background
logotype
image1 image2 image3

Muqaddas kitoblardagi bashoratlar

TAVROTDAGI BASHORAT

Alloh taolo Muso payg'ambarga shu zamondagi xalqning axvol ruhiyasiga mos qonun-qoidalar basn etilgan Tavrotni nozil qildi. Bu muqaddas kitobda parvardigori olam yuborajak payg'ambarlari haqida xabar bergan. Tavrotning 5-pora, 8-bobida oxir zamon payg'ambari haqida ham bashorat qilinib, Muso alayhis-salomga: "Bu payg'ambarlar orasidan senga o'xshagan bir payg'ambarni yuboraman, og'ziga kalomimni solaman, u o'z ummatiga men buyurgan hamma narsani aytib beradi. Mening nomimdan aytgan so'zlariga quloq solmagan odamdan intiqom olaman. Menga takabburlik qilishga jur'at etgan, men buyurmagan narsalarni mening yoki boshqa ilohlarning nomidan gapiradigan payg'ambarlar o'limga mahkum. Chin payg'ambarlar bilan yolg'on payg'ambarlarni bir-biridan ajratish oson: payg'ambarlik da'vosini qilgan odam mening nomimdan aytganlari amalga oshmasa, u o'zini ulug'lashni ko'zlagan yolg'onchidir", deyiladi. Yahudiylar bu bashorat

Muso alayhis-salomning o'rinbosari Yusha ibn Nun haqida aytilgan deyishadi. Vaholanki, ular Iso alayhis-salom davrida u kishidan boshqa payg'ambar kelishini kutishar, shu bois yuvingan* Yuhanno (Yahyo)ga odam yuborib: "Sen Ilyomi?" - deb so'rashganda, u kishi: "Yo'q", deganlar. "Sen Isomi?" - deb qiziqsinishganda ham yo'q deganlar. "Sen payg'ambarmi?" deb qisti-bastiga olishganda ham rad javobini berganlar. Ular ajablanib: "Ilyo bo'lmasang, Iso bo'lmasang, payg'ambar ham bo'lmasang, nega yuvinding?" deb so'rashgan. Bundan shu narsa oydinlashadiki, Tavrotda Ilyo, Muso va Iso davrigacha hali dunyoga kelmagan payg'ambar haqida bashorat berilgan. Bu muqaddas kitobda Muhammad alayhis-salomning Muso payg'ambarga o'xshashligi aytiladi. Tavrotning 5-porasida: "Bani Isroilda Musoga o'xshash payg'ambar dunyoga kelgani yo'q", deyiladi hamda Ollohga tuhmat qiluvchi payg'ambar o'ldirilajagi ta'kidlanadi. Bu kalom Qur'onning Hoqqa surasidagi: "Agar u bizning nomimizni sotib uydirmachilik qilsa, uni albatta qahrimizga olardik, keyin shaksiz katta qizil tomirini uzib tashlardik", degan 44-46-oyatlariga uyg'un. Muhammad alayhis-salom yigirma uch yil mobaynida mushrik va yahudiylardan iborat ashaddiy dushmanlari orasida yashab, ularni islom diniga da'vat qildilar, shunday qaltis vaziyatda Olloh u kishini dushmanlarning suiqasdlaridan omon saqladi. Hamma narsaga qodir Olloh payg'ambarga bo'hton yog'dirgan odamning ta'zirini berib qo'yolmaydimi? Haq taolo Qur'ondagi Sho'ro surasining 24-oyatida: "Ular: u (ya'ni payg'ambar) Xudoning nomidan yolg'onni do'ndirdi, deyishadi. Olloh istasa, qalbingni muhrlab qo'yardi. U botilni yo'qqa chiqaradi, o'z kalomi orqali haqni yuzaga chiqaradi. Olloh ko'ngildagi narsalarni ham bilguvchidir", deydi. Bu bashorat payg'ambarimizniig kelajakda yuz beradigan ishlar haqidagi aytgan fikrlari rostligini tasdiqlaydi. Sarvari olam ko'p narsalar haqida oldindan bashorat qilganlar. U kishining aytganlari aynan yuz bergan, hatto boshqalar tasavvur ham qilolmaydigan voqea-hodisalarni ham oldindan ko'ra bilganlar. Masalan, rumliklar forslar tomonidan halokatga uchrab poytaxti Konstantinopol qo'ldan ketay deb turgan bir paytda, rasululloh rumliklarning kelajakda dushmandan g'olib kelib, o'z yerlarini qaytarib olajagini bashorat qilganlar. Bu xabar sarvari olamga Olloh tomonidan vahiy qilingan. Payg'ambarning aytganlariga shubhalangan quraysh mushriklari Abubakir Siddiq bilan o'rtaga mol tikib bahs boylashgan (Keyinchalik bahs boylashish qimorning bir turi sifatida man etilgan). Rasulullohning aytganlari ro'yobga chiqib, rumliklarning qo'li baland kelgach, Abubakir Siddiq garovda ancha-muncha narsa yutib olgan. Xudo xohlasa bunday bashoratlar haqida o'rni kelganda yana to'xtalib o'tamiz.

