background
logotype
image1 image2 image3

Oisha binti Abu Bakr

«Diningizning yarmisini  bu Humayrodan o‘rganinglar».
Hadis

Hazrati Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bir kuni tushlarida Jabroilni (alayhissalom) ko‘rdilar. U zot Payg‘ambarimizga Abu Bakr Siddiqning (roziyallohu anhu) qizlari Oyishaning tasvirlari tushirilgan ipak ro‘molchani ko‘rsatib: «Ey Nabiy, dunyo va oxiratda jufti halolingiz bu kishidir», dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dastlab bu tushga uncha ahamiyat bermadilar. Ammo har kuni bir xil tush ko‘ravergach, bunda ilohiy ishora borligini sezdilar. So‘ngra hazrati Abu Bakrning (roziyallohu anhu) huzuriga borib, tushlarini aytib berdilar. Abu Bakr (roziyallohu anhu) nihoyatda xursand bo‘ldilar.

 Chunki Payg‘ambarni (alayhissalom) kuyov qilish katga sharaf edi. Payg‘ambarimizni (sollallohu alayhi va sallam) uylariga kuzatib qo‘ygach, Oyishani chaqirdilar-da, bir savat xurmo berib, uni Alloh Rasuliga (sollallohu alayhi va sallam) olib borishini va u zotdan: «Yo Rasululloh, bizning uyimizda bor xurmoning hammasi shu. Sizga yoqdimi?» deb so‘rab kelishni buyurdilar. Oyisha hech narsadan xabarsiz holda otasi bergan topshiriqni aytishganidek bajarib keldi. Abu Bakr Siddiq: «Qizim, Allohning elchisi senga nima deb javob berdilar?» deb so‘raganlarida, Oyisha(roziyallohu anho): «Atbatta, Alloh baraka bersin!» deb javob berganlarini aytdi.

Bu javob Abu Bakr Siddiqning (roziyallohu anhu) sevinchlariga sevinch qo‘shdi, ammo ko‘ngillari boshqa bir holatdan tashvishda edi. Ya'ni, Oyisha u paytda yaqin do‘stlari Mug'im ibn Adiyning o‘g‘li Jubayrga unashtirilgan edi. Qanday qilib bo‘lsa ham bu qiyin ahvoldan yorug‘ yuz bilan chiqishni o‘ylar edilar. Ko‘p o‘tmay teran farosat va aql ishlatib, bu muammoni ham hal qildilar.

Oyishani Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) unashtirib qo‘ydilar. Bu hodisa hazrati Abu Bakrning (roziyallohu anhu) zavjalaridan boshqa hech kimga bildirilmadi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) avvalgidek tez-tez hazrati Abu Bakr (roziyallohu anhu) uylariga kelib turar, Oyishaga yaxshi muomalada bo‘lishlarini tavsiya qilardilar. Yosh Oyisha ko‘p vaqtlarshi tengdoshlari bilan o‘ynab o‘tkazar edi. Eng yaxshi ko‘rgan mashg‘uloti qo‘g‘irchoq o‘ynash bo‘lardi.

Shu tarzda oradan yillar o‘tdi... Mo‘minlar Yasribga hijrat qilib, u yerga joylashdilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) muhojirlar bilan ansorlarni hamda o‘zaro doimiy mujodalada bo‘lgan Avs va Hazraj qabilalarini imon va Islom yo‘lida birlashtirdilar. Madina atrofida yashovchi yahudiylar bilan ham do‘stona munosabatlar o‘rnatildi.

Saodatli nikoh marosimi

Hazrati Abu Bakr (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (solallohu alayhi va sallam) bu to‘g‘rida so‘z ochavermagach, huzurlariga kirib, masalani izhor qildilar.

To‘y ham bo‘lib o‘tdi. Oyisha (roziyallohu anho) Payg‘ambariing (alayhissalom) mo‘tabar xonadonlariga kelin bo‘ldilar. Seplari orasida qo‘g‘irchoqlari ham bor edi. Bo‘ylari yetib, kelin bo‘lishlariga qaramasdan, bolaliqdagi beg‘ubor havaslari hamon ketmagan edi.

Bir kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Oyisha onamiziing (roziyallohu anho) xonalariga kirsalar, bir nechta ko‘g‘irchoqlariga kelinchak libosini kiydirib, ba'zilariga qanot ham taqib quygan ekanlar. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) nima uchun bunday qilganini so‘raganlarida hazrati Oyisha (roziyallohu anho):

- Bular Sulaymonning (alayhissalom) otlaridir, - deb javob berdi.

-U holda qanotlarga ne hojat? - deb so‘radilar Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)

Sulaymon (alayhissalom) otlarining qanoti yo‘qmidi... Bunga javoban Payg‘ambarimiz (alayhissalom) kulib qo‘yaqoldilar...

Yana bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uyga kirsalar, Oyisha onamiz uxlab qolgan, bir qo‘y kirib, yangi pishirilgan nonlarni yemoqda edi. Rasululloh (sollatlohu alayhi va sallam) kulib ko‘ydilar-da, Oyisha onamizni ohista uyg‘otib, yaxshi so‘zlar aytib, hazillashdilar.

Suyukli va vafodor zavja

Hazrati Oyisha (roziyallohu anho) muborak xonadonda aql, ilm va fikr jihatidan tez kamol topa bordilar.

Bir beka sifatida Paytambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) butun xizmatlarini bajarar, kerak bo‘lganida tasalli berar edilar. Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) muborak so‘zlari va amallaridan iloji boricha ko‘proq narsa o‘rganishga harakat qildilar. Bu fazilat Oyisha onamizni Alloh Rasulining (sollallohu alayhi va sallam) eng suyukli zavjalariga aylantirgan asosiy sabablardan edi.

Hazrati Oyishada ham ayollar tabiatiga xos rashj va shunga o‘xshash hissiyotlar bor edi. G'azotlardan biriga Oyisha onamiz bilan hazrati Umarning (roziyallohu anhu) qizlari Hafsa onamiz (roziyallohu anho) ham chiqqan edilar. Sarvari olam (alayhissalom) safar asnosida Oisha onamizning mahfaslariga (kajava) tez-tsz kelib turar, u kishi bilan suhbatlashib ketardilar. Bu orada bir kuni Hafsa onamiz (roziyallohu anho) bilan Oyisha onamiz (roziyallohu anho) bildirmay, o‘rnilarini almashtirishdi. Nabiy (alayhissalom) bundan bexabar, hazrata Oyishaning mahfaslariga yaqinlashib kelib, suhbatlasha boshladilar.Har tarafi yopiq mahfasdagi Hafsa onamiz xuddi Oyisha onamizdek so‘zlab, vaziyatni bildirmadilar. Qorong‘i tushib karvon dam olish uchun to‘xtadi. Oyisha onamizning o‘rinlarida Hafsa onamizni ko‘rgan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hech narsa bo‘lmagandek, tunni uning huzurida o‘tkazdilar. O'sha kechasi hazrati Oyishaning ko‘zlariga uyqu kelmadi. O'zlaridan qattiq xafa bo‘lib, ikkinchi bunday ish qilmaslikka ont ichdilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ba'zi kechalarda Madina kabristoniga borib, yaqin birodarlarini ziyorat qilar edilar. Mo‘minlarning qabrlariga salom berar, haqlariga duo qilib, o‘lim va oxiratni yod etardilar. Shunday tunlarning birida Oyisha onamiz yarim kechasi uyg‘onib, yonlarida Sarvari olamni topolmagach, ancha qayg‘ulandilar. Birozdan so‘ng qaytib kelgan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Oyishani mahzun ko‘rdilar va:

- Ey Oyisha, shaytoningga mag‘lub bo‘libsan, - dedilar. Shayton so‘zi Oyisha onamizning diqqatini tortib, so‘radilar:

- Yo Rasululloh, mening ham shaytonim bormi?

Payg‘ambar (alayhissalom) unga javoban:

- Albatga, har bir insonning shaytoni bordir, - dedilar. Oyisha onamiz yana:

- Sizniki ham bormi? - deb so‘raganlarida, Alloh Rasuli (sollallohu alayhi va sallam):

- Ha, faqat men Robbimning yordami bilan uni mag‘lub etdim, - dedilar.

Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) Oyisha onamizga bo‘lgan muhabbatlari shunchalar kuchli ediki, natijada boshqa onalarimiz rashk qila boshlashdi. Payg‘ambarimizning (alayhissalom) qizlari Fotimadan (roziyallohu anho) bu holni u zotga bildirishlarini iltimos qildilar. Avvaliga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu haqqa gaplashishni xohlamagan bo‘lsalar, suyukli qizlarining ikkinchi bor murojaatlaridan keyin so‘zlashga majbur bo‘ldilar:

- Kizginam Fotima, mening sevganimni siz sevmaysizmi? Hazrati Fotima:

- Albatga, sevaman, ey Allohning Rasuli, - dedilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam):

- U holda Oyishani sevishingiz kerak!

Fotima onamiz jim bo‘lib qoldilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) so‘zini davom ettirib:

- Oyishadan hech qachon rashk qilmasinlar. Robbimga qasam etib aytamanki, Oyishadan boshqa hech birlarining yotoqlarida menga vahiy kelmaydi, - dedilar.

* * *

Hazrati onalarimiz o‘zlarining hayot sharoitlarini yanada yaxshiroq qilish va ularga ko‘proq e'tibor berilishi xususida Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) murojaat qilishganida ul zot nihoyatda ranjidilar. Bir oy ayollaridan hech birining huzuriga kirmaslikka qaror qildilar. So‘ngra Alloh hukmiga ko‘ra, ularga xoxdaganlariday yashashni yoki Payg‘ambar xonadonida qolishni tanlash ixtiyori berildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) eng avval Oyisha onamizdan so‘radilar. Hazrati Oyisha hech ikkilanmasdan:

- Ey Rasululloh! Boru yo‘g‘im sizga fido bo‘lsin. Shunday bir masalada ixtiyorimni o‘z qo‘limga beryapsizmi? Albatta, Alloh va Rasulnin tanlayman! - dedilar.

Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) boshqa zavjalari ham ayni javobni berishdi. Shunday qilib, muborak xonadonga yana huzur-halovat qaytib keldi.

* * *

Bani Musta'laq g‘azotidan qaytishda munofiqlar Oyisha onamizni badnom qilish uchun tuhmat, mish-mish tarqatdilar. Bundan musulmonlar og‘ir iztirobda qolishdi. Nihoyat, oyatlar (Nur, 11-13) nozil bo‘lib, Oyisha onamiz Kalomulloh guvohlida oqlandi.

Og‘ir judolik

Oradan yillar o‘tdi. Makkai mukarrama fath qilindi. Ka'bai Muazzama shirk va kufrdan, johiliyat qusurlaridan tozalandi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) yuz mingdan ko‘proq musulmonlar bilan vido hajini ado etib, Madinaga qaytganlaridan keyin, betob bo‘ldilar. Kasalliklari og‘irlashib, Hazrati Oyishaning xonalarida qolish uchun boshqa ayollaridan ruxsat so‘radilar. Oyisha onamiz (roziyallohu anho) Sarvari Olamning (alayhissalom) xizmatlarini a'lo darajada bajarib, sevgi va vafoda o‘rnak ko‘rsatdilar.

Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Hazrati Oyishaning (roziyallohu anho) uylariga dafn etishlarini vasiyat qildilar.

Xulafoi roshidin davrida Oyisha onamizning ilmiy saviyalari va fazilatlari alohida o‘ringa ega edi. Juda murakkab masalalardagi hadislar Hazrati Oyishadan (roziayllohu anho) o‘rganildi. Mashhur sahobalar ham ba'zi qiyin mavzularda u zotga murojaat qilar, taklif va tavsiyalaridan foydalanar edilar.

Vafotlari

Hazrati Oyisha (roziyallohu anho) xastalanganlarida Payg‘ambarimizning (alayhissalom) zavjalaridan ko‘plari dorulbaqoga rihlat qilishgan edi. Oyisha onamiz ham ko‘p o‘tmay bu dunyoda eng yaqin kishilari bo‘lgan hazrati Muhammad Mustafoga (sollallohu alayhi va sallam) qovushdilar va Madinadagi Baqi' qabristoniga dafn qilindilar.

Hazrati Abu Hurayra (roziyallohu anhu) qabristondan qaytishlarida ko‘zlariga yosh olib, shu unutilmas jumlalarni so‘zladilar:

- Alloh, mo‘minlarning onasi hazrati Oyishani O'z rahmatiga olsin! Iffatli va sadoqatli bu zot ibratomuz bir hayot kechirdilar.

 «Qahramon mo'mina ayollar» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) olindi.

Makkaning ko‘zga ko‘ringan kishilaridan biri bo‘lmish Abu Bakr roziyallohu anhuning Ummu Rummon binti Omir Kanoniya ismli xotinlari bor edi. Bu ayol johiliyat paytida Abdulloh ibn Horisga turmushga chiqib, undan Tufayl ismli o‘g‘il ko‘rgan edi. U vafot etgandan so‘ng Ummu Rummonga Abu Bakr roziyallohu anhu uylangan edilar. Ummu Rummon ham Islomga avvalgilardan bo‘lib kirgan edi. Ana o‘sha Islom fidokorlari bo‘lgan er-xotinning oilasi o‘sha paytdagi eng muvaffaqiyatli islomiy oilalardan hisoblanar edi.

 Ummu Rummon qiz ko‘rdi. O‘shanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik kelganiga to‘rt-besh yil bo‘lib qolgan edi. Yangi mehmonga «Oisha» deb ism qo‘yishdi.

O‘sha paytda musulmon ota va muslima onadan tug‘ilgan farzand nodir edi. Oisha o‘shandoq nodir farzandlardan bo‘lib, islomiy oilada o‘sa boshladi.

Imom Buxoriy Oisha onamiz roziyallohu anhodan quyidagicha rivoyat qiladilar:

«Esimni tanib, ota-onamni bilibmanki, ikkovlarini Islom dinini din tutganlarini bilaman».

Islomga fidokor ota-onaning tarbiyasida qizcha murg‘akligidan iymonli, taqvoli, ixlosli bo‘lib o‘sdi.

Otasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining oqsoqoli, u Zotning eng yaqin sirdoshlari, u Zot bilan yoshligidan birga o‘sgan, payg‘ambarliklariga birinchilardan bo‘lib iymon keltirgan, musulmonlar oz sonli bo‘lgan bir chog‘da u Zotning jonlariga oro kirgan bir odam edi.

Onasi o‘sha payt muslimalariga o‘rnak bo‘ladigan Islom uchun fidokor ayol edi. U bilib turib, turli xavf-xatarlarni o‘z bo‘yniga olib, eri kirgan dinga kirgan vafodor xotin edi. U boshqalardan pokligi va ixlosi bilan ajralib turardi.

Nikoh

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamizdan ajrab yolg‘iz qolishlari o‘sha paytdagi barcha musulmonlarni tashvishga solgan edi. Ular Payg‘ambarimizdan bu musibatni qanday aritishni yoxud yengillatishni o‘ylar edilar. Ayniqsa, bunga o‘xshash holatlarni avvaldan ko‘rib, muolaja qilib yurgan tajribali ayollar tezroq chora topishga harakat qilar edilar. Mo‘mina ayollar ichida solihaligi va fozilaligi bilan ajralib turadigan Xavla binti Hakim roziyallohu anho bu haqda u Zotning o‘zlariga gap ochishga jur’at etdi:

«Ey Allohning Rasuli, uylansangiz bo‘larmidi?» dedi.

«Kimga?» dedilar u Zot.

«Qiz xohlaysizmi, juvonmi?» dedi.

«Qiz kim-u, juvon kim?» dedilar.

