background
logotype
image1 image2 image3

Hijratning uchinchi yili

Yovuz odam baxti qarodur, u xiyonatni o'ziga shior, suiqasdni qalqon qilib oladi. Yomonlik qilmasa turolmaydigan bu kimsa birovning shodligini ham, qayg'usini ham his etmaydi. Bani Nazir qabilasining oqsoqoli yahudiy Ka'b ibn Ashraf mana shunday kimsalardan biri edi. U musulmonlarni haddan tashqari yomon ko'rar, quraysh mushriklarini sira tap tortmay payg'ambar alayhis-salomga qarshi kurashishga gij-gijlar, turli hajviy she'rlar bitib u kishini mayna qilar, qanday yo'l bilan bo'lmasin musulmonlar o'rtasida nizo chaqirishga urinar, rasululloh bir ishni tuzatib ulgurmay, u buzishning payida bo'lardi.

KA'B IBN AL-ASHRAFNING O'LDIRILISHI

Musulmonlar Badr urushida g'alaba qozongach, oyoq-qo'li bog'langan asirlarni ko'rdi-yu, Ka'b ibn Ashraf Makkaga yugurdi, o'lganlarga aza ochib, yig'lab-siqtarkan, birga o'nni qo'shgancha mushriklarni o'ch olishga unday boshladi. Payg'ambar alayhis-salom: "Ka'b ibn Ashraf Olloh taologa ham, menga ham ozor beryapti, kim uning ta'zirini berib qo'ya oladi" dedilar. Ansorlarning Avs qabilasidan bo'lmish Muhammad ibn Maslama "Uni o'ldirishimni istaysanmi? - deb so'radi va rasulullohdan tasdiq javobini olgach, - unday bo'lsa, Ka'bni ishontirishim uchun ba'zi bir yolg'on gaplarni aytishimga ijozat ber".

Payg'ambar alayhis-salom rozi bo'lganlaridan keyin Maslama to'rt yigitni yoniga olib Ka'bning uyiga bordi-da: "Ey birodar, Muhammad hadeb fidya so'rayverib bizlarni xonavayron qildi, sendan qarz so'rab keldik", dedi. "Hali undan hafsalanglar pir bo'ladi, demaganmidim", dedi Ka'b og'zi qulog'iga yetib. Ibn Maslama: "Unga ergashishga ergashdik, birdan yuz o'girib ketsak bo'lmas, vaziyatga qarab ish qilarmiz. Ungacha bizga bir-ikki tuya xurmo berib tur", dedi. "Mayli, - dedi Ka'b, - faqat menga biron narsani garovga berishinglar kerak", "Nima beraylik? deya qiziqsindi ibn Maslama. "Xotinlaringizni garovga qo'ying", - dedi Ka'b. "Sen arablarning ichida eng kelishgan odamsan. Qanday qilib xotinlarni ishonib bo'ladi?" dedi ibn Maslama hazil aralash. "Unday bo'lsa o'g'illaringizni garovga qo'ying", dedi Ka'b. "Qiziqmisan, - deya raddiya bildirdi ibn Maslama. - Arzimagan xurmo uchun bolalarini garovga qo'yishibdi, degan gap-so'zga qolamiz-ku. El-yurt orasida qanday bosh ko'tarib yuramiz? Qullarimizni garovga berishimiz mumkin".

Ka'b bu gapga rozi bo'lgach, kechqurun uchrashishga va'dalashib xayrlashishdi. Ibn Maslama hamrohlari bilan tayinlangan vaqtda yetib keldi. Ka'bning xotini erini yo'ldan qaytarib: "Do'stidan ko'ra dushmani ko'p odamsan, bemahalda chiqmaganing yaxshi bo'larmidi", dedi. "Mard odam yarim kechasi jangga chaqirilsa ham yuragi po'killamay chiqishi kerak. Ibn Maslama qarindoshimning o'g'li, yonidagi Abunoila emukdosh birodarim", dedi Ka'b va qilichini taqib tashqariga yo'l oldi. "Ka'b chiqqanda sochini hidlagan bo'lib, boshini mahkam ushlab turaman, sizlar bo'yniga qilich urasizlar", dedi ibn Maslama. Tashqariga chiqqan Ka'bdan chindan ham muattar ifor hidi kelib turardi. "Sendan mushku anbar hidi kelyapti, sochingni bir hidlay", dedi ibn Maslama. Ka'b engashgan edi, sochiga chang solib, qattiq ushlab oldi, sheriklari shu zahoti g'animning kallasini tanasidan judo qilishdi. Musulmonlar shum niyatli yovuz kimsadan qutilishdi. Rabbiul avval oyida yuz bergan bu quvonchli voqea shu zahoti payg'ambar alayhis-salomga yetkazildi. Rasululloh biron qabila boshlig'ining yovuz niyati yoxud qon to'kadigan hatti-harakatini sezib qolsalar, katta talafot yoki qirg'inning oldini olish uchun ularni o'rtadan ko'tarib tashlardilar. Yahudiy Abu Afk ham o'tayovuz, zolim kimsa bo'lgani uchun payg'ambar alayhis-salomning amriga binoan qatl etildi.

