background
logotype
image1 image2 image3

Muhojirlarning Habashistondan qaytib kelishi

Habashistonga ketgan muhojirlar uch oydan keyin qaytib kelishdi. Ular ozchilik bo'lgani uchun begona yurtga ko'nikolmay aziyat chekishdi. Bundan tashqari ular qurayshning aslzoda zodagonlaridan bo'lib, shohona hayotga, el-yurt orasida izzat-ikromga o'rgangan ayollarga g'urbatdagi g'aribona hayot behad zerikarli tuyuldi.

Ba'zi tarixchilar muhojirlarning Habashistondan qaytib kelishiga haqiqatdan yiroq bir voqeani sabab qilib ko'rsatishadi. Emishki, rasululloh Van-najm surasining: "Sizlar Lot, Uzzo va Monot haqida menga gapirib beringlar", degan oyatlarini o'qib, mushriklar cho'qinadigan butlar haqida yaxshi gaplarni aytganmishlar, bu sanamlar ulug' farishtalar bo'lib, ularning shafoatiga ikkilanmay umid bog'lash mumkin, deganmishlar. Bu gapdan terisiga sig'may quvonib ketgan mushriklar payg'ambar alayhis-salom bilan birga sajda qilishganmish. Bunday tuturiqsiz rivoyatni duch kelgan narsa haqida bilar-bilmas aljirayveradigan befahm odamgina aytishi mumkin. Bu rivoyat butunlay yolg'onligiga aqliy va naqliy dalillar keltirib o'tamiz. Bu hadis sanadi (ya'ni rivoyat qiluvchi vositasi) va matni jihatdan ham poyma-poy. Qozi Iyoz "Shifo" nomli asarida bu hadisning sahih hadislar kitobiga kiritilmaganini va biron muhaddis uni ishonchli sanad asosida zikr etmaganini ta'kidlaydi. Hadisning matnidan kelib chiqsak, butlarni ayblab turib, ularni madh etish mantiqqa zid. Rasululloh ham, sahobalar ham dinni hech qachon bunday usul bilan targ'ib etgan emas, sahobalarga bunday ayb qo'yish aqlga ziddir. Mabodo butlar maqtalsa, Najm surasining 23-oyatidagi: "Bu butlar faqat siz va ota-bobongiz e'zozlagan quruq ismlardan boshqa narsa emas. Olloh buni isbotlash uchun hatto biron dalil hujjat tushirgani ham yo'q", deyilgan fikrdan keyin hamma narsa ostin-ustun bo'lib ketmaydimi? Bordi-yu, shunday hodisa yuz bergan taqdirda mushriklar rasululloh bilan san-manga borgan paytlarida bu narsani olamga doston qilishmasmidi? Hech qanday dalil-hujjati yo'q ko'r-ko'rona tarsolik tufayli idroki susaygan mushriklar bunday qulay imkoniyatni qo'ldan boy berishadimi? Nafsilamrini aytganda, bu qiblaning Baytulmuqaddasdan Ka'baga o'zgartirilishidan kichik ish emas. Kofirlar qiblaning o'zgarishi xususida ham ancha-muncha shov-shuv ko'tarishdi. Olloh taolo Baqara surasining 142-oyatida: "Ba'zi ahmoq odamlar musulmon ko'z tikib turgan qiblasidan nega yuz o'girishdi, deyishadi", deya bu kimsalarni ahmoq deb ataydi. Ashaddiy din dushmani bo'lmish eng johil mushrik ham nega o'zing ayblagan xudolarimizni maqtayapsan, deyishi turgan gap. Hatto qo'liga qurol olib rasulullohga qarshi turganlari ham biron marta bunday so'z aytmagan.

Mazkur hikoyani naql etgan va uni Habashistondagi muhojirlarning qaytib kelishiga sabab qilib ko'rsatgan tarixchilar, hijrat vaqti rajab oyi, qaytishlari esa shavvol oyi, Van-najm surasi esa ramazon oyida nozil bo'lgan deyishadi. Dsmak, Van-najm surasining tushishi bilan muxojirlarning qaytib kelishi oralig'ida roppa-rosa bir oy vaqt o'tgan. Ma'lumki, u paytlarda Makkadan Habashistonga borib kelish uchun bir oy muddat kamlik qilardi. Suvda kemalar qatnovi hozirgi taraqqiyot darajasida emas, qochib ketayotganlarning musulmonchilikni qabul qilgan qurayshlar ekanini yetkazadigan telegraf yo'q edi. Bundan ushbu rivoyatni islomning ashaddiy dushmani, ko'ngliga kelganini o'ylab-netib o'tirmay valdirayveradigan kimsalar to'qib chiqargan, degan xulosani aytish mumkin.

