background
logotype
image1 image2 image3

Hijratning oltinchi yili

QO'SHIN YUBORISH

Payg'ambar alaihis-salom shu yil muharram oyining o'ninchi kuni Muhammad ibn Maslama boshchiligida o'ttiz kishini Madinadan yetti kunlik yo'ldagi Zorba degan joyda yashovchi bani Bakr ibn Kilob qabilasiga qarshi yubordilar. Ular kunduzi pana-pastqam joylarda dam olib, faqat kechasi yo'l bosishdi. Ko'zlangan manzilga yetgach, bani Bakr qabilasiga to'satdan hujum qilib, o'n kishini o'ldirishdi, qolganlari tumtaraqay qochib ketishdi. Musulmonlar ularning tuya, qo'ylarini g'animat olib qaytishdi.

Yo'lda uchrab qolgan bani Xanifa qabilasining oqsoqoli Sumoma ibn Usolni asir olishdi. Rasululloh u kishini tanib izzat-ikrom bilan kutib oldilar. Garchand Sumoma musulmonchilikdan bosh tortgan bo'lsa-da, payg'ambar alayhas-salom uch kungacha mehmon qilib, qo'yib yubordilar. Sarvari olamdan bunday iltifotlarni kutmagan Sumoma go'zal xulq-atvorni, insoniylikni targ'ib etadigan Islomdan bebahra yashash mumkin emasligini anglab yetdi va iziga qaytib, rasulullohga uchrashdi: "Ey Muhammad, dunyoda eng yomon ko'rgan odamim sen eding, endi eng yaxshi ko'rgan kishimga aylanding. Islom dini desa ensam qotardi, endi u hayotimning mazmuniga aylandi, yurtingni ko'rishga toqatim yo'q edi, endi u mening ham suyukli vatanim bo'lib qoldi", deya imon keltirdi. Bu holdan payg'ambar alayhis-salom juda quvondilar. Sumoma yurtiga qayta turib Ka'bani ziyorat qildi va musulmon bo'lganini hammaga eshittirdi.

Mushriklarning tirikchiligi Yamomaning don-duniga bog'liq bo'lgani uchun unga qo'l tekkizishmadi Sumoma to mushriklar imon keltirmaguncha Yamomaning donini yubormaslikka qasam ichdi. Doimiy don-dun manbaidan uzilgan mushriklar tang ahvolda qolishdi. Muhtojlik toshni yorar deganlaridek mushriklar ilojsizlikdan payg'ambar alayhis-salomga yalinib, Yamomaning donini olishlariga yordam berishlarini o'tinishdi. Tabiatan rahmdil, odamlarga mehribon payg'ambar alayhis-salom Sumomaga xat yozib quraysh xalqiga yuboriladigan don-dunni to'xtamasligini aytdilar. Rasulullohning aytganini qildi.

Sumoma Islom diniga e'tiqodi kuchli, pokdomon odam edi. Payg'ambar alayhis-salomning vafotlaridan keyin Yamoma xalqining bir qismi Islomdan yuz o'girib, Musaylimaga ergashgan paytda u odamlarni bu niyatdan qaytarib: "Musaylimaning boshlayotgani zulmatga olib boradigan soxta yo'l. Unga ergashganlarni Olloh badbaxt qiladi, o'z ixtiyoringiz bilan baxtiqaro bo'lishdan haqlaninglar", degan. Uning sa'y-harakati bilan Yamoma xalqining ko'pchchiligi Islom dinida sobit turdi. Olloh taolo u kishidan rozi bo'lsin!

BANI LIHYON G'AZOTI

Bani Lihyon xalqi yuqorida bayon etilganidek, Osim ibn Sobit bilan uning hamrohlarini o'ldirgan edi. Payg'ambar alayhis-salom sahobalarga achinib, ko'pdan beri dushmandan qasos olish uchun qulay fursat yetishini kutardilar. Shu yilning Rabiul avval oyida sahobalarga safar tadorikini ko'rishini buyurdilar, jangga otlanganliklarini ganimdan sir tutish maqsadida xuddi avvalgi g'azotlaridagidek qayoqqa ketayotganlarini hech kimga bildirmadilar. O'rnilariga ibn Ummu Maktumni qoldirib, ikki yuz nafar odam bilan yo'lga chiqdilar. Osim ibn Sobit boshchiligidagi sahobalar o'ldirilgan joyga yetganda ularni chuqur iztirob va sog'inch bilan eslab, haqlariga duo qildilar. Musulmonlar bostarib kelayotganidan xabar topgan bani Lihyon xalqi tog'-toshga bosh olib ketdi. Rasululloh ularning yurtida ikki kun turib, hech kimni uchratmadi, chor atrofga yuborgan odamlari ham biron kimsani topib kelisholmadi.

