background
logotype
image1 image2 image3

Payg’ambar alayhis-salomning sifatlari va go’zal axloqlari

Olloh taolo payg'ambarimiz Muhammad alayhis-salomga hech kimga bermagan bu dunyo va oxiratning kamolotlarini ato etgan. Sarvari olamning izidan borib, bu dunyoda maqtovga, oxiratda savobga erishmoq uchun bu bobda rasulullohning betakror sifatlari hamda go'zal axloqlari haqida qisqacha to'xtalib o'tamiz.

Olloh hammamizga hidoyat ato qilib, bizni to'gri yo'lga boshlasin. Insondagi ulug'lik va kamolot fazilat-lari ikki turlidir: birinchisi, dunyoviy xislati, zaruriya bo'lib, u inson tabiati va yashash ehtiyojidan kelib chiqadi, ikkinchisi, diniy xislati qasbiya bo'lib, bu sifatga erishganlar maqtovga sazovor va Ollohga yaqinlashganlar jumlasiga kiradi. Dunyoviy xislati zaruriya kasbiy bo'lmaydi, u insonning ixtiyoriga bog'liq ham emas. Masalan: payg'ambar alayhis-salomning yaratilishlaridagi tabiiy kamolotlari, husndagi go'zalliklari, aqliy zakovatlari, idroklarining yuksakligi, tillarining fasohatliligi, his-tuyg'u va badanlarining kuchliligi, harakatlarining mo'tadilligi, nasablarining tozaligi, qavmlari va yurtlarining mo'tabarligi kabi xislatlar bo'lib, yashash zarurati taqozo etadigan ovqat, uyqu, kiyim-kechak, turar-joy, mol-mulk va obro'-e'tibor kabilar shu jumlaga mansubdir; din, ilm, muloyimlik, sabr, shukr, adolat, haqqoniylik, ta'madan yiroqlik, kamtarlik, kechirimlilik, iffat, saxiylik, shijoat, hayo, odamgarchilik, kamgaplik, tamkinlik, og'ir-bosiqlik, mehr-shafqat, husnixulq, yaxshi muomala kabi yuksak axloq-odobning barchasi oxiratga mansub xislati kasbiya sanalib, bular go'zal axloq deb ataladi. Insonda mavjud tabiiy yo'sindagi g'ayrikasbiy kamolot xususiyatlarining barchasi payg'ambar alayhis-salomning vujudlarida mavjud edi.

Payg'ambar alayhis-salomning rang ro'ylari benihoya chiroyli, gavda tuzilishi va a'zolarining mutanosibligi rivoyatlarda bunday tasvirlanadi: Payg'ambar alayhis-salomning yuzlari oppoq, nuroniy, ko'zlari katta, qorachig'lari timqora, oqi qizg'ishga moyil, kipriklari quyuq, qoshlari uzun, ingichka, qirra burunlarining uchi xiyol egilgan, tishlari guruch donasidek oppoq, orasi ochiqroq, peshonalari keng, yuzlari dumaloq, soqollari quyuq, ko'kraklari keng, gavdali, bilaklari uzun, kaftlari, oyoqlarining tovoni keng, o'rta bo'y, miqtidan kelgan, jundor odam edilar; ko'kraklarida pastga qarab o'sgan mayin yollari bor edi, kulganlarida tishlari xuddi marvarid donalaridek yarqirab ketardi, gapirganlarida shu'lalanib, og'izlaridan nur taralayotgandek bo'lardi, bo'yinlari ham gavdalariga g'oyat mos edi.

Baro ibn Ozib: "Umrimda qora sochlari quloqlarini bosib tushgan, qizil to'nli payg'ambar alayhis-salomdan kelishganroq odamni ko'rgan emasman", deydi. Abu Hurayra: "Men rasulullohdan ko'ra chiroyli odamni ko'rmaganman. Quyosh xuddi u kishining yuzidan balqigandek tuyulardi, kulganida yuzidan nur yog'ilib, shu'lasi devorlarga tushardi", deb eslaydi. Ibn Abu Holaning hadisida: "Payg'ambar alayhis-salomning yuzi xuddi o'n to'rt kunlik oydek nurlanib turardi", deyilgan. Hazrati Ali rasululloh haqida gapirib: "Payg'ambar alayhis-salom dastlab ko'rgan odamga vajohatli tuyulardi, yaqindan bilgandan keyin esa eng suyukli kishisiga aylanib qolardi. Men rasulullohdek odamni avval ham, keyin ham ko'rmadim", deydi.

Payg'ambar alayhis-salom tozalikda, xushbo'ylikda, ifloslik va najosatdan yiroqlikda alohida xususiyatlarga ega edilarki, bunday fazilatlar u zoti muborakdan boshqa kishida topilmasdi. Olloh taolo rasulullohni shariatining pokizaligi bilan yanada yuksak kamolotga erishtirdi. Payg'ambar alayhis-salom: "Islom dini pokizalik asosiga qurilgan", deya marhamat qilganlar. Anas: "Payg'ambar alaihis-salomdagi xushbo'y hid men hidlab ko'rgan anbarlarning, iforning va boshqa mushku anbarlarning atridan yoqimliroq edi", degan. Jobir esa "Payg'ambar alayhis-salom yuzimni silab qo'ygan edi, u kishining qo'lidan xuddi attor (atr sotuvchi)ning qutisidan taralgandek dimog'imga gup etib xushbo'y is urildi", deydi. Ko'plarning ta'kidlashicha, sarvari olam xushbo'y narsalarni iste'mol qilsalar ham, qilmasalar ham u kishi bilan ko'rishgan odamning qo'lidan kechgacha yoqimli hid kelib turarkan. Agar rasululloh, biron bolaning boshini silab qo'ysalar, kechgacha o'rtoqlari uning yonidan ketolmay qolisharkan. Imom Buxoriy katta tarixida Jobirdan rivoyat qilishicha, mushk-anbar ufurib turgan ko'chadan yurgan odam bu yerdan shubhasiz rasululloh o'tganlarini bilar ekan.

Payg'ambar alayhis-salom aqlda komilliklari, zehnlari o'tkirligi, hissiyotlarining kuchliligi, tillarining biyronligi, harakatlarining chaqqonligi, ahloqlarining go'zalligiga qaraganda u zoti muborakni hech shubhasiz eng aqlli va eng hushyor inson deb e'tirof etish kerak. Sarvari olam ilgari o'qib, xat-savod chiqarmagan, maxsus saboq olmagan, dunyoviy va diniy kitoblarni ko'rmagan, bo'lishlariga qaramay odamlarga juda ko'p ilmlarni o'rgatdilar, shariatni barpo etdilar, odamlarning shaxsiy va jamoat ishlarini boshqarishlari, xalqqa qo'llagan siyosatlari, betakror xulq-atvorlari va ajoyib turmush tarzlari u kishi aql-zakovatda komil, idroklari teran zot ekanliklarini isbotlab turibdi. Payg'ambar alayhis-salom namoz o'qiyotganlarida orqadagi narsalarni ham xuddi oldilaridagidek aniq-tiniq ko'rardilar. Olloh taoloning Shuaro surasidagi: "Olloh namozga turgan paytingizdagi harakatlaringizni ham ko'rib turadi", degan 219-oyati bevosita yuqoridagi fikrlarning tasdig'idir. Hazrat Oisha raziyallohu anho: "Payg'ambar alayhis-salom qorong'ida ham xuddi yorug' paytdagidek ko'raverar, Xulkardagi o'n bir yulduzni bemalol sanay olardi", deydi. Rivoyatlarda aytilishicha, rasululloh zamonasining pahlavoni Rakonani kurashda yengib, Islom diniga da'vat etgan ekanlar. Abu Hurayra: "Men payg'ambar alayhis-salomdan ko'ra tez yuradigan odamni uchratmaganman. U kishi yo'lga chiqqanida yer xuddi qatlamadek qatlanib, qisqarayotgandek tuyular, biz qiynalib yursak u kishi aksincha yayrab odimlar, xuddi tepalikdan pastga tushayotgandek bemalol qadam tashlardi. Kulganida ovozini balandlatmay tabassum qilar edi", deydi.

