background
logotype
image1 image2 image3

Oisha r.a.ga qilingan tuhmat

Ikkinchisi, yuqoridan bayon etilgan voqeadan qabihroq va og'irroq bo'lib, rasulullohning umr yo'ldoshlari Oisha bilan Safvon ibn Muattal o'rtasida xufya munosabat bor, degan tuhmat tarqatiladi. Aslida voqeaning tafsiloti bunday: musulmonlar bani Mustalaq gazotidan qayta turib, Madina yaqinidagi bir qo'nalg'aga tushishdi. Payg'ambar alayhis-salom yarim kechasi qo'shinni yo'lga otlantirdilar. Bu paytda hazrat Oisha zarurat uchun chekkaroqqa ketgan edi, manzilgohiga kela turib, bo'ynidagi marjoni tushib qolganini bilib, darrov iziga qaytadi. Bu orada otlanishga buyruq kelib, kajavani ko'taradigan xizmatchilar uning ichida hazrat Oisha bor degan o'yda, tuyaga ortishadi.

Hazrati Oisha yosh, ozg'in yengil bo'lgani uchun kajavaning ichida bor-yo'qligi bilinmagan. O'sha davrdagi ayollarning aksariyati ozg'in, vazni yengil bo'lardi. Hazrati Oisha munchog'ini topib kelganlarida qo'shin yurib ketgan; u kishining yo'qligidan hech kim xabar topmagani uchun biron kimsa qoldirilmagan edi. Oisha baribir izlab kelishadi, degan o'yda ilgarigi joyiga o'tiradi-yu, ko'zi ilinadi. Qo'shinning orqasidan qolib ketgan, yo'qolgan narsalarni yig'ishtirib yurgan Safvon ibn Muattal ismli sahoba mizg'ib o'tirgan hazrat Oishani ko'rib qoladi. U Oishani mastura bo'lishindan avval bilgani uchun tanib, baland ovozda: "Inna lillahi va inna ilayhi rojiun" (Biz Ollohning ilkidamiz, yana Ollohning dargohiga- qaytib boramiz.) deydi. Hazrat Oisha uyg'onib yuzini yopadm. Safvon bir og'iz so'z qotmay, tuyani cho'ktiradi, hazrat Oisha ham churq etmay minadi.

Safvon tuyani yetaklab qo'shinning orqasidan yetib kelganda odamlar tushlik ovqatdan keyin dam olishayotgan edi. Darrov shivir-shivir boshlandi, g'iybatchilar esa hayiqmay bu ikkovi haqida og'ziga kelganini bemalol aljiy boshlashdi, ayniqsa Abdulloh ibn Ubay tilini bir qarich qilib, beandishalikni haddidan oshirib yubordi. Qo'shin Madinaga yetib kelganda hazrat Oisha kasal bo'lib yotib qoldi. Bir oygacha bosh ko'tarmay yotgan hazrati Oisha kun sayin bolalayotgan mish-mishlardan butunlay bexabar edi. Bu safar rasululloh hazrati Oishaga ilgari kasal bo'lgan paytlaridagidek marhamat ko'rsatmay, bo'sag'ada turib: "tuzukmisan?" deb qo'yish bilan chekanardilar. Bu holdan hayratga tushgan Oishaning yuragi siqilib, halovatini yo'qotadi.

Dard arib, ancha quvvatga kirgan kunlarning birida Mistah ibn Usosaning onasi bilan tashqariga chiqmoqchi bo'lishdi. Etagini bosib olib yiqilgan Mistahning onasi: "Ha, Mistah boshini yesin!" deya qarg'aydi. "Nega unday deysan. Badr g'azotida qatnashgan odamni qarg'aysanmi?" deydi hazrati Oisha ajablanib. "Ha ajalning o'qiga uchrasin, ular gapirib yurgan gaplardan xabaring yo'qqa o'xshaydi-ku" deydi va odamlarning og'zida yurgan gaplarni aytib beradi.