«Qiz Oisha binti Abu Bakr, juvon Savda binti Zam’a», dedi Xavla binti Hakim.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Oisha roziyallohu anhoga nisbatan o‘zlarigagina ma’lum sirlari bor edi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga:

«Menga tushimda sen uch kecha ko‘rsatilding. Farishta seni menga yashil harir matoga solib olib kelar va:

«Mana shu – sening ayoling», der edi. Yuzingni ochsam, sen bo‘lar eding. O‘zimcha, agar bu Allohning O‘zidan bo‘lgan bo‘lsa, tushimni o‘ngidan keltirar, der edim».

Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilishgan. Uning lafzi:

«Jabroil Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yashil harir matoda Oishaning suvratini olib keldi va:

«Bu – sening bu dunyo va oxiratdagi zavjang», dedi».

Ana shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam darhol rozi bo‘lib Xavla binti Hakimdan o‘z nomlaridan Oisha onamiz roziyallohu anhoga sovchi bo‘lishni iltimos qildilar.

Keyin nima bo‘lganini Imom Tobariy Xavla binti Hakimdan quyidagicha rivoyat qiladilar:

«Abu Bakrning uyiga kirib Oishaning onasi Ummu Rummonni ko‘rdim. Men unga:

«Hoy Ummu Rummon! Alloh sizlarga xayru barakani ravo ko‘rib qoldi!» dedim.

«U nima ekan?!» dedi.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni Oishaga sovchi qilib yubordilar!» dedim.

«Ko‘nglimdagi ish bo‘libdi. Bir oz kutib tur. Abu Bakr ham hozir kelib qoladi», dedi.

Abu Bakr ham keldi. Men unga:

«Hoy Abu Bakr! Alloh sizlarga xayru barakani ravo ko‘rib qoldi! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni Oishaga sovchi qilib yubordilar!» dedim.

U o‘zining Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan bo‘lgan holatlarini esladi va:

«Bu u Zotga to‘g‘ri kelarmikan? Axir birodarining qizi?» dedi.

Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga qaytib borib, haligi gapni aytdim. U Zot buni eshitib:

«Uning oldiga qaytib bor va sen mening Islomdagi birodarimsan, men ham sening birodaringman, qizing menga to‘g‘ri keladi, demoqdalar, degin», dedilar.

Men Abu Bakrning oldiga kelib, bor gapni aytdim.

«Meni kutib tur. Hozir kelaman», dedi u.

Ummu Rummon gap nimada ekanini ravshanlashtirish uchun:

«Mit’am ibn Adiy Oishani o‘g‘li Jubayrga so‘ragan edi. Allohga qasamki, Abu Bakr bergan va’dasiga zinhor xilof qilmaydi», dedi.

Abu Bakr Mit’amning oldiga kirganda uning xotini (Murika) Ummu Jubayr ham birga o‘tirgan ekan. Kampir birdan so‘zga kirdi:

«Ey Abu Quhofaning o‘g‘li! Biz sening qizingni o‘g‘limizga olib bersak, hali uni o‘zingning dininingga kiritib, murtad ham qilarsan?!» dedi.

Abu Bakr ayolga hech narsa demadi. Uning eri Mit’amga qarab:

«Bu nima demoqda?» dedi.

«U o‘zing eshitgan gapni aytmoqda!» dedi.

Abu Bakr u yerdan va’dasiga xilof qilmasdan, Allohning o‘zi ishini o‘nglab qo‘yganidan mamnun bo‘lib chiqdi. U tezda uyiga qaytdi va Xavlaga:

«Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni chaqirib kel», dedi.

Havla u Zotni chaqirib keldi. Abu Bakr u Zotga Oishani nikohlab qo‘ydi. U o‘sha vaqtda olti yoki yetti yoshda edi».

U kishining mahrlari besh yuz dirham bo‘lgani ham zikr qilinadi.

Hozirda qiz bolani bunchalik yosh holda erga berishni birov xayoliga sig‘dira olmaydi. Ba’zi bir dushmanlar esa buni dinga, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga qarshi ishlatishga harakat qiladilar. Ammo ikki taraf ham o‘sha vaqtning sharoitiga, urf-odatiga va boshqa omillarga nazar solishni o‘ylab ham ko‘rmaydi. Ha, bu ish o‘sha paytning odati edi. Yosh turib nikohlangan qiz faqat Oisha onamiz emas edilar. Balki u vaqtlarda aksari qizlar xuddi shu tariqa uzatilar edilar. Yosh qizga uylanish faqat u Zotga tegishli bo‘lmay, balki u paytda ko‘pchilik shunday qilar edi. Mit’amning oilasi Oisha onamizga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan oldin sovchi qo‘ygani ham bunga dalil. Qolaversa, bu to‘la ma’nodagi oila qurish emas, balki unashtirib qo‘yishdek bir gap edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizni uylariga olib ketmaganlar, aksincha, ma’lum muddatgacha ota-onasi bilan qolib, avvalgidek yashayverganlar.

Hijrat

Yosh bo‘lishlariga qaramay, Oisha onamiz otalarining uyidan turib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tashvishlariga sherik bo‘lar edilar. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hijratlarini tashkil qilishda ham ishtirok etganlar.

Oisha roziyallohu anho aytadilar:

«Bir kuni havo rosa qizigan paytda Abu Bakrning uyida o‘tirgan edik. Birov Abu Bakrga:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlarini to‘sgan hollarida kelmoqdalar», deb qoldi.

Odatda bundoq vaqtda u Zot biznikiga kelmas edilar. Abu Bakr:

«Ota-onam u Zotga fido bo‘lsin. Allohga qasamki, u Zotni bu soatda muhim ish olib kelgan bo‘lsa kerak», dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib izn so‘radilar. U Zotga izn berildi. U Zot kirdilar va Abu Bakrga:

«Oldingdagilarni tashqariga chiqar», dedilar.

«Otam sizga fido bo‘lsin, ey Allohning Rasuli. Bular – o‘z ahlingiz, xolos», dedi Abu Bakr.

«Menga chiqish uchun izn berildi», dedilar.

«Hamrohlikmi, otam sizga fido bo‘lsin, ey Allohning Rasuli?» dedi Abu Bakr.

U Zot:

«Ha», dedilar. Abu Bakr:

«Ey Allohning Rasuli, anavi ikki ulovimdan birini oling», dedi. U Zot:

«O‘z bahosiga», dedilar.

Oisha aytadi:

«Ikkala otni chiroyli qilib jihozladik. Bir qo‘yni qovurib, meshga joyladik. Opam Asma belbog‘idan yirtib, meshning og‘zini bog‘ladi. Shuning uchun u «Zotunnitoq»–«belbog‘ egasi» deb nomlangan.

So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr Savr tog‘idagi bir g‘orga yetib bordilar. Uning ichida uch kecha berkinib yotdilar. Ikkovlarining oldida Abdulloh ibn Abu Bakr ham tunni birga o‘tkazar edi. U yosh, sezgir va o‘tkir zehnli edi. U ikkovlarining oldidan tong qorong‘usida chiqib, tongni Qurayshning huzurida, Makkada tunagandek ottirar edi. U ikkovlari haqida bo‘lgan har bitta gapni yaxshilab eshitib olib, qorong‘u tushishi bilan oldilariga kelar va xabarini yetkazar edi. Abu Bakrning mavlosi Omir ibn Fuhayra qo‘y boqar, xuftondan keyin qo‘ylarni g‘or tepasida rohatlantirardi. Ikkovlari tuzukkina taom, qo‘ylarning sutiga ega bo‘lar, Omir tong qorong‘usida qo‘ylarni qichqirib haydaguncha, tinch bo‘lar edilar. U mazkur uch kechaning har birida shunday qilar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr Bani Dayldan bir mohir kishini ijaraga yo‘l boshlovchi qilib olishdi. U Oss ibn Voil as-Sahmiyning ahli ila ahdnoma uchun qo‘l botirgan edi. U Quraysh kofirlari dinida edi. Ikkovlari unga ishonishdi. Ulovlarini unga berib, uch kechadan so‘ng g‘or og‘zida uchrashishga kelishishdi. U uchinchi kechaning tongida ulovlarni olib ikkovlari oldiga keldi. Ikkovlari bilan Omir ibn Fuhayra ham yurib ketdi. Yo‘l boshlovchi pastqam yo‘llarni tanladi» (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Ushbu rivoyatdan ma’lum bo‘ladiki, Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr roziyallohu anhu hijratining har bir lahzasini ziyraklik bilan kuzatib turganlar, butun vujudlari bilan ular uchun qayg‘urganlar.

Ikki muhojir jo‘nab ketishlari bilan ish tugab qolmagan. Undan keyin ham o‘ziga yarasha tashvishlar chiqib turgan.

Otalari va erlarining xavf-xatar ostida hijrat qilayotganlarini to‘liq anglab yetgan Oisha onamiz eshikning qattiq taqillashidan cho‘chib ketadilar. U kishi gap nimadaligini bilmay turgan joylarida qotib qoladilar. Eshikni opasi Asma ochadi. Tashqarida butun vajohatidan tahdid yog‘ilib Abu Jahl boshliq bir guruh Quraysh johili turar edi. Abu Jahl Asmaga qarab:

«Ey Abu Bakrning qizi, otang qani?» deb baqiradi.

«Allohga qasamki, otam qaerdaligini bilmayman», deb javob beradi Asma. Haqiqatda u otasi qaerda ekanini bilmas edi. U otasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan chiqib ketganidan keyin ko‘rmagan edi. Abu Jahl jahl ustida Asmaga tarsaki tortib yuborgan edi, bechora qizning qulog‘idagi isirg‘asi uchib ketadi.

Oisha onamiz ana shunday jafolarni boshqalar bilan teng tortar edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinai Munavvaraga kelib joylashgach, Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuni o‘z oila a’zolarini olib kelish uchun Makkai Mukarramaga yubordilar. Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuning Makkai Mukarramaga ketayotganidan foydalanib, Abu Bakr roziyallohu anhu o‘g‘li Abdullohga maktub yuborib, oila a’zolarini olib Madinai Munavvaraga kelishni tayinladilar. Hammalari yo‘l hozirligini ko‘rishdi. Kofirlardan yashirin holda uchrashib, hech kimga ko‘rinmay hijrat safarini boshlashdi. Safarning ikki kuni tinch o‘tdi. Keyin Oisha onamizni tuyalari olib qochdi. O‘shanda hammaning boshidan hushini uchirgan bu hodisani Imom Tobaroniy Oisha onamizdan quyidagicha rivoyat qiladilar:

«Muhojir bo‘lib ketayotgan edik. Bir qiyin oraliq yo‘lga yurdik. Birdan men minib olgan tuya chunonam qattiq va yomon qochdiki, Allohga qasamki, onamning: «Voy Oisham! Voy kelinchagim!» deganini hech unutmayman. Tuya meni boshiga mindirib oldi. Shunda birovning: «Tizginni qo‘yib yubor!» deganini eshitdim. Men tizginni tashlab yubordim. Tuya xuddi tagida odam turgandek o‘rnida aylanib qoldi».

Abdulloh ibn Abu Bakr, Zayd ibn Horisa, Tolha ibn Ubaydulloh va Abu Rofe’ roziyallohu anhum qochgan tuyani tezda tutib kelishdi. Muhojirlar Alloh taologa shukr qilib, Madinai Munavvara tomon yo‘llarini davom ettirishdi.

Ular Madinai Munavvaraga yetib kelganlarida Oisha onamiz otalari Abu Bakr roziyallohu anhuning Sunhdagi hovlisiga tushdilar. U kishi o‘sha yerda ikki yil istiqomat qildilar.

To‘y

Hijratning ikkinchi yili Ramazon oyida Alloh Taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshliq mo‘min bandalariga Badr g‘azotida ulkan g‘alabani berdi. Ramazon oyi chiqib, Shavvol keldi. Ana shunda Abu Bakr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, bundan uch yil avval Makkada tuzilgan oilalarini eslariga soldilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz bilan birga yashashga qaror qildilar. U zot bir guruh erkak-ayol ansoriy bilan Abu Bakr roziyallohu anhuning Bani Xazrajdagi uylariga kelishdi. Keyin nima bo‘lganini Oisha onamiz roziyallohu anhodan eshitamiz.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni nikohlariga olganlarida olti yoshli qiz edim. Madinaga keldik. Bani Horis ibn Xazrajga tushdik. Men isitmalab qoldim. Sochim titilib ketdi. Keyin yelkamgacha o‘sdi. Oldimga onam Ummu Rummon keldi. Men dugonalarim bilan halinchak o‘ynayotgan edim. U menga qarab qichqirdi. Men uning oldiga bordim. U mendan nimani xohlashini bilmas edim. U mening qo‘limdan ushlab hovlining eshigigacha yetaklab bordi. Men hansirab turar edim. Bir oz nafasim rostlandi. U bir oz suv olib mening yuzimni va sochimni artdi. So‘ngra hovliga kiritdi. Qarasam, uyda ansor ayollar o‘tirishibdi. Ular:

«Xayr-barakali bo‘lsin, rizqi ro‘zi ulug‘ bo‘lsin!» deyishdi.

Onam meni ularga topshirdi. Ular mening holimni to‘g‘rilashdi. Qarasam, choshgoh paytda oldimga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib keldilar. Ular meni u Zotga topshirdilar. Men o‘sha kunlarda to‘qqiz yoshli qiz edim».

Buxoriy rivoyat qilgan.

Urva roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Xadicha Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlaridan uch yil oldin vafot etdi. U Zot ikki yil yoki shunga yaqin turib turdilar. Keyin Oishani nikohlariga oldilar. U olti yoshli qiz edi. U bilan birga yashashni hijratdan keyin Shavvolda boshladilar. U o‘shanda to‘qqiz yoshli qiz edi»

Buxoriy rivoyat qilgan.

O‘sha kuni boshqa biror narsa ham bo‘lgani yo‘q. So‘yish ham so‘yilmadi. Dasturxon ham yozilmadi. Boshqa biror ish ham qilinmadi. To‘g‘ri, Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu o‘z odatlari bo‘yicha yuborib turadigan bir siqim narsalarini yubordilar. U kishi bir qadahda sut ham yuborgan edilar. O‘sha sutning bir ozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va qolganini Oisha onamizga tutdilar. U paytlarda boshqa narsaga iloj ham yo‘q edi. Ammo shunda ham agar buni to‘y deyish mumkin bo‘lsa, to‘y marosimi Oisha onamizning umr bo‘yi eslab yuradigan baxtli onlari bo‘lib qoldi. U kishining nazarida Shavvol oyi eng baxtli va barakali oy bo‘lib qoldi. Bu oy Oisha onamiz roziyallohu anho uchun aziz va mahbub oyga aylandi.

Abu Ubayd ibn Musanna aytadilar:

«Oisha onamiz roziyallohu anho o‘z qarindosh ayollarining to‘yi Shavvolda bo‘lishini mustahab sanar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Shavvoldan meni o‘z nikohlariga oldilar, Shavvolda men bilan birga yashashni boshladilar, u Zotning qay ayollari mendan ko‘ra nasibaliroq, der edilar».

Oisha onamiz roziyallohu anhoning mahrlari besh yuz dirham bo‘ldi.

