background
logotype
image1 image2 image3

Katta Badr g'azoti

Payg'ambar alayhis-salom qurayshlarning katta karvoni Shomga ketganini bilardilar. Karvon orqaga qaytayotganidan xabar topib, sahobalarni safarga otlantirdilar: "Karvonning yo'lini to'sib chiqinglar. Olloh bu karvonni sizlarga marhamat qilishi mumkin". Ba'zilar darrov yo'l hozirligini ko'rdi, ba'zi birovlar rasululloh bari bir ular bilan urushmaydilar, degan o'yda o'z yumushlari bilan mashg'ul bo'laverdilar. Sarvari olam ot-ulovini shaylaganlarni yonlariga olib, boqi-beg'amlarni kutmasdan yo'lga tushdilar. U kishining o'rniga Madinada Abdulloh ibn Ummu Maktum qoldi. Ramazon oyining uchinchi kuni uch yuz o'n uch kishi quraysh mushriklari yetkazgan ozoru kulfatlar uchun o'ch olgani yurish qildi. Ularning ikki yuz qirqdan ko'prog'i ansorlardan, qolgani muhojirlar bo'lib, ixtiyorlaridagi ikkita ot bilan yetmish tuyani galma-galdan minishardi. Bayroqni Mus'ab ibn Umayr Al-Abdari ko'tarib olgan edi. Abu Sufyon payg'ambar alayhis-salom karvonning yo'lini to'sib chiqqanlarini eshitib, darrov Makkaga odam jo'natdi. Bu gapdan xabar topgan qiziqqon qurayshlar o'z karvonini asrash uchun (Abulahab ibn Abdul Muttalibdan boshqa hamma) yo'lga otlandi. Abulahab o'z o'rniga Os ibn Hishom ibn Mug'irani jo'natdi.

Imom Buxoriyying rivoyat qilishicha, Sa'd ibn Muoz hijratdan keyin Ka'ba ziyoratiga borgan paytida Umayya ibn Xalafga: "Musulmonlar seni qanday bo'lmasin o'ldirmoqchiligini rasulullohdan eshitdim", dedi. "Ular meni qayerda o'ldirisharkan?" deb so'rabdi Umayya. Sa'd: "Bunisini bilmadim", debdi. Bu gapdan qattiq vahimaga tushgan Umayya Makkadan bir qadam ham tashqariga chiqmaslikka qasam ichdi. Biroq Abu Jahlning tanayu-dashnomlariga chidolmay ko'pchilik bilan karvonni qo'riqlagani borishga majbur bo'ldi. U shahar tashqarisiga chiqsa ham hech narsaga aralashmay, biron kimsa bilan to'qnashmay qaytishga qaror qildi. Biroq Olloh taoloning irodasi uning istagidan ustun keldi. Umayyaning xohish-irodasiga zid holda ajal uni Badrga sudrab keldi.

Quraysh oqsoqollaridan ko'plari bitta karvon uchun musulmonlar bilan urushishni istamas, biroq ko'pdan ajrab qolishning ham iloji yo'q edi. Cho'riyu-qullar oldinda musulmonlarni hajv qiluvchi qo'shiqlarni aytib borishar, orqada ot, tuyalarga mingan mushriklar dabdabayu-as'asa solib kelishardi. Ularning bu holati Anfol surasining 48-oyatida aniq bayon etilgan: "Vaqtiki kelib shayton ularga o'z amallarini yaxshi ko'rsatib, sizlarni hech kim yengolmaydi, men sizlarning madadkoringizman, dedi. Ikki qo'shin to'qnashgan paytda esa shayton orqasiga qochdi va qo'limdan hech narsa kelmaydi, sizlarga yashirin narsalarni ko'rib turibman, men chindan ham Ollohdan qo'rqayapman, uning ovozi (juda ham) vahimalidir", dedi. Esli-hushli odamlar ibrat olishlari uchun parvardigor Hashr surasining 16-oyatida shaytonning qilmishlarini misol keltiradi: Munofiqlar shaytonga o'xshaydi. Payti kelganda shayton insonga kofir bo'l, dedi. Inson kofirlik ko'chasiga kirgach, men rostdan ham hech narsaga arzimayman. Men barcha olamlarning parvardigori Ollohdan juda ham qo'rqaman, dedi".

Abu Sufyonga yordamga otlanganlarning soni to'qqiz yuz ellik kishi bo'lib, yetti yuzi tuyada, ikki yuz ellik kishi otliq edi. Mushriklarning bu hatti-harakatlaridan bexabar payg'ambar alayhis-salom o'z qo'shinini ko'zdan kechirib, jangga yaroqsiz, nimjon, kasalvandlarini Madinaga qaytarib yubordilar. Ikki kishini karvondan xabar olib kelishga jo'natdilar. Ular Madinadan o'ttiz-qirq mil olisdagi Rakho degan joyga yetib kelishganda mushriklarning katta qo'shini jangga otlangani, ularning erta-indin Badr degan joyga yetib kelajagi ma'lum bo'ldi.

