background
logotype
image1 image2 image3

Muhojirlarning tushishlari

Muhojirlarning ko'pchiligi rasululloh bilan birga Madinaga kelishdi. Ularni o'z uylariga joylashtirish ansorlar o'rtasida talashib-tortishishga sabab bo'ldi. Shunda chek tashlanib, kimga qaysi muhojirning nomi yozilgan qog'oz chiqsa, shuni o'z uyiga olib ketishdi.

ISLOMIY BIRODARLIK

Ollohning fazlu karami tufayli ansorlar bilan muhojirlar o'rtasida chinakam qarindoshlik rishtalari ulandi, harbiy jihatdan ojiz, kam sonli musulmonlar mushrik va ahli kitoblar ustidan g'alaba qozondilar. Ansorlar diniy birodarlarini qarindosh-urug'laridan a'loroq bilib e'zozlashardi. Parvardigor Hashr surasining 9-oyatida ansorlar haqida bunday deydi: "Ular (muhojirlar) dan ilgari Madinada o'troqlashgan imoni butunlar yoniga hijrat qilganlarni do'st tutishadi, ularga berilgan narsalar uchun aslo baxillik qilishmaydi". Qarindoshlikning chinakam namunasi mana shu. Ansorlar dindosh birodarlari uchun ko'rsatgan marhamatlarini juda kam hisoblashardi. Rasululloh tufayli ular qiyomatli do'st, chinakam birodarga aylandilar. Garchand ularning vujudlari boshqa-boshqa bo'lsa-da, qalblari birlashib ketgan edi. Mana shu birlik tufayli musulmonlar g'alabaga erishganlaridek, Olloh taolo bugungi musulmonlarni ham bir jonu bir tanga aylantirib, g'olibu muzaffar etgay. Ansorlar bilan muhojirlarning qarindoshligi tenglik va adolatga asoslangan edi. Do'st tutingan ikki kishining biri o'lsa, tug'ishgani emas, tutingan dindoshi merosxo'r hisoblanardi. Rasululloh: "Oxirat uchun ikkitadan juft bo'lib do'st tutininglar", derdilar. Bu odat Ahzob surasining. "Kitobullohda qarindosh-urug'lar (merosxo'rlikda) bir-birlariga juda yaqindir", degan 6-oyat nozil bo'lgach, bekor etildi.

OILASINING HIJRATI

Payg'ambar alayhis-salom bola-chaqalarini olib kelishga Zayid ibn Horisa bilan Aborofiyni Makkaga yubordilar. Abdulloh ibn Urayqid ularga yo'l boshlovchi bo'ldi. Ular rasulullohning qizlari Fotima, Ummu Gulsum va jufti halollari Savda, Zayid ibn Horisaning xotini Ummu Ayman bilan o'g'li Usomani olib kelishdi. Payg'ambar alayhis-salomning qizi Zaynab eri Abul Os ibn Rabiy ruxsat bermagani uchun Makkada qoldi. Abu Bakrning umr yo'ldoshi Ummu Rumon, o'g'li Abdulloh, qizi Oisha va Asmoni olib qaytdi. Asmo homilador bo'lib, Madinada ko'zi yoridi. Abdulloh muhojirlar orasida tug'ilgan birinchi chaqaloq edi.

MADINA BEZGAGI

Makkadan kelgan muhojirlarga dastlabki paytlarda Madinaning havosi yohmadi, ko'pchilik qorin shishish kasaliga giriftor bo'ldi. Ularning holidan xabar olib, arz-dodlarini eshitgan rasululloh parvardigorga yolborib: "Ey Olloh, bizga Madinani ham sevimli maskan hilib ber. Madinaning tosh-tarozi va o'lchovlari bizlarga barokatli bo'lsin. Madinaning vabosini Juhfa*ga ko'chir", deya duo qildilar. U kishining duosi ijobat bo'ldi. Kasallik arib, muhojirlar Madinada xotirjam yashay boshlashdi.

*Juhfa - Makkadan 82 mil yiroqdagi qishloq. Suriyaliklar hajga kelayotganlarida shu yerdan ehrom boglashadi. Bir mil 1600 metr.

NOCHORLARNI HIJRATDAN QAYTARISH

Biroq safarga chiqishga qurbi yetmay Makkada qolgan musulmonlarning ahvoli zabun edi. Ularning ba'zilari qamoqqa olindi, ba'zilari barcha haq-huquqlardan mahrum etildi. Bular Valid ibn Valid, Iyosh ibn Rabia, Hishom ibn Os edi. Payg'ambar alayhis-salom ularning haqiga duo qilib, Xudodan mushkullarini oson qilishni o'tinardilar. "Duoi qunut" o'shanda paydo bo'lgan. "Duoi qunut" turli vaqtlarda, ya'ni xuftonning vitrida, bomdod namozining rukusidan oldin hamda keyin o'qilgan. Har bir sahoba o'z ko'rgan-bilganini bayon etgan "Duoi qunut" qaysi namozda o'qilgani haqida mazhab imomlari orasida ixtilof borligining sababi shunda.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.