background
logotype
image1 image2 image3

Hudaybiya g’azoti

Payg'ambar alayhis-salom tushlarida Masjidi Haromga kirib, haj ibodatlarini bajo keltirganlarini ko'rgach, musulmonlarga umra* qilajaklarini aytdilar. Qurayshlar qarshilik ko'rsatishdan xavfsirab, Madina atrofidagi ko'chmanchi arablarni hamsafar bo'lishga undadilar, lekin ularning payg'ambar boshchiligidagi musulmonlar uyiga sog'-salomat qaytib kelishiga ko'zi yetmay, bola-chaqasi bilan mol-holi qarovsiz qolishini bahona qilishdi va kechirim so'rashib, safarga chiqishdan bosh tortishdi. Rasululloh muhojir va ansorlardan bir yarim ming odamni olib yo'lga tushdilar. Rafiqalari Ummu Salama u kishiga hamroh bo'ldi. Madinada rasulullohning o'rinlariga ibn Ummu Maktum qoldi.

Musulmonlar birov bilan urushgani ketmastganini bildirib qo'yish uchun qurbonlikka so'yiladigan mollarni oldinda haydab borishdi. Sahobalarda qiniga solingan qilichdan boshqa qurol yo'q edi. Payg'ambar alayhis-salom umraga qilichlarni yalang'ochlab borishni istamadilar. Musulmonlar Usfonga yetib kelishganda Makkaga yuborilgan xabarchi qaytib keldi. U mushriklar musulmonlarni Makkaga yaqin yo'latmaslikka qaror qilib, urushga tayyorlanishayotganini, Xolid ibn Valid boshchiligidagi ikki yuz suvoriy ziyoratchilarning yo'lini to'sish uchun otlanganini aytdi.

Vaziyat keskinlashib, behuda qon to'kilishi mumkinligini sezgan payg'ambar alayhis-salom: "Bizni kim boshqa yo'ldan olib boradi?" deb so'radilar. Musulmonlar orasidan bir odam talabgor bo'lib chiqdi-da, ularni notekis, egri-bugri yo'llardan boshlab, Makkaning etak tomonidagi yalanglikka olib chiqdi. Bundan xabar topgan Xolid ibn Valid darhol shaharga qaytib, makkaliklarga xabarni stkazdi. Musulmonlar Muror* tepaligiga kelganda payg'ambar alayhis-salomning tuyasi yurmay cho'kkalab oldi. "Tuyaning bunday odati yo'q edi. Uni filni to'xtatgan parvardigor cho'ktirdi. Xudo haqqi makkaliklar Baytullohni ulug'lash uchun qanday shart qo'yishsa so'zsiz qabul qilaman", dedilar.

Hozirgi vaziyatda jangga kirsa musulmonlar zafar quchishi aniq edi. Lekin Olloh taolo kelajakda Baytullohni butun dunyo musulmonlarini birlashtirib, do'stlik, qarindoshlik rishtalarini mustahkamlaydigan ziyoratgohga aylantirishni iroda qilib qon to'kilishining oldini oldi va muqaddas maskanning hurmatini o'rniga qo'ydi. Payg'ambar alayhis-salom musulmonlarga Hudaybiyaning* olis bir chetiga joylashishni buyurdilar. Ular hali nafas rostlab ulgurmay Makkadan vakil bo'lib kelgan Budayl ibn Varqo musulmonlar nima mahsadda tashrif buyurishgani bilan qiziqdi. Payg'ambar alayhis-salom maqsadlarini bayon etdilar. Budayl iziga qaytib, bo'lgan gapni aytganida u musulmonlar bilan ittifoqdosh Xuzoa qabilasidan bo'lgani uchun qurayshlar uning so'zlariga ishonishmadi.

"Muhammad lashkarlari bilan kelib umra qilarmishmi? Ular bilan urush holatidamiz, arablar eshitishsa musulmonlar Makkaga bostirib kirishibdi, deyishmay-dimi? Toki ko'zimiz ochiq ekan, ularni bu dargohga yaqin yo'latmaymiz", deyishdi. Makkaliklar shuncha musulmonning yasov tortib kelishidan muddaosi nimaligini uqib kelish uchun qurayshning ittifoqdoshi Ahobish qabilasining oqsoqoli Xulays ibn Alqamani jo'natishdi. Payg'ambar alayhis-salom Xulaysni ko'rib: "Bu odam qurbonlikka atalgan mollarni bo'lakcha ehson deb biladigan qavmdan, tuyalarni uning oldiga haydab boringlar, ko'rsin", dedilar. Tuyalar vakil turgan joyga olib borildi, odamlar Xulaysni Talbiya* aytib kutib olishdi. Musulmonlarning niyati beg'arazligini ko'rgan Xulays: "Olloh pokdir, bu odamlarning umra qilishiga xalal berish insofdan emas, ular faqat umra ibodatini bajo keltirgani kelishgani ko'rinib turibdi-ku. Laxam, Juzom, Himir qabilalari Baytullohni ziyorat qilganda nega endi Abdulmuttalibning avlodini yo'lini to'samiz? Iloyo quraysh zavol topsin!" dedi.