Tuhmatchi kazzoblar bilan bizning oramizda adolatli hukm chiqaruvchi Olohning muqaddas kitobi bor. Baqara surasida u nafsi va xohishiga qarab gapirmaydi, degan oyat bor. Yuqoridagi fikrni payg'ambar alayhis-salomning diliga shayton soldi, degan eng qabih tuhmatdir. Rasululloh vahiyga shak keltiradigan gaplarni aytishlari sira mumkin emas. Sajda borasida "Sahihul Buxoriy" da Abdulloh ibn Mas'udning rivoyati keltirilgan": "Payg'ambar alayhis-salom Van-najm surasini o'qib, sajda qilgan edilar, birga nomoz o'qiyotganlarning hammasi u kishiga ergashdi, faqat bir kishi sajda qilmay, bir siqim toshni olib peshonasiga bosdi-da, menga mana shuning o'zi kifoya, dedi. Ko'p o'tmay uning kofir holatida o'ldirilganining guvohi bo'ldim". Bu rivoyatdan payg'ambar alayhis-salom bilan birga mushriklar ham sajda qilishgan ekan-da, degan xulosa chiqmaydi. Aksincha, Abdulloh ibn Mas'ud aytgan odam islom diniga kirib, keyinchalik murtad holatida o'ldirilganligi anglashiladi. Bir guruh odam mushriklarning jabr-zulmlariga chidolmay imoni zaiflik qilib, murtad bo'lib ketishgan. Shundaylarning biri Ali ibn Umayya ibn Xalaf edi.

Habashistondan qaytgan muhojirlarni himoyasiga olib, pushtipanoh bo'ladigan kishisi borlargina Makkaga kira olar edi; Abu Salama amakisi Abutolibning, Usmon ibn Maz'un Valid ibn Mug'iraning himoyasi ostida Makkaga kirdi, biroq Validning musulmonlarga tinmay yomonlik qilayotganini ko'rgach, qanday bo'lmasin jonini asrashga vijdoni yo'l qo'ymay, uning pushti-panohligidan ixtiyoriy voz kechdi.

QARORNING YOZILISHI

Quraysh mushriklari islom dinini yo'qotish chorasini topolmay rasululloh mansub Abdumonof urug'iga u kishini tiriklay topshirib, evaziga istagancha badal olib turishni taklif etishdi. Biroq ularning taklifi rad etildi. Gapi yerda qolgan mushriklar Abutolibga kishi qo'yib, payg'ambar alayhis-salomni qurayshning istagan yigitiga almashtirib berishni so'rashdi. "Voajab,- dedi Abutolib yoqasini ushlab. - Sizlar bolangizni menga boqqani berar ekansizlaru men o'z bolamni o'ldirgani sizlarga topshirar ekanmanmi?" Bu javobdan quturgan mushriklar toki Muhammad alayhis-salomni o'z qo'llari bilan qatl etishga topshirmagunlaricha Hoshim va Muttalib jamoasini yakkalab, ular bilan savdo-sotiqni to'xtatishga, tavbasiga tayanishmasa, Makkadan haydab chiqarishga qaror qilishdi. Qaror yozilgan qog'oz Ka'baning o'rtasiga osib qo'yildi. Shu kundan e'tiboran ikki jamoaning Abulahabdan boshqa hamma odami musulmon, kofirligidan qat'iy nazar Abu Tolib darasiga qamal qilindi. Abdumonof urug'idan Abdushams va Navfal jamoasi qamalga olinganlarga yerdam qo'lini cho'zmadi. Qamalda qolganlarning holi tang bo'lib, daraxtlarning yaproqlarili yeb jon saqlashdi. Quraysh mushriklari hatto o'zga yurtlardan kelgan savdogarlarni ham bu yerga yaqin yo'latishmadi. Aql bovar qilmas bu yovuzlikda ayniqsa Abulahab jonbozlik ko'rsatdi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.