O‘sha kundan boshlab, Oisha onamiz roziyallohu anho kelinlik uylarida istiqomat qila boshladilar. Bu kelinlik uyi Masjidi Nabaviyga yopishtirib qurilgan bir kichik hujradan iborat edi. Mazkur hujra xom g‘isht va xurmo yog‘ochidan qurilgan edi. Uyning anjomlari ham o‘ziga yarasha edi: ichiga xurmo qipig‘i solingan teri to‘shak, oddiy bo‘yra, eshikka esa jun parda tutilgan edi. Kelinning o‘zlari bo‘lsa, yengil jussali, jikkak qiz bo‘lib, ko‘zlari katta-katta, jamalak soch va qizil yonoqli edilar. Ammo bu kichik hujra ham, o‘sha kichik hujradagi kichik kelin ham butun dunyoga tatir edilar. Xuddi ana shu kichik hujra Alloh taoloning huzuridan vahiy nozil bo‘ladigan bir ulug‘ ma’voga aylandi. Xuddi ana shu kichik hujra Alloh taoloning qiyomatgacha mo‘‘jizasi bo‘lib qoladigan samoviy kitobi — Qur’oni Karimning ko‘pgina oyatlari tushadigan muqaddas makonga aylandi. Xuddi ana shu kichik hujrada Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan son-sanoqsiz hadisi shariflar vorid bo‘ldi, u Sunnatning asl manbasiga aylandi. Xuddi ana shu kichik hujradan Islom ta’limotlari Islom ummatiga taralib, u buyuk ta’limot markazlaridan biriga aylandi. Xuddi ana shu kichik hujra Islom ummatiga ko‘plab foydalar berdi, u ummatning markaziga aylandi. Xuddi ana shu kichik hujra ko‘plab Islom ulamolari to‘planib turadigan mashhur markazga ham aylandi. Xuddi ana shu kichik hujra butun olamga shar’iy ilmlarning teng yarimini tarqatadigan maxzanga ham aylandi.

Xuddi ana shu kichkina kelin shu kichik hujraga kirgan birinchi kundan boshlab, barcha ishlarni o‘z qo‘liga oldi.

Xuddi ana shu kichkina kelin shu kichik hujraga kirgan birinchi kundan boshlab, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga alohida sharoit yaratib, u Zotning mashaqqatlarini teng bo‘lisha boshladi.

Xuddi ana shu kichkina kelin shu kichik hujraga kirgan kundan boshlab, u yerda nozil bo‘ladigan har bitta oyati karimani yodlab, ahkomlarini anglab ola boshladi.

Xuddi ana shu kichkina kelin shu kichik hujraga kirgan kundan boshlab, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘ladigan har bitta hadisi sharifni yodlab ola boshladi.

Xuddi ana shu kichik kelinning shu kichik hujrasi boshqa hamma hujralar, imoratlar buzilib ketgan bir davrda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga va u Zotning ikki sohiblariga marqad bo‘lib turibdi.

Xuddi ana shu kichik kelinning butun umr bo‘yi faxrlanib yuradigan yana bir narsalari bor edi: u kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qiz hollarida tekkan birdan-bir zavjai mutohharalari edilar.

Imom Buxoriy Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Ey Allohning Rasuli, ayting-chi, agar bir vodiyga tushsangiz, unda bir (bargi) yeyilgan daraxt, bir (bargi) yeyilmagan daraxt bo‘lsa, tuyangizni qaysi birida boqar edingiz?» dedi.

«Yeyilmaganida», dedilar u Zot.

Ya’ni (Oisha) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zidan boshqa qiz olmaganlariga ishora qilmoqda».

Qiz bilan juvon orasidagi farqni vasf qilish borasida turli xalqlarda turli o‘xshatishlar ishlatiladi. Bu rivoyatda Oisha onamiz qiz bolani bargiga hech narsa tegmagan daraxtga, juvonni esa bargidan biror hayvon yeb ketgan daraxtga o‘xshatmoqdalar. Shu bilan birga, u kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan juvonga uylangandan ko‘ra qizga uylangan afzal ekanligi haqida tasdiq ham olmoqdalar.

Nabaviy lutf

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anhoga o‘sha paytda o‘zlariga xos sharoit yaratib berishga harakat qilar edilar. Ko‘pincha u Zot Oisha onamiz roziyallohu anhoning kichik yoshdaliklarini e’tiborga olib, u kishining darajalariga tushar edilar. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anhoga nabaviy lutf ko‘rsatar edilar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

 «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida qo‘g‘irchoq o‘ynar edim. Dugonalarim kelar edilar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tortinib qolar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni men tomon yo‘llab qo‘yar edilar».

 Muslim rivoyat qilgan.

Imom Ahmad va Imom Abu Dovud Oisha onamiz roziyallohu anhodan keltirgan rivoyatda quyi­dagilar aytiladi:

«Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam men bilan musobaqalashgan edilar, men u Zotdan o‘zib ketdim. Bir muddatdan so‘ng mening go‘shtim og‘irlashganda yana men bilan musobaqalashib, mendan o‘zib ketdilar va haligi bilan biru bir, dedilar».

Qarang, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anho bilan yugurish musobaqasi o‘tkazgan ekanlar. Bu yugurish musobaqasi o‘tgan paytda u Zotning yoshlari ellik uchdan o‘tgan edi. Keyingi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizdan o‘zib ketgan yugurish musobaqasida esa u Zotning yoshlari undan ham katta bo‘ladi.

Imom Buxoriy, Muslim va Nasaiy Oisha onamiz roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Abu Bakr kirganida, oldimda ansoriylarning qizlaridan ikki qizcha Buos kuni ansorlar aytgan narsani qo‘shiq qilib aytayotgan edilar. Ikkovlari qo‘shiqchi emasdilar. Shunda Abu Bakr:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylarida shaytonning nag‘masi bo‘lyaptimi?!» dedi. O‘sha kuni, Iyd kuni edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Ey Abu Bakr, har bir qavmning bayrami bor. Bu bizning bayramimizdir», dedilar.

Boshqa bir rivoyatda:

«Abu Bakr u(Oisha)ning oldiga Mino kunlarida kirganda uning huzurida ikki qizcha qo‘shiq aytar va duff (doira) chalar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa kiyimlariga burkanib uxlab yotar edilar. Abu Bakr ikkovi (qiz)­ni so‘kib to‘xtatdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlarini ochib:

«Tek qo‘y ularni, ey Abu Bakr, bu kunlar Iyd kunlari», dedilar», deyilgan.

Bu rivoyatda zikr qilingan ikki qizchaning biri Humoma, ikkinchisi Hasson ibn Sobitning qizi edi.

Buos Madina yaqinidagi bir joyning nomi bo‘lib, u yerda Avs va Xazraj qabilalari orasida urush chiqib, bir yuz yigirma yil davom etgan. Bu urushda Avs qabilasi g‘olib kelgan bo‘lsa ham, adovat uzoq davom etgan.

Faqat Islom kelganidan keyingina adovat ko‘tarilgan. Arablarning odati bo‘yicha o‘sha Buos urushida ikki taraf faxr uchun maqtanib baytlar ayt­gan. Mazkur baytlar xalq orasida keng tarqalgan. Rivoyatda zikri kelgan ikki qizcha ham o‘sha baytlarni yod aytishgan.

Ikkinchi rivoyatda «Mino kunlari» deyilishidan hodisa Qurbon iydi kunlari bo‘lib o‘tgani bilinadi.

Imom Buxoriy, Muslim va Nasaiy Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Iyd kuni edi. Qoralar qalqon va nayzalarni o‘ynashar edi. Yoki men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radim yoki u Zot:

«Tomosha qilishni xohlaysanmi?» dedilar.

«Ha», dedim.

U kishi meni orqalariga turg‘izdilar. Yuzim u kishining yuzlariga tegib turardi. U Zot bo‘lsalar:

«Ey Bani Arfidalar, davom etaveringlar», derdilar.

Bu hol, to men malol olgunimcha davom etdi. Keyin:

«Bo‘ldingmi?» dedilar.

«Ha», dedim.

«Ketaver», dedilar.

Boshqa bir rivoyatda:

«Habashiylar kelib, Iyd kuni masjidda sakrab raqs tusha boshladilar. Bas, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam meni chaqirdilar. Men boshimni u Zotning yelkalariga qo‘yib, ularning o‘yinlariga nazar sola boshladim. Bu hol o‘zim nazar solishdan qaytgunimcha davom etdi», de­yilgan.

Bani Arfida habashiylar nomi. Ularning katta bobolarining nomi Arfida bo‘lgan.

Imom Termiziy Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘tirgan edilar. Shovqin va bolalarning ovozini eshitdik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turdilar. Qarasak, bir habashiya childirma chalib, o‘yin tushmoqda. Atrofida bolalar.

«Ey Oisha, bu yoqqa kel, qaragin», dedilar u zot.

Borib, jag‘imni Rasulullohning yelkalariga qo‘yib u(habashiya)ga nazar sola boshladim. U Zot:

«To‘ymadingmi? To‘ymadingmi?» der edilar.

Men u Zotning huzurlarida o‘z manzilamni bilish uchun, yo‘q, der edim.

Birdan Umar paydo bo‘ldi. Odamlar u(habashiya)ning atrofidan qochib ketishdi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Men insu jinning shaytonlari Umardan qochganlarini ko‘rmoqdaman», dedilar.

Men qaytdim».

Bu hodisalarning barchasida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Oisha onamiz roziyallohu anhoning hollarini e’tiborga olganlari va u kishiga nabaviy lutf ko‘rsatganlarining guvohi bo‘lmoqdamiz.

Ifk

Xuddi shu jangdan qaytishda Ubay boshliq munofiqlar Oisha onamiz haqida «ifk» (bo‘hton) tar­qatishdi.

Gapni boshqa yoqqa burib, haqiqatdan chetga chiqish, yolg‘ondan uydirma to‘qish, bo‘hton va ig‘vo qilish arab tilida «ifk» deyiladi.

Munofiqlar Oisha onamizga nisbatan bo‘hton uyushtirishdi. Ularning bo‘htoniga ba’zi musulmonlar ham qo‘shilishdi. Orada katta fitna chiqdi. Oisha onamizni zino qilganlikda ayblay boshlashdi. U kishiga nisbatan uyushtirilgan ifk tamomila ig‘vo, bo‘hton, tuhmat va uydirmadan iborat edi.

U tarixda «Ifk hodisasi» nomi bilan mash­hur bo‘lib, tafsiloti barcha ishonchli masdarlarda Oisha onamiz roziyallohu anhoning o‘zlaridan rivoyat qilingan. U kishi bunday hikoya qiladilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarga chiqishni iroda qilsalar, xotinlari orasida qur’a tashlar edilar. Kimga qur’a chiqsa, uni o‘zlari bilan birga olib ketar edilar. Yurishlardan birida u Zot oramizda qur’a tashladilar. Menga tushdi. U kishi bilan safarga chiqdim. U vaqtda hijob farz bo‘lgan edi. Meni havdajda (ichiga odam tushadigan qilib to‘qilgan savat) ko‘tarib yurishar edi. Men uning ichiga tushib olar edim.

Rasululoh sollallohu alayhi vasallam o‘sha jang­laridan forig‘ bo‘lgunlaricha yurdik, so‘ngra ortga qaytdik. Madinaga yaqinlashganimizda, kechasi jo‘nash haqida jar chaqirildi. Jo‘nash haqi­dagi xabarni yetkazganlarida o‘rnimdan turib, askarlardan uzoqlashdim. Qazoi hojatdan qaytayotib, ko‘ksimni ushladim, qarasam, munchog‘im tushib qolibdi. Ortimga qaytib, uni izlay boshladim. O‘sha yerda ushlanib qoldim. Meni olib yuradigan kishilar kelib, havdajimni tuyamga ortishibdi. Ular meni havdaj ichida deb o‘ylashibdi. O‘sha vaqtda ayollar yengil bo‘lishar edi, go‘shtlari oz edi. Juda oz taom yer edik. Odamlar havdajni ko‘tarishganda, uning yengilligiga e’tibor berishmabdi. U vaqtda yoshim ham kichik edi. Ular tuyani joyidan qo‘zg‘atib jo‘nab ketaverishibdi. Munchoqni topdim. Ular turgan joyga keldim. Askarlar ketib bo‘lgan ekan. Ulardan biror kishi qolmabdi. O‘sha yerda qimirlamay turishga qaror qildim. Ular mening qolib ketganimni bilib qaytib kelishadi, deb o‘yladim.

O‘tirgan joyimda ko‘zim uyquga ilinibdi. Safvon ibn Mu’attal as-Silmiy askarlardan ortda qolgan va dam olib, kechroq jo‘nashni ko‘zlagan ekan.

(Imom Buxoriy rivoyatlarida askarlarning ortidan unutib qoldirilgan narsalarni yig‘ishtirib olib ketishga vazifador edi, deyilgan.)

Bas, u men turgan joyga kelibdi. Uxlayotgan odamning qorasini ko‘ribdi. Oldimga kelib, meni tanibdi. Meni tanib, istirjo’ aytganidan (ovoz chiqarib: «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un!» deganidan) uyg‘onib ketdim. Darrov jilbobim ila yuzimni to‘sdim. Allohga qasamki, u menga biror so‘z aytmadi. Men uning istirjo’idan bosh­qa hech bir so‘zini eshitmadim. U pastga tushib, tuyasini cho‘ktirdi. Tuyaning oldingi oyoqlarini juda pastlatdi. Men tuyaga mindim. U ulovini yetaklab yo‘lga tushdi. Shunday qilib, askarlarga yetib oldik. Ular kecha oxirida to‘xtab, manzilga tushgan ekanlar.

Mening to‘g‘rimda kim halokatga uchrasa, uchradi. Gunohning kattasini ko‘targan Ubay ibn Salul bo‘ldi.

Madinaga yetib keldik. Men u yerda bir oy kasal bo‘lib yotib qoldim. Odamlar ifk ahlining gap-so‘zlarini avj oldirishar, men esa hech narsani sezmas edim.

Kasallik paytimda meni shubhaga solgan narsa shu ediki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odatda kasal bo‘lgan chog‘larimda boshqacha lutf ko‘rsatar edilar. Endi bo‘lsa, «Anavuningizning holi qanday?» der edilar-u, qaytib chiqib ketardilar. Mana shu holat meni shubhaga solar edi. Tuzalgunimcha ham yomonlikni sezmabman.

Bir kuni Ummu Mistoh bilan qazoi hojat qiladigan joyga chiqdim. Unday joylarga faqat kechasi chiqar edik. U vaqtlarda tahoratxonalar qilgan emasdik. Arablarning eski odatlari bo‘yicha, devorlarning ostida qazoi hojat qilar edik.

Shunday qilib, men Ummu Mistoh bilan (u Abu Rahim ibn Muttolib ibn Abdu Manofning qizi, onasi Saxr ibn Omirning qizi, Abu Bakr Siddiqning xolalari) chiqib, hojatdan qaytib kelayotganimizda Ummu Mistoh kiyimini bosib olib, qoqilib ketdi va:

«Mistoh halok bo‘ldi!» dedi.

«Juda yomon gap aytding! Badrda ishtirok etgan odamni ham so‘kasanmi?!» dedim men unga.

«Ey azizam, uning nima deganini eshitganing yo‘qmi?!» dedi u.

«U nima dedi?» deb so‘radim.

U menga ifk ahlining gaplari haqida xabar berdi. Kasalimga kasal qo‘shildi. Uyga qaytganimda oldimga Rasululloh kirib:

«Anavuningizning holi qanday?» dedilar.

«Izn bersangiz, ota-onamning oldiga borsam», dedim.

O‘shanda ulardan xabarning haqiqatini bilmoqchi edim. Menga u Zot izn berdilar. Ota-onamning oldilariga bordim. Onamga:

«Ey onajon, odamlar nimalar deyishmoqda?» dedim.

«Ey qizginam, o‘zingni ortiqcha qiynama, Allohga qasamki, har bir ko‘zga yaqin ayolni eri yaxshi ko‘rsa-yu, kundoshlari ko‘p bo‘lsa, shunaqa gapni ko‘paytirib yuborishadi», dedi u kishi.

«Subhanalloh! Odamlar shu gaplarni gapirishdimi-ya?!» dedim.

Kechasi bilan yig‘lab chiqdim. Tong otguncha ko‘z yoshim to‘xtamadi, ko‘zimga uyqu ham kelmadi. Kunduzi ham yig‘lay berdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy kelavermaganidan keyin Ali ibn Abu Tolib va Usoma ibn Zaydni chaqirib, ahlidan ajrash haqida maslahat qildilar. Usoma Rasulullohga u Zotning ahlida hech qanday ayb ko‘rmagani va ularga nisbatan o‘zida muhabbat borligi haqida so‘zladi.