Payg'ambar alayhis-salomning tili benihoya fasohatli va chuqur ma'noli edi. Gaplari sun'iylikdan xoli, ravon, jumlalari lo'nda, qisqa, tushunarli, fikri aniq, mazmunli, takallufsiz va chuqur ma'noli edi. U kishi arab tilining lahjalarini, hikmatli so'zlarini ko'p bilardilar. Har bir xalqqa ularning o'z tili, shevasi va uslubida fasohatiga yarasha gapirar edilar. Ko'pgina sahobalar so'zlarning ma'nosini aytib berishni payg'ambar alayhis-salomdan iltimos qilishardi. Rasulullohning hadislari va tarixlari bilan tanishgan odam bu narsani ayniqsa yaxshi his etadi. Payg'ambar alayhis-salomning quraysh xalqiga, hazri Mavj va Yaman podsholariga hamda najidning oqsoqollariga aytgan gaplari bir-biridan keskin farq qiladi. U kishi biron qabila bilan gaplashganlarida ular yoqtiradigan iboralarni ishlatar, yerlik odamlarga xush keladilan uslubda so'zlashar edilar. Sarvari olam mana shu tarzda Islom dinining ta'limotlarini odamlarga yetkazar, Qur'on oyatlarini, shariat ahkomlarini har bir kishining didi, saviyasiga moslab tushuntirar edilar.

Payg'ambar alayhis-salomning fasohat bilan aytilgan chuqur ma'noli, lo'nda so'zlarini sharhlab, muzmunini chaqishga urinib, uslublarini tadqiq etib kitoblar yozilgan. Quyidagi hikmatdan iborat so'z-iboralar rasulullohning ahli donish va fasohat bobida chinakam kamolotga yetganliklarining tasdig'idir:

Hamma musulmonlarning joni barobardur. Ularning eng tubani ham birovlarni asrash ko'yida yuradi, dushmanga qarshi (turishda) uyushqoq bo'lishadi.

Insonlarning hammasi taroqning tishlaridek barobardur.

Kishi suygan odami bilan birga (bo'ladi).

Sen birovga ravo ko'rganni u senga ravo ko'rmasa bunday suhbatdoshlikda xosiyat yo'q.

Insonlar ma'dan konlariga o'xshashadi.

O'z qadr-qimmatini bilgan odam halok bo'lmaydi.

Maslahatga chaqirilgan odam ishonchli odam.

Gapirib yaxshilikka erishgan yoki sukut saqlab omon qolgan bandaga Olloh rahmat qilsin.

Musulmon bo'lsang salomat bo'lasan, musulmon bo'lsang, Olloh ikki hissa ajr beradi. Sizlarning xushaxloq, kamtar, do'stlashtirguvchi va do'stlikka intilganinglar qiyomat kuni menga eng ardoqli va eng yaqin bo'ladiganinglardir.

U (ya'ni musulmon) behuda gapiradigan yoki arzimas narsalarga baxillik qiladigan bo'lishi mumkin.

Ikkiyuzlamachi odam Ollohning dargohida maqbul emas.

Bundan tashqari payg'ambar alayhis-salom behuda bahs-munozarani, ko'p savol so'rashni, molni isrof qilishni, onalarni ranjitishni, qiz bolalarni tiriklay ko'mishni man qilib, aytgan gaplari ham ayni donolikning nishonasidur.

Har qanday sharoitda Ollohga taqvodor bo'l. Yomonlik qilsang, uni yaxshilik bilan yuv. Odamlarga xushmuomala bo'l. Ishning yaxshisi o'rtachasidir.

Do'stingga haddan tashqari yaqin bo'lma, bir kuni u sening dushmaningga aylanib qolishi mumkin.

Zulm qiluvchilarning zulmi qiyomat kuni o'zlariga qorong'u zulmat bo'ladi.

Payg'ambar alayhis-salomning quyidagi duolari ham u kishining yuksak fasohati va zakovatidan dalolat beradi:

"Ey Olloh, sendan tilagim shuki, rahmating bilan qalbimni hidoyat qilgaysan, ishlarimni parokanda etmagaysan, tarqoq ishlarimni jamlagaysan, umid bog'lagan ishlarimni ro'yobga chiqargaysan, amalimni pok qilg'aysan, ishlarimni to'g'ri yo'lga solgaysan, do'stligimni qaytargaysan, meni barcha yomonliklardan asragaysan. Ey Olloh, oson o'limni, shahidlarcha qazoni, baxtiyor hayotni, dushmanlar ustidan g'alaba qozonishni tilayman".

Bundan tashqari payg'ambar alayhis-salomning ko'pgina kishilar tomonidan zikr etilgan so'zlari, nutqlari, xutbalari, duolari, sulhnomalari hayratomuz fasohat va hikmatga to'ladir. Sahobalar rasulullohga: "Sendan ko'ra fasohatliroq gap gapiradigan kishini ko'rmadik", deyishganda u zoti muborak: "Qur'on mening tilimda, ya'ni ravshan arabiy tilda nozil etilgan ekan, boshqacha bo'lishi ham mumkinmi?" deya javob qaytarganlar. Rasululloh: "Men quraysh qabilasida dunyoga kelib, banu Sa'd aymog'ida voyaga yetdim", deganlar. Payg'ambar alayhis-salomning gap-so'zlarida sahro odamlariga xos qudrat va bosiqlik, shaharliklarga xos nafislik bilan nazokat jam bo'lgan. Bundan tashqari sarvari olam boshqa odamlarga nasib etmaydigan vahiy orqali Ollohning madadi va qo'llab-quvvatlashiga erishganlar.

Payg'ambar alayhis-salom nasablarining asilligi, yurtlarining ulug'ligi hammaga ayon. Rasululloh quraysh qabilasi Hoshim jamoasining ko'rar ko'zi, arablarning eng asili, ota-ona tomonidan hurmatga sazovor, Olloh uchun ham, payg'ambar alayhis-salom uchun ham aziz maskan hisoblanmish Makkadan edilar. Bu haqda kitobning bosh qismida batafsil gapirilgani uchun ortiqcha to'xtalib o'tirmaymiz.