Rasululloh o'z sarkardalarini yig'ib: "Parvardigor menga yo karvon, yo quraysh askari bilan uchrashishni havola etdi. Bu ikki ishdan qay birini tanlashni xohlaysizlar", dedilar. Maslahat chog'ida ba'zi birovlarning o'ljaga ega bo'lish uchun karvonni qo'lga kiritishdan boshqa niyati yo'qligi ma'lum bo'ldi, ba'zilar esa g'azotga otlanganidan bexabar qolib puxtaroq tayyorgarlik ko'rib kelishmaganidan afsuslanishdi. Ularning gapi Anfol surasining 7-oyatida bayon etilgan fikrga mos keladi: "Payti kelganda Olloh sizlarni ikki guruhdan biri bilan uchrashishingizga ruxsat bergan edi. Sizlar kuchsizlar bilan uchrashishni ixtiyor etdinglar". Miqdod ibn Asvod o'rnidan turib: "Ey rasululloh, Olloh nimani buyursa, shuni qil. Xudo haqqi biz Muso alayhis-salomga: "Sen parvardigoring bilan birga borib urushaver, biz bu yerda kutib turamiz", (Moida surasining 24-oyatida) degan bani Isroilga o'xshab muomala qilmaymiz. Biz sen bilan birga g'azotga boramiz. Agar bizni Barko'lg'amodga boshlasang ham hech ikkilanmay boraveramiz", dedi. Rasululloh unga minnatdorchilik bildirib, ansorlarining fikrini so'radilar. Aqoba bay'atida ular payg'ambar alayhis-salomni himoya qilishga so'z berishgan bo'lsa-da, u kishi bilan birga jangga kirishlari aytilmagan edi. Avs qabilasining oqsoqoli Sa'd ibn Muoz "Ey rasululloh biz sening payg'ambarligingga ishonib imon keltirdik. Xudo nimani buyursa shuni qil, biz gap-so'zsiz senga ergashamiz. Agar manavi Qizil dengizga kirishni buyursang, so'zsiz bajo keltiramiz. Agar ertaga sen g'anim bilan yuzma-yuz kelsang, biz yoningda bo'lamiz, bizning qanchalik sabr-qanoatli, bardoshli ekanimizni ana o'shanda ko'rasan. Xudo xohlasa, bizlardan rozi bo'lsang ajab emas, Xudoga tavakkal qilib yo'lingda davom etaver", dedi. Bu gapdan rasulullohning yuzlari nurlanib ketdi. "Sizlarga xushxabar aytib qo'yay, men mushriklarning jasadlarini ko'rgandek bo'lyapman", dedilar. Bu gapdan musulmonlar qonli to'qnashuv bo'lishi muqararligini his etishdi.

Abu Sufyon poyu piyoda musulmonlarning qat'iyat bilan bostirib kelayotganini eshitgach, shartta yo'lini o'zgartirib, dengiz sohili bilan qochib qoldi hamda qurayshlarga xat yozib vaziyatni batafsil tushuntirgach, orqaga qaytishlarini tavsiya etdi. Lekin Abu Jahl uning gapiga quloq solmay Badrga borib uch kun turib, tuyalarni so'yib, rosa mayxo'rlik qilib va arablarga o'zimizni tanitib o'la-o'lguncha bizlardan hayiqadigan qilmagunimizcha bu yerdan ketmaymiz, deya qasam ichdi. Axnas ibn Shariyq ittifoqdoshi Zuhro aymog'iga Xudo mol, joninglarni asraganiga shukrona aytib, tezroq ketinglar, deya maslahat berdi. Uning gapi bilan bani Zuhro, bani Adiy aymoqlari Badr urushida qatnashishmadi. Abu-jahlning odamlari Badr vodiysining Madinadan olisdagi tuprog'i o'ynab yotgan joyiga kelib tushdi. Payg'ambar alayhis-salom boshchiligidagi musulmonlar ham Badrga yetib kelgach, Ali ibn Abu Tolib bilan Zubayr ibn Avvom vaziyatni o'rganib kelgani jo'natildi. Ular mushriklarning suv tashiydiganlaridan ikki kyshini tutib kelishdi. Bu chog'da rasululloh, namoz o'qiyotgan edilar. Ali bilan Zubayr asirlarni o'rtaga olib so'roq qila boshlashdi. "Biz bor-yo'g'i suv tashuvchilarmiz, ko'p narsalardan xabarimiz yo'q, deyishdi ular. So'roq qiluvchilar asirlarning gapiga ishonmay ura ketishdi. Ular biz suv tashuvchi emas, Abu Sufyonning xizmatkorlarimiz, deyishganidan keyingina qo'yib yuborishdi.

Bu orada ibodatini tugatgan rasululloh: "Ajab, ular rostini aytganda tutib olib urdinglar, yolg'on gapirganda qo'yib yubordinglar. Bular qurayshning xizmatkorlaridan ekanligi shundoqqina ko'rinib turibdi-ku", dedilar va mushriklar qo'shini qayerga tushganini so'radilar. Asirlar mushrik askarlari joylashgan yerni aniq aytib berishdi. Rasululloh ular kuniga nechta tuya yeyishayotgani bilan qiziqdilar. "Ba'zi kunlari, to'qqizta, ba'zan o'nta", deya javob berishdi asirlar. "Demak, ularning soni to'qqiz yuz bilan ming o'rtasida ekan", deya xulosa chiqardilar payg'ambar alayhis-salom hamda oqsoqollardan kimlar kelganini surishtirdilar. Asirlardan ularning nomlarini eshitgach, sahobalarga: "Makka sizlarga qarshi o'z jigarporalarini tashlabdi", dedilar. Musulmonlar joyidan qo'zg'alib, Madina yaqinidagi suvsiz, sho'rxok yerga ko'chishdi. Ularni tashnalik qiynay boshladi, ko'plari junub, tahoratsiz bo'lib qoldi, payt poylab turgan shayton darrov vasvasa qilishga tushdi: "Mushriklar suvsizlikdan tinka-madoringiz qurib, yo'lingizni eplab yurolmaydigan ahvolga tushishingizni kutib turishibdi. Keyin sho'ringizni quritib, boshingizga it kunini solishadi".

