Hijratning to’qqizinchi yili
Shu yilning rabbiul avval oyida payg'ambar alayhis-salom Ali ibn Abu Tolib boshchiligidagi ellik nafar suvoriyni Tay qabilasining Fulus degan butini sindirib tashlagani yubordilar. Musulmon suvoriylar butni parchalab, yoqib yuborishdi. Tay qabilasining aholisi qarshilik ko'rsatishgani uchun jang qilib, bir qism odamni asir tushirishdi va chorva mollarini g'animat olishdi. Asirga tushganlar orasida saxiyligi bilan dong'i ketgan Hotamning qizi Saffona ham bor edi. Madinaga borishgach, Saffona rasulullohga murojaat etib, muruvvat ko'rsatishlarini o'tingan edi, sarvari olam uni ozod qilib yubordilar. U kishi qo'li ochiq, saxovatli odamni behad qadrlar edilar. Saffona payg'ambar alayhis-salomni duo qilib: "Iloyo boylikdan ayrilib, kambag'allashib qolganlar senga rahmat aytishsin; kambag'allikdan keyin boyiganlarning qo'liga qaratib qo'ymasin; yaxshiliklaring o'z joyiga em bo'lsin; seni pastkash odamga muhtoj qilmasin; xor bo'lib qolgan aziz odamni sening sharofating tufayli yana azizu mukarram etsin", dedi.
Payg'ambar alayhis-salomning yaxshi muomalasi Saffonaning akasi Adiy ibn Hotamning islom diniga kirishiga sabab bo'ldi. Adiy islom qo'shinining son-sanoqsiz a'lamlarini ko'rib, Shomga qochib ketgan edi. Saffona Shomga borib, payg'ambar alayhis-salomning ko'rsatgan muruvvatlari, u zoti muborakning benihoya samimiy insonligi haqida gapirib berdi, qalbi islomga moyil bo'lgan Adiy nima qilishi kerakligi haqida singlisidan maslahat so'radi. "Meningcha darrov rasulul-lohning huzurlariga borishing kerak. Agar u chin payg'ambar bo'lsa, oldinroq borib imon keltirganing yaxshi. Agar u podshoh bo'lsa sen yana boyagi-boyagi Adiyligingcha qolaverasan", dedi Saffona. Bu maslahat ma'qul kelgan Adiy shosha-pisha safar tadorikini ko'rib, yo'lga tushdi.
ADIY IBN HOTAMNING KELISHI
Adiy Madinaga kelib, payg'ambar alayhis-salomga uchrashdi. Rasululloh uni hurmatlab uylariga boshladilar. Yo'lda ketishayotganlarida ramaqijon bo'lib qolgan qari bir kampir uchrab, o'zining hojatlari haqida uzoq arzi-hol qildi. Kutaverib diqqati oshgan Adiy: "Xudo haqqi, bu odam podshoh emas ekan", deya ko'nglidan kechirdi. Uyga ketib kelishgach, payg'ambar alayhis-salom Adiyni ko'nmaganiga qo'ymay, ichiga xurmoning po'stlog'i tiqilgan charm yostiqqa o'tqizdilar, o'zlari esa quruq yerga o'tirdilar. Shundan keyin uch marta: "Ey Adiy, agar musulmonchilikni qabul qilsang boshing omon bo'ladi", dedilar. Adiy: "Mening o'z dinim bor", deya javob berdi. (U nasroniy diniga e'tiqod qilardi.) Payg'ambar alayhis-salom: "Diningni sendan ko'ra yaxshiroq bilaman", dedilar. Hayratga tushgan Adiy: "Nahotki dinimni mendan ko'ra yaxshiroq bilsang", deb so'radi. Payg'ambar alayhis-salom: "Ha, yaxshi bilaman", deya tasdiqladilar va nasroniy dinidagi boshliqlarning arablarga taqlidan g'animatning to'rtdan bir ulushini oladigan aslida dinda yo'q bir talay ishlarini sanab o'tdilar. Shundan keyin: "Ey Adiy, menga ergashganlarning ojizu notavonligini, kambag'alligini ko'rib, islom dinini qabul qilmayotgan bo'lsang kerak. Men komil ishonch bilan Ollohga shunday qasam icha olaman, musulmonlarning mol-mulki ko'payib ketadigan shunday kunlar keladiki, uni oladigan odam topilmay qoladi. Ehtimol dushmanlarimiz ko'pligidan cho'chib, imon keltirmayotgandirsan? Ayt-chi, Hiyraga borganmisan?" deb so'radilar. Adiy: "Yo'q, Hiyrani ko'rgan emasman, lekin eshitganman", dedi. Rasululloh: "Ollohning nomi bilan qasam ichamanki, islom dini keng qanot yoyishi tufayli shunday aminlik bo'ladiki, Hiyradan yolg'iz yo'lga chiqqan ayol kishi bemalol Baytullohni ziyorat qilib, bexavotir qaytib ketadi. Ehtimol podshohlik, hokimiyat bizning ilkimizda emasligi uchun imon keltirishni istamayotgandirsan? Xudo haqqi, yaqin orada Bobilning oq saroylari ishg'ol etilgani haqidagi xabarni eshitasan", dedilar. Payg'ambar alayhis-salomning gaplaridan qattiq ta'sirlangan Adiy imon keltirdi va chindan ham rasululloh bashorat qilgan ishlarning hammasini o'z ko'zi bilan ko'rdi.
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- 6 diniy kalima
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Tahorat kitobi
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.