Qozi Iyozning "Shifo" nomli asarida aytilishicha, Ato ibn Yasar Abdulloh ibn Amr ibn Osdan Rasulullohning sifatlari haqida so'raganda Abdulloh: "Ollohning nomi bilan qasamyod qilamanki, payg'ambarimizning Qur'onda aytilgan ba'zi sifatlari Tavrotda ham zikr etilgan: ey payg'ambar, seni guvoh, bashoratchi, ogohlantiruvchi va ummilar (ya'ni omilarga) qo'rg'on qilib yubordim. Sen mening bandam va rasulim (ya'ni elchim)san, men seni mutavakkil (xudoga suyanguvchi) deb atadim. Sen qo'pol va to'ng emassan, bozorlarda shovqin-suron solmaysan; yomonlik qilganlardan qasd olmay keshlik bilan afu etasan; adashgan xalq la iloha illalloh (ya'ni Ollohdan boshqa iloh yo'q) deya imon keltirish bilan haqiqatni ko'rmas ko'zlari, tinglamas quloqlari, anglamas dillari ochilgandan keyingina yaratgan egang seni qabzi ruh qiladi (ya'ni joningni oladi).

Tavrotda payg'ambar alayhis-salom yana shunday ta'riflanadilar: "U bozorlarda baqirib-chaqirmaydi, xunuk so'zlarni og'ziga olmaydi, uni yaxshi ishlarga muvaffaq qilaman, go'zal axloqqa erishtiraman. Libosi tamqinlik, sifati yaxshilik, vijdoni taqvodorlik, so'zlari hikmat bo'ladi. Rostgo'ylik va vafo qon-qoniga singadi. Keng fe'llik, mehribonlik odatiga aylanadi. Har qanday holatda haqqoniy, shariati haq, imoni hidoyat, dini islom bo'ladi. Uning ismini Ahmad deb atayman, gumrohlikdan hidoyatga olib chiqaman. Ahmad orqali qarama-qarshi dillarni, tizginsiz havaslarni, turli millatlarni 'birlashtiraman". Rostgo'y va ishonchli payg'ambar alayhis-salomning aytishlaricha, Olloh u zotni Tavrotda bunday ta'riflaydi: "Mening tanlagan bandam Ahmad Makkada tavallud topib, Madinaga hijrat qiladi, uning ummati har qanday vaziyatda menga - Ollohga shukr qilguvchylardan bo'ladi".

*Yuvinish - Nasroniy dinida yangi tug'ilgan bola va nasroniy dinini qabul qilgan kishilarning Xudo, Iso va Ruhulquddus nomi bilan yuvinshi ko'zda tutilmoqda.

INJILDAGI BASHORAT

Iso alayhis-salom o'z qavmiga Injilda Forqilit degan ism zikr etilishi haqida xabar beradilar. Forqilitning ma'nosi Muhammad bilan Ahmadga yaqin. Buni Ollohning Saf surasidagi 6-oyati tasdiqlaydi: "Shunda Maryamning o'g'li Iso: ey Isroil avlodi, men sizlarga chindan ham Xudo tomonidan yuborilgan, mendan oldin kelgan tavrotni tasdiqlaguvchi, mendan keyin keladigan Ahmad ismli payg'ambar bilan bashorat berguvchi Xudoning elchisiman", dedi. Isoyi Masih Forqilitni bizning payg'ambarimizga mos keladigan sifatlar bilan ta'riflagan: "Forqilit insonlarni qilgan xatolari uchun ayblaydi, ularga bor haqiqatni o'rgatadi, chunki u o'z maylicha emas, Ollohdan eshitganlarini bayon etadi". Qur'onda Va-n-najm surasining ,4-oyatida: "Muhammad o'z maylicha emas, Ollohdan kelgan vahiylarni aytadi", deyiladi. Injilning uzoq vaqt jaholat to'zoniga ko'milib, yaqindagina topilgan Barnobo* nusxasida rasulullohning ismi ochiq zikr etilgan.

*Barnobo - Injilning arabchaga tarjima qilinib, Misrda chop etilgan nusxasi.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.