Inson hayotiga zarur hisoblangan ayrim narsalarning oz bo'lishi fazilatdir. Masalan: ovqat bilan uyquning kami shu jumlaga kiradi. Odamlar azalu azaldan me'yorida ovqatlanish bilan kam uxlashni maqtab, ko'p yeyish bilan ko'p uxlashni ayblashgan. Ko'p yeyish, ko'p ichish ochko'zlik, harislik, shahvatparastlik nishonasidir. Ko'p yeyish va ko'p uxlash bu dunyoda ham, u dunyoda ham zarar, koni ziyon, turli kasalliklarni keltirib chiqaradi, aqlni zaiflashtirib, xomush qilib qo'yadi; oz yeyish esa qanoatning, nafsni jilovlay bilishning, shahvatni o'ldirishning nishonasidir, badanni sog'lomlashtirib, zehnni o'tkirlashtiradi; ko'p uxlash kishini lanj, zaif, xomush, yalqov qilib qo'yadi, inson umrini zoe ketgizadi, diydasini qotiradi, g'aflatda qoldirib, dilini o'ldiradi. Payg'ambar alayhis-salom oz yeb, kam uxlaganlar. Shu bois u kishi doim oz yeyishni targ'ib etganlar: "Odam bolasi qorin degan rasvo idishni to'ldirolgani yo'q. To'yish uchun bir necha luqma kifoya, Yeyish zarur bo'lganda u oshqozonning uchdan birini ovqat uchun, uchdan birini suv uchun, uchdan birini nafsi uchun ajratib qo'ysin", deganlar. Ko'p yeyish bilan ko'p ichish ko'p uxlashga sabab bo'ladi. Oisha raziyallohu anho: "Payg'ambar alayhis-salomning qorni yolchib ovqatga to'ygan emas. U kishi oilasidagilardan bo'lakcha ovqat so'ramas, berganni yeb, berganni ichardi", deydi. Payg'ambar alayhis-salom: "Men suyanib o'tirib ovqat yemayman", deganlar. Tabiiyki, kishi chordona qurib, bemalol suyanib o'tirsa, ko'proq ovqat yegisi kelishi turgan gap. Rasululloh esa qovushmasdan cho'nqayib o'tirganlaricha naridan-beri ovqatlanganlar. "Men bir qulman, ovqatni quldek o'tirib yeyman", deganlar u zoti muborak. Rasululloh juda kam uxlaganlar, shunda ham: "Ikki ko'zim uxlagani bilan qalbim sira uxlamaydi", deganlar.

Insonda qancha ko'p va qancha yuqori bo'lsa shuncha fazilat sanaladigan narsalar bor. Obro'-e'tibor shular jumlasidandir. Donolar ta'kidlashicha, kishining obro'siga qarab, uning hurmati belgilanadi. Olloh taolo Iso alayhis-salomni "dunyo va oxiratda obro'li", deya sifatlagan. Muhammad alayhis-salom esa payg'ambar bo'lishlaridan avval ham, keyin ham el-yurtning hurmatiga sazovor bo'lganlar. Mushriklar payg'ambar alayhis-salom bilan sahobalarga ozor berishni, suiqasd qilishii ko'zlashsa-da, ko'pincha u kishidan hayiqishar, baribir, yo'riqlariga yurishardi. Birinchi marta duch kelgan odamni payg'ambar alayhis-salomning salobatlari bosardi. Qiyla degan ayol rasulullohni ko'rganda qo'rqqanidan osq-qo'li bo'shashib, qaltiray boshlaganda u kishi: "Ey miskina, qo'rqma, o'zingni bosib ol", deganlar. Ibn Mas'ud rivoyat qilgan bir hadisda aytilishicha, bir odam payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga kelib, gapirolmay qalt-qalt titrayerganda, rasululloh: "Qo'rqma, men podshoh emasman", deganlar.

Muhammad alayhis-salomning qadr-qimmati balandligi va Olloh taolo u kishini payg'ambarlikka tanlagani bu dunyoda erishgan eng yuqori martabalaridir. Oxiratda esa rasululloh bani inson sayyididurlar.

Odamlar mol-dunyosi ko'pligi bilan faxrlanishadi, boy-badavlat kimsa bir kunimizga asqotib, hojatimizni chiqararmikin, degan ilinjda kishilar ularni katta bilib, izzat-ikrom qilishadi. Mol-mulki ko'pligi fazilat emas, boyligini o'zining va boshqalarning ehtiyoji uchun sarflab, yaxshi nom qozonsa va kishilarning hurmatiga erishsa, ahli dunyo nazarida katta olijanoblik hisoblanadi; agar bisotini oxiratni ko'zlab yaxshi yo'llarga, foydali ishlarga sarflasa, hamma odamning nazarida fazilat sanaladi. Badavlat odam baxil bo'lib, boyligini yaxshilikka sarf etish o'rniga mol-mulk to'plashga hirs qo'ysa, bunday boylikning qadri yo'q, mulkdor esa baxil, pastkash degan haqoratga uchraydi. Payg'ambar alayhis-salomning qo'llariga yer yuzining xazinalari, mamlakatlariing kalitlari topshirilgan, g'animatlar u kishiga halol qilingan edi. Rasululloh hayot vaqtlarida Hijoz, Yaman, Shom, Iroqning bir qismi, arab yarim oroli fath etilib, juda ko'p g'animat, xiroj, zakot mollari keltirilgan, yaqin yiroqdagi podshohlar had-hisobsiz sovg'a-salomlar yuborishgan edi. Lekin payg'ambar alayhis-salom bu narsalarni shaxsiy mulk sifatida o'zlashtirib olganlari, biron tangalik narsani o'z ehtiyojlari uchun ishlatganlari yo'q, hamma narsa tegishli joyga sarflandi. Odamlar boyib, musulmonlarning beli baquvvat bo'ldi. Payg'ambar alayhis-salom: "Uhud tog'idek oltinim bo'lsa, undan Olloh yo'lida sarflash uchun mo'ljallanganidan tashqari biron dinorni olib qolish meni xursand qilmaydi", deganlar. Kunlarning birida rasulullohning qo'llariga Murra dinorlari kelgan edi, uning ozginasini qoldirib ayollaridan birining qo'liga berib qo'ydilar. Lekin baribir yotib uyqulari kelmadi, to qolgan dinorlarni ham bo'lib bermagunlaricha ko'ngillari joyiga tushmadi. Yonlarida hech vaqo qolmagandan keyingina: "Endi xotirjam bo'ldim", deya yengil tin olganlar.

Payg'ambar alayhis-salom vafot etganlarida jangovar sovutlar oilasining xarajati uchun garovga qo'yilgan edi. U zoti muborak oziq-ovqat, yengil bosh, uy-joyning ehtiyojiga yarashasi bilan qanoatlanganlar, ortiqcha narsalarga sira qiziqma-ganlar. Sarvari olam sira kiyim tanlagan emaslar, ko'pincha dag'al gazlamalardan tikilgan to'n va shunga o'xshash liboslar kiyardilar. Vaholanki, huzurlaoiga tashrif buyurganlarga oltin hal bilan ziynatlangan to'n kiydirar, kelolmaganlarga jo'natib yuborar edilar. Bu narsa payg'ambar alayhis-salom bu dunyoning boyligiga sira qiziqmaganlarini, bor narsalarini mustahiq (zakot olishi lozim bo'lgan odam)larga sarf etish fazilatiga ega ekanliklarini ko'rsatadi. Go'zal odob-axloqlardan iborat xislatlar husni xulq deyiladi. Rasululloh bunday xislatlarning timsoli edilar. U kishining husni xulqlari har jihatdan kamolatga yetgan, mukammmal edi. Olloh taolo nur surasining 4-oyatida payg'ambar alayhis-salomni maqtab: "Sen chindan ham yuksak axloq egasisan", degan. Hazrati Oisha raziyallohu anho: "Payg'ambar alayhis-salomning xulqi - Qur'on edi. U Qur'on mamnun bo'lgan narsadan mamnun bo'lar, g'azablanganidan g'azablanardi", deydi. Payg'ambar alayhis-salomnig o'zlari: "Men go'zal axloqlarni kamolga yetkazish uchun yuborildim", deganlar. Anas: "Rasululloh eng go'zal axloq egasi edi", degan. Muhammad alayhis-salom xuddi boshqa payg'ambarlarga o'xshash ma'naviy va axloqiy barkamollikka erishgan edilar. Bu zoti muboraklar payg'ambarlikka tanlanib, Ollohning nuri dillarini yoritishi bilan fazlu kamolat cho'qqisiga ko'tarildilar. Parvardigor ularni payg'ambarlikka tanlashi bilanoq tiri-shib o'zlarini qiynamay, mashq qilmay bebaho fazilatlarga ega bo'ldilar. Payg'ambarlarga xos bunday go'zal axloq va xislatlar behisob. Biz ularning mohiyatini bayon etish bilan cheklanib, Muhammad alayhis-salomning sifatlari haqida to'xtalib o'tmoqchimiz.