Payg'ambar alayhis-salom Makka mushriklariga o'zlarining shavkatlarini ko'rsatib qo'yish uchun sahobalarning bir qismini Usfon degan joyga yubordilar. Ular Quroulg'amim degan joygacha borib kelishdi. Shundan keyingina rasululloh qo'shinni Madinaga qaytarib keldilar. Yo'l-yo'lakay u kishi: "Biz qaytib kelguvchilarmiz, tavba qilguvchilarmiz, robbimizga hamdu sano aytguvchilarmiz. Yo'l azobidan, manzil tashvishidan, oila va mol-mulkimizga shikast yetmasligi uchun Ollohdan omonlik tilaymiz", degan duoni o'qidilar.

G'OBA G'AZOTI

Madinadan o'n ikki mil olisdagi G'oba degan joyda payg'ambar alayhis-salomning yigirmata tuyasi boqilardi. Bani Asad qabilasidan Uyayna ibn Hisn qirq suvoriy bilan keldi-da, podachini o'ldirib, tuyalarni olib ketdi. Ansorlardan Salama ibn Akva' degan odam bu xabarni rasulullohga chalg'itib turishini topshirdilar. Salama shu zahoti iziga qaytib, dushmanning orqasidan o'q ota boshladi, quvlashsa tutqich bermay qochdi, ular daraga kirganda tepadan tosh dumalatdi. Musulmonlar kelib qolishidan xavotirlangan suvoriylar yukini yengillatish uchun nayza, kiyim-kechaklarini tashlab qocha boshladi. Salamaning yolg'iz o'zi g'animlarni anchagina tahlikaga solib, ovorai sarson qildi.

Payg'ambar alayhis-salom sahobalarni dushmanning orqasidan quvib borishga chaqir-ganlarida birinchi bo'lib Miqtod ibn Asvad yo'lga otlandi. Rasululloh unga a'lamni tutqazib, sen odamlarni boshlab ketaver, men orqangdan yetib boraman, dedilar. Miqtodi qancha tez yurmasin, baribir, dushmanning orqa safidagi odamlarnigini quvib yetishga muvaffaq bo'ldi. Ikki o'rtadagi otishma natijasida qaroqchilardan ikki kishi o'ldi, musulmonlardan bir kishi shahid bo'ldi. Musulmonlar tuyalarning ko'p qismini tortib olishdi, qolganini oldingi safdagilar haydab ketishdi.

QO'SHIN YUBORISH

Buni Asad qabilasi ko'pdan beri musulmonlarga zarar yetkazib turardi. Payg'ambar alayhis-salom ular bilan orani ochdi qilib qo'yish uchun Ukkosha ibn Mihsan boshchiligida qirq kishilik qo'shin jo'natdilar. Mushriklar musulmonlar bostirib kelayotganini eshitib, uy-joy, mol-mulkini tashlab, qochib ketishdi. Musulmonlar ulardan bir odamni qo'lga tushirib, bani Asadning chorvasi qayerda boqilishini so'rashdi. Uning ma'lumoti bo'yicha borib, g'animning yuz tuyasini o'lja olib qaytishdi.

QO'SHIN YUBORISH

Shu yil rabbiul avval oyida Zilqassa degan joydagi arablar musulmonlarning Hayfo degan yerdagi mol-holini haydab ketmoqchiligi ma'lum bo'lib qoldi. Payg'ambar alayhis-salom Muhammad ibn Maslama boshchiligidagi o'n kishini dushman tomonga yubordilar. Musulmonlar Zilqassaga kechasi yetib kelishdi va yo'l yurib charchagani uchun uyquga ketishdi. Poylab turgan mushriklar ularni qilichdan o'tkazishdi, faqat Muhammad ibn Maslamagina tasodifan omon qoldi. U iziga qaytib, bo'lgan voqeani rasulullohga bayon etdi. Payg'ambar alayhis-salom dushmandan qasos olish uchun Abu Ubayda Omir ibn Jarroh boshchiligida qirq kishilik qo'shin yubordilar. Biroq ungacha mushriklar juftakni rostlab qolishgan edi. Musulmonlar ularning chorvasini o'lja olib qaytishdi.