Oishaning bir dardiga o'n dard qo'shiladi. Rasululloh odatdagidek ahvol so'ragani kirganlarida otasinikiga borib yotishga izn oladi va kela solib onasidan ko'cha-ko'ydagi gaplarning tafsilotini surishtiradi. "Bekorga o'zingni koyitma, qizim, - dedi onasi mehribonlik bilan yupatib. - Eri yaxshi ko'radigan chiroyli ayolga g'ayirlik qiladiganlar ko'p bo'ladi. Bundaylar har xil bo'lmag'ur gap-so'zlarni tarqatishadi. "Subhanalloh! (Olloh pokdir.) Odamlar shunday gaplarni gapirib yurishibdimi hali?" dedi hazrat Oisha ezilib va tong otguncha qon yig'ladi. Payg'ambar alayhis-salom bu xususda oilasidagilar bilan maslahatlashdilar.

Usoma ibn Zayd Oishani yaxshi bilgani uchun: "Biz Oishani ham, Safvonni ham begunoh deb hisoblaymiz", dedi. Ali ibn Abutolib esa: "Seni parvardigor xotindan qisgan emas. Boshqalari ham ko'p. Cho'risidan so'ra, rostini aytadi qo'yadi", - dedi. Rasululloh shu zahoti Oishaning cho'risi Burayrani chaqirib: "Oishaning biron shubhali xatti-harakatini sezganmisan?" deb so'radilar. "Xudo haqqi, shu paytgacha biron marta tariqcha shubhali narsa sezgan emasman, - deya ont ichdi Burayra, faqat u xamir qora turib uxlab qolar, keyin uydagi jonivorlar xamirni yeb ketar edi". Payg'ambar alayhis-salom shu kuni musulmonlarni yig'ib minbarga chiqdilar-da: "Ey jamoat, orangizda ahliyam haqida bo'lmag'ur gaplarni gapirib meni ranjitgan odam bor. Ahliyamning ham, Safvonning ham xatti-harakatida shu paytgacha yaxshilikdan boshqa narsani ko'rgan emasman. Meni ranjitgan odam haqida qanday fikrdasizlar? Bu xususda kim meni ma'zur tutadi?" dedilar. "Ey rasululloh, seni men ma'zur tutaman, dedi Sa'd ibn Muoz - Agar ig'vogar avslik bo'lsa, uning kallasini olaman, agar u xazrajlik o'z birodarlarimizdan bo'lsa, sen nima istasang shuni bajo keltiraman". Xazrajlik Sa'd ibn Uboda o'rnidan turib: "Bekorlarni aytibsan, uni o'ldirish qo'lingdan kelmaydi. Agar u o'z qavmingdan bo'lganda bunday gaplarni aytishga botinolmasding", dedi. Usayd ibn Huzayr uning gapini bo'lib: "Uni albatta o'ldiramiz. Sen munofiq bo'lganing uchun uning yonini olyapsan", dedi.

Payg'ambar alayhis-salom minbardan tushib, ularni bosib qo'ymaganlarida avs bilan xazraj qabilasi o'rtasida mojaro chiqishi hech gap emasdi. Bu gapdan xabar topgan hazrat Oisha ikki kungacha yostiqdan bosh ko'tarmay yig'ladi. U ota-onasi bilan o'tirgan paytda rasululloh ularnikiga kirib: "Ey Oisha, sen haqingda har xil gaplarni eshitib yuribman. Agar pok bo'lsang Olloh seni oqlaydi, bordiyu gunohkor bo'lsang tavba qil. Inson gunohini tan olib kechirim so'rasa, Olloh uning tavbasini qabul qiladi", dedilar. Hazrat Oisha ho'ngrab yig'laganicha javob berishini ota-onasiga havola etdi, biroq ular nima deyishni bilmay nochor yelka qisishdi. "Sizlar bu gaplarga shunchalik ishonasizlarki, men begunohman deganimning foydasi yo'q. Men pok bo'la turib bu tuhmatni ustimga olsam shak-shubhasiz ishokasizlar. Men o'zimga tasalli berish uchun Ya'qub alayhis-salomning: "Men faqat bardosh bilan sabr qilaman, sizlarning xatti-harakatingizga qarab, Ollohdan madad tilayman"* degan so'zidan boshqa hech narsa deyolmayman", deya hazrat Oisha ko'rpaga o'ralib oldi.

