background
logotype
image1 image2 image3

Hijratning to’rtinchi yili

Payg'ambar alayhis-salom Huvaylidning o'g'illari Tulayha va Salamalar o'z qavmi bani Asadni musulmonlarga qarshi kurashga safarbar etishganidan xabar topdilar. Rasululloh Abu Salama ibn Abdul Asadga tug' tutqazib, bir guruh askar bilan bu ikki qabilaga xujum qilishni buyurdilar. Musulmonlar muharram oyining boshida Madinaning sharqidagi Qatan degan joyda Asad qabilasiga hujum qilishdi. Mushriklar tum-taraqay qochishdi. Abu Salama juda ko'p qo'y, tuyalarni o'lja olib iziga qaytdi.

Shu yilning boshida Makkaning Arofat tog'iga yaqin Urana degan joyda yashovchi Sufyon ibn Xolid ibn Nabih Huzaliy musulmonlarga qarshi kuch to'playotgani ma'lum bo'ldi. Rasululloh bu yovuz kimsani yo'qotish uchun Abdulloh ibn Unayis Juhaniyni yolg'iz yubordilar. Abdulloh topshiriqni ado etish jarayonida lozim bo'lib qolsa yolg'on ishlatishga ijozat so'radi va muharram oyining boshida o'zini Huzoa qabilasidan deb Sufyoning yoniga bordi. Sufyon uning kimligini, nasl-nasabini so'rab-surishtirdi. Abdulloh: "Men Huzoadanman. Sening Muhammadga qarshi odam to'playotganingni eshitib yoningda birga bo'lish uchun keldim", dedi. Sufyon bu gapdan xursand bo'lib, uni o'z chodiriga olib kirdi va chindan ham kuch to'playotganini e'tirof etdi. Suhbat pirovardida Sufyon yonboshlab uyquga ketdi. Abdulloh vaqtni g'animat bilib, uni o'ldirib, sekingina chodirdan chiqib ketdi va eson-omon Madinaga qaytib keldi. Olloh taolo kofirlarning navbatdagi xurujini shu yo'l bilan daf etdi.

QO'SHIN YUBORISH

Shu yilning safar oyida Azal, Qora qabilalaridan islomiy saboq berishga odam yuborishlarini so'rab vakillar kelishdi. Payg'ambar alayhis-salom Osim ibn Sobit Ansoriy boshchiligida o'n kishini ularga qo'shib berdilar. Ular kunduzi yashirinib, kechalari yo'l bosishdi. Rajiy degan joyga yetganlarida vakillar xiyonat qilib, musulmonlarni Abdulloh ibn Unays tomonidan o'ldirilgan Sufyon ibn Xolid Huzaliyning qabilasiga oshkor etishdi. Huzayl qabilasidan ikki yuz o'qchi musulmonlarning izidan tushdi. Dushman ta'qibidan xabar topgan musulmonlar toqqa chiqib olishdi. Dushmanlar: "Pastga tushinglar, sizlarni o'ldirmaslikka va'da beramiz", deyishdi. Uch kishi aldanib pastga tushdi, Osim boshchiligidagi qolgan yetti kishi jang qildi. Pastga tushganlardan biri shu zahoti qatl etildi, qolgan ikkovlon Makkaga eltib musulmonlarda qasdi bor mushriklarga sotildi va shu yerda qiynab o'ldirildi. Ulardan Hubayib ibn Adiy o'limi oldidan quyidagi she'rni o'qidi:

Imon bilan ketsa bas, asar qolmas armondan,
Shahid bo'lib yiqilsang o'q yeb o'ngu so'l yondan.
Haq yo'liga jon tikdim, u istasa shubhasiz
Qiynalgan bu vujudim joy oladur rizvondan.

QO'SHIN YUBORISH

Shu yilning safar oyida Omir qabilasining boshliqlaridan Mula Ibul Asinna nomi bilan tanilgan Abu Omir ibn Molik payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga keldi. Rasululloh uni Islom diniga da'vat etdilar, garchand u musulmon bo'lishga ko'nmasa-da: "Men sening da'vatingni rost, benihoya go'zal deb hisoblayman. Sahobalaringdan bir qismini men bilan Najid ahliga yubor, ular diningni qabul qilishsa ajab emas", dedi. "Najid ahli sahobalarga biron zarar yetkazib qo'yishidan qo'rqaman", dedilar rasululloh. "Men ularni o'z himoyamga olaman", dedi Abu Omir. Payg'ambar alayhis-salom Munzir ibn Amr boshchiligidagi yetmish sahobani unga qo'shib berdilar. Bular Qur'onni puxta o'rgangan qurro (qori)lar edi. Ular Madinaning sharqidagi Biri Mauna degan joyga kelib tushishgach, bani Omir qabilasining boshlig'i Omir ibn Tufaylga Harom ibn Milhondan maktub yo'llandi. Omir maktubni o'qimasdanoq elchini o'ldirdi va qabilasini sahobalarga qarshi urushishga da'vat etdi. Biroq qabiladoshlari Mula Ibulasinna himoyasiga olgan kishilarga qilich ko'tarishga ko'nishmadi. Omir bani Sulayim qabilasidagi Rayil, Zakvon va Asiyadan yordam so'ragan edi, ular bajonudil rozi bo'lib, o'z odamlari bilan sahobalarni o'rab olishdi. Garchand sahobalar mardona olishishgan bo'lsalar-da, son jihatdan bir necha barobar ortiq g'animga bas kelishlari mumkin emasdi. Ular jang maydonida mardlarcha halok bo'lishdi. Faqat o'liklar orasiga yotib olgan Ka'ib ibn Zayid hamda zarur ish bilan ketgan Amr ibn Umayyagina omon qolishdi.

Amr Biri Ma'unada yuz bergan xunrezlikning xabarini payg'ambar alayhis-salomga yetkazdi. Rasululloh sahobalarni yigib, nutq irod etdilar: "Birodarlaringiz mushriklar tomonidan o'ldirildi. Ular, ey robbimiz, el-yurtga yetkazginki, biz sening dargohingga ketdik, biz sendan rozi bo'ldik, sen ham bizdan rozi bo'l, deyishgan. Ularni Olloh rahmat qilsin!"

Rajidagi xiyonat bilan bu qayguli xabar payg'ambar alayhis-salomga bir kunda yetib keldi. U kishi qattiq iztirob chekib, bir oygacha namozda mushriklarni duoyibad qildilar.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.