Makka mushriklari Xulaysnyng gaplarini eshitib, g'azabga kelishdi: "Ovozingni o'chir, sen hiyla-nayrangni bilmaydigan qishloqisan", deya koyishdi va rasulullohning huzuriga Toif qabilasining oqsoqoli Urva ibn Mas'udni jo'natishdi. U payg'ambar alayhis-salomga uchrashib: "Ey Muhammad, sen tentirab yurgan sayoq odamlarni to'plab qurayshlik o'z qarindosh-urug'laringga hujum qilmoqchimisan? Quraysh xalqi zo'rvonlik bilan Makkaga bostirib kirishingga yo'l qo'ymaslikka qasam ichdi. Azbaroyi Xudo, atrofingga yig'ib yurgan bu betayin odamlaring payti kelganda seni albatta tashlab ketishadi", dedi. "Ha, tiling tanglayingga yopishgur, biz payg'ambar alayhis-salomni tashlab ketamizmi?" dedi Abu Bakr g'azablanib.

Urva rasulullohning soqolidan tutamlaydigan vajohatda qo'lini paxsa qilib gap boshlagan edi, Mug'ira ibn Shu'ba uning qo'lini siltab tashladi. Urva har qancha johil bo'lmasin, musulmonlar payg'ambar alayhis-salom tahorat olgan suvni talashishlarini, u kishining huzurida baland ovozda gaplashishmasliklarini, hatto u kishining yuziga tikilib qaramasliklarini ko'rib ta'sirlandi. U Makkaga qaytgach, qurayshlarga ko'rgan-bilganlarini ro'y-rost aytdi: "Men Eron podshosi Kisro, rum podshosi Qaysar, Habashiston podshosi Najoshiy huzurida bo'lganman, lekin ularning birontasi Muhammad erishgan izzat-ikromga, sahobalar ko'rsatgan sadoqatga erisholmagan. Muhammadga ergashganlar uni hech qachon yolg'izlatib qo'ymasligiga amin bo'ldim. Muhammadning talabiga rozilik berish kerak, tag'in o'zinglar bilasizlar. Muhammad haq, taklifini qabul qilinglar. Men butunlay sizlar tomondaman, lekin Muhammadning ustidan g'alaba qozonishlaringga ko'zim yetmaydi", dedi.

Quraysh kattalari: "Bema'ni gaplarni gapirma. Muhammadni bu yil shaharga kiritmaymiz, yanagi yil kelsin", deyishdi. Payg'ambar alayhis-salom esa o'z navbatida qurayshlarga muddaolarini anglatish uchun Usmon ibn Affonni elchi qilib yubordilar. Qarindosh-urug'ini ko'rib kelishga ruxsat olgan o'n kishi unga hamroh bo'ldi. Rasululloh Makkada qolgan musulmonlarga g'alaba yaqinligi, Olloh taolo Islom dinini g'olibu muzaffar etajagi haqidagi xushxabarni yetkazishni tayinladilar. Usmon Makkaga Ibbon ibn Sayid Umaviyning himoyasi ostida kirib, mushriklarga payg'ambar alayhis-salomning gaplarini yetkazdi. Mushriklar: "Muhammadning Makkaga zo'rlik bilan bostirib kirishiga yo'l qo'ymaymiz", deyishdi va Usmonga Baytullohni tavof qilishni talab qilishdi. Usmon: "Payg'ambar alayhis-salomga ta'qiqlangan ish menga ham ravo emas", deb unamadi. Gapi yerda qolganidan achchig'langan mushriklar uni qamab qo'yishdi. Bu xabar musulmonlarga boshqacha tus olib, Usmon o'ldirilibdi, degan tarzda yetib keldi. Rasululloh qattiq qayg'urib, Usmonning o'chini olmaguncha qaytmaslikka ahd qildilar.

*Umra - Kai'bani Qurbon hayitidan boshqa vaqtda tavof qilish.
*Soniyatulmuror - Makka yaqinidagi joy va quduqning nomi.
*Hudaybiya - Makka yaqinidagi quduq va shu nom bilan ataladigan joy.
*Talbiya - Haj qilganda o'qiladigan duo.

RIZVON BAY'ATI

Payg'ambar alayhis-salom sahobalarni mushriklar bilan urushi uchun bay'at qilishga chaqirdilar. Musulmonlar katta bir daraxtning tagiga to'planib, o'limdan qo'rqib orqaga chekinmaslikka qasamyod qilishdi. (Keyinchalik Rizvon daraxti deb atalgan bu daraxtni odamlar ilohiylashtira boshlagach, Umar roziyallohu anhu davrida kesib tashlangan.) Musulmonlarning bay'ati haqidagi xabar mushriklarni vahimaga soldi. Ular musulmon lashkarini qurshovga olib, to'satdan hujum qilish uchun Mikraz ibn Xifs boshchiligida ellik kishini jo'natishdi. Musulmonlarning soqchisi Muhammad ibi Maslama ularni jangu jadalsiz qo'lga tushirdi. Faqat Mikraz qochib qutuldi. Buni eshitgan mushriklar yana bir guruh odam yuborishdi, lekin qisqa to'qnashuvda o'n ikki kishi asir tushdi, musulmonlardan esa bir kishi shahid bo'ldi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.