background
logotype
image1 image2 image3

Hijratning o’ninchi yili

Shu yilning robiul oxir oyida payg‘ambar alayhis-salom Yamanning Najron degan joyidagi Abdu Madon aymog‘iga Xolid ibn Valid boshchiligida qo‘shin yuborib, ularni uch marta islom diniga da’vat etishni, agar bosh tortishsa, jang qilishni buyurdilar. Musulmonlar qo‘shini Najronga yetib borgach, Xolid ibn Valid otliq askarlarni chor atrofga yo‘llab musulmon bo‘lishsa, omon qolajaklarini ayttirib, odamlarni islom diniga da’vat qildirdi. Musulmonlardan islom dinining ahkomlarini eshitgan Abdu Madon aymog‘ining odamlari yoppasiga imon keltirishdi. Xolid ularga islom dini bilan Qur’oni Karimdan ta’lim berdi va payg‘ambar alayhis-salomga bu yerdagi ahvol haqida maktub yo‘lladi. Rasululloh Abdu Madon aymog‘idan elchi yuborilishini so‘rab, xat yubordi-lar. Ularning vakillari kelgach, sarvari olam: "Johiliyat davrida sizlar bilan urushganlarni qanday yengar edinglar?" deb so‘radilar. Elchilar: "Ahil edik, bir yoqadan bosh chiqarardik, birovlarga tajovuz qilmasdik", deya javob berishdi. "Bundan keyin ham mana shu fazilatlaringizni saqlab qolinglar. Musulmonlar ahil, hamjihat bo‘lishlari kerak", dedilar rasululloh va bu aymoqqa Zayd ibn Husaynni oqsoqol etib tayinladilar.


QO’SHIN YUBORISH

Shu yilning ramazon oyida payg‘ambar alayhis-salom Yamandagi bani Mazhin aymog‘iga Ali ibn Abu Tolib boshchiligida qo‘shin jo‘natdilar. Rasululloh Aliga o‘z qo‘llari bilan salla o‘rab: "U joyga borgandan keyin odamlarni: "Yolg‘iz ollohdan boshqa iloh yo‘q, deyishga da’vat etgin. Agar bunga ko‘nishsa, namoz o‘qishni buyurgin. Bundan oshirmasin, sen tufayli Olloh biron kishini hidoyat qilsa, bu sen uchun quyosh nuri tushadigan hamma narsadan yaxshiroq. Ular oldin urush ochmaguncha sen ularga qarshi qilich ko‘tarma", deb tayinladilar.

Ali ko‘zlangan manzilga yetib borgach, odamlarni islom diniga da’vat etgan edi, ular bosh tortib, musulmonlar ustiga o‘q yog‘dirdilar. Ali qo‘shinni safrost qilib, jangga kirishni buyurdi. Qisqa to‘qnashuvdan keyinoq dushman safi to‘zib, yengilishdi. Ali urushni to‘xtatib, ularni qaytadan dinga da’vat etdi, bu safar bani Mazhin aymog‘i islom dinini qabul etib, yalpisiga imon keltirdi, oqsoqollari bay’at qilib mollarining zakotini berdilar. Ali payg‘ambar alayhis-salom Makkada paytlarida yetib kelib, u kishi bilan birga haj ibodatini ado etdi.


YAMANGA HOKIMLARNI TAYINLASH

Payg‘ambar alayhis-salom Yamanga o‘z vakillarini hokim etib tayinladilar: Yamanning Adan tomonidan yuqori qismiga Muoz ibn Jabal, pastki qismiga Abu Muso Ash’ariy hokim bo‘ldi. Rasululloh ularga: "Diniy ishlarni sira qiyinlashtirmanglar, aksincha yengillashtiringlar, odamlarni cho‘chitmasdan yaxshilikdan bashorat beringlar, — dedilar va Muozga yana shunday deb tayinladilar. — sen ahli kitob xalqining yoniga ketyapsan. U yerga borgandan keyin ularni "La ilaha illallohu Muhammadur — rasululloh" deb guvohlik berishga da’vat etgin. Agar shunday deb imon keltirishsa, Olloh musulmonlarga bir kecha-kunduzda besh vaqt namozni farz qilganini tushuntirgin. Bunga ham rozi bo‘lishsa, boylarining mollaridan zakot olib kabag‘allariga berilishini aytgin. Bunga ham ko‘nishsa, zakotni yaxshi mollardan olmagin. Mazlumlarning qarg‘ishidan o‘zingni asra, bunday duoyibad bilan Ollohning o‘rtasida parda yo‘q", deb uqtirdilar. Muoz to rasululloh vafot etgunlarigacha Yamanda turdi. Abu Muso payg‘ambar alayhis-salom vidolashuv hajiga borganlarida Makkaga qaytib keldi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.