Agar Haq Taolo o'z fazlu marhamatini namoyon etmasa, chindan ham ba'zi odamlarning irodasi bo'shashib ketishi hech gap emasdi. Kutilmaganda havoga bulut chiqib, shu qadar qattiq yomg'ir yog'diki, jilg'alar to'lib-toshib ketdi. Odamlar idishlarini, chuqurlarni suvga to'lg'izib olishdi, chang-to'zon bosilib, yurish osonlashdi. Mushriklar uchun esa yomg'ir katta tashvish keltirdi, ular turgan yer botqoqqa aylanib, na ulovda. na yayov yurish mumkin bo'lmay qoldi. Olloh Anfol surasining 11-oyatida musulmonlarga ko'rsatgan marhamati haqida bunday deydi: "Sizlarni poklash, shayton vasvasasini daf etish, qalbinglarni sokin, qadaminglarni baquvvat qilish uchun Olloh bulutdan yomg'ir yog'dirib berdi". Parvardigor musulmonlarga dalda berish uchun jang maydonida ularga mushriklarning sonini kamaytirib ko'rsatdi. Olloh taoloning hukmi bajo keltirilishi bu voqealarning davomida ayon bo'ldi. Anfol surasining 43-44-oyatlarida bu xususda shunday deyiladi: "Vaqtiki kelib Olloh tushingda ularni senga kamaytirib ko'rsatdi, agar ko'paytirib ko'rsatsa, qo'rqib ketardinglar va shubhasiz o'rtangizda nizo chiqardi, lekin Xudoning o'zi asradi, u ko'ngildagi (sir-asrorlarni) yaxshi bilguvchidir. Olloh bo'ladigan ishni bo'ldirish uchun ularni sizlarga ozgina qilib ko'rsatdi. Sizlarni ham ularga kamaytirib ko'rsatdi. Hamma narsa Ollohning dargohiga qaytajak".

Musulmonlar qarorgohini o'zgartirib, katta suv bo'yiga kelib joylashishdi. Ansorlardan Xubob ibn Munzir benihoya tadbirli, harbiy salohiyati o'tkir kishi edi. U payg'ambar alayhis-salomdan: "Ey, rasululloh, bu yerga Ollohning amriga binoan keldikmi yo sening xohishing bilanmi?" deb so'radi. Payg'ambar alayhis-salom qo'shinni o'z xohish-irodalari bilan ko'chirganlarini aytdilar. "Unday bo'lsa, mushriklarga yaqin joyga ko'chib o'taylik, bu yer jang qilishga noqulay. Mushriklarning shundoqqina biqinida katta ko'l bor, biz shu yerga joylashib, meshlarni suvga to'ldirib olganimizdan keyin yon-verimizdagi hamma quduqlarni ko'mib tashlaylik. Hali jangga kirib ulgurmay suvsizlikdan mushriklar adoyi-tamom bo'lishadi". Hubobning fikri ma'qullanib, uning ko'rsatmasi bo'yicha ish qilindi. Jangovar tayyorgarlik tugagach, Avs qabilasining oqsoqoli Sa'd ibn Muoz "Ey rasululloh, biz sen uchun alohida chodir tikib, ulovingni shay qilib qo'yaylik. Agar Olloh bizga nusrat ato etib, g'alaba qozonsak nur ustiga a'lo nur, bordi-yu, dushman ustun kelsa, sen darrov orqaga qaytib ketishing kerak. Seni bizdan ortiq suyib, itoat etadigan qancha odam Madinada qoldi. Ularning ham g'azotda qatnashish istagi bor edi. Biroq bu safar sening g'azavot niyatida otlanganingdan bexabar qolishdi, bor-yo'g'i karvonni qo'lga kiritish uchun ketdi, deb o'ylashdi. Bu odamlar har qanday sharongda sen uchun ko'ksini qalqon qilishga tayyor, ular saodatga erishishi uchun ham sen omon bo'lishing kerak", dedi. Bu fikr ko'pchilikka ma'qul kelib, katta tepalik ustiga chodir tikildi. Musulmonlar saf chekib, jangovar holga kelgach, rasululloh zarur ko'rsatmalarni berdilar va xudoga murojaat qilib, duoga qo'l ochdilar: '"Yaratgan egam, quraysh xalqi senga takabburlik va bo'yni yo'gonlik qilib yuborgan payg'ambaringni yolg'onchiga chiqarmoqda. Menga va'da qilgan yordamingni darig' tutma, bizlarga nusrat ato et!" Bu duoga qo'shilgan musulmonlar qalblarida bir munavvarlik tuydilar, dushman har qancha qudratli, soni har qancha ko'p bo'lmasin, baribir g'olib kelishlariga ishonch uyg'ondi. Bu har qanday jangning hal qiluvchi omili edi.

Bu orada mushriklar orasida ixtilof chiqib, jangga kirish-kirmaslik haqida tortisha boshlashdi. Utba ibn Robia urushishdan qaytarib, musulmonlar tomonidan o'ldirilgan Amir ibn Hazramiyning tovonini va musodara qilingan mollarni o'z yonidan to'lashini aytdi. Abujahl uni qo'rqoqlikda ayblab, malomatlar yog'dirdi. "Xudo haqi, Muhammad bilan urushib, taqdirda nima borligini ko'rmaguncha qaytib ketmayman", dedi u takabburlik bilan. Jang oldidan Asvad ibn Abdulasad: "Qasam ichib aytamanki, musulmonlarning qo'lidan suv ichaman. Bu yo'lda o'lsam ham roziman", dedi. Biroq niyatiga yetolmadi. Jang boshlanishi bilanoq Hamza uni yaralab, oyog'ini chopib tashladi. Johil Asvad qasamini bajarish uchun emaklab borib, o'zini hovuzga tashladi, Hamza uning boshini tanasidan judo qildi. Rasululloh musulmonlarga sabr-matonat, dovyuraklik tiladilar. "Jangda chidamli bo'lgan odamni Olloh g'am-qayg'udan xalos etadi", dedilar u kishi.