«Ey Allohning Rasuli, ular – sizning ahlingiz, Allohga qasamki, ular haqida faqat yaxshilikni bilamiz, xolos», dedi.

Ali ibn Abu Tolib bo‘lsa:

«Ey Allohning Rasuli, Alloh sizni siqib qo‘ygani yo‘q. Undan boshqa ayollar ham ko‘p. Joriyadan so‘rang, aytib beradi», dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Bariyrani chaqirib, undan:

«Ey Bariyra, unda shubhaga soladigan biror narsa payqadingmi?» deb so‘radilar.

«Yo‘q! Sizni Payg‘ambar qilib yuborgan Zot nomi ila qasamki, men unda ko‘rgan bitta ayb bor, u ham bo‘lsa, yoshi kichikligida xamirning oldida uxlab qolib, qo‘yga yegizib qo‘yardi, xolos», dedi u.

Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam borib, o‘sha kuni Ubay ibn Salulning uzr so‘rashini talab qildilar. U Zot minbarda turib:

«Menga ahlim xususida ozor yetkazgan odamdan kim uzr olib beradi? Allohga qasamki, men o‘z ahlimdan yaxshilikdan boshqa narsa ko‘rmadim. Batahqiq, menga faqat yaxshilik qilib yurgan odamni gap qilishdi. U mening ahlim huzuriga faqat men bilan kirar edi», dedilar.

Shunda Usayd ibn Huzayr roziyallohu anhu o‘rnidan turib:

«Ey Allohning Rasuli, Allohga qasamki, men undan uzr olib beraman. Agar u Avsdan bo‘lsa, bo‘ynini uzamiz. Agar u birodarlarimiz xazrajiydan bo‘lsa, nima amr qilsangiz, o‘sha amringizni bajaramiz», dedi.

Xazrajliklarning boshlig‘i Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu o‘rnidan turib:

«Yolg‘on gapirding! Allohga qasamki, uni o‘ldirmaysan va unga qodir ham emassan», dedi.

Bu gapni eshitgandan keyin Usayd ibn Huzayr roziyallohu anhu Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhuga bunday javob qaytardi:

«Sen yolg‘on gapirding! Allohga qasamki, albatta, uni o‘ldiramiz. Sen munofiqsan! Munofiqlarni himoya qilmoqdasan!»

Ikki qabila – Avs va Xazraj achchiqlanib, bir-birlari bilan urushib ketay dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa minbarda turib, ularni hovurlaridan tushirar edilar. Hammalari jim bo‘lgandan keyingina minbardan tushdilar.

O‘sha kunni ham yig‘lab o‘tkazdim. Ko‘zimdan yosh tinmadi, uyqum yana kelmadi. So‘ngra kechasi bilan ham yig‘lab chiqdim. Ko‘zimdan yosh quyilaverdi, uyqum ham kelmadi. Ota-onam oldimda edilar. Ikki kechayu bir kunduz yig‘ladim. Yig‘layverib, jigarim yorilib ketsa kerak, deb o‘ylagan edim.

Ota-onam oldida yig‘lab turgan chog‘imda ansorlardan bir ayol kirishga izn so‘radi. Unga izn berdim. U ham o‘tirib, menga qo‘shilib yig‘lay boshladi.

Biz shu holatda turganimiz ustiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib keldilar. O‘tirdilar. Mening haqimda gap-so‘zlar aytilgandan beri yonimga o‘tirmagan edilar. U kishiga bir oy mening ishim haqida vahiy kelmay turib qoldi. O‘tirganlaridan keyin tashahhud aytdilar va undan so‘ng:

«Menga sening haqingda shu-shu gap-so‘zlar yetdi. Agar sen aybsiz bo‘lsang, Alloh taolo, albatta, seni oqlaydi. Agar gunohga yaqinlashgan bo‘lsang, Allohga istig‘for ayt, unga tavba qil. Chunki banda gunohini e’tirof etib, tavba qilsa, Alloh taolo uning tavbasini qabul etadi», dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam gaplarini tamom qilishlari bilan ko‘zyoshim taqa-taq to‘xtadi. Otamga:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ayt­gan gaplari uchun javob bering», dedim. U kishi:

«Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nima deyishimni ham bilmayman», dedilar.

Keyin onamga:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplariga javob bering», dedim.

«Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nima deyishimni ham bilmayman», dedilar onam.

Men hali yosh edim, Qur’ondan ham ko‘p o‘qimasdim, o‘zim gap boshladim:

«Allohga qasamki, bilishimcha, mening haqimda odamlarning gaplarini eshitdinglar. U gaplar ko‘ksingizda joylashib qoldi. Unga ishondingizlar ham. Agar men sizlarga, men aybsizman, desam, bunga ishonmaysizlar. Agar men bir ishni e’tirof qilsam, Alloh bilib turibdi, men aybsizman, siz buni tasdiq etasiz. Allohga qasamki, men bilan siz hozir xuddi Yusufning otasiga o‘xshaymiz, u aytgan gaplarni eslang:

«(Mening ishim) go‘zal sabr qilishdir. Sizlar vasf qilayotgan narsada esa Allohning O‘zi yordam so‘ralguvchidir», dedim.

So‘ngra borib joyimga yotib oldim. Holbuki, o‘sha paytda Allohga qasamki, o‘zimning aybsiz ekanimni, albatta, Alloh meni oqlashini bilar edim. Lekin, Allohga qasamki, Alloh taolo mening haqimda tilovat etiladigan vahiy tushirishini gumon ham qilmagan edim. O‘zimcha, mening ishim Alloh taolo tilovat qiladigan narsaga arzimaydigan ish deb o‘ylardim. Lekin, o‘zimcha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir tush ko‘rsalar-u, o‘shanda Alloh meni oqlasa, derdim. Allohga qasamki, u Zot joylaridan qimirlamay, ahli baytdan birortasi tashqariga chiqmay turib, Alloh Payg‘ambariga vahiy nozil qildi. U Zot vahiy kelganda tushadigan holatga tushdilar. So‘ngra kulib, oddiy holatlariga qaytdilar. U Zotning birinchi aytgan gaplari menga:

«Ey Oisha! Allohga hamd ayt! U seni oqladi!» deyishlik bo‘ldi. Shunda onam menga:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o‘rningdan tur!» dedilar.

«Allohga qasamki, men u Zotga o‘rnimdan turmayman. Allohdan o‘zgaga hamd ham aytmayman. Mening oqlovimni nozil qilgan Zot Udir», dedim.

Alloh taolo ushbu o‘n oyatni nozil qildi.

«Albatta, ifkni keltirganlar o‘zingizdan bo‘lgan bir usba (to‘da)dir. Uni o‘zingizga yomonlik deb hisoblamang. Aksincha, u siz uchun yaxshilikdir. Ulardan har bir kishi uchun o‘zi qilgan kasb­ning gunohi bordir. Ulardan (gunohning) kattasini ko‘targan kimsaga buyuk azob bordir.

U(ifk)ni eshitgan vaqtingizda mo‘minlar va mo‘minalar o‘zlari haqida yaxshi gumonga borib: «Bu ochiq-oydin ifk-ku!» desalar bo‘lmasmidi?!

U(ifkchi)lar o‘sha(ifk)ga to‘rtta guvoh keltirsalar bo‘lmasmidi?! Bas, guvohlarni keltira olmagan chog‘da ana o‘shalar o‘zlari Allohning huzurida yolg‘onchidirlar.

Agar dunyoyu oxiratda sizlarga Allohning fazli, marhamati bo‘lmaganida, o‘zingiz ichiga sho‘ng‘igan narsa uchun sizni, albatta, buyuk azob tutar edi.

O‘shanda siz u(ifk)ni tillaringiz ila ilib olar, og‘zingiz ila o‘zingiz bilmagan narsani gapirar edingiz va u (ifk)ni o‘zingizga yengil sanardingiz. Holbuki, u Allohning nazdida buyukdir.

Uni eshitgan chog‘ingizda: «Bizga buni gapirmog‘imiz to‘g‘ri kelmas. O‘zing poksan! Bu katta bo‘htondir!» desangiz bo‘lmasmidi?!

Agar mo‘min bo‘lsangiz, hargiz u(ifk)ga o‘xshash narsaga qaytmasligingizni Alloh sizga va’z-nasihat qilur.

Alloh sizga oyatlarni bayon qilur. Va Alloh o‘ta biluvchi, o‘ta hikmatli Zotdir.

Albatta, iymon keltirganlar ichida fahsh tar­qalishini yaxshi ko‘radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir. Alloh biladi, sizlar bilmassizlar.

Agar sizlarga Allohning fazli, marhamati bo‘lmaganida… Va, albatta, Alloh o‘ta shafqatli va rahimli bo‘lmaganida…

Ey iymon keltirganlar! Shaytonning izidan ergashmang. Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, u fahsh va munkarga buyuradir. Agar sizlarga Allohning fazli va marhamati bo‘lmaganida abadul-abad ichingizdan biror kishi poklana olmas edi. Lekin Alloh O‘zi xohlagan kishini poklar. Alloh o‘ta eshituvchi, o‘ta biluvchi Zotdir».

Oisha roziyallohu anhu yana bularni aytadilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening ishim haqida Zaynab binti Jahshdan ham so‘ragan ekanlar.

«Ey Zaynab, nima bilgansan, nima ko‘rgansan?» deb so‘rabdilar.

«Ey Allohning Rasuli, uning haqida faqat yaxshilikni bilaman», debdi Zaynab.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollari ichida faqat Zaynabgina men bilan shuhrat talashar edi. Ammo taqvodorligi tufayli Alloh taolo uni saqladi. Ammo singlisi Hamna ifk egalari bilan birga halok bo‘ldi».

Tarixda «Ifk hodisasi» nomi ila mashhur bo‘lgan hodisaning tafsiloti mana shulardan iborat.

Dunyodagi eng pok ayollardan biri, eng vafoli yostiqdoshlardan bittasi, mo‘minlarning onasi, Sarvari Olamning suyukli jufti halollari, Siddiqning qizi siddiqa Oisha onamiz ifkka uchrab, gap-so‘z bo‘ldilar, o‘zlarining pokliklarini ochiq-ravshan bilib turganlariga qaramay, bu bo‘htondan yurak-bag‘rilari tilka-pora bo‘ldi. Ikki kechayu bir kunduz tinmay yig‘ladilar, agar Rasuli Akram kelib, gap boshlamasalar, Alloh biladi, yana qancha yig‘lar edilar.

Bu ifk Abu Bakr Siddiqdek sahobiyni, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning eng yaqin do‘stlarini ham parishon qildi. Jigargo‘shalari Oisha onamiz yig‘lab kelganlarida nima qilishni bilmay qoldilar. Holbuki, u kishi hammaga maslahat berib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib yurgan odam edilar. Oisha onamiz u kishiga murojaat qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplariga javob berishni so‘raganlarida, nima deyi­shimni bilmayman, dedilar.

Abu Bakr Siddiqning jufti halollari, Oisha onamizning volidai mehribonlari Ummu Rummonning holatiga qarang! Dard, alamda yonayotgan jigargo‘shasini ovutish uchun nima deyishini bilmay, kundoshi ko‘p xotin shunday bo‘ladi, dedilar. Holbuki, kundoshlar Oisha onamizning pokliklariga Allohning nomi bilan qasam ichib, guvohlik bermoqdalar. Qizini himoya qilishga shunchalik urinayotgan odam qizlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplariga javob qaytaring, desalar, nima deyishimni bilmayman, deganini qarang!

Tuhmat va bo‘htonga uchragan Safvon ibn Mu’attalni olaylik. U Rasuli Akramning eng ixlosli, fidoyi sahobalaridan biri. Ana o‘shanday toza, pok, taqvodor odam o‘zining Payg‘ambari, yo‘lboshchisi, ustozi, shafoatchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamning suyukli xotinlari bilan zino qilganlikda tuhmatga uchrab tursa!..

Shuning uchun ham chiday olmay, ifkka qo‘shilganlardan biri Hasson ibn Sobit roziyallohu anhuning boshiga qilich bilan urib, o‘ldirib qo‘yishiga sal qolgan.

Ali ibn Abu Tolibni, Usoma ibn Zaydni, Ummu Mistohni, Oisha onamizning yonlariga kirib qo‘shilib yig‘lagan ansoriy ayolni, Bariyrani, Zaynab binti Jahsh onamizni va boshqalarni qarang. Qanchalik tashvish, qanchalik kuyunish. Ha, Oisha onamizga qarshi uyushtirilgan ifk butun bir ummatni tashvishga solgan edi.

Tashvish chekayotgan ummatning boshida uning Payg‘ambari Muhammad mustafo sollallohu alay­hi vasallam turar edilar. Chunki bu ifk aslida Oishai Siddiqaga emas, Safvon roziyallohu an­huga ham emas, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, Sarvari Olamga, Rohmatan lil Olamiynga, Sayyidul Mursaliynga, Xotamun Nabiy­yinga qarshi qaratilgan edi.

Islom dushmanlari u Zotning oilalari orqali shaxslarini yomonotliq qilib, Islom dinini qoralamoqchi, unga futur yetkazmoqchi bo‘lishdi. U Zoti bobarakot nihoyatda qiyin bir holga tushdilar. Gap hammayoqqa yoyilib ketgan, uni rad qilish uchun juda ham kuchli dalil kerak. Lekin qani o‘sha dalil?

Buning ustiga, ba’zi musulmonlar, hatto Hasson ibn Sobit, Mistoh ibn Asosa kabi ko‘zga ko‘ringan odamlar ham ifkka qo‘shilmoqda. Alloh taolo tomonidan olamlarga rahmat qilib yuborilgan Zot bo‘htonga uchrab, nima qilishlarini bilmay turibdilar. Hali Usoma ibn Zayddan, hali Ali ibn Abu Tolibdan, hali Bariyradan, hali xotinlari Zaynab binti Jahshdan maslahat so‘ramoqdalar. Masjidda minbardan turib, odamlardan o‘z ahllari uchragan musibatda yordam so‘ramoqdalar. Qayinotalari, qa­yinonalari huzurlarida eng suyukli xotinlari Oisha onamizga, rostini ayt, gunohing bo‘lsa, tavba qil, Alloh tavba qilganni kechiradi, deb turibdilar. Boshqa vaqtda kelib turgan vahiy ham, mana, bir oy bo‘libdiki, tushmay qo‘ydi.

Ammo bu narsalar hammasi insoniy o‘lchovlar ichidagi holatlardir. Bu ishlarning hech biri hikmatdan xoli emas edi. Faqat hodisa shu qadar kutilmagan va shu qadar tahlikali va shu qadar olamshumul ediki, hamma o‘zini yo‘qotib qo‘ygan edi.

Nihoyat, barcha ishni hikmat ila qiladigan Alloh taoloning O‘zi aralashib, hammasini o‘z joyiga keltirdi. Yuqorida zikr etilgan o‘n oyatda Oisha onamizni oqladi. Hamma, hatto Oisha onamizning o‘zlari ham, menga oqlov tushdi, dedilar.

Lekin oyatlarda Oisha onamizning ismlari ham, sifatlari ham yoki birorta belgi ham zikr qilinmagan. Chunki shunga o‘xshash holatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida umumiy qoidalar bayon qilinmoqda. Chunki gap, avval aytilganidek, Oisha onamizning shaxslari ustida emas, Islom bilan Islom dushmanlari orasidagi kurash haqida ketmoqda edi.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning o‘zlari ke­yinchalik ifk hodisasi haqida so‘z ketganda iftixor bilan, mening uzrim osmondan tushgan, der edilar.

