background
logotype
image1 image2 image3

Isro va me'roj

Payg'ambar alayhis-salom Madinaga hijrat qilishlaridan oldin Olloh u kishini Isro va Me'roj martabasiga erishtirdi. Rasulullohning Makkadagi Masjidi Haromdan Baytulmuqaddasga bir kechada borib kelishlari Isro deb, shu kuni kechasi osmonga chiqib, ruhiy olam bilan tanishib qaytganlari esa Me'roj deb ataladi. Ahli sunnatlar - e'tiqod va amallarida payg'ambarning sunnatiga va sahobalarning yo'liga ergashuvchilar ham to'rt choharyor - Abu Bakr, Umar, Usmon, Alini qonuniy xalifa deb e'tirof etganlar - sarvari olam Me'rojga jisman chiqib tushganlar deb hisoblashadi. Oisha roziyalloxu anhu rasulullohning Ollohni ko'rganliklarini inkor etadi. U: "Kimki payg'ambar xudo bilan ko'rishgan desa, gunohkor, bo'htonchi bo'ladi", deydi.

Isro voqeasi Qur'ondagi Isro surasiniig 1-oyatida bunday bayon etilgan: "Bandasiga o'z qudratining nishonalarini namoyon etish uchun uni bir kechada Masjidi haromdan tevarak-atrofi barokatli Masjidi Aqsoga olib borgan Olloh pokdir. U hamma narsani ko'rib, bilib turguvchi zotdir". Me'roj voqeasi "Sahihul Buxoriy" va "Sahihul Muslim" kitoblarida haqqoniy bayon etilgan. Qozi Iyoz ham o'zining "Shifo" asarida bu haqda alohida to'xtalib o'tgan. Anas ibn Molikdan rivoyat qilinishicha, rasululloh Me'roj voqeasini shunday bayon etganlar: "Menga eshakdan kattaroq, xachirdan kichikroq qadami ildam bir duldul keltirildi. Uni minib Baytullohga bordim. Duldulni payg'ambarlarning ulovlari turadigan joyga bog'lab, masjidda ikki rakaat nomoz o'qib chiqdim. Jabroil menga bir idishda may bilan ikkinchi idishda sut keltirdi. Men sutni tanladim. "Tabiiy narsani topding", dedi Jabroil. Shundan keyin osmonga ko'tarildik. Jabroil osmonning ochilishini talab qildi. Shu payt: "Kimsan?" degan ovoz eshitildi. Jabroil o'zini tanitdi. "Yoningda kim bor?" deb so'radi boyagi ovoz. "Muhammad bor", dedi Jabroil. "Unga payg'ambarlik keldimi?" dedi ovoz. "Ha", dedi Jabroil. Shundan keyingina osmonning qopqalari ochildi. U yerda men Odam alayhis-salomni ko'rdim. U zoti muborak menga peshvoz chiqib, yaxshilik tiladilar. Undan keyin ikkinchi osmonga ko'tarildik. Bu yerda ham avvalgi savol-javoblar takrorlanib ko'kning darvozalari ochildi. Bu yerda Yahyo bilan Isoni uchratdim. Ular ham menga peshvoz chiqib, yaxshiliklar tilashdi. Uchinchi osmonga ham shu tahlid chiqdik va bu ma'voda jam'i go'zallikning yarmi ato etilgan Yusufni ko'rdim. U ham menga peshvoz chiqib, yaxshilik tiladi. To'rtinchi osmonda Olloh taolo Maryam surasining 58-oyatida: "Idrisni yuqori darajaga ko'tardik", deya e'tirof etgan Idris bilan yuz ko'rishdik. Beshinchi osmonda Horun bilan, oltinchi osmonda Muso bilan uchrashdim. Ular ham menga peshvoz chiqib, yaxshilik tilab qolishdi. Yettinchi osmonda Baytulma'murga suyanib o'tirgan Ibrohimni ko'rdim. Baytulma'murga har kuni etmish ming farishta kirib chiqar, bir marta tashrif buyurganlariga qaytib kelish navbati tegmas ekan. Keyin Sidratulmuntiho daraxtini ko'rgani bordik. Uning yaproqlari filning qulog'idek, mevalari qovoqdek kelar ekan. Robbimning amriga binoan bu daraxt o'zgarib, tovlanib turardi. Uning ta'rif-tavsifiga barcha maxluqlar qatori odam ham ojiz. Olloh taolo menga ba'zi ishlarni vahiy qilib, bir kecha-kunduzda ellik marta namoz o'qishni buyurdi. Men Musoning yoniga kelganimda u: "Robbing ummatingga nimalarni farz qildi?" deb so'radi. Men ellik marta namoz o'qishni buyurganini aytdim. "Izingga qaytib, robbingdan ibodatni yengillatishini o'tin, ummatingning bunga toqati yetmaydi. Sendan avval men bani Isroilni sinab ko'rganman", dedi. Men darrov izimga qaytib: "Ey robbim, ummatimga yengillik ber", deb yolbordim. U namozning besh mahalini qisqartirdi. Musoning yoniga kelib voqeani bayon etdim. U yuqoriga chiqib, yana yengillik so'rashni maslahat berdi. Shu zayil robbim bilan Musoning o'rtasida zir qatnadim. Toki parvardigorim: "Ey Muhammad, bir kecha-kunduzda besh mahal namozni farz qildim. Har bir namozga o'n mahalning, besh mahalga ellik mahalning savobini beraman. Kimki biron ezgulikni o'ylab uni qilolmasa, bir yaxshilikning savobi, mabodo ko'ngliga tukkan ezgulikni ro'yobga chiqarsa, o'n yaxshilikning savobi beriladi. Kimki biron shumlikni ko'zlasayu, amalga oshirmasa, yomonlik yozilmaydi, mabodo o'ylagan yomonligini qilsa, bitta yomonlikning gunohi yoziladi", dedi. Musoning yoniga kelib bo'lgan gap-so'zlarni aytdim. U yana robbingdan yengillik so'ra, deb maslahat berdi. Men: "Hadeb robbimning huzuriga boraverishdan uyalaman", dedim.