Odob-axloqning manbai - aql. Ilm-ma'rifat aqlniig mahsuli. Donolik, teran fikr, rostgo'ylik, to'g'rilik, uzoqni ko'ra bilish, nafsning ko'yiga tushmaslik, aksincha uni tiyish, shahvat bilan kurashish, to'g'ri tadbir va to'g'ri siyosat yuritish, past orzu-havaslardan xoli bo'lish kabi xususiyatlarga faqat aql tufayli erishiladi. Payg'ambar alayhis-salom aql va ilm jihatdan hech kimga nasib etmagan eng yuksak darajaga yetganlar. Bunga rasulullohning hayot yo'li va islom tarixi bilan tanishgan, u kishining lo'nda, ma'noli so'zlarini, go'zal axloqlarini, hadislarini o'rgangan, sarvari olamning Tavrot, Injil va boshqa muqaddas kitoblar haqidagi bilimlarini, faylasuflarning falsafasi va o'tgan ummatlar tarixi haqidagi bilimlari, maqol-matallari, odamlarga qo'llagan siyosiy tadbirlari, yo'lga qo'yilgan shariat haqidagi bilimlarini, tabobat, aljabr, nasabshunoslikka oid fikrlarini tadqiq etgan kishilar amin bo'lishadi. Vaholanki, Muhammad alayhis-salom ummi payg'ambar bo'lib, hech qayrrda o'qimagan, avvalgi kitoblarni ko'rmagan, birovga shogird tushmagan edilar, u zoti muborak faqat Olloh taolo dillariga jo etib, bildirgan ilmga ega edilar xolos. Payg'ambar alayhis-salom Olloh taolo o'rgatgan ilmlar, kelajakdagi sodir bo'ladigan ishlar haqidagi bashoratlari, yaratganning qudrati va mulki azimi haqida bildirganlaridan tashqari rasululloh o'z aqlu farosatlariga yarasha dunyoviy va uxroviy ma'lumotlarga ega edilar. Olloh taolo Niso surasining 112-oyatida payg'ambar alayhis-salomga: "Olloh senga bilmaydigan narsalaringni bildirdi, senga Ollohning fazli kattadir", deydi

Payg'ambar alayhis-salomning muloyimligi, bagri kengligi, o'ch olishga qodir bo'la turib avf etishlari, boshlariga musibat tushganda chidam bilan yengishlari, sabrliklari Olloh bergan ulug' fazilatdir. Olloh taolo A'rof surasining 99-oyatida payg'ambar alayhis-salomga: "Afvni do'st tutgin, amr-ma'ruf qilgin va nodonlar bilan teng bo'lmagin", deydi. Rasululloh Jabroil alayhis-salomdan bu oyatning ma'nosini tushuntirib berishni so'radilar. Jabroil alayhis-salom: "Ey Muhammad, Olloh sendan yuz o'girganlarga yaqin bo'lishni, muhtoj bo'lganingda hech narsa bermaganlarga berishni, zulm o'tkazganlarni avf etishni buyuradi", deganlar. Olloh taolo Qur'oni Karimda yana bunday deydi: "Senga yetgan aziyatlarga sabr qilgin, bu ulug' ishdir", Sho'ro yeurasining 42-oyatida: "Kimki sabr qilsa, (zolimdan o'ch olishga qodir bo'la turib qasos olmasa) va uni avf etsa, bu ulug' ishdir". Shuningdek Nur surasining 22-oyatida: "Avf etsin, bag'ri keng bo'lsin. Ollohning sizlarga mag'firat qilishini istamaysizlarmi? Olloh mag'firat qilguvchidir, benihoya mehribondir", deydi.

Payg'ambar alayhis-salom haqidagi rivoyatlarda u kishida mazkur sifatlar mukammal jamuljam ekani ayon bo'ladi. Har qanday yumshoq tabiat odam ham hamisha muloyim bo'lavermaydi. Payg'ambar alayhis-salom esa hayotda duch kelgan shuncha ko'ngilsizliklarning hammasiga sobirlik bilan chidaganlar, u kishiga ozoru kulfat yetkazgan johillarga yaxshi muomalalarini sira o'zgartirmaganlar. Hazrati Oisha raziyallohu anho: "Payg'ambar alayhis-salom ikki ishdan birini tanlash lozim bo'lganda gunoh bo'lmasa; ulardan osonrog'ini tanlar edi. Agar gunoh sanalsa, bu narsalardan o'zini yiroq tutardi. U kishi o'zi uchun o'ch olmasdi, faqat Ollohning hurmati oyoq osti qilingandagina Olloh uchun qasos olardi", deydi. Odamlar Uhud jangida payg'ambar alayhis-salomning boshlariga juda ko'p kulfatlar solgan mushriklarni duoibad qilishni so'rashganda rasululloh: "Ey Olloh, qavmimni hidoyat qilgin, chunki ular (hech narsani) bilishmaydi", deya yaratganga yolborganlar.

Payg'ambar alayhis-salomning nechog'li muloyim va rahmdil odamligini Makka fath etilgan kuni u kishining dilini juda qattiq og'ritgan, masxaralab ustilaridan kulgan, musulmonlarni yurtidan haydab chiqargan va ularga qarshi urush ochgan, bunga ham qanoat qilmay boshqa arab qabilalarini to'plab, rasulullohga qarshi gij-gijlagan quraysh mushriklarini avfi umumiy qilganlari ro'y-rost ko'rsatib turibdi. Rasululloh shu kuni ulardan: "Meni nima qiladi deb o'ylayapsizlar?" deb so'radilar. Mushriklar: "Sen mard qarindoshimizning mard o'g'lisan, bizga albatta yaxshi munosabatda bo'lasan deb o'ylaymiz", deyishdi. Payg'ambar alayhis-salom: "Boringlar, hammangiz ozodsiz!" dedilar. Anas bunday deydi: "Men rasulullohning yonida turgan edim. U kishining egnida chetiga dag'al matodan jiyak tutilgan to'n bor edi. Arobiylardan biri kelib to'nning etagidan qattiq tortgan edi, yoqasi payg'ambar alayhis-salomning bo'yinlarini qiyib yubordi. "Ey Muhammad, yoningdagi Ollohning molidan manavi ikki tuyamga ortib ber, asakang, ketmaydi. Menga o'zingning yoki otangning molidan bermaysan", dedi arobiy surbetlik bilan. Rasululloh biroz sukut saqlab turgach: "Bu Ollohning moli, men Ollohning bir bandasiman, sening qilmishing uchun o'ch olaman", dedi. Arobiy: "Yo'q, o'ch olmaysan", dedi. Rasululloh hayron bo'lib: "Nega o'ch olmas ekanman?" - deb so'radi. Arobiy hozirjavoblik bilan: "Sen yomonlikka yomonlik qilmaysan", dedi. Payg'ambar alayhis-salom kulib yubordi va arobiyning bir tuyasiga arpa, ikkinchisiga xurmo ortib berishni buyurdi".

