Muhammad Ollohning bandasi va elchisi deb shahodat bergan kishilarga salom.

Men seni musulmon bo'lishga da'vat etaman. Men Olloh tomonidan butun insoniyatga yuborilgan payg'ambarman. Men tirik odamlarni ogohlantiraman, so'zimni inkor etganlarni Ollohning azobiga uchraydi deb qo'rqitaman. Musulmon bo'lsang joning omonda. Agar bosh tortsang barcha ma'jusiy*larning gunohi senga yuklanadi.

Kisro maktubga ko'z yugurtirgzch, takabburlik bilan uni yirtib tashladi. Bu xabar payg'ambar alayhis-salomga yetib borganda u kishi: "Olloh uning podshohligini yakson qilsin", deya duo qildilar. Chindan ham ko'p o'tmay Eron podshohligi tanazzulga yuz tutdi. Kisro manmanlikni haddidan oshirib, Yamandagi hokimiga payg'ambar alayhis-salomni tutib, huzuriga olib kelishni buyurdi. Biroq u manfur niyatiga yetolmadi. O'g'li Shirvayh otasiga qarshi bosh ko'tarib, Kisroni o'ldirdi va u Yamanga odam yuborib, hokimni otasi buyurgan ishdan qaytardi.

* Ma'jusiylar - o'tga topinuvchilar.

MUNZIR IBN SOVIYGA YUBORILGAN MAKTUB

Payg'ambar alayhis-salom Bahraynning hokimiga Alo' ibn Hazramiydan quyidagicha maktub yo'llab, uni musulmon bo'lishga da'vat etdilar:

"Bismillahir rohmanir rohim. Men Ollohni undan boshqa hech bir iloh yo'qligi uchun maqtayman. Bizning (besh vaqt) namozimizni o'qigan, qiblamizga yuzlangan, bo'g'izlab o'ldirilgan mollarimizni yeganlar musulmon hisoblanadi, Ollohning va payg'ambarning himoyasida bo'lishadi. Shunday qilishni istagan ma'jusiylar mo'min sanaladi, bosh tortganlardan boj-xiroj olinadi".

Bahrayn hokimi Munzir ibn Sovi islom dinini qabul qilib, javob maktubi yubordi:

"Ey rasululloh, maktubingni Bahrayn xalqiga o'qib eshittirdim. Ayrim kishilar islom dinini ma'qullab musulmon bo'lishdi, ayrimlari ma'qul ko'rishmadi. Mening yurtimda ma'jusiy va yahudiylar bor, ularga qanday munosabatda bo'lishni buyurasan?"

Payg'ambar alayhis-salom unga bunday javob yo'lladilar:

"Bismillahir rohmanir rohim. Ollohning elchisi Muhammaddan Munzir ibn Soviga salom!

Men tanho Ollohni madh etaman. Undan boshqa hech iloh yo'qligiga guvohlik beraman, Muhammad ollohning bandasi va elchisidir. Men senga Ollohni eslataman. Mana bu so'zlarini aytib o'tmoqchiman: "Kimki menga sodiq bo'larkan, u o'zi uchun foydali ish qilgani aniq, kimki mening elchilarimga itoat etarkan va ularning buyrug'ini bajo keltirarkan, u menga itoat etgan bo'ladi, kimki ularga sadoqat ko'rsatarkan, ular menga sadoqat ko'rsatgan hisoblanadi. Elchilarim seni yaxshi, deb ta'rif qilishdi. Xalqing uchun ustivor turishingni qabul etdim. Musulmon bo'lganlarga tegma, men gunohlarini kechirdim, sen ham afv et. Qanchalar o'nglanmagin, mansabingdan olib tashlamayman. Yahudiy va ma'jusiylarning o'z dinida qolganlaridan xiroj olish kifoya".

UMMONNING IKKI HOKIMIGA YUBORILGAN MAKTUB

Payg'ambar alayhis-salom Ummonning ikki hokimi - Julandiyning o'g'illari Jayfal bilan Abdga Amr ibn Osdan quyidagicha maktub yo'lladilar.