Payg'ambar alayhis-salom o'rinlaridan qo'zg'alib ulgurmay Olloh taolo Nur surasining 11-21-oyatlarini nozil qilib, hazrat Oishani oqladi: "Orangizdagi bir guruh odam (Oishaga) bo'hton yog'dirdi, bu siz uchun yomon emas, aksincha yaxshidir. Tuhmatchilardan qay birining qanchalik gunohi bo'lsa shunga yarasha jazo beriladi; asosan bo'htonni tarqatgan odam (Abdulloh ibn Ubay) og'ir azobga giriftor etiladi, bo'htonni eshitgan paytda o'zlarini yaxshi odam deb hisoblovchi mo'min erkagu ayol nega bu quruq tuhmat, demadi? Ular nega to'rt nafar guvoh topib kelishmadi? Guvoh topishmagan ekan, ular Ollohning nazarida yolg'onchi hisoblanadi. Sizlarga dunyo va oxiratda Ollohning fazlu marhamati bo'lmasa edi, bo'hton yog'dirganinglar uchun og'ir azobga giriftor etilardinglar. Bo'htonni til bilan tarqatdinglar, bilmaydigan narsalarni og'zingizga oldinglar, buni yengil (ermak) fahmladinglar. Vaholanki, Ollohning nazarida bu katta gunohdir. Uni. (ya'ni bo'htonni) eshitgan paytinglarda nega: bunday so'zlarni gapirmasligimiz kerak, bu katta gunohdir, ey Olloh, sen pokdirsan, demadinglar? Olloh agar mo'min bo'lsangiz bunday gaplarni qayta og'zingizga olmang, deb o'git beradi. Olloh sizlarga oyatlarini bayon etadi, Olloh hamma narsani bilguvchi, hikmat bilan ish yurituvchi zotdir. Mo'minlar orasida behayolik tarqalishini istaydigan odamlar dunyo va oxiratda qattiq azobga uchraydi, Olloh bilguvchi, sizlar esa (hech narsani) bilmaysizlar. Agar Ollohning sizlarga fazlu. marhamati bo'lmasa edi (qattiq jazolardi). Olloh shafqatli va mehribondir. Ey mo'minlar, shaytonning yetoviga yurmanglar! Kymki shaytonning etoviga yurar ekan, shayton uni behayolikka, yomon ishlarga boshlaydi. Olloh sizlarga fazlu marhamat ko'rsatmasa, hech qaysingiz to abad pok bo'lmas edingiz. Olloh istagan bandasini pok qiladi. Olloh hamma narsani eshitib, bilib turguvchidir".

Bu oyatlar nozil bo'lgach, payg'ambar alayhis-salom ochiq chehra bilan hazrat Oishaning pokliga haqida bashorat berdilar. Oishaning onasi qiziga: "O'rningdan tur! Rasulullohga rahmat ayt", dedi. "yYo'q, men yuzimni yorug' qilgan Ollohga rahmat aytaman", deya javob berdi hazrat Oisha. Rasululloh tuhmatchilarning har biriga shariat hukmiga binoan sakson darra urishni buyurdilar. Bo'hton yog'dirganlar Jahishning qizi Hamna, Mistah ibn Usosa, Xasson ibn Sobitlar edi.

Mistah Abu Bakrga qarindosh bo'lgani uchun qo'lidan kelganicha uning holidan xabar olib, ko'maklashib turardi. Mistahning ig'voga aralashganini eshitgach, berayotgan nafaqasini yig'ishtirib qo'ydi. Bu xususda Nur surasining 22-oyatida alohida to'xtalib o'tilgan: "Orangizdagi ahli karam va davlatmandlar hesh-aqrabolariga, miskinlarga va din yo'lida hijrat qilganlarga hech narsa bermaslikka qasam ichishmasin, ularni afv etishsin, kechirishsin. Olloh sizlarga mag'firat qilishini istamaysizlarmi? Olloh mag'firat qilguvchi va benihoya shafqatli zotdir." Abu Bakr: "Ey rasululloh Ollohning mag'firati va rahmatini tilaymiz", dedi va Mistahga beriladigan nafaqasini asliga keltirdi. Odamlar orasiga kirib sirtdan qaraganda ularni yaxshi ko'radigandek, aslida esa yuragida adovat saqlaydigan, ninaning ko'zicha teshik topsa so'qilib kirib, fisqu fasodni urchitadigan munofiqlarning kasofati shu bo'ldi. Bizlarni ulardan Ollohning o'zi asrasin.

*Ya'qub alayhis-salomning tilidan aytilgan bu naql Yusuf suradining 18-oyatidan olingan.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.