Bu haqiqatni hamma yaxshi bilar edi. Buyuk sahobiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Oishai Siddiqa uzri osmondan nozil bo‘lgan birinchi ayoldir, deb yurar edilar.

Alloh taoloning Oisha onamizni oqlab shuncha oyati karimalarni nozil qilishi u kishining sharafiga sharaf qo‘shdi. Bu oqlov Kalomullohga qo‘shildi. Uni mo‘min-musulmonlar qiyomatgacha tilovat qilib, tilovati ila ibodat qilib yuradigan bo‘lishdi.

 «Bu sizning birinchi barakangiz emas…»

Oisha onamiz roziyallohu anhoning sabablaridan Alloh taolo musulmon ummatiga qo‘pgina yaxshiliklar, jumladan, yengilliklar bergan vaqt­lar ko‘p bo‘lgan.

Imom Buxoriy Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga u Zotning safarlaridan biriga chiqdik. Bayda yoki Zotul Jayshda ekanimizda munchog‘im uzilib ketdi. Uni axtarish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turib qoldilar. U kishi bilan birga odamlar ham turib qolishdi. Ularning suvlari yo‘q edi. Odamlar Abu Bakr­ning oldiga borib:

«Oishaning nima qilganini ko‘rmaysanmi?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni va u Zzot bilan birga odamlarni ham tutib qoldi-ku! Odamlar suvi bor joyda ham emaslar, o‘zlari bilan suvlari ham yo‘q», dedilar.

Abu Bakr kelganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sonimga boshlarini qo‘yib uxlab qolgan edilar. Bas, u (Abu Bakr) menga:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni va odamlarni tutib qolding. Ular suv bor joyda ham emaslar, ular bilan suvlari ham yo‘q», dedi.

Abu Bakr meni itob qilib, Alloh nima deyishini xohlagan bo‘lsa, o‘shani dedi va qo‘li bilan biqinimga turta boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sonimga boshlarini qo‘yib yotganlarigina meni qimirlashdan man qilar edi. U Zot ham uxlab turib, suvsiz bo‘lib qoldilar.

Bas, shunda Alloh tayammum oyatini nozil qildi.

«Bas, pok tuproq ila tayammum qilinglar», dedi. Usayd ibn Huzayr (u naqiblardan biri edi):

«Ey Oli Abu Bakr, bu sizning birinchi barakangiz emas», dedi.

Oisha aytadilar:

«So‘ng men mingan tuyani turg‘izgan edik, munchog‘imni o‘shaning tagidan topdik.

Alloh musulmonlarga ruxsatni bergandan keyin otam:

«Allohga qasamki, ey qizim, sening bunchalik muborak ekaningni bilmagan ekanman. Alloh sen musulmonlarni tutib qolganing uchun ularga qanchalar baraka va osonlik berdi-ya!» dedi».

Oisha onamizning munchoqlari tushib qolgan Bayda yoki Zotul Jaysh nomli joylar Madinai Munavvara bilan Makkai Mukarrama orasidagi ma’lum joylardir.

Ushbu hodisa bilan tanishar ekanmiz, saodat zamonida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshliq sahobai kiromlar hayotidan, o‘sha o‘xshashi yo‘q ajoyib jamiyatning o‘rnakli hayotidan bir lavhaning shohidi bo‘ldik. Bu ulug‘ hayot sodda va kamtarona ham edi.

Oisha onamizning munchoqlari tushib qolib, oxirgi zamon Payg‘ambari boshliq butun boshli bir askarni to‘xtatib qolgan, ularni mashaqqatga solgan munchoqlari o‘n ikki dirham (tiyin) qiymatga ega bo‘lib, uni hazrati Oisha opalari Asma roziyallohu anhodan qarzga olib taqqan edilar. Lekin xuddi ana shu o‘n ikki dirhamlik munchoq musulmonlarga qiyomat kunigacha osonlik yaratuvchi hukm – tayammum haqidagi Qur’on oyatining nozil etilishiga sabab bo‘ldi.

Ha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlaridagi Islom jamiyati hayoti ana shundoq ajoyib hayot edi. Bu hayotga Alloh taoloning O‘zi aralashib, goho Rasuli orqali, goho Qur’on orqali tuzatishlaru yo‘llanmalar yuborib turar edi.

Yo‘qolgan munchoq ham, bir sahobiyning xatosi ham olamshumul ahamiyatga molik ishga aylanib ketishi hech gap emas edi.

Buning ustiga Islom jamiyatining ayol kishiga bo‘lgan ehtiromini qarang! O‘n ikki dir­hamlik munchoq uchun qanchalik ishlar bo‘lib ketdi. Oisha onamizga bo‘lgan bu hurmat Payg‘ambarning xotini bo‘lganlari uchun, erlarining mavqe’lari uchun, sahobalar tomonidan bo‘layotgan tilyog‘lamachilik yoki xushomad emas edi. Balki ko‘pchilikning chin qalbdan qilayotgan ehtiromi edi.

Ba’zi kishilarning Oisha onamiz ustilaridan u kishining otalari Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga shikoyat qilishlari shuni ko‘rsatib turibdi. Ya’ni norozi bo‘laman, shikoyat qilaman, deganlarga yo‘l ochiq edi. O‘sha shikoyat qilgan kishilarga hech kim bir narsa demagani fikrimiz to‘g‘ri ekaniga dalildir.

Mazkur oddiy va sodda, pok va oliy, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning boshchiliklaridagi, sahobalarning ishtiroklaridagi va eng muhimi, Alloh taoloning aralashuvidagi namuna bo‘larli hayot o‘zining barcha baland-pasti bilan Qur’onning hayotga tatbiqi va qiyomatgacha mo‘min-musulmonlarga o‘rnak bo‘lishi, turli hukm­lar va hikmatlar kelib chiqishi bilan ahamiyatli edi.

Oisha onamiz roziyallohu anho ana o‘shandoq hayotning qoq markazida edilar.

U kishining ana o‘sha ajoyib hayot markazida ekanliklari gohida musulmonlar uchun katta foyda keltiradigan hukmlar tushirilishiga ham sabab bo‘lar edi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hajga borganlarida Oisha onamiz roziyallohu anho ham birga edilar. U kishi yo‘lda hayz ko‘rib qolganlar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oldilariga kirganlarida yig‘lab o‘tirganlarini ko‘rib hol so‘raganlar. U kishi, bu yil hajga kelmasam ham bo‘lar ekan, deganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam gap nimada ekanini darhol anglab, hayz ko‘rib qolgan bo‘lsang kerak, deganlar.

Tasdiq javobini olganlaridan keyin Oisha onamiz roziyallohu anhoga tavofdan boshqa hamma amallarni ado qilaverishni amr qilganlar va pok bo‘lganlarida tavof qilib olishlari mumkinligini aytganlar.

Mana shu hukmga hozirgacha amal qilib kelinmoqda.

Haj amallari tamom bo‘lgandan keyin Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga arz qilib, barcha odamlar ham haj, ham umra qilganlarida men faqat haj qilibgina ketamanmi, deganlar. Shunda u Zot Oisha onamiz roziyallohu anhoga Tan’im nomli yerga chiqib niyat qilib, umra qilib olishni amr qilganlar. Bu ishni bajarishda u kishiga ukalari Abdurrohman ibn Abu Bakr yordamchi bo‘lishini tayinlaganlar. Abdurrohman ibn Abu Bakr roziyallohu anhu Oisha onamizni Tan’imga olib chiqib, umra qildirgan.

Ushbu amalni hozirgi kunda ko‘plab nafl umra qiluvchi musulmonlar amalga oshirishadi.

Ushbu va bunga o‘xshash boshqa amallarning hammasi Oisha onamiz roziyallohu anhoning sabablari bilan shariatimizga kirib qolgan.

O‘zaro buyuk muhabbat

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Oisha onamiz roziyallohu anhoning o‘rtalaridagi o‘zaro muhabbat ajoyib bir holatda edi. O‘sha payt­ni vasf qilgan kitoblardagi rivoyatlarni o‘qir ekanmiz, bu nafis holatdan zavqlanmay ilojimiz yo‘q.

Oxirgi zamon Payg‘ambari bo‘lmish Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan u Zotning mahbuba zavjai mutohharalari Oisha onamiz roziyallohu anhoning oralaridagi o‘zaro muhabbat keng ma’nodagi bo‘lib, uni atroflicha mulohaza qilish va o‘rnak olish lozim.

Albatta, bu ma’nolarni to‘liq anglashimiz uchun rivoyatlarga murojaat qilamiz.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga:

«Albatta, sen mendan qachon rozi bo‘lsang ham bilaman. Mendan qachon achchiqlangan bo‘lsang ham bilaman», dedilar.

«Uni qaerdan bilasiz?» dedim.

«Qachon mendan rozi bo‘lsang, Muhammadning Robbisi ila qasamki, undoq emas!» deysan. Qachon achchiqlangan bo‘lsang, Ibrohimning Robbisi ila qasamki, undoq emas!» deysan», dedilar.

«To‘g‘ri! Allohga qasamki, ey Allohning Rasuli, ismingizdan boshqani hijron etmayman», dedim».

Muslim rivoyat qilgan.

Mana shu hadisi sharifda ikki tarafning bir-birlariga nozik qarashlari va iltifotlari ochiq bayon etilmoqda.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anhoning gaplaridagi bir og‘iz so‘zning o‘zgarishidan u kishining ruhiyatidagi kulliy o‘zgarishni anglaganlar.

Oisha onamiz roziyallohu anho bo‘lsalar ana o‘sha o‘zlaridagi o‘zgarishni juda noziklik bilan yuzaga chiqarganlar.

Ikki taraf bir bo‘lganda esa bir-birlariga ochiq aytganlar.

Oisha onamiz roziyallohu anho o‘z navbatlarida, ya’ni o‘zlariga ajratilgan vaqtda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan hech ajrashni istamas edilar. Agar biror sababga ko‘ra u Zotdan ajrab qolsalar, izlashga tushar edilar.

Imom Muslim, Termiziy, Nasaiy va Abu Dovud Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘rinda yo‘qotib qo‘ydim. Izlasam, qo‘lim oyoqlarining ostiga tegdi, u Zot sajdagohda ekanlar, ikki oyoqlari tik turgan ekan. O‘zlari bo‘lsa:

«Allohumma a’uzu birizoka min saxatika va bimu’ofotika min uqubatika, a’uzu bika minka, laa uhsiy sino’an alayka. Anta kama asnayta ala nafsika», der edilar».

Bu rivoyatda uxlab yotgan Oisha onamiz roziyallohu anho ko‘zlarini uyqudan ochganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning joylarida yo‘qligini sezib, izlashga tushganlari bayon etilmoqda.

Ibn Moja, Termiziy va Ahmad rahmatullohi alayhilar Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni kechalardan birida yo‘qotib qo‘ydim. So‘ng u Zotni izlab chiqdim. Qarasam, u Zot Baqiy’da boshlarini osmon tomon ko‘tarib turgan ekanlar:

«Ey Oisha, Alloh va Uning Rasuli sendan chetlashidan xavf qildingmi?», dedilar.

«Siz ba’zi ayollaringizga borgansiz, deb gumon qiluvdim», dedim.

«Albatta, Alloh Sha’bonning yarimidagi kechada dunyo osmoniga tushadi va Kalbning qo‘ylari juni adadidan ko‘proqni mag‘firat qiladi», dedilar.

Bilamizki, «Baqiy’» – Madinai Munavvaradagi mashhur qabriston. Bu qabriston bilan Oisha onamizning hujralari orasida bir oz masofa bor. U kishi yarim kechadan so‘ng Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni izlab borishlari oradagi muhabbatning alomati bo‘lmasa, nima bo‘lishi mumkin edi?

Imom Abu Dovud rahmatullohi alayhi Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladi:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam misvok qilar va misvokni yuvishim uchun menga berar edilar. Men darhol avval o‘zim misvok qilar va so‘ngra uni yuvib, u zotga berar edim».

Bu hadisi sharifda Oisha onamiz roziyallohu anho misvok borasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir odatlarini bayon qilmoqdalar. Bu ko‘proq oilaviy sharoitda bo‘ladigan holat bo‘lib, uni aynan Oisha onamiz rivoyat qilishlari juda ham tabiiydir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak og‘iz va tishlarini tozalab bo‘lganlaridan keyin, tish tozalagich (misvok)ni yuvib qo‘yishni odat qilgan ekanlar. Bu hol ham shaxsiy pokizalikka kiradi.

Inson tishini va og‘zini tozalaganda unga og‘izdagi narsalar ilashadi. Ana o‘sha narsalardan misvokni tozalab qo‘yish kerak. Chunki ular misvokda qolsa, zarar keltiradi.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan cheksiz muhabbat va hurmatlari shu yerda yana bir bor yaqqol namoyon bo‘lmoqda. U Zotdan misvokni olib, darhol o‘zlari misvok qilgach, so‘ngra yuvishlari shuni ko‘rsatadi.

Albatta, bu buyuk muhabbat samarasidan bo‘lak narsa emas.

Gohida ana shu buyuk muhabbat qattiq sinovlarga uchragan. Agar aytish joiz bo‘lsa, bu sinovga Alloh taoloning O‘zi ham aralashgan. Avval o‘sha sinov haqida ma’lumot olaylik, keyin biror narsa dermiz.

Imom Ahmad ibn Hanbal bu haqda Jobir roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladilar:

«Abu Bakr roziyallohu anhu Rasululoh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirish uchun kelganlarida odamlar u Zotning eshiklari oldida turishgan edi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ichkarida o‘tirgan edilar. Abu Bakr roziyallohu anhuga izn berilmadi.

So‘ngra Umar roziyallohu anhu keldi. Izn so‘radilar, unga ham izn berilmadi. Keyin Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumoga izn berildi, ular ichkariga kirdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jim o‘tirardilar. Umar roziyallohu anhu (o‘zicha) bir gap qilay, shoyad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xursand bo‘lsalar, deb:

«Ey Allohning Rasuli, Zaydning qizi (Hazrati Umarning xotini) hozirgina mendan nafaqa so‘ragan edi, bo‘yniga boplab tushirdim!» dedilar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam kulib yubordilar, tishlari ko‘rinib ketdi. So‘ngra:

«Manavilar ham atrofimni o‘rab olib, nafaqa so‘rashmoqda», dedilar.

Abu Bakr roziyallohu anhu Oishani urgani o‘rinlaridan turdilar.

Umar roziyallohu anhu Hafsani urgani turdilar. Ikkovlari ham:

«Rasulullohdan u kishining huzurlarida yo‘q narsani talab qilasizlarmi?» deyishdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni qaytardilar. Shundan so‘ng «xiyor» deb nomlangan ushbu ikki oyat nozil bo‘ldi:

«Ey Nabiy, jufti halollaringga: «Agar bu dunyo hayotini va uning ziynatini iroda qilsangiz, kelinglar, sizlarni bahramand qilay va chiroyli bo‘shatish ila bo‘shatib qo‘yay», deb ayt.

Ya’ni, hayoti dunyo matohlaridan keragini beray-da, sizlarni taloq qilay.

«Agar Allohni va Uning Rasulini va oxirat diyorini iroda qiladigan bo‘lsangiz, bas, albatta, Alloh sizlardan go‘zal amal qilguvchilarga ulug‘ ajrni tayyorlab qo‘ygan», deb ayt».

Ushbu ikki oyatdagi buyruqqa binoan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam har bir ayollaridan yoki bu dunyo hayoti va uning ziynatini, yoki Alloh, Uning Rasuli va oxiratni ixtiyor qilishini so‘rab chiqishlari kerak edi.

U zoti bobarakot bu ishni Oisha onamizdan boshladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anhoga:

«Men senga bir ishni aytaman. Shoshilmasdan, ota-onang bilan maslahat qilib javob bergin», dedilar.