"Bismillahir rohmanir rohim. Ollohning elchisi Muhammaddan Julandiyning o'g'illari Jayfal bilan Abdga!

To'g'ri yo'lga yurganlarga salom. Men sizlarni islom diniga da'vat qilaman. Musulmon bo'lsanglar omon qolasizlar. Men tirik odamlarni ogohlantirish, kofirlarga Ollohning azobi muqarrar ekanini isbotlash uchun butun insoniyatga yuborilgan elchiman. Musulmon bo'lsangiz mansabingizda qoldiraman, aks holda amalingiz qo'lingizdan ketadi. Lashkarim yurtingizni zabt etib, odamlarga payg'ambarligimni ma'lum qilishadi, vassalom".

Abd ibn Julandiy ibn Osdan payg'ambar alayhis-salom nimalarga buyurib, nimalarni man etishlarini so'radi. Ibn Os: "Payg'ambar alayhis-salom odamlarni Ollohga itoat etishga buyuradi, unga osiylik qilishdan qaytaradi. Yaxshi ishlarga, silai-rahm qilishga buyuradi. Zulmni, birovlarning haqiga tajovuzkorlikni, aroq ichishni, toshlarga, butlarga, salb (xoch)larga cho'qinishni man etadi", dedi. "Uning buyurgan narsalari juda ham yaxshi ekan-ku. Agar birodarim (akam ski ukam) ko'nsa, hoziroq Muhammadning oldiga borib, unga imon keltirib, musulmon bo'lardim, lekin u Muhammadga tobe' bo'lib, amalidan ayrilib qolishdan qo'rqadi", dedi Abd ibn Julandiy. Ibn Os: "Agar birodaring imon keltirsa, mansabida qolaveradi. Payg'ambar alayhis-salom boylardan zakot olib, kambag'allarga bo'lib berishni buyuradi", dedi. "Qanday yaxshi, - dedi Abd ibn Julandiy. - Zakot deganing nima?" Amr ibn Os zakotning shartlarini batafsil bayon qilib, chorva mollari haqida to'xtalganda Abd ibn Julandiy: "Yaylovda boqiladigan mollardan ham zakot olinadimi?" deb so'radi. Amr ibn Os olinishini aytganda hokim: "Xudo haqqi, odamlarimning yaylovlari poyonsiz, mollari behisob bo'lgani uchun bu shartga o'la qolsa ko'nishmaydi," dedi. Shunga qaramay u elchini birodarining huzuriga yubordi. Jayfal Amr ibn Osning gaplarini eshitgach, qalbi yumshab, imon keltirdi, Abd ibn Julandil ham musulmon bo'ldi va o'z halqidan zaqot olish unga topshirildi.

HAVZA IBN ALIGA YUBORILGAN MAKTUB

Payg'ambar alayhis-salom Yamoma hokimi Havza ibn Aliga Salit ibn Amrdan quyidagi maktubni yubordilar:

"Bismillahir rohmanir rohim. Ollohning elchisi Muhammaddan Havza ibn Aliga!

To'gri yo'lga ergashganlarga salom. Bilginkim, menim dinim hamma joyda bosh ko'taradi. Musulmonchilikni qabul qilsang omon bo'lasan, hokimligingda qoldiraman".

Havza payg'ambar alayhis-salomga bunday javob yozdi: "Sen da'vat qilayotgan ishlaring qanchalik yaxshi va naqadar go'zal. Men o'z xalqimning shoiri va notig'iman, barcha arab xalqi mendan hayiqadi. Agar meni ishingga sherik qilsang, senga ergashaman".

Bu xatni olgach, rasululloh: "Agar u mendan kaftdek yer so'rasa ham bermas edim. Uning o'zi ham, hokimiyati ham halok bo'ladi", dedilar. Hech qancha vaqt o'tmay payg'ambar alayhis-salom Makkani fath etib qaytganlarida Havza ibn Ali o'ldi. Rasululloh Islom dinini qabul qilgan har bir qavmga uning mo'tabar kishisini ooshliq etib tayinlar edilar.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.