QO'SHIN YUBORISH

Payg'ambar alayhis-salom Robiul oxir oyida Xandaq jangida mushriklar bilan birga musulmonlarga qarshi kurashgan bani Sulayim qabilasi bilan ham orani ochdi qilib qo'yish uchun Zayd ibn Horisa boshchiligida lashkar yubordilar. Islom lashkari ketayotganidan xabar topgan bani Sulayim qabilasining odamlari qochib ketgani uchun to'qnashuv yuz bermadi. Bani Muzayna qabilasidan bo'lgan bir ayolning yordami bilan musulmonlar bani Sulayim qabilasining mol-holini qo'lga kiritishdi va bir talay odamni asir olib Madinaga qaytib kelishdi. Asirlar orasida yo'l ko'rsatuvchi ayolning eri ham bor edi. Rasululloh bu ayol bilan erini qo'yib yuborishini buyurdilar.

QO'SHIN YUBORISH

Shu yili Qurayshning katta karvoni Shomdan qaytib kelayotganini eshitgan payg'ambar alayhis-salom uning yo'lini to'sish uchun Zayd ibn Horisa boshchiligida bir yuz yetmish kishilik lashkar jo'natdilar. Ular karvonni odamlari bilan birga qo'lga tushirib kelishdi. Asirlar orasida rasulullohning kuyovi Abulos ibn Rabi ham bor edi. Abulos boyligi va nufuzi jihatidan Makkadagi hurmatli odamlardan biri edi. U xotini Zaynabdan himoyasiga olib, panoh bo'lishini o'tindi. Zaynab eriga panoh bo'ljagini qurayshlarning oldida ochiq e'tirof etdi. Payg'ambar alayhis-salom: "Musulmonlar ahil va mehribon bo'lishadi, asirlarni musulmonlarning eng bechora holi ham himoyasiga olishi mumkin, Zaynab panoh bo'lgan kishiga biz ham muruvvat ko'rsatamiz", dedilar. Rasulullohning bu gaplari musulmonlar o'rtasidagi tenglik va mehr-oqibatning ifodasidir. Payg'ambar alayhis-salom Abulosga karvondagi hamma mol-mulkini qaytarib berdilar. Abulos Makkaga borib mollarini egalariga tarqatgach, musulmon bo'lib, Madinaga qaytib keldi. Rasululloh ham muruvvat ko'rsatib Zaynabni u bilan tanishtirib, imon-e'tiqod tufayli buzilgan oilani qayta tikladilar.

QO'SHIN YUBORISH

Shu yili jumoidul oxir oyida payg'ambar alayhis-salom Muhammad ibn Maslamaning hamrohlarini o'ldirgan bani Sa'laba qabilasidan qasos olish uchun Zayd ibn Horisa boshchiligida o'n besh kishini jo'natdilar. Madinadan o'ttiz olti mil yiroqda Iroq yo'lidagi Tarif jilg'asining bo'yida yashovchi bu qabila sahobalarni ko'rgach, ularni musulmon qo'shinining bir qismi degan xayolda bor budini tashlab turli tomonga tirqirab ketishdi. Musulmonlar ularning mol-mulki bilan chorvasini o'lja olib qaytishdi.

QO'SHIN YUBORISH

Shu yili rajab oyida payg'ambar alayhis-salom Madinaning shimolidagi Vodi Quro degan joyda yashovchi bani Fizor qabilasi bilan orani ochdi qilib qo'yish uchun Zayd ibn Horisa boshchiligida qo'shin jo'natdilar. Bu qabila Zayd savdo qilib, Shomdan qaytayotganida karvonga hujum qilib uning mol-mulkini tortib olgan, o'zini o'ldirishlariga sal qolgan edi. Musulmonlar qo'shini bani Fizor qabilasini qurshovga olib bir qism odamini qirib tashladi, oqsoqollaridan birining qizini asir olib qaytdi. Rasululloh uni Makka mushriklarining qo'lidagi tutqin ayol bilan almashtirdilar.

QO'SHIN YUBORISH

Shu yili sha'bon oyida payg'ambar alayhis-salom Dumatujandaldagi bir nechta kent va katta qal'asi bor bani Kalb qabilasiga qarshi Abdurahmon ibn Avf boshchiligida yetti yuz sahobani yubordilar. Rasululloh Madinadan o'n besh kunlik yo'ldagi bu joyga ketayotganlarga: "Olloh yo'lida g'azot qilib kofirlarga qarshi kurashinglar, lekin haddingizdan oshmanglar, o'liklarning a'zolarini kesmanglar, yosh bolalarni o'ldirmanglar. Bu haqda Ollohga va'da berishingiz hamda payg'ambarning ko'rsatmalariga amal qilishingiz kerak", deb tayinladilar.