Urush o'sha paytning taomiliga binoan yakkama-yakka olishuv bilan boshlandi. Mushriklardan Utba ibn Robia, uning birodari Shayba hamda o'g'li Validlar maydonga tushishdi. Ansorlardan chiqqan kishilarni ko'rgan mushriklar: "Biz sizlar bilan urushmaymiz, qurayshliklardan chiqishsin", deya chuvullashdi. Payg'ambar alayhis-salom Ubayda ibn Horis ibn Abdumuttalib, Hamza ibn Abdumuttalib va Ali ibn Abutolibni oldinga chiqardilar. Hamza bilan Ali o'z raqiblarini yengdilar, biroq Ubayda bilan Utba ikkalasi yaralandi. Hamza bilan Ali yordamga kelib, Utbani o'ldirishdi va yarador Ubaydani rasulullohning chodiriga olib kelishdi. Payg'ambar alayhis-salom uning boshini tizzalariga qo'yib, shahidlik darajasiga yetgani bilan bashorat berdilar. Ubayda Abu Tolibning: "Muhammadni asraymiz, atrofida jon chekib, uning uchun yor, do'stu xonumondan voz kechib", degan she'rini esladi hamda o'zining mana shunday sharafga erishganidan mamnun bo'ldi.

Muboraza tugagach, har ikki tomon saflarni jangovar holga keltira boshladi. Payg'ambar alayhis-salom odamlarni oralab, qo'llarida kichkina tayoqcha bilan xuddi namozdagidek saflarni tekisladilar. Oldinga chiqib ketgan Savod ismli mujohidning qorniga turtib, to'g'ri tur, dedilar. Savod: "Ey rasululloh, sen bekordan bekorga meni urding, sendan o'chimni olaman", dedi. Rasululloh rozi bo'lib, qorinlarini ochib turdilar. Savod sarvari olamni qattiq quchoqlab, qorinlaridan o'pdi, u kishining ajablanganlarini ko'rib: "O'lim bilan yuzma-yuz kelib turibmiz, umrimning so'nggi daqiqalarida sizni quchoqlab bir rohat qilmoqchi bo'ldim", dedi. Rasululloh unga ezgu tilaklar tilab duo qildilar. Shundan keyin mujohidlarga: "Mening buyrug'imsiz hujumga o'tmanglar. Dushman hujum qilsa, o'q bilan qaytaringlar, ular qilich yalangochlab kelmaguncha sizlar bostirib bormanglar", deb tayinladilar va jangda sabrli, dovyurak bo'lishga chaqirdilar. Shundan keyin birodarlari Abu Bakr bilan chodirga qaytib, xudoga munojot qildilar: "Ey parvardigor, bergan va'dang bilan kafolatingni amalga oshirgaysan. Agar mo'minlarning halokatini istasang yer yuzida senga ibodat qilguvchi odam qolmaydi". Abu Bakr u kishining ko'nglini ko'tarib: "Xudo albatta va'dasida turadi", dedi.

Bunga javoban rasululloh Qamar surasining 46-oyatini o'qidilar: "Mushriklar to'dasi mag'lub bo'lib orqaga chekinadi". Rasululloh mana shu ishonch bilan mujohidlarni ruhlantirish uchun tashqariga chiqib "Xudoning nomi bilan qasam ichamanki, bugun kimki mushriklarga qarshi sabr va matonat bilan jang qilsa, Olloh unga jannat ato etadi. Kimki bir mushrikni o'ldirsa, uning engil-boshi bilan qurolini o'lja oladi'", deya xitob qildilar." Juda yaxshi gap ekan-ku, - dedi Umayr ibn Xumom. - Jannatga tushishim uchun mushriklar bilan jang qilib shahid bo'lishimgina qolgan ekan. Nega bu qulay imkoniyatni orqaga surib o'tiribman", deya yeb turgan xurmosini tashlab jangga kirib ketdi. Dushmanlar bilan sherdek olishib shahid bo'ldi. Jang rosa avjiga chiqqanda parvardigori olam musulmonlarning ko'ngliga dalda berib, ruhini ko'tarish uchun ko'kdan farishtalarni tushirdi. Jang biron soat davom, etgach, mushriklar mag'lub bo'lib, betartib qocha boshlashdi. Musulmonlar ularni quvib, qilichdan o'tkazishdi, bir qismini asir olishdi. Bu jangda mushriklar yetmish nafar odamidan ayrildi, yetmishtasi asirga tushdi. Payg'ambar alayhis-salom jangdan qayta turib, Makkada juda ko'p ozor bergan Uqba ibn Abu Muayid bilan Nazir ibn Horisni qatl etdilar. Shundan keyin o'liklarni Badrdagi chuqurlarga ko'mishni buyurdilar. U kishining amriga binoan xoh mushrik bo'lsin, xoh musulmon jasadlar albatta dafn etilardi. Chuqurga birinchi bo'lib Abu Huzayfaning otasi tashlandi. Uning rangi bo'zarib, g'alati bo'lib ketdi. "Otangga achinyapsanmm?" deb so'radilar payg'ambar alayhis-salom. "Yo'q, - dedi Abu Huzayfa. - Lekin otam aqlli, muloyim, mehribon odam edi. Hamisha Ollohdan u kishini islom diniga hidoyat etishni so'rardim. Afsuski, nasib etmadi. Otamning imonsiz ketganiga ichim achiyapti". Rasululloh unga tasalli berib, haqiga duo qildilar.