Oisha raziyallohu anho: "Agar Ollohning hurmati oyoq osti qilinmasa, rasululloh o'ziga zulm o'tkazganlardan noliganini yoki o'ch olganini sira eslolmayman. Payg'ambar alayhis-salom xudo yo'lida olib borilgan jangdan boshqa joyda biron kimsani chertmagan; umrida na xizmatkori, na ayolini bir shapaloq urmagan", deb eslaydi. Olloh taolo rasulullohga rahmat yog'dirsin! Musulmonlar sunnatlariga ergashib, u kishini rozi qilishsin!

Saxiylik va mardlik bobida zamondoshlari orasida payg'ambar alayhis-salomga teng keladigan odam yo'q edi. Jobirning aytishicha, birov nima so'ramasin rasululloh sira yo'q degan emas ekanlar. Ibn Abbos: "Yaxshilik uchun rasulullohning qo'li haddan tashqari ochiq edi. Ayniqsa ramazon oyida saxiy bo'lib ketardi. Jabroil bilan uchrashgan kezlari odamlarga yaxshilik qilish uchun yeldirimdek tez yelib-yugurar edi", deydi. Xadicha raziyallohu anho rasulullohning sifatlarini bayon etib: "Sen ojizlarning boshini silaysan, g'ariblarga yordam berasan", degan. Payg'ambar alayhis-salomning havozin qabilasi asirlarini ozod qilish uchun qo'llagan tadbirlari, dili islom diniga moyil odamlarga juda ko'p mol-mulk berganlari u kishining saxovatlariga dalildir. Bu haqda yuqorida batafsil to'xtalib o'tdik.

Kunlarning birida payg'ambar alayhis-salom qo'llariga tushgan to'qson ming dinorni bo'yra ustiga tashlab, oxirgi chaqasigacha sahobalarga bo'lib berganlar. Bir odam kelib rasulullohdan narsa so'raganda u kishi: "Yonimda hech vaqo yo'q, lekin sening so'raganing mening gardanimda qarz bo'lib tursin, qo'limga biron nima tushgan zahoti beraman", deganlar. Umar ibn Xattob: "Olloh seni bajo keltirib bo'lmaydigan ishga undagani yo'q-ku", deganida rasululloh uning gapini xushlamay javobsiz qoldirganlar. Ansorlardan bir kishi: "Ey rasululloh, beraver, xudo bor, kambag'al bo'lib qolishdan qo'rqma", deganida sarvari olam kulimsirab: "Men shunday qilishga buyurildim". deya javob qaytarganlar. Payg'ambar alayhis-salomning saxovatlariga doir misollar haddan tashqari ko'p, ularning hammasini bayon etishning imkoni yo'q.

Payg'ambar alayhis-salom jasoratli va botir kishi edilar, sheryurakligi bilan dong taratgan odamlar qaltis vaziyatlarda orqaga chekinganlarida ham sarvari olam jang maydonini tashlab qochmaganlar. Aksincha olg'a intilib, hammani kurashga undaganlar, orqaga chekinishni xayollariga ham keltirmaganlar. Rasulullohning Hunayin va Uhud g'azotidagi qahramonligini yuqorida bayon etdik. Ibn Umar: "Rasulullohdan ko'ra jasur, saxiy, qanoatli kishini ko'rgan emasman", deydi. Ali ibn Abu Tolib: "Biz eng mushkul paytlarda rasulullohga iltijo qilardik. Jang maydonlarida, payg'ambar dushmanga eng yaqin joyda turardi, Badr g'azotida rasululloh g'anim bilan yuzma-yuz turib, mislsiz qahramonlik ko'rsatdi", deydi. Anas: "Rasululloh eng qahramon, eng chiroyli, eng saxiy kishi edi. Bir kuni kechasi Madina aholisi vahimali ovozdan uyg'onib, dushman hujum qilgan bo'lsa kerak, degan xayolda qurollanib, ovoz kelgan tomonga qarab yurdi. Vaholanki, rasululloh allaqachon Abu Talhaning yaydoq otiga minib, vaziyatni aniqlab kelibdilar. "Qo'rqmanglar, hech gap yo'q!" deya odamlarni xotirjam qildilar.

Payg'ambar alayhis-salom dunyodagi eng hayoli odam bo'lganlar, birovlarning ayblarini ko'rib turib ko'rmaslikka olardilar. Abu Said Xudriy: "Rasululloh go'shangadagi kelinchakdan ham hayoliroq edi. Biror ishni yoqtirmagani shundoqqina yuzidan bilinib turardi, u kishining rangi tiniq va nafis edi. Oliyjanob va hayoli bo'lgani uchun birovlarga malol keladigan gapni yuzma-yuz turib aytmasdi", deb eslaydi. Hazrati Oisha raziyallohu anho: "Rasululloh birovlar haqida biron yomon gap eshitsa, hech qachon falonchi bunday ish qilibdi, deb otini atamas, aksincha oramizda shunday ish qilib yurganlar bor ekan, deya tanbeh berish bilan cheklanardi. U kishi odob axloqqa zid so'z, xatti-harakatlardan yiroq edi. Bozorlarda shovqin-suron solmas, yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmas, yomonlik qilganlarni albatta avf etardi" deydi.

Hazrati Ali: "Payg'ambar alayhis-salom eng bag'ri keng, eng rostgo'y, eng muloyim va eng xushmuomala odam edi", deydi. Rasululloh kishilarni o'zlaridan yiroqlashtirmas, aksincha doim o'zlariga jalb etib turardilar. Har bir qavmning yaxshi odamini e'zozlab, uni o'z aymog'iga boshliq qilib qo'yardilar. Odamlarni biron narsadan ogohlantirastganlarida avzoyini o'zgartirmay va peshonlarini tirishtirmay gapirardilar. Rasululloh o'ta hushyor odam edilar. Sahobalarni tez-tez yo'qlab turardilar, davralarda suhbatdoshlariga o'ziga yarasha joy ko'rsatardilar. Bunday yig'inda ishtirok etgan kishilarning har biri rasululloh hammadan ko'ra mening hurmatimni joyiga qo'ydilar, degan fikr bilan o'z ko'nglini chog' etardi. Payg'ambar alayhis-salom hojatmand bo'lib kelgan odamni bajonidil qabul qilib, arziga sabr-toqat bilan quloq solardilar. Imkoni bo'lsa, bunday odamlarning hojatini chiqarar, imkoni bo'lmasa, yaxshi gap bilan ko'nglini ovlab, kuzatardilar. Payg'ambar alayhis-salomning fe'l-atvori shu qadar yoqimli ediki, odamlar u kishining bundan boshqacha bo'lishlari mumkinligini tasavvur etisholmasdi. Haqiqat oldida rasululloh uchun kishilarning hammasi barobar edi. Ibn Abu Hola u kishini shunday ta'riflaydi: "Rasululloh hamisha ochiq chehra, yoqimli, muloyim edi. U kishi to'ng, qo'pol, shovqin soladigan, odobsiz, haddan ziyod ayblaguvchi yoki madhiyalovchi emasdi". Olloh Taolo Oli Imron surasining 159-oyatida rasululohga murojaat etib tayinlaydi: "Sen Ollohning rahmati bilan ularga muloyim bo'lding. Agar qo'pol, bag'ritosh bo'lganingda ular yoninga yaqin yo'lashmasdi. Ularni afv et, ular uchun istig'for ayt, hamma ishda ular bilan kengash". Olloh taolo Fussilat surasining 34-oyatida yana bunday deb uqtiradi: "Yomonlikka yaxshilik bilan javob qaytar. Shunday qilsang sen bilan adovatda bo'lgan odam do'stingga aylanadi".