Oisha onamiz:

«U qanday narsa?» dedilar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

«Ey Nabiy, jufti halollaringga» oyatini o‘qib berdilar.

Oisha onamiz:

«Siz haqingizda ota-onam bilan maslahat qilamanmi?! Yo‘q! Men Allohni va Uning Rasulini ixtiyor qilaman. Sizdan iltimos, nimani ixtiyor qilganimni boshqa xotinlaringizga aytmasangiz», dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Alloh taolo meni qo‘pol qilib emas, muallim va yengillatuvchi qilib yuborgan, ulardan kim sening nimani ixtiyor qilganingni so‘rasa, aytib beraman», dedilar.

Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barcha jufti halollariga ikki ixtiyordan birini tanlashga izn berdilar, hammalari Oisha onamiz tanlagan narsani tanladilar.

Oisha onamiz roziyallohu anho esa Allohni va Uning Rasulini ixtiyor qilgan edilar. Ana shundoq nozik bir paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ixtiyor qilish haqidagi so‘rovni Oisha onamizdan boshlaganlari bejiz emas. U zot Oisha onamizdan, albatta, ijobiy javob chiqishi va bu javob boshqa onalarimizga ham o‘z ta’sirini qo‘rsatishiga ishonganlaridan shundoq qilgan bo‘lsalar ajab emas.

Bu yerda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Oisha onamiz roziyallohu anhoning oralaridagi o‘zaro buyuk muhabbat barcha Islom ummatiga xayr-baraka kelishiga sabab bo‘ldi, desak, zarracha mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Ziyrakliklari

Oisha onamiz roziyallohu anho juda ham ziyrak inson edilar. U kishining ziyrakliklari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shanlariga oid ishlarda yana ham hassoslashib ketar edi. Buni Oisha onamiz roziyallohu anhoning yahudiylarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarshi ishlatgan hiylalarini fahmlab qolib, ularning dodini berganlaridan bilib olsa ham bo‘ladi.

Muhaddislardan Ibn Abu Hotim Oisha onamizdan bunday rivoyat qiladilar:

«Payg‘ambar alayhissalom huzurlariga yahudiylar kirib kelib:

«As-somu alayka, ey Abul Qosim!» (Ya’ni, senga o‘lim bo‘lsin) dedilar.

Oisha onamiz ularga:

«Va alaykum as-somu», dedilar.

Shunda Payg‘ambar alayhissalom:

«Hoy Oisha! Alloh taolo fahsh so‘zlarni xush ko‘rmaydi», dedilar.

Oisha:

«Ularning as-somu alayka (senga o‘lim bo‘lsin) deganini eshitmadingizmi?» dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Mening «va alaykum» (sizlarga ham), deganimni eshitmadingmi?» dedilar».

Yahudiylar har bir narsada hiyla ishlatib, Rasulullohga va musulmonlarga yomonlik qilishning payida bo‘lardilar. Hatto ular salomlashish paytida ham «As-salomu alaykum» (sizga tinchlik bo‘lsin) deyish o‘rniga tillarini burib, «As-somu alaykum (sizga o‘lim bo‘lsin)» deb sezilmaydigan qilib aytishardi.

Oisha onamiz roziyallohu anho ziyraklik qilib ularning o‘z gaplarini o‘zlariga qaytargan edilar.

Ishonchli dardkash

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘pgina dardlarini Oisha onamiz bilan bahamlashar edilar. Oisha onamiz u zotning ishonchli dardkashi edilar.

Imom Buxoriy va Muslim rahmatullohi alay­him Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Bani Zurayq yahudiylaridan Lubayd ibn A’sam ism­li bir yahudiy sehrladi. Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir narsani qilganlikni xayol qilar edilar, ammo qilmasdilar.

Nihoyat, bir kuni yoki bir kechasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qildilar. So‘ngra yana duo qildilar. So‘ngra yana duo qildilar. Ke­yin:

«Ey Oisha, sezdingmi? Alloh men U zotdan fatvo so‘ragan narsam haqida fatvo berdi. Huzurimga ikki kishi keldi. Ulardan biri bosh tarafimga, boshqasi ikki oyog‘im tarafida o‘tirdi. Bas, boshim tarafdagi ikki oyog‘im tarafdagiga yoki ikki oyog‘im tarafdagi boshim tarafdagiga:

«Bu kishining dardi nima?» dedi.

«Sehrlangandir», dedi unisi.

«Uni kim sehrladi?» dedi.

«Lubayd ibn A’sam», dedi unisi.

«Nima ila?» dedi.

«Taroqqa, taraganda tushgan sochga va erkak xurmodan qilingan idishga», dedi unisi.

«U narsa qaerda?» dedi.

«Zu Arvon qudug‘ida», dedi unisi.

Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan bir guruh odam ila o‘sha yerga bordilar. Keyin (qaytib kelib):

«Ey Oisha, Allohga qasamki u(quduq)ning suvi hinoning ivitilganiga o‘xshab ketibdi. U yerdagi xurmolar xuddi shaytonlarning boshlariga o‘xshaydi», dedilar.

«Ey Allohning Rasuli, uni kuydirib yuborganingizda edi», dedim.

«Yo‘q. Ammo menga Alloh ofiyat berdi. Odamlarga biror yomonlik qo‘zimasin, dedim. Amr qildim, uni ko‘mishdi», dedilar.

Bu hodisa haqida shunga o‘xshash boshqa rivoyatlar ham bor. Ularda bu yerda zikr qilinmagan boshqa tafsilotlar ham zikr qilingan. Shuning­dek, bu rivoyat va unda zikr qilingan hodisa haqida turli ixtiloflar ham bor.

Ba’zi kishilar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sehr ta’sir qilsa payg‘ambarliklariga futur yetib qolmaydimi, degan mulohazalarni ham qilganlar.

Muhaqqiq ulamolarimiz, sahih hadislarda sobit bo‘lgan narsa inkor qilinmaydi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan sehr qilinganligi ma’lum va mashhur, lekin u zotga qilingan sehr payg‘ambarliklariga futur yetkazmaganligi ham sobit, deganlar.

Bizga bu o‘rinda kerak joyi Oisha onamiz roziyallohu anhoning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga dardkash bo‘la olish fazllaridir.

Vidolashuv

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hajdan zulhijja oyidan besh kun qolganda qaytib keldilar. Yangi, o‘n birinchi hijriy yilning birinchi oyi Muharram ham o‘tdi. Safar oyining oxiriga kelib, dushanba kuni xastaliklari boshlandi.

Olamlarning sarvari, oxirgi zamon Payg‘ambari Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning bemorliklari og‘irlashib qolganda onalarimizdan Oisha onamiznikida qolishga ijozat so‘radilar. Ular ijozat berishdi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bemor bo‘lganlarida ayollari orasida navbat ila aylandilar. U zot:

«Men ertaga qaerda bo‘laman? Men ertaga qaerda bo‘laman?» der va Oishaning uyiga oshiqar edilar. Mening kunim bo‘lganda sokin bo‘ldilar».

Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan. Uning lafzida:

«Mening kunimni izlab, men bugun qaerdaman, men ertaga qaerda bo‘laman?» der edilar. Oishaning kuni kech kelayotgandek tuyular edi u zotga. Mening kunim bo‘lganda Alloh u zotni ko‘ksim bilan bo‘ynim orasida qabz qildi».

Ushbu rivoyatda bemor chog‘larida ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anhoning huzurlarida bo‘lishga qanchalar oshiqqanlari ravshan ko‘rinib turibdi. U zot Oisha onamiz roziyallohu anhoning hujralariga yetib kelishlari bilan ko‘ngillari o‘rniga tushib tinchlandilar.

Ana shu vaqtdan boshlab Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bemorliklariga asosan Oisha onamiz roziyallohu anho qaray boshladilar. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafot etishlaridan oldingi holatlari, gap-so‘zlari Oisha onamiz roziyallohu anho tomonidan rivoyat qilinadi. Bularning barchasi u kishining fazllari ro‘yxatiga yozilishi turgan gap.

Imom Buxoriy Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning menga suyanib turib:

«Ey bor Xudoyo! Meni mag‘firat qilgin. Menga rahm qilgin. Meni rafiqqa yetishtirgin», deganlarini eshitdim».

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu duolarni xastaliklari davrida, Oisha onamiz roziyallohu anhoning hujralarida yotganlarida qilganlar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning «meni rafiqqa yetishtirgin» deganlaridagi rafiqdan murod, farishtalarning oliy to‘plamidir. Ular Rafiqi A’lo deyiladi.

Ammo bundan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bemorlik paytlarida o‘zlariga o‘lim tilagan ekanlar, degan xulosaga kelmaslik lozim. O‘ziga o‘lim tilash joiz emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nojoiz ishni zinhor qilmaganlar. Bu yerdagi gaplarining ma’nosi, vaqti-soati yetib vafot etganimda meni Rafiqi A’loga yetishtirgin, degan istakdir.

Imom Buxoriy, Muslim va Termiziylar Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemor bo‘lib, og‘irlashib qoldilar. Bas, u zot:

«Abu Bakrga amr qilinglar, odamlarga namozga o‘tsin», dedilar.

«U yumshoq odam, agar sizning maqomingizga tursa odamlarga namoz o‘qib bera olmaydi», dedi Oisha.

«Abu Bakrga amr qilinglar, odamlarga namozga o‘tsin», dedilar u zot. U yana o‘z gapini qaytardi.

«Abu Bakrga ayt. Odamlarga namoz o‘qib bersin. Albatta, siz(ayol)lar Yusufning sohibalarisiz», dedilar u zot.

Bas, unga xabar keldi va u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotliklarida odamlarga namozga o‘tdi».

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu ko‘ngli yumshoq, namozda ko‘p yig‘laydigan kishi edilar.

Bu holni yaxshi bilgan qizlari Oisha onamiz, mazkur vasf sohibi bo‘lgan otalari hazrati Abu Bakrning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning maqomlarida turib namozga o‘tishlari maqsadga muvofiq bo‘larmikan, degan mulohazaga keldilar va bu mulohazani u zotga aytdilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xuddi Oisha onamizning gaplarini eshitmagandek, yana avvalgi gaplarini takrorladilar.

Oisha onamiz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bemorlik tufayli gapimni yaxshi eshitmadilar deb o‘ylab, o‘zlarining avvalgi gaplarini takrorladilar.

Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mazkur ishni Oisha onamizning o‘zlariga topshirdilar. Sen, Abu Bakrga ayt, odamlarga namoz o‘qib bersin, dedilar.

Shu bilan birga, ayollarda shunga o‘xshash tasarruf oldindan borligini eslatib, «Albatta, siz ayollar Yusufning sohibalarisiz», dedilar.

Yusuf alayhissalomning qissalarida ayollarning turli tasarruflari haqida so‘z ketgan. Jumladan, Misr Azizining xotini va uning tasarruflari bayon qilingan. Chunki o‘sha ayol zohirda bir ishni qilib, botinda boshqa narsani ko‘zlagani bor. U zohirda uyiga ayollarni chaqirib, mehmon qiladi. Ammo aslida ularga Yusuf alayhissalomni ko‘rsatib, hayron qilmoqchi bo‘ladi.

Oisha onamiz roziyallohu anho ham bu maqomda, Abu Bakr yumshoq ko‘ngil, demoqdalar, ammo aslida u imom bo‘lsa, odamlar tarqab ketarmikan, degan gap bor edi.

Imom Muslim Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Men hech bir nabiy dunyo va oxiratdan birini tanlash ixtiyoriga qo‘yilmaguncha o‘lmasligini eshitib yurar edim. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan oldingi xastaliklarida ovozlari xirillab qolganda:

«Alloh ne’mat bergan nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birga. Ular qandoq ham yaxshi rafiqlar!» deganlarini eshitdim. Ana o‘shanda, u zotga ixtiyor qilish vaqti kelganini angladim».

Imom Buxoriy va Muslim Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sog‘lik chog‘larida:

«Hech bir nabiy jannatdagi o‘z o‘rnini ko‘rmay turib, ixtiyoriga qo‘yilmay turib, zinhor qabz qilinmagan», der edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlariga (o‘sha holat) kelganda, boshlari sonimda turganda u zot bir muddat hushlaridan ketdilar. So‘ngra ko‘zlarini ochib shift­ga tikildilar va:

«Ey bor Xudoyo! Rafiqi A’loga», dedilar. Shunda «u zot bizni ixtiyor qilmayotirlar», dedim va sog‘lik vaqtlarida zikr qilgan gaplarini nimaligini bildim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so‘zlagan oxirgi so‘z:

«Ey bor Xudoyo! Rafiqi A’loga», deyishlari bo‘ldi».

Buxoriy Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«U zotning oldilarida suvli bir meshcha yoki kosa bor edi. U zot qo‘llarini suvga solib, yuzlariga surta boshladilar va:

«Laa ilaha illalloh. Albatta, o‘limning sakaroti bor», der edilar. Keyin qo‘llarini tik qilib, Rafiqi A’loga, deya boshladilar. Oxiri qabz bo‘lib, qo‘llari osilib tushdi».

Bu deganlari men A’lo Rafiqqa, Allohning huzuriga ketmoqdaman, deganlari edi. Shuning uchun ham Pay­g‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan «o‘lim» va «vafot» so‘zlari o‘rniga tushungan doiralarda «Rafiqi A’loga intiqol qildilar» istilohi ishlatiladi.

U zot ana shundoq holatda turganlarida qabzi ruh qilindilar, qo‘llari pastga tushdi. Odam bolasining afzali, payg‘ambarlarning oxirgisi, olamlarning Sarvari bo‘lgan zot ana shu tariqa foniy dunyodan boqiy dunyoga o‘tdilar.

Bu hodisa hijriy o‘n birinchi sana o‘n ikkinchi Rabiul avval, dushanba kuni zavoldan ke­yin bo‘ldi. O‘shanda u zoti bobarakotning yoshlari oltmish uchda edi.

Oisha onamiz roziyallohu anho niyatlariga yarasha oxirigacha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muhabbatlari va xizmatlarida bo‘ldilar.

Ilm dengizi

Oisha onamiz roziyallohu anhoga nisbatan ilm dengizi degan iborani ishlatsak bo‘ladimi, deb bir oz o‘yladik ham. Ammo bu o‘ylanish, u kishi bu nomga loyiqmilar yoki yo‘qmi, degan ma’noda emas, balki bu nom u kishiga munosibmikan, degan mulohaza ila bo‘ldi. Oxiri Oisha onamiz roziyallohu anhoning ilmning cheksiz ummoni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ilmlaridan suv ichganlarining e’tiboridan bu istilohni sarlavha qilib oldik.

O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, ilm dengizi bo‘lishi uchun faqat ummon yonida bo‘lish yoki undan suv ichishning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki o‘sha ilmni qabul qilib olib, uni dengizga aylantirish qobiliyati ham bo‘lishi zarur. Oisha onamiz roziyallohu anhoda ana o‘sha shartlarning hammasi mavjud edi.

Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida bo‘lishlari bilan birga yosh, o‘tkir zehnli, kuchli hofizali, yuksak farosatli va ilmga o‘ch zot edilar. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan turli masalalarni so‘rab charchamas edilar.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

«Mening ummatimdan kimning ikkita farati bo‘lsa, Alloh uni o‘shalar tufayli jannatga kiritadi», dedilar.

«Sizning ummatingizdan bitta farati, bo‘lgan odam-chi?» dedi Oisha.

«Bitta farati bor odamni ham, ey muvaffaq qilingan», dedilar.

«Sizning ummatingizdan farati bo‘lmagan odam-chi?» dedi Oisha.

«Men ummatimning faratiman. Hech mening­ (vafotim)ga o‘xshash musibatga uchramaslar», dedilar.

«Farat» deb arab tilida bir guruh otliqlardan oldin borib, ularning kelishlariga dam oladigan joyni tayyorlab turuvchiga aytiladi.