G'ATAFON G'AZOTI

G'atafon qabilasining bani Sa'laba va muhorib urug'lari Du'sur boshchiligida Madinani talon-taroj qilishga tayyorgarlik ko'ra boshladi. Bundan xabar topgan payg'ambar alayhis-salom bu tajovuzning oldini olish uchun rabbiul avval oyining 12-kuni to'rt yuz ellik nafar odam bilan ularga qarshi yurish qildilar. U kishining o'rniga Usmon ibn Affon yurtiga bosh bo'lib Madinada qoldi. Musulmonlarning katta kuch bilan kelayotganini eshitgan dushman tog'-toshlarga qochib ketdi. Musulmonlar Zoamar degan jilga bo'yida qo'r tashlab yotishdi. Rasululloh yomg'irda ivigan kiyimlarini yechib, bir daraxtning panasiga o'tib cho'zildilar. Uzoq yo'l bosib horigan musulmonlar chekka-chekkaga tarqalib uyquga ketishdi. Payt poylab turgan Du'sur tog'dan tushib, asta-sekin payg'ambar alayhis-salomning tepasiga qilichini yalang'ochlab keldi va: "Ey Muhammad, endi seni mendan kim qutqara oladi" dedi. "Xudoning o'zi qutqaradi", dedilar rasululloh o'ta xotirjamlik bilan. U kishining xotirjamligi va ishonch bilan gapirishi Du'surni esankiratib qo'ydi, rangi bo'zdek oqargancha qo'lidan qilich tushib ketdi.

Payg'ambar alayhis-salom uning qilichini olib: "Xo'sh, endi kim sening joningga oro kiradi?" deb so'radilar. "Hech kim", dedi Du'sur bo'shashgancha. Sarvari olam muruvvat ko'rsatib uni kechirdilar. Du'sur shu zahoti musulmon bo'lib, qavmini islomga da'vat etdi. Payg'ambar alayhis-salomii yomon ko'rib, hammani u kishiga qarshi turishga undab yuradigan yovuz bir kimsa Ollohning iltifoti tufayli u kishini yaxshi ko'radigan va odamlarni islom diniga da'vat etadigan zotga aylandi. Bu rasulullohning xushmuomalaligi, muloyimligi, rahmdilligining sharofatidir. Bu xususda Oli Imron surasining 169-oyatida bunday deyiladi: "Ollohning rahmati bilan sen ularga muloyim bo'lding. Agar qo'pollik, bag'ritoshlik qilganingda yaqininga yo'lamay tarqab ketishardi, ularni afu et, ular uchun magfirat tila, ular bilan kengashib ish qil".

BUHRON G'AZOTI

Bani Sulayimdan bir to'p odam Madinani talon-taroj etmoqqa otlanganini eshitgan payg'ambar alayhis-salom o'rinlariga ibn Ummu Maktumni qo'yib, jumodiul avvalning 6 kuni uch yuz askar bilan ularga qarshi yo'lga chiqdilar. Ular Buhron degan joyga yetib kelishganda dushman allaqachon orqasiga qaytib ketgan ekan. Musulmonlar jangu jadalsiz Madinaga qaytdilar.

QO'SHIN YUBORISH

Shom bilan Madina orqali savdo-sotiq qiladigan qurayshlar asosiy tirikchilik manbaidan ayrilgach, Abu Sufyon ibn Harb, Sofvon ibn Umayya, Huvaytib ibn Abduluyazo boshchiligidagi yangi karvonni Iroq tomondan yo'lga solishdi. Buvdan xabar topgan payg'ambar alayhis-salom jumodnul oxir oyida Zayid ibn Horisa boshchiligida ularga qarshi yuz kishini jo'natdilar.

Qo'shin Arab yarim orolining Tahoma, Yaman, Iroq, Suriya bilan chegaradosh Najid degan joyida karvon bilan uchrashdi. Qisqa to'qnashuvdan keyin mollar o'lja olindi. Uni qo'riqlab kelayotganlar qochib qutulishdi. Rasululloh mollarni beshga bo'lib, hammaga teng taqsimladilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.