Musulmonlar lashkari ko'zlangan manzilga yetgach, mushriklarni uch kungacha Islom diniga da'vat etdi. To'rtinchi kuni dushmanlarning boshlig'i Asbog' ibn Amr bilan uch-to'rt kishi musulmon bo'ldi, qolganlar hiroj to'lash sharti bilan omonlik so'rashdi. Payg'ambar alayhis-salomning topshirig'iga binoan Abdurahmon ibn Avf qabila boshlig'ining qizini nikohiga oldi. Shu bilan o'rtada do'stlik, birodarlik rishtalari ulandi.

QO'SHIN YUBORISH

Shu yili payg'ambar alayhis-salom Haybar tomondagi Fadak degan joyda yashovchi bani Sa'd qabilasiga qarshi Ali ibn Abu Tolib boshchiligida yuz kishilik qo'shin jo'natdilar. Bu qabila arzimagan xurmo uchun musulmonlarga qarshi otlangan yahudiylarga yordam bermoqchiligi oshkor bo'lib qolgan edi. Qo'shin yo'lda ketaturib dushmanning yahudiylar bilan yashirincha bitim tuzish uchun ketayotgan maxsus odamini qo'lga tushirdi va bani Sa'd qabilasi yashaydigan joyni ko'rsatsa omonlik berilishi aytildi. Josus Islom lashkarini o'z yurtiga boshlab bordi. Biroq musulmonlar kelayotganidan xabar topgan bani Sa'd odamlari mol-mulkini tashlab qochib ketishdi. Musulmonlar besh yuz tuya, ikki ming qo'yni o'lja olib qaytishdi. Shu bilan mushriklarning yahudiylarga yordam berish niyati barbod bo'ldi.

ABU ROFI'NING O'LDIRILISHI

Xaybar yahudiylarini musulmonlarga qarshi urush qilishga undab, qutqu solib yuradigan ularning boshlig'i Abu Rofi' edi. Hijoz ahlining savdogari deya nom chiqargan bu shaxs mol-mulkini qayerga qo'yishni bilmaydigan darajada boy va hammaga hukmini o'tkazadigan nufuzga ega edi. Payg'ambar alayhis-salom mana shu xavfli kimsani o'rtadan ko'tarib tashlashni taklif etdilar. U kishining taklifini amalga oshirishga Hazraj qabilasidan Abdulloh ibn Atik boshchiligidagi besh kishi talabgor bo'ldi. Bu bilan ular Avs qabilasidagi qarindoshlari Islomning ashaddiy dushmani Ka'b ibn Ashrafni o'ldirib erishgan savobga yetishishni ko'zlashdi.

Bu ikki qabila rasulullohning topshiriqlarni bajarib faxrlanar, buni o'zlariga Olloh taoloning iltifoti deb bilshshar edi. Avs qabilasi rasulullohning biron topshirig'ini bajarsa, Hazraj qabilasi ham ulardan orqada qolmaslikka tirishardi. Payg'ambar alayhis-salom din dushmani Abu Rofi'ni o'ldirishga otlanganlarga yosh bolalar va ayollarga tegmaslikni alohida tayinladilar. Musulmonlar Xaybarga yetib kelgach, Abdulloh hamrohlariga: "Sizlar shu yerda tura turinglar, men darvozabonga yaxshi gapirib ichkariga kirib olishga urinib ko'ray", dedi-da, darvoza yaqiniga kelib xuddi hojatga o'tirgandek choponini yopinib oldi.

Odamlar darvozadan uzluksiz kirib-chiqib turishardi. Abdullohni tanib qolgan darvozabon: "Ichkariga kirsang tezroq qimirla, hozir darvozani yopaman", dedi. Abdululloh ichkariga kirib ko'zdan pana joyga yashirindi. Darvozabon uyquga ketgach, qochishi oson bo'lishi uchun darvozani ochib qo'ydi. Shundan keyingina Abu Rofi'ning uyiga yo'l oldi. Yahudiylarning boshlig'i bir necha eshikdan kiriladigan ichkaridagi qorong'i uyda dam olayotgan ekan. Abdulloh har bir eshikni ehtiyotkorlik bilan ochib kirgach tambalab qo'ydi. Xona haddan tashqari qorong'i bo'lgani uchun Abdulloh hech narsani ilg'ayolmay qoldi va noiloj ovoz chiqarib uy egasini chaqirishga majbur bo'ldi.