Shundan keyin mushriklarning jasadlari ko'milgan joyga kelib, hay falonchi, hay pismadonchi, deya marhumlarni nomma-nom chaqirdilar-da: "Islom dinini qabul qilmaganinglar uchun afsuslanyapsizlarmi? Biz robbimizning va'dasi rostligiga ishondik, sizlar ham o'z robbingizning va'dasi chinligiga amin bo'ldinglarmi?" "Ey rasululloh, jonsiz jasadlar gapingni eshitarmidi?" dedi hayratga tushib Umar. "Ular sizlardan ko'ra yaxshiroq eshitishadi", dedilar payg'ambar alayhis-salom. Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinishicha, rasululloh mushriklarning qabrlari tepasiga kelib: "Bular endi da'vatimning haqligani juda yaxshi bilishadi", degan ekanlar. Shuningdek u kishi: "Sen o'liklarga va qabrdagilarga gapingni eshittirolmaysan", degan oyatni o'qiganlarini, o'lgan mushriklar rasulullohning da'vati haqligini do'zaxga kirganda bilajagini aytdilar.

Muhammad alayhis-salom Madina xalqiga xushxabar yetkazish uchun kun chiqish tomonga Abdulloh ibn Abu Ravohani, kun botish tomonga Zayid ibn Horisani yubordilar. Yahudiylar bilan munofiqlar har xil gap-so'z tarqatib, musulmonlarning ko'ngliga g'uluv solib yurishgan edi. Azaliy niyati odamlarning halovatini buzib, ko'nglini gash qilish bo'lgan murtadlarning dami ichiga tushib ketdi. Xushxabar Madinaliklar rasulullohning qizi, Usmonning umr yo'ldoshi Ruqiyani dafn etish paytida yetib keldi. Payg'ambar alayhis-salom zudlik bilan qaytmoqchi bo'lgan edilar, biroq o'lja olingan mollar taqsimoti ustida ixtilof chiqib qoldi. Yoshlar jangni biz qildik, o'ljaning ko'pini biz olishimiz kerak, deyishdi. Qarilar, agar biz qo'llab-quvvatlamasak g'alaba qayda edi, o'ljada bizning ham ulushimiz bor, deyishdi. Agar oldi olinmasa bu ixtilof adovat o'tini yoqib, o'rtaga nizo solardi.

Olloh taolo musulmonlar o'rtasidagi kelishmaslikni bartaraf etish uchun Anfol surasining birinchi oyatini nozil qildi: "Sendan o'lja haqida so'rashadi, sen ularga: "O'lja yaratgan bilan payg'ambarga tegishli; agar mo'min bo'lsangizlar, Ollohga taqvo qilinglar, munosabatinglarni yaxshilanglar, xudoga va payg'ambarga itoatda bo'linglar, degin". Shundan keyin musulmonlarning qalbi Qur'on nuri bilan nurafshon bo'lib, nizoga chek qo'yildi, ahillik qaror topdi, o'ljani xudoning hukmiga binoan taqsimlab berishni rasulullohga topshirishdi. Payg'ambar alayhis-salom piyodalarga bir xil, suvoriylarga boshqacha ulush ajratdilar. Ma'lum sabablar bilan jangda qatnashmaganlarni ham benasib qo'ymadilar. Bular rasulullohning o'rinlarida Madinada qolgan Abu Luboba Ansoriy, Amir ibn Avf qabilasiga xalifa bo'lib qolgan Horis ibn Hotab, Ravho degan joyda qo'shindan qolib ketgan Horis ibn Simma bilan Xavvot ibn Jubayr, dushman tomoniga vaziyatni o'rgangani jo'natilgan Talha ibn Ubaydulloh bilan Said ibn Zayd, kasal rafiqasining tepasida qolgan Usmon ibn Affon Kubo va Oliya aholisiga boshchilik qilish uchun qoldirilgan Osim ibn Adiylar edi. Shuningdek jangda shahid ketgan o'n to'rt kishining oilasiga ham tegishli ulush ajratildi. Urushning avvalida yaralangan Ubayda ibn Horis ibn Abdulmuttalib ham o'z nasibasini olgan bo'lsa-da, foydalanish nasib etmadi. U musulmonlar Badrdan qaytishayotganda olamdan o'tdi. Rasululloh Madinaga yaqinlashtanlarida yosh qizaloqlar qo'shiq aytib u kishining istiqboliga chiqishdi.

Rasululloh to'lin oydek nur sochib
Chiqib keldi Saniyyatul-Vado'dan
Shukr aytmoq lozim bizga har lahza,
Biron kimsa qo'l uzmasin duodan.
Musulmoining shamchirog'i bu dinni
Olib keldi rasul bizga xudodan.

ASIRLAR HAQIDA KENGASHISH

Madinaga yetib kelishgach, payg'ambar alayhis-salom asirlarning taqdiri haqida kengashib olish uchun sahobalarni huzurlariga chorladilar. Umar ibn Hattob so'z olib: "Ey rasululloh, bular payg'ambarligingga ishonmay senga qarshi kurashgan, seni yurtingdan haydab chiqargan kimsalar. Menga o'z qarindoshimni, Hamzaga qarindoshi Abbosni, Aliga jigari Uqayilni ber, ularni o'zimiz o'ldiraylik. Mushriklarga sira shafqat yo'qligini bilib qo'yishsin. Meningcha, asirlarning hammasini qirib tashlash ksrak. Ularning hammalari quraysh kattalari, shu paytgacha biz ulardan faqat yomonlik ko'rdik. Mana endi orani ochdi qilib qo'yadigan payt keldi", dedi. Sa'd ibn Maoz bilan Abdulloh ibn Ravoha uning fikrini qo'llab-quvvatlashdi. Biroq Abu Bakr ularni yoqlamadi "Ey rasululloh, bular o'z urug'-aymoqlaring. Olloh taolo senga nusrat ato etib, qo'lingni baland qilgan ekan, meningcha ularni o'ldirish o'rniga tovon olib qo'yib yuborish kerak. Tovon puli kofirlarga qarshi kurashimizda kunimizga yaraydi. Mabodo mana shu muruvvating tufayli ularning qalblari yumshab iymonga kelishsa, suyanchiginga aylanib qolishlari hech gap emas", dedi.