Payg'ambar alayhis-salom shu kuni kechasi Makkaga qaytdilar. Ertalab masjidga chiqqanlarida Abu Jahl ibn Hoshimga tunda yuz bergan voqealarni gapirib berdilar, Esi og'ib qolgan Abu Jahl: "Hoy Ka'b ibn Luay jamoati, buyoqqa kelinglar!" deb odamlarni chaqirdi. Tamoshatalab quraysh mushriklari yugurgilab kelishdi. Rasululloh ularga ham Me'roj voqeasini bayon etdilar. Kofirlar hayratdan yoqa ushlab, bo'lmagan gap, deya chuvvos solishdi, ba'zilari chapak chalib yuborishdi, ba'zilari peshonasini tutamlab o'yga cho'mishdi, imoni zaifroqlari shu zahoti dindan chiqdi. Erinmagan xabarchilar bu gapni Abu Bakrga yetkazishganda: "Payg'ambar alayhis-salom shunday degan bo'lsalar demak rost gap ekan", dedi. "Uning shu bo'lmag'ur gapiga ham ishonasanmi?" deyishdi mushriklar. "U kishining bundan g'ayritabiiy gaplariga ham so'zsiz ishonaman", dedi Abu Bakr. Shu kundan e'tiboran Abu Bakr Siddiq rostgo'y, samimiy, haqgo'y odam deb ataladi. Nochor qolgan mushriklar rasulullohni sinab ko'rmoqchi bo'lishdi: Baytulmuqaddasni ko'rganlari, bu masjidning shakli-shamoyili qandayligini so'rashdi. Rasululloh Baytulmuqaddasni ilgari ko'rmagan edilar, lekin Ollohning yordami bilan uning qanday qurilganini, nechta eshigi borligini, hatto qanday bezaklar bilan zeb berilganini aniq aytib berdilar. "Buni-ku topding, endi bizning o'sha yoqqa ketgan karvonimiz haqida gapirib ber", deyishdi mushriklar. Rasululloh mushriklarning Shomga ketgan karvonida nechta tuya borligi, odamlarining ahvol-ruhiyasi haqida xabar berib, karvon falon kuni kun yorishganda shaharga kirib keladi, targ'il tuya yo'l boshlovchi bo'ladi, dedilar. Mushriklar aytilgan kuni yo'lga chiqib turishdi. Chindan ham quyosh ufqdan bosh ko'targanda uzoqdan targ'il tuya yetovidagi karvon ko'rindi, lekin bu hol ularni imonga keltirish o'rniga kofirligi va tarsoligini battar kuchaytirdi. Bu hodisani ko'z boylog'ichlik, folbinlikka yo'yishdi.

Me'rojga chiqilgan tunning ertasi Jabroil alayhis-salom kelib, rasululloqga besh vaqt namozni o'qish tartiblari hamda namoz vaqtlaridan ta'lim berdi, Ikki rakaat bomdod nomozi tong yorishganda, to'rt rakaat peshin nomozi kun og'a boshlaganda, to'rt rakaat nomozdigar narsalarning soyasi ikki barobar uzayganda, uch rakaat shom namozi kun botganda, xufton namozi qizil shafaq yo'qolgandan keyin o'qiladi. Besh vaqt namoz farz bo'lishida avval rasululloh Ibrohim alayhis-salomga o'xshab ertalab va kechqurun ikki rakaatdan ibodat qilardilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.