Abu Rofi' yotgan joyida: "Kim?" dedi. Abdulloh ovoz chiqqan tomonni tusmonlab qilich urdi, biroq mo'ljali xato ketdi. "Bu ibn Abu Atikning ovozi", dedi Abu Rofi'ning xotini. "Madinada yurgan ibn Abu Atik shu paytda bu yerda nima qiladi, esipast", dedi Abu Rofi'. Abdulloh ovozini o'zgartirib: "Bu qanday ovoz bo'ldi, ey Abu Rofi'", dedi. Shunda Abu Rofi' onang o'lgur, menga kimdir qilich sermadi, dedi. Abdulloh yana bir urdi. Bu gal ham xato hiddi. Keyin aylanib o'tib, xuddi yordamga kelayotgandek unga yaqinlashdi va chalqancha tushib yotgan Abu Rofi'ni ko'rdi. Oyoq uchida yurib bordi-da, uning qorniga zarb bilan qilich urdi. To uydagilar nima bo'lganini anglab yetguncha xonadan chiqib qochdi, lekin ko'zi xiraligi xalal berib, zinadan tushayotganda yiqilib oyog'i sindi. Abdulloh sallasi bilan oyog'ini sirib bog'ladi-da, hamrohlari turgan yerga shoshildi. "Tezroq bo'linglar, Abu Rofi' o'ldirildi", dedi u sheriklarini shoshiltirib. Ular shu zahoti yo'lga chiqib, eson-omon manzillariga yetib olishdi. Payg'ambar alayhis-salom Abdullohning jarohatlangan oyog'ini bir necha bor silagan edilar, og'riq bosilib, ko'rmagandek bo'lib ketdi. Ollohning irodasi bilai din yo'lida, payg'ambar alayhis-salomning roziligiga erishish umidida har qanday qiyinchilikka tayyor turgan bu zotlardan Xudo rozi bo'lsin va ularni ham rozi qilsin.

QO'SHIN YUBORISH

Ka'b o'ldirilgach, yahudiylar uning o'rniga Usayir ibn Rizomni o'zlariga boshliq qilib saylashdi. U hokimiyatni qo'lga kiritgach: "Men shu paytgacha Muhammadga hech kim qilmagan karomatlarni ko'rsataman. G'atafon qabilasini unga qarshi oyoqqa turg'izaman", deya qasam ichdi. Payg'ambar alayhis-salom vaziyatni kuzatib kelishga yuborgan odam yahudiylarning fe'li aynab, bir-birlarini musulmonlarga qarshi qayrab yurishganini, urushga qizg'in tayyorgarlik ketayotganini bilib keldi. Rasululloh Hazraj qabilasidan Abdulloh ibn Ravoha boshchiligada ansorlardan o'ttiz kishini Usayirni Islom diniga da'vat etish uchun yubordilar.

Musulmonlar Xaybarga borib, Usayirga uchrashdilar va maqsadlarini aytdilar. Ikki tomon bir-biriga dahl qilmaslikka kelishgach, elchilar Usayirni urushish niyatidan qaytarishga urinishdi, agar ikki tomon yovlashib qon to'kilmasa, oqsoqolning o'zi imon keltirib musulmon bo'lsa, payg'ambar alayhis-salom uni Xaybarga hokim etib tayinlashlarini va bu yurtning xalqi tinch hayot kechirishini aytishdi. Usayir bu taklifni ma'qul ko'rib rasulullohning huzuriga otlandi va o'ttiz nafar yahudiyni o'ziga hamroh qildi.

Bir musulmonga bir yahudiy hamroh bo'lib yo'lga tushishdi. Yo'lda ketaturib to'satdan Usayirning shaytoni zo'r keldi, ko'nglida badbin o'ylar tug'ilib, musulmon elchilarining gapiga kirganiga afsuslandi, ulardan qutulish uchun suiqasd yo'lini tanladi. Birinchi navbatda musulmonlarning boshlig'ini qurolsizlantirish niyatida Abdulloh ibn Ravohaning qilichiga yopishdi. Biroq u epchillik qilib o'zini orqaga tashladi-da, sakrab otdan tushdi. "Ey Ollohning dushmani, xiyonat qilmoqchimisan?" dedi-da, qilichini qinidan sug'urib g'animning sonini chopib tashladi. U o'sha zahoti o'ldi. Musulmonlar qilich yalang'ochlab yahudiylarni bitta qo'ymay qirib tashlashdi. Xiyonatning oqibati mana shunday bo'ladi.