Payg'ambar alayhis-salom chaqirgan yerga borardilar, berilgan sovg'a oz bo'lsa-da, rad etmay olardilar va shunga yarasha qaytarardilar. Sahobalari bilan hazillashardilar, bordi-keldi qilardilar, dardlashib ko'ngillarining chigilini yozardilar, ularning bolalarini erkalatardilar, o'z hujralariga taklif etardilar, xoh hur odam, xoh qul, xoh kanizak, xoh g'arib-bechora bo'lsin, chaqirgan odamning taklifini rad etmay, albatta borardilar. Madinaning narigi chekkasidagi kasallarni ham borib ko'rardilar, uzr aytuvchilarning uzrini qabul qilardilar. Anas aytadi: "Biron kishi rasulullohning qulog'iga shivirlasa, uning gapi tugamaguncha boshlarini olib qochmasdilar, ko'rishganda to boshqalar qo'lini qo'yib yubormaguncha qo'llarini tortib olmasdilar, uchraganlarga oldin salom berardilar, sahobalarga avval qo'l uzatardilar, birovlarni qiynab qo'ymaslik uchun sahobalarning oldida oyoqlarini uzatib o'tirmasdilar, huzurlariga kirgan odamni izzat-ikrom bilan kutib olardilar, ularning tagiga to'shak yoki to'nlarini solardilar, ko'nmaganiga qo'ymay mehmonni to'rga chiqarardilar, sahobalarni ism-sharifi bilan to'liq atardilar, ularni hurmatlab eng yaxshi ko'radigan ismlari bilan murojaat qilardilar, gapiraetgan odam kim bo'lishidan qat'i nazar gapini bo'lmasdilar, Qur'on oyatlari nozil bo'layotgan yoki o'zlari va'z aytayotganlarida ko'ngillari yayrab, tabassum bilan chehralari ochilib yurardilar.

Payg'ambar alayhis-salom odamlarga mehribon, marhamatli edilar. Olloh taolo Qur'oni Karimdagi Tavba surasining 128-oyatida rasulullohni sifatlab: "Sizlarning boshingizga musibat tushsa, u bundan eziladi, u sizlarni yaxshi ko'radi, mo'minlarga mehribon, marhamatlidir" desa, Anbiyo surasining 109-oyatida: "Biz seni butun olamga rahmat qilib yubordik", deydi.

Rivoyat qilinishicha, bir arobiy rasulullohdan narsa so'rab kelgan. "Payg'ambar alayhis-salom unga so'raganini berib: "Rozi bo'ldingmi?" deb so'raganlarida arobiy: "Yo'q, meni rozi qilolmading", deya javob qaytargan. Sahobalar jahli chiqib o'rinlaridan turib ketishgan. Rasululloh ularni qo'l ishorasi bilan qaytarib, arobiyni uylariga olib ketganlar va talay narsa berib: "Endi rozimisan?" deb so'raganlar. Arobiy: "Ha, endi rozi bo'ldim, Olloh senga oilangdan, xesh-aqrabolaringdan yaxshilik qaytarsin", degan. Rasululloh: "Agar shu gapingni sahobalarning oldida aytganingda ko'ngillari erishardi, boyagi muomaladan keyin ularning dili g'ash bo'lib qoldi", dedilar. Arobiy u kishining gapiga binoan ertasiga keladi. Rasululloh sahobalarga: "Bu kecha sizlarni xafa qilgan gapni aytgan arobiy so'ragan narsalarini berganimdan keyin rozi bo'ldi. Rostmi?" dedilar. Arobiy: "Rost. Olloh senga oilangdan va xesh-aqrabolaringdan yaxshilik qaytarsin!" deya kechagi gapni takrorlaydi. Rasululloh sahobalarga: "Ikkalamizning o'rtamizdagi gap tuyasi qochib ketgan odamning ishiga o'xshaydi. Bir odamning tuyasi qochib ketibdi, odamlar uni quvlagan sari tezroq yuguribdi. Tuyaning egasi: "Bo'ldi, aralashmanglar o'zimning tuyamni o'zim tutib olaman", debdi. Ozgina o't yulib, tuyani ushlabdi, yuklarini ortib darrov minib olibdi. Agar men arobiyni kechagi gapi uchun qo'yib berganimda sizlar uni o'ldirib qo'yardinglar, u do'zaxga kirar edi". Rasululloh aytadi: "Sahobalarim haqida menga ig'vogarlik qilmanglar. Men sizlarning huzuringizga ko'nglim yorishib chiqishni istayman".

Rasululloh namoz o'qiyotganlarida yosh bolaning yig'isini eshitsalar, ibodatni qisqartirardilar. Ibn Mas'ud: "Rasululloh bizga malol kelmasin deb va'zni ham qisqaroq qilardilar", deya xotirlaydi.

Payg'ambar alayhis-salom vafodor, so'zining ustidan chiqadigan, silai rahmli zot edilar. Abdulloh ibn Xamso bunday rivoyat qiladi: "Muhammad alayhis-salom payg'ambar bo'lishidan ilgari u kishidan bir narsa sotib olgandim, menda ozgina pul qolgandi. Pulni bir joyga olib kelib berishga va'dalashib, esimdan chiqib ketibdi. Uch kundan keyin kelsam, rasululloh kutib o'tiribdi. Meni rosa sarg'aytirding-ku, uch kundan beri kutib o'tiribman, dedi".

Biron joydan sovg'a-salom kelib qolsa, rasululloh bu narsani falonchi xonimga eltib beringlar, u Xadichaning dugonasi edi, uni juda yaxshi ko'rardi, der edilar. Payg'ambar alayhis-salom xesh-aqrobalariga ularning darajasiga qarab silai-rahm qilar edilar. Bir kuni huzurlariga kelgan elchilar hay'atini rasulullohning o'zlari kutib, xizmat qilganlar. Sahobalar shu xizmatni biz qilsak bo'lmaydimi, dsb ajablanishgan. Rasululloh: "Ular sahobalarimizni izzat-ikrom qilishgan, ularni shunga yarasha mukofotlamoqchiman", deganlar. U zoti muborakka payg'ambarlik vahiysi kelganda hazrati Xadicha raziyallohu anho: "Suyunaver, Olloh seni aslo sharmanda qilmaydi. Sen silai-rahm qilasan, ojizlarga yordam berasan, g'ariblarning holidan xabar olasan, mehmonni yaxshi kutasan, haqni o'z joyida qaror toptirish uchun kurashasan", degan.