Bu fikrlarni eshitgach, rasululloh dedilar: Parvardigor ba'zi birovlarning ko'nglini sutdan ham oq, paxtadan ham yumshoq, ba'zilarnikini esa toshdan ham qattiq qiladi. Ey Abu Bakr, sen yumshoq ko'ngil Ibrohimga o'xshaysan. U o'z fazlini namoyon etib bunday degan edi: "Kimki menga ergashar ekan, u mening dinimdadir, kimki menga osiylik qilar ekan, sen shubhasiz (unga) mag'firat qilishga va marhamat ko'rsatishga qodirsan". (Ibrohim surasining 36-oyati). Ey Umar, sen xuddi Nuhga o'xshaysan, u kofirni duoibad qilib: "Parvardigorim, yer yuzida bironta kofir zotini qo'ymagin", degan edi. (Nuh surasining 96-oyati) - Payg'ambar alayhis-salom har ikkala sahobani maqtagach, Abu Bakrning fikrini yoqladilar, chindan ham ayni vaqtda qanday yo'l bilan bo'lmasin islom dinini keng yoyish, moddiy va ma'naviy kuch yig'ib, mushriklarni mag'lub etish kerak edi. - Biz hozir yo'qsilmiz, shuning uchun asirlarni tovon olmay qo'yib yubormaslik kerak". Bu qarordan xabar topgan mushriklar ancha yengil tortishdi. O'lganlar uchun aza ochib, bir oy motam tutishgach, toki ular uchun intiqom olmaguncha ko'z yoshi to'kmaslikka ahd qilishdi. Musulmonlar ko'p pul so'ramasin, degan o'yda asirlarni qutqarib olishga shoshilmaslik kerak, degan to'xtamga kelishdi.

ASIRLARNI QUTQARIB OLISH. FIDYA

Muttalib ibn Abu Vadoa Sahimiy mushriklarning taqiqlashiga qaramay yashirincha Madinaga keldi-da, to'rt ming dirham to'lab otasini qutqarib oldi. Shundan keyin quraysh mushriklari har bir odam uchun mingdan to'rt ming dirhamgacha tovon to'lab, o'z yaqinlarini asirlikdan ozod qilishdi. Puli yo'q, lekin ilmli odamlar madinalik o'nta bolaning savodini chiqarib tutqunlikdan qutulishi mumkin edi. Abu Sufyonga tovon to'lab o'g'lini qutqarib ketish taklif etilganda u qat'iyan rad etib: "Men hech qachon haq to'lab o'g'limni qutqarmayman. Uning ixtiyori Muhammadda, nima qilsa o'zi biladi", dedi. Shundan keyin bu yovuz kimsa Ka'ba ziyoratiga borgan Sa'd ibn Nu'mon Ansoriyni tutib olib, qamab qo'ydi. Rasululloh Abu Sufyonning o'g'lini Sa'd bilan almashtirishga majbur bo'ldilar.

Asirlar orasida payg'ambar alayhis-salomning kuyovi Abul Os ibn Rabiy ham bor edi. Musulmonlar bilan mushriklar o'rtasida ziddiyat kuchaygan paytda makkaliklar undan rasulullohning qizi Zaynabni qo'yib yuborishni talab qilishdi. Abul Os imonga kelmagan bo'lsa-da: "Mening qo'yadigan xotinim yo'q. Qurayshda unga teng keladigai yaxshi xotin topilmaydi", degan edi. Zaynab erini asirlikdan qutqarish uchun to'y kuni onasi Xadicha bo'yniga osib qo'ygan marvaridni otasiga yubordi. Ham Xadichani eslab, ham qizining chorasiz ahvoliga achinib ko'ngli buzilgan rasululloh sahobalarga: "Abul Osni qo'yvorib, marvaridni qizimga qaytarib bersanglar bo'larmikin", dedilar. Sahobalar rozilik berishdi. Payg'ambar alayhis-salom Zaynabning Madinaga ko'chib kelishiga ruxsat berish sharti bilan Abul Osni ozod qildilar. Oradan ko'p o'tmay, Zaynab Madinaga yetib keldi. Makka fath etilishi arafasida islom diniga kirgan Abul Osga Zaynab avvalgi nikohi bo'yicha qaytarib berildi.

Suhayil ibn Amr fasohatli notiq bo'lgani uchun musulmonlarni haqoratlab ko'p ozor yetkazgan edi. U asirga tushganda Umar ibn Xattob: "Ey rasululloh, ijozat ber, Suhayilning ikki tishini sug'urib olay, toki seni yomonlab gapirolmaydigan bo'lsin", dedi. Rasululloh: "Men birovning a'zosiga zarar yetkazib, mayib qilmayman. Zolimlik qilsam payg'ambar bo'lishimdan qat'iy nazar Olloh meni ham shu ko'yga soladi. Kelajakda Suhayil islomning foydasiga so'z aytsa ajab emas", dedilar. Mikroz ibn Hafis notiq uchun to'lanadigan haq miqdorini kelishgach, Suhayil ozod etiladigan, lekin to tovon puli kelguncha Mikroz garovda qilgan bashoratlarini ro'yobga chiqardi. Sarvari olam vafot etganlaridan keyin makkaliklarning bir qismi boshqa arablar kabi dindan qaytmoqchi bo'lganda, Suhayil o'rnidan turdi-da, xudoga hamdu sano, payg'ambar alayhis-salomga durud o'qidi hamda yig'ilganlarga xitob etib: "Ey xaloyiq! Kimki Muhammadga ibodat qilmoqchi bo'lsa, u kishi olamdan o'tdi. Kimki Ollohga ibodat qilishni istasa, u tirik, xudo abadiy barhayot! Zumar surasining 20-oyati esinglardami? Olloh: "Sen ham albatta o'lasan, ular ham o'lishi aniq", deydi. Bundan tashqari Oli Imron surasining 144-oyati aynan sizlar haqingizdadir:

"Muhammad bor-yo'g'i bir payg'ambar, undan avval ham talay payg'ambarlar o'tgan. u olamdan o'tsa, yoki o'ldirija darrov imondan qaytasizlarmi?" Xudo haqqi, men aniq bilamanki, islom dini xuddi quyosh nuridek yer yuziga tarqaladi. Abu Sufyonga aldanmanglar, u islomning haq din ekanini juda yaxshi biladi, faqat hasadgo'yligi tufayli unga qarshi turadi. Robbingizga tavakkal qiling! Ollohning dini keng tarqaladi. Ollohning so'zi haq. Ollohni yoqlagan kishiga yaratganning o'zi madad beradi'. Xudo o'z diniga quvvat ato etadi. Yaratgan egam sizlarni birlashtirgani uchun hammadan fazilatli Abu Bakrni payg'ambar alayhis-salomning xalifasi qilib sayladinglar. Bu bilan islom dini yanada kuchga kiradi. Kimki dindan qaytib, murtad bo'lar ekan, shartta kallasini olamiz".

Bu gap arosatda yurgan odamlarni sergaklantirdi, haqiqiy musulmonlarning imonini yanada mustahkamladi. Suhayil haqida aytilgan fikr rasulullohning mo'jizalaridan biridir.

Valid ibn Validni Xolid bilan Hishom qutqarib olishdi. Valid Makkaga qaytib kelgach, musulmon bo'ldi. Unga: "Tovon to'lanmasidan oldin imon keltirib qo'ya qolsang bo'lmasmidi?" deyishganda, "Odamlar qo'rqqanidan islomga kiribdi, deyishmasin deb atay shunday qildim", deya javob berdi. Uning islom diniga kirganidan g'azablangan qarindoshlari Madinaga ketishiga yo'l qo'yishmadi, Rasululloh Ka'ba ziyoratiga kelganlarida Valid payt poylab u kishiing yoniga qochib ketdi.

Badr urushida mushriklarning a'lamdori bo'lgan Soib ibn Yazid islom olamining mo'tabar imomlaridan Shofeiy Muhammad ibn Idrisning bobokalonidir.

Tutqun Vahobning otasi Umayir qurayshlarning shayotinlaridan bo'lib, payg'ambar alayhis-salomga ko'p aziyat yetkazgan edi. Kunlarning birida Safvon ibn Umayya bilan Badr jangida boshlariga tushgan musibatlarni eslab o'tirishganda Umayir dardini to'kib soldi: "Agar birovdan qarzdor bo'lmaganimda, mendan keyin bola-chaqamning holi ne kecharkin degan tashvish qiynamaganda Madinaga borib, Muhammadni o'ldirib, asirlikda qiynalayotgan o'g'limni qutqarib kelardim", dedi. Safvon: "Unday bo'lsa, qarzlaringni men to'layman, bola-chaqangning holidan xabar olishga so'z beraman", dedi.

Umayir qilichiga zahar suvi berib, Madinaga yo'l oldi. Bir to'da musulmonlar bilan suhbatlashib o'tirgan Umar qilich osib kelgan Umayirga ko'zi tushib: "Manavi Ollohning dushmani bo'lgan it yaxshi niyat bilan kelmagan", dedi-da, darrov payg'ambar alayhis-salomga xabar yubordi. Rasululloh Umayirni huzurlariga olib kelishni buyurdilar. Umar dushmanning qilichidan tutgancha ichkariga boshlab kirdi. Payg'ambar alayhis-salom uni qo'yib yuborishni buyurdilar va Umayirni yaqinroq kelishga taklif etdilar. Umayir yaqinroq kelib: "Ertangiz xayrli bo'lsin!" dedi. Rasululloh: "Parvardigori olam sening salomingdan yaxshiroq salomni o'rgatdi", dedilar va uning nima maqsadda kelganini so'radilar. Umayir: "Qo'linglarda bandi bo'lib yotgan o'g'lim uchun keldim, unga muruvvat qilinglar", deya o'tindi. "Unday bo'lsa nega qilich ko'tarib kelding?" deb so'radilar payg'ambar alayhis-salom. "Xudo ursin bu qilichni, kunimizga yaramadi-ku", dedi Umayir. "Rostingni ayt, nima maqsadda kelding?" deya qayta so'radilar rasululloh. "Aytdim-ku, asir o'g'limni qutqargani keldim", dedi Umayir. "Yolg'on gapiryapsan, - dedilar rasululloh. - Sen Safvon bilan tosh ustida o'tirib, meni o'ldirishga qasam ichding. Safvon qarzingni to'lashga va'da berib, qutqu soldi". Esi og'ib qolgan Umayir: "Sening nuqul osmondan kelishinga, vahiylaringa ishonmagan edim, lekin bu gaplarni qanday bilding? Axir biz gaplashgan yerda Safvon ikkalamizdan boshqa biron tirik jon yo'q edi-ku", dedi. Payg'ambar alayhis-salom sahobalarga: "Qarindoshinglar Umayirga Qur'on bilan diniy ahkomlarni o'rgatib, o'g'lini qo'yib yuboringlar", deb tayinladilar. Umayir Makkaga qaytib borgach, musulmon bo'lganini e'lon qildi.

Abu Aziz ibn Umayirni onasi to'rt ming dirham to'lab kutqarib oldi.