UKAL VA URAYNA VOQEASI

Shu yili shavvol oyida Ukal va Urayna arablaridan bir guruh odam payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga kelib imon keltirishdi hamda Madinada makon tutishdi. Biroq, ularga bu yerning havosi yoqmay rangi sarg'ayib, qorinlari shishib ketdi. Rasululloh ularni mol boqilayotgan yaylovga borib; tuya suti bilan peshobini aralashtirib ichishni buyurdilar. Ular payg'ambar alayhis-salomning tavsiyalariga amal qilib darddan forig' bo'lishdi, ammo shayton vasvasasiga uchib non tepkilik qilishdi. Podachilarning oyoq-qo'lini kesib, ko'zlarini o'yib, tuyalarini haydab ketishdi. Bundan xabar topgan payg'ambar alayhis-salom ularni tutib kelishga Kurz ibn Jobir boshchiligida yigirma kishini jo'natdilar. Xiyonatkorlar olib kelingach, ular podachilarga qanday zulm o'tkazgan bo'lishsa, xuddi shu tarzda jazolab o'ldirildi.

Imondan qaytib, birovga suiqasd qilganlar shunday jazoga mustahiq. Bu badbaxt kimsalarning qilmishi asli ularning zoti buzuqligini, qabilasi pastkashligini isbotlab turibdi. Shu qonli voqeadan keyin rasululloh odamlarning oyoq-qo'lini kesib jazolashni qat'iyan man etdilar.

QO'SHIN YUBORISH

Kunlarning birida Abu Sufyon to'planib turgan odamlarga: "Muhammad bozorda aylanib yuribdi. Orangizda uni o'ldirib, bizni tashvishdan qutqaradigan mard bormi?" dedi. Bir odam o'rtaga chiqib, bu topshiriqni bajo keltirajagini aytdi. Abu Sufyon unga ot, sarf-xarajati uchun pul, oziq-ovqat berib safarga jo'natdi. U olti kun yo'l yurib, Madinaga kelgach, rasululloh qaerdaligini so'rab-surishtirdi. U kishining bani Abdu Ashhal masjidida ekanliklarini aniqlab, to'ppa-to'g'ri shu tomonga yo'l oldi.

U eshikdan kirar-kirmas payg'ambar alayhis-salom: "Anovi odam meni o'ldirgani kelyapti, lekin uning tajovuzidan Ollohning o'zi asraydi", dedilar. Usayid ibn Huzayir yovuz niyatli kimsa rasulullohga yaqinlashib qolganini ko'rib, ishtonbog'idan tortib yubordi, uning qo'yniga tiqib olgan xanjari yerga tushib ketdi. U qilmishiga pushaymon bo'ldi. Payg'ambar alayhis-salom uning bu yerga nima maqsadda kelganini, agar rostini gapirsa qo'yib yuborilishini aytdilar. "Ey Muhammad, Xudo haqqi, shu paytgacha men biron kimsadan qo'rqqan emasman, lekin seni ko'rishim bilan negadir dovdirab qoldim. Mening bu yerga nima maqsadda kelganimdan deyarli hech kim voqif emasdi, sen bir qarashdayoq bilib olding. Shundan senga qasd qilib bo'lmasligini tushundim. Sen rostdan ham haqiqiy payg'ambar ekansan, Abu Sufyonning guruhi esa shaytonning to'dasi ekan", deya ko'nglida borini to'kib soldi va imon keltirib musulmon bo'ldi.

Payg'ambar alayhis-salom yovuz niyatli Abu Sufyonni qilmishiga yarasha jazolab, o'ldirish uchun Amr ibn Umayya Zamariyga bir kishini qo'shib yubordilar. Ular Makkaga kelgach, oldin Baytullohni tavof qilishdi. Shu atrofda yurgan bir odam Amrni tanib, u biron shum niyat bilan kelgan, deya shovqin soldi. Mushriklar o'rtasida g'ala-govur boshlandi, qo'lga tushishdan qo'rqqan musulmonlar vaqtni ganimat bilib, qochib qolishdi. Parvardigori olam musulmollarga Makkaning kalitini o'z qo'li bilan topshirib, Islom diniga kirishi uchun Abu Sufyonning hayotini saqlab qolishni iroda qilgan ekan.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.