Payg'ambar alayhis-salom martabalari baland, nasl nasablari ulug' bo'lsa-da, kamtar, kamsuqum zot edilar. U kishining kamtarliklari shu darajadaki, podsho payg'ambarlik bilan banda payg'ambarlikdan birish tanlash imtiyozi berilganda u kishi banda payg'ambar bo'lishni ixtiyor etganlar. Bir kuni rasululloh aso tutib sahobalarning oldiga chiqqanlarida hurmatlari uchun ular gurra o'rnidan qo'zg'olishgan. Payg'ambar alayhis-salom: "Ajam (eronlik)lar bir-birini ulug'lab o'rinlaridan qo'zg'olgandek sakrab turmanglar. Men ham bir bandaman, yeb-ichishda, yotib-turishda sizlardan farqim yo'q", deganlar. Rasululloh ko'pincha eshakda yurardilar, doim orqalariga birovni mingashtirib olardilar, miskinlarning holidan xabardor bo'lardilar, g'aribu g'urabolar bilan suhbatlashib o'tirardilar, qul uyiga taklif etsa ham borardilar, qayerda duch kelsalar sahobalar bilan aralashib ketaverardilar. U kishi doim: "Meni nasorolar Isoni uchirgandek uchirib yubormanglar. Men ham bir bandaman, meni Ollohning bandasi va elchisi deb bilinglar", der edilar.

Rasululloh haj qilganlarida mingan tuyalarining ustida eski to'qim, engillarida to'rt dirhamga ham arzimaydigan jun yopinchiq bor edi. Sarvari olam: "Ey Olloh, hajimni riyosiz va shon-shavkatsiz qilgin", deya Xudoga yolborar edilar. Vaholanki, u paytda arab zamini fath etilib, rasululloh shu haj chog'ida yuzta tuyani qurbonlik qilgan edilar. Makka fath etilgan kuni rasululloh Islom lashkari bilan Makkaga kirayotganlarida Ollohga tavozu' qilib, boshlari to'qimga tekkuncha quyi egilgan edi. Abu Hurayra raziyallohu anhu shunday deydi: "Bir kuni rasululloh bilan birga bozorga borib, u kishiga kiyimlik oldik. Sarvari olam gazlama uchun ortiqcha haq to'ladilar. Sotuvchi quvonib ketganidan u kishining qo'lini o'pmoqchi bo'ldi. Rasululloh shartta qo'lini tortib oldi-da: "Bu ajamlarning odati. Ular podshohlarining qo'lini shunday o'pishadi, men podshoh emas, sizlarga o'xshagan oddiy bir odamman", dedi. Olingan gazlamani men ko'tarib yurmoqchi edim: "Har kim o'ziga tegishli narsani o'zi ko'tarib yurishi kerak, deb menga bermadi".

Payg'ambar alayhis-salom azaldan eng ishonchli, eng rostgo'y odam edilar. Rasulullohning bu fazilatlarini hatto dushmanlari ham e'tirof etishardi. Payg'ambarlik sharafiga erishmaslaridan avval ham u kishini amin, ya'ni ishonchli deb atashar, yoshu qari birdek hurmat qilishardi. Payg'ambar alayhis-salomning yana bir fazilatlari o'zlarining gaplaridan oydinlashadi. "Nikohimda bo'lmagan biron ayolning qo'lini tutgan emasman", deydilar u zoti muborak. Abul Abbos yanada ibratli bir voqeani hikoya qiladi: "Kisro kunlarni taqsimlab, bo'ron chiqqan kuni uxlash, havo bulutli kunda ovga chiqish, yomg'irli kunda nag'ma-navo tinglab, sharob ichish, quyosh charaqlab turgan kunda ishlash kerak, degan. Payg'ambar alayhis-salom esa kunni uchga bo'lib, bir qismini Olloh uchun, bir qismini oilasi uchun, qolgan qismini o'zlari uchun taqsim etganlar. O'zlari uchun ajratilgan qismini esa odamlarning hojatini chiqarish uchun sarflaganlar. Sahobalarni ham ko'pning hojatini chiqarishga undab: "Men mushkulini oson etolmagan kishilarning hojatini ravo qilinglar. Hojatmandning mushkulini oson etgan odamni Olloh qiyomat kunining vahimasidan asraydi", - deganlar. Rasululloh hech qachon birovning gunohi uchun boshqa kishini jazolagan emaslar, birovning ustidan ig'vo qilgan kimsalarning gapiga quloq solmasdilar.

Payg'ambar alayhis-salom o'ta vazmin, xushaxloq, ko'pincha yukingan kuyi sukut saqlardilar, faqat lozim bo'lgandagina gapirardilar. U kishining gapi ayni vaqtida aytilib, yurakka em bo'lardi. Behuda chakak uradiganlarning gapiga quloq solmasdilar, qah-qah otmasdan faqat tabassum bilan kulardilar, sahobalar ham u kishiga hurmatan va taqlidan tabassum bilan kifoyalanishar edi. Rasulullohning suhbatlari shirin, hayoli, dilni yayratadigan va amin kayfiyatda o'tardi. U kishi bor davrada hech qachon shovqin-suron, xunuk gap eshitilmasdi. Sarvari olam gapirayotganlarida suhbatdoshlari xuddi boshlariga xumo qushi qo'ngandek qilt etmay tinglashardi. Ibn Abu Hola: "Rasulo'llohning sukuti to'rt xil edi: "Yoqimli, ehtiyotkorona, birovga malol kelmaydigan va chuqur tafakkurga to'la", deb eslaydi. Hazrati Oisha: "Rasulullohning so'zlari ma'noli, xuddi sanasa bo'ladigan darajada dona-dona edi. Sarvari olam xushbo'y narsalarni yaxshi ko'rar, ularni ko'p ishlatar va boshqalarga ham tavsiya etardi", deb eslaydi. Rasululloh ovqat va ichimliklarni puflab iste'mol qilishni qat'iyan man etardilar, har kim ovqatni o'z oldidan olib yeyishi, misvok ishlatishi, qo'l va oyoq barmoqlarining orasini tozalab yurishi zarurligini ko'p uqtirar edilar.

Payg'ambar alayhis-salom tamadan xoli edilar, boylikka qiziqmas, fath etilgan juda ko'p joylarda tog'dek uyulib yotgan mol-mulkka loaqal ko'z qirini tashlab qo'ymasdilar. U kishi vafot etganlarida oilalarining nafaqasi uchun sovutlari bir yahudiyga garovga qo'yilgan. Rasululloh hamisha: "Ey Olloh, Muhammadning oilasiga kuni o'tgudek rizq bersang kifoya", deb duo qilardilar. Hazrati Oisha: "Rasululloh ketma-ket uch kun to'yib ovqat yemay dunyodan o'tdi. U kishidan oltin, kumush, biron tuya yoki qo'y qolgani yo'q. Rasululloh vafot etganida mening uyimda to'rt hovuch arpadan bo'lak yegulik yo'q edi", deb eslaydi. Rasululloh: "Olloh menga Makkaning soylarini oltinga aylantirib bermohchi edi, men: keragi yo'q, robbim, bir kun och, bir kun to'q o'tganim durust. Och qolganimda senga iltijo qilib, duoda bo'laman, to'q kunimda senga shukr qilib, sano aytaman", deganlar. Hazrati Oisha: "Biz rasulullohning oilasidagilar oylab qozon osolmay xurmoyu suv bilan qanoatlangan vaqtlarimiz ko'p bo'lgan", deydi. "Payg'ambar alayhis-salom Shira (xontaxta) qo'yib, laganda ovqat yemaganlar. (Faqat davlatmand odamlargina shunday imtiyozlarga ega bo'lgan.) Qayta-qayta elakdan o'tkazilgan mayin unning nonini og'izlariga solmaganlar, qaynagan suvga bosib o'ldirilgan qo'yning go'shtidan totmaganlar", deydi Anas. (O'sha paytda o'ziga to'q odamlar qo'yni qaynagan suvga bosishardi-da, junini yulib, terisi bilan pishirib yeyishardi.)