Ota-onadan oldin vafot etgan yosh bolalarni «farat» deb nomlanishini o‘sha bolaning ularga jannatdan joy tayyorlashini ko‘zda tutib aytilgan.

Bizning tilimizda ham diniy ma’lumotlari bor doiralarda «farat» so‘zi o‘z ma’nosida ishlatilib kelingan. Falonchining bolasi farat bo‘libdi, de­yilsa, yosh bolasi o‘libdi, deb tushunilgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Oisha onamizga, ey muvaffaq qilingan, deb murojaat qilishlari Oisha onamizning qadrlari qanchalar ulug‘ ekanini ko‘rsatadi. Chunki muvaffaq qilingan, deganlari Alloh har bir narsada muvaffaqiyat bergan, deganidir.

Haqiqatda ushbu hadisi sharifda aytilganidek, Oisha onamiz roziyallohu anho ilm borasida Alloh taolo tomonidan muvaffaq qilingan edilar. Alloh taoloning O‘zi u kishining ilmiga baraka bergan edi.

Oisha onamiz roziyallohu anho Qur’oni Karimni to‘liq va puxta yod bilganliklari bilan shuhrat topgan edilar. Ulumul Qur’on nomli ilm mutaxassislari birinchi bo‘lib, Qur’oni Karimni to‘liq va puxta yod olgan zotlar haqida so‘z yuritganlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning ismlarini dast­labkilardan yodga olishadi.

Shu bilan bir qatorda, Oisha onamiz roziyallohu anho Qur’oni Karimning tafsirini ham juda yaxshi bilganlar.

U kishining oyati karimalarni tafsir qilishlariga misol keltiraylik.

Imom Buxoriy qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:

«Alloh taolo:

«Agar bir ayol o‘z eridan pisand qilmaslik va yuz o‘girish sodir bo‘lishidan qo‘rqsa», degan.

Bu oyat haqida Oisha:

«Bu bir xotin eri bilan bo‘lishi, er unga qaramay qo‘yishi, uni taloq qilib boshqaga uylanishni istaganda, ayol unga, meni o‘zing bilan olib qol, taloq qilma, so‘ngra mendan boshqaga uylanaver, nafaqa va taqsimni nima qilsang o‘zing bilasan, de­yishi haqidadir. Ana o‘sha to‘g‘risida Alloh taolo:

«Ikkovlari o‘zaro sulh qilsalar, ularga gunoh yo‘qdir, sulh yaxshidir, degan», dedi».

Agar xotin kishi o‘z ixtiyori ila o‘zining eridagi ba’zi huquqlaridan voz kechsa joizligi, u haqlarni ado etmagani uchun er gunohkor bo‘lmasligi Qur’oni Karimda bayon etilgan ekan. Oisha onamiz o‘sha oyati karimani ushbu rivoyatda tushuntirib bermoqdalar.

Imom Buxoriy qilgan rivoyatda aytiladi:

«Oisha roziyallohu anhodan Alloh taoloning:

«Alloh sizlarni behuda qasamlaringiz tufayli muoxaza qilmaydi», degan qavli haqida rivoyat qilinadi:

«Bu oyat birovning «Yo‘q! Vallohi!» va «Ha! Vallohi!» kabi gapi haqida nozil qilingan».

Oisha onamiz roziyallohu anho o‘qish-yozishni biladigan nodir kishilardan edilar. O‘sha vaqtda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan kim o‘qish-yozishni bilsa, komil degan unvon berilar edi.

Ko‘plab mashhur sahoba erkaklar o‘zlari hal qila olmagan masalalarni hal qilib berishni Oisha onamizdan so‘rashar edi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalariga qay bir hadis ishkol bo‘lib Oishadan so‘rasak, albatta, uning huzurida ilmni topar edik», dedi».

Termiziy rivoyat qilgan.

Imom Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiylar Abu Atiyya roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Masruq ikkimiz Oishaning oldiga kirib:

«Ey mo‘minlarning onasi, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan ikki kishi, ikkovlari ham yaxshilikka bo‘sh kelmaydilar.

Birlari iftor bilan (shom) namozni tezlatadi.

Boshqasi esa, iftor bilan (shom) namozni ort­ga suradi?» dedik.

«Ikkovlaridan qay biri iftorni va namozni tezlatur?» dedi.

«Abdulloh ibn Mas’ud», dedik.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shundoq qilur edilar», dedi.

Boshqasi Abu Muso edi».

Tobe’inlardan Abu Atiyya va Masruq roziyallohu anhular ikki katta sahobiyning iftorni tez qilish va shom namozini erta o‘qish bo‘yicha ikki xil ish tutayotganlarini mulohaza qilishadi. Shu bilan birga, ikkovidan qay birining tutayotgan ishi sunnatga muvofiq ekanini bilmoqchi bo‘lishadi. Buning uchun esa, Oisha onamizga murojaat qilishgan. Oqibatda, iftorni vaqti kirishi bilan qilish va shom namozini ham ertaroq o‘qish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning odatlari ekani ma’lum bo‘ldi. Bu sinovda Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu yutib chiqqan.

«Sunan» egalari Abdulaziz ibn Jurayj roziyallohu anhudan rivoyat qilishadi:

«Oishadan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima ila Vitr o‘qishlarini so‘radik. U kishi:

«Birinchi rak’atda «Sabbihisma Robbika»ni, ikkinchi rak’atda, «Qul yaayuyuhal kofiruun»ni, uchinchi rak’atda «Qul huvallohu ahad» va «Mu’avvazatayni»ni o‘qir edilar», dedi».

«Oisha roziyallohu anhodan:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam vitr­da qiroatni oshkora qilar edilarmi yoki maxfiymi?» deb so‘raldi. U kishi:

«O‘shani hammasini ham qilar edilar. Gohida maxfiy qilar, gohida oshkora qilar edilar», dedi».

Hazrati Oisha roziyallohu anho tafsir, hadis, fiqhdan, arab tarixi va adabiyotidan hamda bosh­qa o‘sha vaqtda mavjud ko‘plab ilmlardan yaxshi voqif edilar.

«Siyaru A’lomun Nubalaa» kitobida Urva ibn Zubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Oishaga hamsuhbat bo‘ldim. Hech ham u kishiga o‘xshagan nozil bo‘lgan oyatni, merosni, sunnatni, she’rni, rivoyatni, arablarning kunlarini, nasablarini, hukmlarni, tibni biladigan odamni ko‘rmadim. Men undan:

«Xolajon, tibni qaerdan o‘rgangansiz?» deb so‘radim.

«Bemor bo‘lsam, menga dorilar vasf qilinar edi. Birov bemor bo‘lsa, unga ham dorilar vasf qilinar edi. Odamlarning bir-birlariga qilayotgan vasflarini eshitib, yodlab olar edim», dedi».

Imom Masruq ibn al-Ajda’ Oisha onamiz roziyallohu anhodan eng ko‘p rivoyat qilgan kishilardan hisoblanadi. U kishidan:

«Oisha meros ilmini yaxshi bilarmidi?» deb so‘ralganda u kishi:

«Allohga qasamki, Muhammad solallohu alayhi vasallamning katta sahobalarini Oishadan meros haqida so‘rayotganlarini ko‘rganman», degan».

U kishi zamonalarining ulug‘ donishmandlaridan bo‘lib, hatto Abu Bakr, Umar, Usmon davrlarida taniqli sahobalar va olimlarga dars, fatvo beradigan darajada yuksak salohiyat va iqtidor sohibasi edilar.

Ulamolarimiz sahobalardan yetti kishi fatvo bilan nom chiqarganlarini, ular: Oisha onamiz roziyallohu anho, Umar ibn Xattob, Abdulloh ibn Umar, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Mas’ud va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhum ekanini alohda ta’kidlashadi.

Belozuriy «Ansobul Ashrof» nomli kitobida Abdurrohman ibn Qosimdan, u kishi otasidan qu­yidagilarni rivoyat qiladi:

«Oisha roziyallohu anho Abu Bakr, Umar va Usmonning xalifalik davrida fatvo ila mashg‘ul bo‘lgan edi. U vafot etguncha shu holda davom etdi. Men uni lozim tutganlardan edim».

U kishi uyda va safarda doimo Payg‘ambar alayhissalom bilan birga bo‘lganlari uchun va ashobi kiromdan ko‘pchilikka nasib etmagan diniy ahkomlardan voqif bo‘lganlari sababidan, eng yetakchi sahobalar ham hal etolmagan diniy masalalarni hazrati Oishadan so‘rashardi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga kelsak, Oisha onamiz hadislarni ko‘p rivoyat qilishda ikkinchi o‘rinda turadilar.

Oisha onamiz Rasuli Akramdan 2210 ta hadis rivoyat qilganlar va bu sohada Abu Hurayradan so‘ng turadilar.

Hazrati Oisha roziyallohu anhodan ashob va tobe’inlardan ko‘plari hadis naql etishgan. Ahmad ibn Hanbalning «Musnad»larida bunday hadislardan 2258 sahifa to‘lgan.

Hazrati Oisha otalari Abu Bakr Siddiq Umar Sa’d ibn Abu Vaqqos, Usayd ibn Huzayr va bosh­qalardan ham rivoyat qiladilar. Ammo Oisha roziyallohu anhodan aksar sahobalar ko‘plab hadis rivoyat qilishgan. Shulardan Abu Hurayra, Abu Muso al-Ash’ariy, Zayd ibn Xolid al-Juhaliy va Sofiya binti Shayba roziyallohu anhumni zikr qilishimiz mumkin.

Tobe’inlardan ikki yuzga yaqin kishi Oisha onamizdan hadis rivoyat qilishgan. Shulardan Sa’id ibn al-Musayyib, Alqama ibn Qays, Masruq ibn Ajda’, Oisha binti Talha, Amra binti Abdurahmon, Hamsa binti Sirin va boshqalarni aytishimiz mumkin.

Oisha onamiz ko‘pgina nodir fazilatlarga ega edilar. U kishi juda aqlli va zehni o‘tkir, ilmli ayol edilar. Oisha onamiz tilni, she’rni, tib fanini, nasablar va urush tarixlarini yaxshi bilar edilar.

Az-Zuhriy Oisha onamiz haqlarida aytadilar:

«Agar Rasulullohning barcha ayollarining ilmini va jamiki ayollarning ilmini to‘plab turib, Oishaning ilmiga solishtirilsa, albatta, Oishaning ilmi afzaldur».

Oisha onamizning ilmlari to‘g‘risida Urva:

«Tib fanida, she’riyatda va fiqh ilmida Oishadan ilmliroq biror kishini ko‘rmadim», dedilar.

Oisha onamiz ahyon-ahyonda yolg‘iz o‘zlari ba’zi bir masalalarni hal etar va o‘zlariga xos ijtihod qilar edilar. Gohida u kishi ulamo sahobalar bilmay qolgan masalalarni ham hal etib berar edilar.

Hatto, az-Zarkashiy shu ma’noda kitob yozdi va uni «Oishaning sahobalar bilmaganini idrok etgan javoblari» deb nomladi.

Oisha onamiz roziyallohu anho o‘zlari katta olima bo‘lishlari bilan birga ilm odobiga qattiq rioya qilar edilar. U kishi biror masalani o‘zlaridan yaxshi biladigan odamdan xabardor bo‘lsalar, mazkur masalani o‘sha kishiga havola qilar edilar.

Muslim va Nasaiy Shurayh ibn Hone’ roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Oishadan maxsiga mash tortish haqida so‘radim. U kishi:

«Sen Ibn Abu Tolibdan so‘ra, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga safar qilar edi», dedilar.

Bas, undan so‘ragan edik:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musofir uchun uch kechayu uch kunduz, muqim uchun bir kechayu, bir kunduz qilganlar», dedi.

Sahobai kiromlarning odatlariga amal qilib, Shurayh ibn Hone’ roziyallohu anhu ham Oisha onamizdan fiqhiy masala–maxsiga mash tortishga oid masalani so‘ragan ekanlar. Oisha onamiz u kishiga:

«Sen Ibn Abu Tolibdan so‘ra, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga safar qilar edi», dedilar.

Bu javobdan, eng avvalo, Oisha onamizning omonatlari, insoflari va ilmiy omonatga xiyonat qilmasliklari zohir bo‘lmoqda. U kishi o‘zlari aniq bilmagan narsaga javob berishni o‘zlariga ep ko‘rmaganlar. So‘rovchini o‘sha masalani yaxshi biladigan kishi–hazrati Aliga yo‘llab qo‘yganlar.

Ikkinchidan, Payg‘ambarimiz maxsini ko‘proq safarda kiyganlari kelib chiqadi. Oisha onamizning «Ibn Abu Tolibdan so‘ra, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga safar qilar edi», deganlaridan shu narsa fahmlanadi.

Zohidliklari

Oisha onamiz roziyallohu anhoda taqvo, zohidlik sifatlari ham yuqori darajada edi. U kishi bu dunyoning orzu-havasi ketidan tushmagan edilar. O‘zlarida bor narsani ko‘proq muhtojlarga tutishni afzal ko‘rar edilar.

Imom Molik «Muvatto» kitobida quyidagilarni rivoyat qiladilar:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anho ro‘za tutib o‘tirgan ekanlar, bir odam taom so‘rab kelibdi. Uylarida bir dona nondan boshqa narsa yo‘q ekan. Xodima ayolga:

«Nonni unga ber», debdilar.

«Iftoringiz uchun hech narsa yo‘q-ku!» debdi xodima.

«Nonni unga ber!» debdilar Oisha roziyallohu anho.

Xodima aytadi:

«Shundoq qildim ham. Kechqurun esa bir odam bizga bir qo‘yning qo‘lini hadya qildi. Oisha roziyallohu anho meni chaqirib:

«Ol! Bundan yegin! Bu sening noningdan yaxshiroq», dedilar».

Yana Imom Molik rivoyat qiladilar:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anhoning oldilariga bir miskin taom so‘rab keldi. U kishining oldilarida uzum bor edi.

«Miskinga undan bir dona olib unga ber!» dedilar.

U tajjublanib, u kishiga qaradi. Shunda Oisha:

«Taajjublanyapsanmi?! Bu donada necha zarra misqoli borligini bilasanmi?!» dedilar».

Ko‘rib turibmizki, Oisha onamiz nima qilib bo‘lsa ham infoq qilish payida bo‘lgan ekanlar.

Endi Oisha onamiz roziyallohu anhoning ki­yinishdagi zohidliklarini ko‘raylik.

Imom Buxoriy rivoyat qiladilar:

«Ayman roziyallohu anhu:

«Oishaning oldiga kirsam, bahosi besh dir­hamlik «qitr» ko‘ylak kiyib olgan ekan. Bas, u:

«Mening cho‘rimga nazar sol! U buni uyda ki­yishdan kekkayadi-ya! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida mening shunday ko‘ylagim bor edi. Madinada qay bir ayol ziynatlanadigan bo‘lsa, menga odam yuborib uni oriyatga olib turar edi», deb aytdi», dedi».

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Oisha onamiz roziyallohu anho juda ham sodda yashaganliklarini shundan bilsa bo‘ladi.

«Qitr» ko‘ylak Yamandan keltirilgan qo‘pol va qattiq ko‘ylak bo‘lib, bahosi besh dirham (tiyin) ekan.

Madinai Munavvaradek musulmonlar poytaxtida hamma kelinlar uchun to‘y kuni kiyib turishga bir dona «qitr» ko‘ylak bo‘lishi ham o‘ta sodda hayotdan darak beradi.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning cho‘rilari uyda kiyishni xohlamagan kiyimni o‘zlari ki­yib yurishlari taqvodor va kamtarliklarini ko‘rsatadi.

Oisha onamiz roziyallohu anho bu oliymaqom sifatlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dorulfununlarining peshqadam talabasi o‘laroq olgan edilar. U dorulfununda dars olgan zehnli har bir talabada ana shundoq malaka paydo bo‘lar edi.