Payg'ambar adayhis-salomning amakilari Abbos ibn Abdulmuttolib Badr jangiga majburan qatnashgan edi. Shu bois tovon to'lashdan bosh tortdi. Lekin rasululloh: "Dushman safida bo'lganing uchun ham qarindoshing Uqayil ikkalang tovon to'lanmaguncha ozod etilmaysizlar", dedilar. Ular tovon to'lab ozod bo'lishdi. Ketar oldidan: "Meni qurayshlarning orasida bir umr kosasi oqarmaydigan gado qilib qo'yding", deya yozg'irdi Abbos. "Bekorlarni aytibsan,- dedilar rasululloh. - Sen Badrga kelishdan oldin Ummul-Fazlga juda ko'p mol-mulk qoldirib, qaytib kelsam olaman, mabodo o'lib ketsam senga bo'la qolsin, demabmiding?". Abbos: Buni hech kim bilmagan edi-ku, deb dovdirab qoldi. Payg'ambar alayhis-salomning o'z qarindoshiga yon bosmay qilgan muomolasi eng adolatli hukmdir. U kishi Abbosning jangga majburan chiqqanini bilsalar-da, baribir afv etmadilar. Vaholanki, hech vaqosi yo'q kambag'allarni kechirib, asirlikdan ozod qilib yubordilar. Bu chinakam islomiy adolatning mumtoz namunasidir. Olloh taolo Qur'oni Karimda musulmonlarga adolatli va rostgo'y bo'lish ta'limini berib, Niso surasining 135-oyatida: "Ey, mo'minlar, o'zingiz, ota-onangiz yo qarindosh-urug'ingizning zarariga guvohlik berish lozim bo'lsa-da Ollohni nazarda tutib, guvohlikda odil bo'linglar", deydi. Mana shu islomiy axloq namunalarini payg'ambar alayhis-salom asirlarga munosabatda namoyon etdilar.

Shoir Abu Uzza Jumahiy Makkada yashayotganlarida rasulullohni hajv qilib, ko'p aziyat yetkazgan edi, asirga tushgach: "Mening bola-chaqali, kambag'al odamligimni bilasan, rahm qilib, qo'yib yuborgin", deb yalindi. Payg'ambar alayhis-salom iltifot ko'rsatib uni qo'yib yubordilar.

TOVON OLINISHIGA OLLOHNING NOROZILIGI

Asirlar tovon evaziga ozod qilingach, parvardigor Anfol surasining 67-88-oyatlarini nozil qildi. "Payg'ambarga yer yuzida dushmanni ko'proq o'ldirmay (ya'ni mushriklarning tahdidini yo'qotib, Islomni quvvatlantirmay) turib asirlardan tovon olish durust emasdi. (Ey, mo'minlar! Sizlar tovon olib) dunyoviy manfaatii ko'zlaysiz, Olloh esa sizlarga oxiratning (savobini) tilaydi. Olloh qudratlidir, hikmat bilan ish qilguvchidir. Agar Olloh ilgariroq hukm chaqirmaganida edi, tovon olganingiz uchun qattiq azobga giriftor bo'lardinglar". Parvardigor Xudo yo'lidan qaytargan, islom dinining tarqalishiga halal beradigan asirlarni o'ldirmay tovon evaziga qo'yib yuborishni man etib, jon o'rniga mol-dunyoni tanlagan ba'zi musulmonlarni aybladi.

Ishtihod qilguvchining maqsadi to'g'ri bo'la turib, xatoga yo'l qo'ysa, jazolanmasligi haqida yaratganning hukmi nozil etilgani uchun azobdan holi. Shu bois yaxshi niyatda olingan tovonni Olloh taolo musulmonlarga halol qildi. Bu narsa Muhammad alayhis-salomning haqiqiy payg'ambar ekaniga dalil bo'la oladi. Agar payg'ambarlik Xudo tomonidan yuboriladigan ulug' martaba bo'lmaganida Muhammad alayhis-salom sahobalar bilan kelishib asirlarni tovon evaziga qo'yib yuborgani uchun bunchalik afsuslanmas edilar. Olloh taolo rasulullohni xotirjam qilish uchun Anfol surasining 70-oyatida aslida niyati yaxshi asirlarning gunohlarini kechishini bayon etadi: "Ey payg'ambar, qo'l ostingdagi asirlarga, agar Olloh dilinglarda tariqcha yaxshilik borligini bilsa, tovonga berilganidan ko'ra yaxshiroq narsalarni ato etadi, sizlarga mag'firat qiladi. Olloh benihoya mehr-shafqatli va mag'firat qilguvchi zotdir, degin".

Badr g'azoti tufayli Islom muzaffar dinga aylandi, musulmonlarda o'z kuchiga ishonch paydo qildi, mushriklar birinchi marta qattiq zarbaga uchrab, saflarida parokandalik paydo bo'ldi. Dushman son jihatdan bir necha barobar ustun, musulmonlar bir hovuchgina edi, mushriklarning ot-ulovi, qurol-yarog'i badastir, jangovar tayyorgarligi puxta, musulmonlarda esa minishga ulov ham yetishmas edi. Faqat Olloh Taoloning ko'rsatgan iltifoti tufayli Islom vakillarining qo'li baland keldi. Parvardigori olam Oli Imron surasining 123-oyatida Badrdagi g'alaba ne'matini minnat qilib shunday deydi: "Badrda Olloh sizlarga madad berdi. Vaholanki, sizlarning soningiz oz edi", Badr jangi musulmonlar hayotidagi eng katta g'azot edi, shu bois u islom tarixida hal etuvchi burilish nuqtasi bo'ldi. Shundan keyin islom diniga munosabat o'zgardi. Bu jangda islom dinining ashaddiy dushmanlari o'ldirildi. Musulmonlarning qo'li baland kelganini ko'rgan arablarning yuragiga g'uluv tushdi. Olloh taoloning bu iltifotiga shukrona aytmoq, Badr g'azotida g'alaba qozonilgan kun - ramazonning o'n yettisini nishonlab, payg'ambar alayhis-salom va musulmonlarga ato etilgan ne'matlardan minnatdor bo'lmoq lozim.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.