background
logotype
image1 image2 image3

Muqaddima

BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIM

(Nihoyatda shafqatli va mehribon Ollohning nomi bilan boshlayman)

Bizga to'g'ri yo'lni aniq ko'rsatib bergan, ko'zimizdan esankirash pardasini olib tashlagan Olloh, seni madh etamiz. Bashoratchi, ogohlantiruvchi, buyrug'ingga binoan diningga da'vat etuvchi va yorug' nurdek yo'limizni yorituvchi payg'ambaringga duo va salomlar yo'llaymiz. Sening rahmatingni izlab, roziligingni tilab vatanidan ayrilgan sahobalarga* boshpana berib, yordam qo'lini cho'zgan, Islom dinini quvvatlantirish yo'lida hech narsasini ayamagan ansorlar*iga duo va salomlar yo'llaymiz.

Payg'ambarimizning odamlarni dinga da'vat etish yo'lida chekkan azoblari, ko'rsatgan sabru bardoshlari, hatto tug'ilib o'sgan yurtini tashlab hijrat qilishlari musulmonlar uchun ibratli saboqdir. Rasululloh o'z qavmlarini har jihatdan kamolotga yetkazish uchun odamlar o'rtasida chinakam birodarlik, qadr-qimmat hukmdorlarga munosabat, bir-biriga tish qayragan raqiblarni sulhga keltirish, sarkardalarning vazifa va mas'uliyatlari, xalqning boshini qovushtirib, g'animlarga qarshi turish kabi ilmlardan ta'lim beradilar.

Keyingi paytlarda musulmonlar rasulullohning tarjimai holi va Islom tarixi bilan unchalik qiziqmay qo'yganlaridan qattiq iztirob chekardim. Bu mavzuda (yozilgan kitoblarning haddan tashqari zerikarli va kattaligi odamlarni cho'chitar edi, Shu bois mansuralik olim Mahmudbek Salimning ma'rifat ziyosi bilan yo'g'rilgan suhbatlari hamda u kishining daldasi bilan bu xayrli ishga qo'l urishga jazm etdim. Ollohning rizosiga erishish umidida kirishgan bu xayrli ishda avvalo Qur'oni Karimga hamda Imom Buxoriy*, Imom Muslim*ning sahih hadislariga tayandim. Qozi Iyoz*ning "Shifo", Qastaloniy*ning "Halafda yozilgan tarjimai hol", Imom G'azzoliy*ning "Ihyoul-ulumid-din" (Din ilmlarini rivojlantirish to'g'risida) nomli asarlaridan foydalandim. Olloh sa'y-harakatlarimdan rozi bo'lib, rahmatiga musharraf etsin.

Endi Ollohdan madad tilab maqsadga o'tamiz.

*Sahoba - Muhammad alayhis-salom hayot vaqtlarida musulmon bo'lib, suhbatlaridan bahra olgan kishi.

*Ansorlar - Rasululloh Makkadan Madinaga hijrat qilganda Islom diniga kirib, yordam qo'lini cho'zgan musulmonlar.

*Imom Buxoriy - Muhammad Abu Abdulloh. Otasining oti Ismoil. Buxoroda tug'ilgan. Hadis ilmining dono bilimdoni. U kishi to'plagan hadislar "Sahihul Buxoriy", ya'ni ishonchli deb yuritiladi. U kishi hijriy 256 (melodiy 870) yili 62 yoshida Samarqand yaqinida vafot etgan.

*Imom Muslim - Abdul Hasan. Otasining oti Hajjoj. Hijriy 206 (melodiy 831) yili Nishopur shahrida tug'ilib, 261 yili 55 yoshida vafot etgan.

*Qozi Iyoz - Shimoliy afriqolik muhaddis. Laqabi Abul Fazliy. Otasining oti Muso. Hijriy 476 (melodtsy 1081) yili tug'ilib, 544 yili 55 yoshida vafot etgan.

*Qastaloniy - Ahmad Shahobiddin. Misrning Qastaloniy shahrida dunyoga kelgan. Mashhur islomshunos olim. Hijriy 923 (melodiy 1517) yili 72 yoishda olamdan o'tgan.

*Imom G'azzoliy - "Hujjatul Islom" Muhammad Abu Homid Tusiy-G'azzoliy atoqli islomshunos olimlardan biri bo'lib, saljuqiylar davrida yashagan. U hijriy 505 (melodiy 1111) yili Tus shahrida olamdan o'tgan.

Muhammad Xuzariy

NURUL-YAQIN

Toshkent Cho'lpon — Kamalak
1992

Muhammad Solihning arab tilidan o'girgan uyg'urcha matni asosida Emin Usmon o'zbekchalashtirgan.

Muharrirlar: Rauf Subhon, Turob Niyoz

Muhammad Xuzariy ibn shayx Afifiy XIX asrning oxiri, XX asrning boshlarida Misrning Qohira shahrida yashab o'tdi. U yashagan davr Misrda uyg'onish va maorif islohoti harakatining boshlanish davri edi. M. Xuzariy islom dini hamda din tarixiga oid chuqur tadqiqotlar olib bordi. "Muhozirot fiy tarixil ummamil Islomiya" (Islom davlatlari tarixi haqida ma'ruzalar), "Itmomul vafo fiy siratil xulofa" (Xalifalarning tarixi) va yana bir necha mashhur kitoblari qatori "Nur-ul yaqin" asari ham olimga katta shuhrat keltirgan. Payg'ambarimizning hayoti haqida batafsil ma'lumot beruvchi mazkur asar Islom oliy bilim yurtlarida maxsus darslik o'rnida qo'llaniladi hamda Islom dini tarixini o'rganishda eng mo'tabar manbalardan biri sifatida e'tirof etiladi.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.