Rasululloh ichiga xurmo daraxtining po'stlog'i solingan charm to'shakda yotardilar. Hafsa shunday hikoya qiladi: "Rasulullohning to'shagi bittagina palos edi, uni ikki buklab solib berardik. Bir kuni palosni to'r buklab solib bergan edik, ertasiga u kishi palosni necha qavat qilib to'shaganimizni so'radi, biz to'rt buklab solganimizni aytganimizda, bundan keyin ikki qavat qilib solinglar, bugun o'rinning yumshoqligi meni namozdan qo'ydi, degan. Hazrati Oisha: "Rasululloh to'yguncha ovqat yegan emas, lekin hech qachon birovga zorlanmagan. Boylikdan ko'ra yo'qsizlikni yaxshi ko'rardi. Ko'pincha ochlikdan tuni bo'yi qorni og'rib chiqar, lekin shunga qaramay kunduzlari ro'za tutardi. Agar u kishi Ollohdan butun olamning xazinayu ne'matlarini, to'kin-sochin hayotni so'rasa berishi muqarrar edi biroq rasululloh so'ramasdi. U kishining ahvoliga achinib yig'lardim, ochlikdan og'riyotgan qornini ikki qo'llab silab chiqardim. Senga jonim fido bo'lsin, xazinadan ehtiyojingga yarasha mol-dunyo olaqolmaysanmi, deganimda u kishi: ey Oisha, menga mol-dunyoning nima keragi bor? Mening irodali payg'ambar do'stlarim bundan ham og'ir ahvolga chidashgan, shu sababli ular Ollohning dargohiga borganda hurmatga, savobga erishishdi. Men farovon hayot kechirib, Ollohning dargohida martabam ularnikidan pastroq bo'lib qolishidan qo'rqaman. Men uchun payg'ambar qarindoshlarim bilan birga bo'lishdan ortiq baxt yo'q, derdi", deya hikoya qiladi. Hazrati Oishaning guvohlik berishicha, payg'ambar alayhis-salom mana shu so'zlarni aytganlaridan keyin oradan bir necha oy o'tgach, vafot etganlar.

Rasulullohning Ollohdan qo'rqishlari va toat-ibodatlari u kishining ilmiga yarasha edi, Shu bois sarvari olam: "Men bilgan narsalarni bilsanglar kamroq kulib, ko'proq yig'lardinglar. Sizlar ko'rmagan narsalar menga ayon, sizlar eshitmaydigan narsalar menga ma'lum. Osmon ohlar uradi, uning faryod chekmog'i joiz (sababi)osmonda har to'rt enlik joyda bir farishta Ollohga sajda qilib turadi: Xudo haqqi, men bilganlarimdan xabardor bo'lsanglar, shubhasiz oz kulib, ko'p yig'lar edinglar. To'shaklaringizda ayollaringiz bilan lazzatlanmas edinglar, Ollohga iltijo aylab, qir-adirlarga chiqib ketardinglar. Koshki edi, men kesib tashlanadigan daraxt bo'la qolsam", deya nido qilganlar payg'ambar alayhis-salom. Ko'p namoz o'qiyverganlaridan rasulullohning oyoqlari shishib ketganini ko'rgan ba'zi birovlar: "Olloh sening hamma gunohlaringni mag'firat qilgan bo'lsa, shunchalik azob chekib o'zingni qiynaysanmi?" deyishganda, u zoti muborak: "Men shukr qilguvchi bandalardan emasmanmi?" deya javob berganlar.

Hazrati Oisha: "Payg'ambar alayhis-salomning ibodati tinimsiz yog'ib turadigan yomg'irga o'xshardi. Qaysi biringizning rasulullohdek bunga toqatingiz yetadi? U kishi ro'za tutganda og'iz ochmasmikin, deb o'ylardik, ogiz ochganda ro'za tutmasmikin, degan xayolga borardik", deya xotirlaydi.

Avf ibn Molik: "Rasululloh bilan bir kecha birga bo'lgandim. U kishi misvok bilan tishini yuvdi: keiin tahorat qilib, namozga turdi. Men ham u kishiga ergashdim. Rasululloh Baqara surasini o'qiy boshladi, Ollohning rahmatiga oid oyatlarni o'qiganda to'xtab, parvardigorning rahmatini tilardi, Ollohning azobiga oid oyatlarni o'qiganda esa to'xtab, yaratganning azobidan panoh so'rardi. Shundan keyin ruku qilar va qiyomda qancha turgan bo'lsa, rukuda ham shuncha turardi. Rukuda: "Qudratning, saltanatning va buyuklikning sohibi bo'lmish Olloh pokdir", der va undan keyingina sajdaga borardi. Sajdada ham rukuda aytganlarini takrorlar, so'ngra Oli Imron surasini o'qir, keyin keladigan suralarni qo'shimcha qilardi va namozni yana avvalgi tartibda davom ettirardi", deya hikoya qilardi.

Boshqa bir sahoba: "Rasulullohnikiga kelsam, namoz o'qiyotgan ekan, qorinlaridan xuddi shaqirlab qaynayotgan qozondek ovoz chiqardi", deydi. Ibn Abu Hola rasulullohni hamisha g'amgin, o'ychan, halovat nimaligini bilmasdi, deb ta'riflaydi. Hazrati Ali: "Men rasulullohdan u kishining sunnatini so'raganimda: "Ma'rifat - hamyonim, aql-dinimning asosi, Ollohni do'st tutish - tayanchi nuqtam, Ollohga bo'lgan ishtiyoqim - ulovim, Ollohning zikri - ulfatim, Ollohga bo'lgan ishonchim - xazinam, g'am-qayg'u - hamrohim, ilm - qurolim, sabr - choponim, Ollohning qismatiga rozi bo'lish - g'animatim, ojizlik - faxrim, ta'masizlik - hunarim, imon - quvvatim, rostgo'ylik - shafoatim, toat-ibodat - qanoatim, jihod - axloqim, namoz - quvonchim, Ollohning zikri - qalbimning mevasi; tashvishim ummatimdan, ishtiyoqim robbimga", deb javob bsrgan", deya ta'riflaydi.

Olloh rasulullohni ummatidan xayriyatlarga erishtirsin! Qiyomat kuni Ollohning roziligiga, Rasulullohning shafoatiga erishish uchun payg'ambar alayhis-salomning betakror, go'zal axloqlarini, benazir xizmatlarini mulohaza qilib, u zoti muborakka ergashgan va u kishining yo'lini mahkam ushlagan bandaga Olloh rahmat qilsin! Ey mehribon parvardigor, marhamatingni darig' tutmay bizni yaxshi ishlarga muvaffaq aylagaysan!


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.