background
logotype
image1 image2 image3

Payg’ambar alayhis-salomning betob bo’lishlari

Payg'ambar alayhis-salom odamlarni Islom diniga da'vat etishdek Xudoning ulkan topshirig'ini bajo keltirganlaridan va shu tufayli parvardigori olam u kishining ummatini hidoyat qilganidan keyin Olloh u zoti muborakni o'z dargohiga chorladi. Payg'ambar alayhis-salom bir kuni minbarda o'tirib: "Olloh bir bandasiga bu dunyoda qolish yoki u dunyoga ketishni istash ixtiyorini o'ziga berdi, bu banda u dunyoga, ketishni ixtiyor etdi", dedilar. Bu gapni eshitgan Abu Bakr ho'ngrab yig'lab yubordi: "Ey rasululloh, ota-onamiz qurboning bo'lsin", dedi u yurak bag'ry ezilib. Payg'ambar alayhis-salom: "Men Abu Bakrning suhbatidek (shirin) suhbat ko'rmadim, undan benihoya xursandman. Agar do'st tutsam albatta Abu Bakrni do'st tutgan bo'lardim. Lekin bizga diniy qarindoshlikning o'zi kifoya. Masjidga ochilgan tuynuklardan* Abu Bakrnikidan boshqasi yopib tashlansin", dedilar.

Hijratning o'n birinchi yili safar oyining oxirlarida payg'ambar alayhis-salom Maymunaning uyida turganlarida betob bo'la boshladilar. Kasal o'n uch kunga cho'zildi. Rasululloh har kuni asllaridan birining uyiga ko'chib turdilar. Dardlari og'irlashgach, Oisha Siddiqning uyida muqim turishga boshqa ayollaridan rozilik so'radilar. Bu yerga ko'chib o'tganlaridan keyin kasal zo'raydi. Payg'ambar alayhis-salom: "Ustimga og'zi ochilmagan yetti mesh suv quyinglar, odamlarga vasiyat qilaman", dedilar. Rasulullohni sopol tog'oraga o'tqizib, to qo'llari bilan bo'ldi, deya ishora qilgunlaricha ustilaridan suv quyishdi. Sarvari olam kiyimlari ustidan hovurdek ufurib turgan isitma haroratini pasaytirish uchun yuvinishni ixtiyor etgan edilar.

*Ba'zi sahobalarning uylari masjidga tutash bo'lgani uchun ular to'ppa-to'g'ri masjidga chiqadigan tuynuk ochib olishgan edi.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.