Imom Bayhaqiy rahmatullohi alayhi «Daloiun nubuvva» kitobida Oisha onamiz roziyallohu anhodan quyidagi rivoyatni keltiradilar:

«Ansoriylardan bir ayol oldimga kirib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘shaklarini ko‘rdi. U qaytib ketib, menga ichiga jun solingan to‘shak yubordi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening oldimga kirib:

«Bu nima, ey Oisha?» dedilar.

«Ey Allohning Rasuli, Fulona Ansoriya kirib, to‘shagingizni ko‘rib qoldi va qaytib borib, menga mana shuni yuboribdi», dedim.

«Uni qaytarib ber», dedilar.

Men uni qaytarmadim. Uning uyimda bo‘lishini juda ham xohlar edim. U zot bo‘lsa, o‘z gaplarini uch marta takrorlab:

«Uni qaytarib ber, ey Oisha! Allohga qasamki, agar istasam Alloh men bilan oltin va kumush tog‘larini yurgazar edi», dedilar».

Zotan, haqiqiy zohidlik ham imkoni bo‘lib turib, dunyoga o‘zini urmaslikdir. Imkon topa olmay dunyoga qiziqmaganlarni zohid demaslar.

Bir kuni Oisha onamiz roziyallohu anho o‘zini zohid qilib ko‘rsataverib o‘lay degan odamni ko‘rib, ajablanib:

«Anavinga nima bo‘ldi?» deb so‘rabdilar.

«Zohid», deyishdi.

«Umar ibn Xattob zohid edi. U gapirsa eshittirar edi. Yursa, tez yurar edi. Allohning zotida zarba bersa, og‘ritar edi», dedilar.

Ha, haqiqiy zohid ana shundoq bo‘ladi.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning zohidliklari obidliklarida ham zohir bo‘lar edi. U kishi ibodatning barcha turlarida nafl ibodatni ko‘p qilish bilan nom chiqargan edilar. Oisha onamiz roziyallohu anho nafl ibodatni ko‘pgina emas, xo‘pgina ham qilar edilar.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning namozlari va duolari haqida quyidagi rivoyatga e’tibor beraylik:

«Oisha roziyallohu anho namozda «Bas, Alloh bizga marhamat qildi va bizni do‘zax azobidan saqladi», oyatini o‘qir edi va Robbisiga duo qilganda:

«Menga marhamat qilgin va meni do‘zax azobidan saqlagin», der edi».

Oisha onamiz roziyallohu anhoning namozlari haqida Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:

«Ertalab yuradigan bo‘lsam, Oishaning uyiga borib, unga salom berishdan boshlar edim. Bir kuni borsam, u tik turib, namoz o‘qiyotgan ekan. U qiroat qilar, duo qilar va yig‘lar edi. Turaverib zerikib ketdim. Bozorga borib ishimni bitirdim. Qaytib kelib qarasam, u yana xuddi avvalgidek tik turib, namoz o‘qib yig‘lamoqda. U kishi: «Agar Laylatul qadrni ko‘rsam, Allohdan afv va ofiyatni so‘rayman», der edi».

Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin juda ham ko‘p ro‘za tutadigan bo‘lgan edilar. U kishi ko‘p ro‘za tutganlaridan ozib, zaiflashib ham ketar edilar. Qattiq issiq kunlari ham ro‘za tutib yurganlari ko‘rilar edi.

Oisha onamiz roziyallohu anho bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan:

«Ey Allohning Rasuli, ayollarga ham jihod bormi?» deb so‘ragan edilar. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

«Ha. Ularga jihod bor. Unda urush yo‘q, haj va umra», degan edilar.

Ana o‘sha hadisi sharifga amal qilaroq, Oisha onamiz roziyallohu anho ko‘p umra va haj qilar edilar.

Komilaliklari

Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga dahldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlashadi. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.

2«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barakotuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».

Dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga Jabroil alayhissalom salom aytibdilar?!

Jabroil alayhissalom dunyoda payg‘ambarlardan boshqa Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytibdilar.

Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan faqatgina Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.

Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».

Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.

Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun fazllari haqida so‘z boradi.

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».

Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan o‘zga barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.

«Ayollardan faqatgina Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».

Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lishlari Qur’oni Karimda birgalikda, alohida zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.

Alloh taolo Tahrim surasida:

«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib ko‘rsatdi. U (xotin): «Robbim, menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va zolim qavmlardan najot bergin», deb aytdi», degan.

Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan kofir va zolim eriga va qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishni so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.

Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.

«Va Maryam Imron qizini (misol keltirdi), u farjini pok saqlagan edi. Biz unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbisining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi».

Maryam Imronning qizi Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali o‘sha pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.

«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».

Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini «sariyd» deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.

O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra sariyd bosh­qa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.

Xuddi shunga o‘xshash Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.

Bu maqomga dunyoda kim sazovor bo‘libdi?!

Bu maqomga dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.

Termiziy va Buxoriy Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zoti Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:

«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.

«Oisha», dedilar.

«Erkaklardan-chi?» dedim.

«Uning otasi», dedilar.

«So‘ngra kim?» dedim.

«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb sukut saqladim».

Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysisi eng mahbub ekan?

Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.

Bu maqomga dunyoda kim sazovor bo‘libdi?

Bu maqomga dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.

Imom Abu Ya’lo «Musnad»ida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladi:

«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:

– Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida suvratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.

– U zot menga bikr holimda uylanganlar. Mendan o‘zgaga bikr holida uylanmaganlar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turib, vafot etdilar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni uyimda qabrga qo‘yildilar.

– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edi. U zotga men choyshablarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni jasadlaridan uzoqlashtirmas edilar.

– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.

– Mening uzrim osmondan nozil bo‘lgan.

– Men Pokning huzurida pok yaratilganman.

– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».

Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytgan:

«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:

«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganda Alloh u kishini beshikdagi go‘dak tili ila oqladi.

Maryam fohishalikda tuhmat qilinganda Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili ila oqladi.

Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganda Alloh u kishini Qur’on ila oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».

Dunyoda kimni Alloh taolo tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?

Alloh taolo dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.

Dorul baqoga

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘n sakkiz yoshlarida ajrab qolgan Oisha onamiz roziyallohu anho u zotdan keyin yana qariyb yarim asr umr ko‘rdilar. U kishi bu muborak umrlari davomida butun Islom olami diqqat markazida mo‘minlarning onalari bo‘lib hayot kechirdilar. Oisha onamiz roziyallohu anho doimiy ravishda ilm, fatvo, taqvo, zuhd, tarbiya, odob, she’r va boshqa fazilatlar markazi bo‘lib turdilar.

Hijriy ellik sakkizinchi sananing Ramazon oyi­da Oisha onamiz roziyallohu anho bemor bo‘ldilar. Bu ulug‘ zot bemorlik chog‘larida o‘zlarini Baqiy’ qabristoniga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning boshqa azvoji mutohharalari dafn qilingan joyga dafn qilishlarini vasiyat qildilar.

Ramazondan o‘n sakkiz kun o‘tganda, dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi Oisha onamiz roziyallohu anho dorul fanodan dorul baqoga rihlat qildilar.

U kishi o‘sha kechasi vitr namozidan keyin dafn qilindilar. Janozaga juda ko‘p odam keldi. O‘sha kechadagi kabi Madinai Munavvarada ko‘p odam yig‘ilmagan edi.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning janozalarini buyuk sahobiy Abu Hurayra roziyallohu anhu o‘qidilar. U kishining qabrlariga mahramlaridan: Abdulloh ibn Zubayr, Urva ibn Zubayr, Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdurrohman ibn Abu Bakr, Abdulloh ibn Abdurrohman ibn Abu Bakr va boshqalar tushdilar. O‘sha paytda Oisha onamiz roziyallohu anhoning yoshlari oltmish oltida edi.

Alloh taolo Oisha onamiz roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin. Amin!

muslimaat.uz

Ulug‘ sahobalar qatorida, shubhasiz, Oysha (roziyallohu anho) onamizning nomlari tilga olinadi. Muallima onamiz Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) suyukli rafiqalari edilar. U kishi haqida oyati karimalar tushgan. Oysha (roziyallohu anho) Abu Hurayra, Abdulloh ibn Umar, Anas ibn Molik va Abdulloh ibn Abbosdan (roziyallohu anhum) keyin eng ko‘p hadis rivoyat qilgan. Onamiz hadislarni Rasulullohdan (alayhissalom) bevosita eshitib, rivoyat etganlar. Rasululloh (alayhissalom): “Ey Oysha, Jabroil senga salom keltirdi”, deganlar(Imom Buxoriy rivoyati).

Otalari Abu Bakr, onalari Ummu Rummon bo‘lib, har ikkalalari ham musulmon bo‘lgan paytda Oysha (roziyallohu anho) dunyoga keldi. U zot yoshligidan o‘ta ziyrak, fahmi tez, zehni o‘tkir qiz edilar. Oysha (roziyallohu anhu) musulmon oilasida imon-ixlosli, taqvoli bo‘lib ulg‘aydi.

Qurayshning fozila ayollaridan biri Havla binti Hakam Payg‘ambarimizga (alayhissalom) Oysha binti Abu Bakr yoki Savda binti Zam’aga uylanishlarini taklif qildi. Chunki u zot Xadicha onamiz vafotlaridan so‘ng ancha yolg‘izlanib qolgan edilar. Oyshadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) menga: «Uch kecha seni tushimda ko‘rdim. Farishta seni yashil harir matoga solib kelar va: “Mana shu sening ayoling”, der edi. Yuzingni ochsam, sen bo‘lar eding. O‘zimcha, agar bu Allohdan bo‘lsa, tushimni o‘ngidan keltirar, der edim» (Imom Buxoriy rivoyati).

Shu tariqa Oysha Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) unashtirildi. Oysha onamiz to‘y ziyofatini bunday eslaydi: “Allohga qasam, to‘yim kuni biror jonliq so‘yilmadi. Sa’d ibn Uboda Rasulullohga (alay­hissalom) hadya qilgan bir tovoq bo‘lib, xotinlar undan galma-gal foydalanishar edi. Nabiy (alayhissalom) mehmonlarga shu tovoqda ovqat va sut keltirdilar”. Asmo binti Yazid (roziyallohu anho) hikoya qiladi: «To‘y kuni Oyshani yasantirdik. Nabiy (alayhissalom) bizga sut tortiq qildilar. Biz: “Ichgimiz kelmayapti”, dedik. Nabiy (alayhissalom): “Ochlik va yolg‘onni birlashtirmanglar”, dedilar». Oyshaga besh yuz dirham mahr berildi.

Muborak xonadonda Oyshaning aqli, ilmi va fikri ziyoda bo‘lib, Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) har bir so‘zlarini yodlab, amallarini o‘rganish harakatida bo‘ldilar.

* * *

Imom Zahabiy “Siyar a’lom an-Nubalo” asarida bunday yozadi: «Bir kuni Abu Bakr (roziyallohu anhu) Oysha onamizning Payg‘ambarimizga (alayhissalom) biroz qo‘rslik qilayotganini ko‘rib, g‘azablandi va: “Sen Rasululullohga (sollallohu alayhi va sallam) ovozingni baland qilyapsanmi?” dedi. Payg‘ambarimiz shunda ota va qizini murosaga chaqirdilar va onamizning ko‘ngliga yoqadigan gap­lar aytdilar. Boshqa paytlari Abu Bakr (roziyallohu anhu) kuyovi bilan qizining kulishib turishganini ko‘rsa: “Aytishib qolganlaringdagi kabi quvonchli paytlarda ham meni sherik qilinglar, der edi» (No‘‘mon ibn Bashir rivoyati).

Oysha (roziyallohu anho) qo‘li ochiq, saxiy edilar. Hadya mollari qancha bo‘lishidan qat’i nazar, ushlab turmay, barini muhtojlarga, haqdorlarga berardilar.

Oysha onamiz Rasuli akramdan: “Meni qanchalik yaxshi ko‘rasiz?” deb so‘rar, u zot: “Arqon tugunidek” deganida, “Siz aytgan tugun qanaqa bo‘ladi?” deb yana savol berardi. “Tugundek tugun-da”, derdilar Payg‘ambar (alayhissalom) tabassum bilan.

Oysha (roziyallohu anho) ilk marta bolalik chog‘larida Qur’oni karimni otalaridan eshitdi. Keyinchalik Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) bevosita eshitib, yod oldilar. Ko‘p holda oyatlar tushishiga ham guvoh edilar. Saodatli damlarini eslab: “O‘z uyimdan nubuvvat xonadoniga ko‘chganimdan keyin Baqara va Niso suralari nozil bo‘ldi. Shu tufayli hujram “vahiy tushgan joy” nomini oldi. Men vahiy payti ham u zotning huzurlarida edim. Salqin havoda ham peshonalari terlab ketardi”, deydi. Odatda vahiy kelgan paytda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ahllari bir oz chetlanib turishgan. Ammo Oysha (roziyallohu anho) Payg‘ambarimizning (alayhissalom) yonlarida turganlarida ham u zotga vahiy tushgan.

Oysha onamiz qisqa muddat bo‘lsa-da, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan baxtli, osuda hayot kechirdi. Nabiy (alayhissalom) Oysha onamiz bilan masjidga yonma-yon qurilgan xonada yashadilar.

Hijratning oltinchi yilidagi “Ifk (bo‘hton, tuhmat) voqeasi”dan ko‘p o‘tmay, Alloh taolo Oysha onamizning pokligi haqida oyatlarni nozil qildi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan keyin ham Oysha onamiz ilmlari va axloqiy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak, ulamolarning muallimasi va murabbiyasi bo‘ldilar. Katta-katta olim tobeinlarga ustozlik qildilar. Qiyin masalalarda sahobalar har doim Oysha onamizga (roziyallohu anho) murojaat qilishar va undan aniq yechimini eshitishardi. Onamiz Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan so‘ng ham yuksak hurmat ko‘rdilar.

Oysha (roziyallohu anho) hijriy 58 yili 66 yoshida ramazon oyining o‘n yettinchi kuni vafot etdi. Madinadagi Baqiy qabristoniga dafn etildi.

Zamira Qosimova tayyorladi | Hidoyat.uz

 

OISHA (ra) (613-678) - Muhammad(sav)ning xotinlari, birinchi xalifa Abu Bakrning qizi. Laqablari Siddiqa, unvonlari Ummul-mo‘minin (Mo‘minlar onasi)dir.

Muhammad (sav) vafotlaridan keyin Oyisha (ra) xalifalik hokimiyatiga nomzodlar o‘rtasidagi munozaralarda faol ishtirok etgan. Oyisha (ra) payg‘ambarning safdoshlari Talha va Zubayr tomonida turib Ali tarafdorlariga qarshi chiqqan.
Islom tarixida hazrati Oyisha (ra)ning ilm jihatdan mavqei juda balanddir. Oyisha (ra) bevosita Muhammad (sav) bilan birga yashagani tufayli juda ko‘p hadislarning roviysi hisoblanadi.

Sahobalar ba'zi oilaviy munosabatlarga doir murakkab masalalarni Oyisha (ra)dan so‘rab bilib olar edilar. Abu Bakr, Umar va Usmon (ra) zamonlarida fatvolar ham bergan. Oyisha (ra) tafsir, hadis, fiqhni mukammal bilgan, arab tili va adabiyotidan yaxshi xabardor bo‘lgan.

Hazrati Oyisha (ra) nihoyatda qanoatli ayol bo‘lib, butun hayoti davomida bir juftgina oyoq kiyim, bir nechtagina ko‘ylak kiyganlari rivoyat qilinadi.

Mil. 678 yil 13 iyulda vafot etgan, janozasini Abu Hurayra (ra) o‘qigan. Madinadagi Baqiy qabristoniga dafn qilingan.

Islom ensiklopediyasidan


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.