background
logotype
image1 image2 image3

Hijratning ikkinchi yili

VADON G'AZOTI

Hijriyning ikkinchi yili kirib, o'n ikki kun o'tgach, payg'ambar alayhis-salom o'z o'rinlariga Said ibn Ubodani qo'yib qurayshlarning karvonini to'sishga otlandilar. Amakilari Hamza u kishiga bayroqdor bo'ldi. Biroq ular Vadonga yetib kelganlarida karvon o'tib ketgani uchun to'qnashuv yuz bermadi. Safar chog'ida Zamra jamoasi bilan do'stlik shartnomasi imzolandi va zarur topilganda bir-biriga yordam berishga kelishildi. O'n besh kundan keyin rasululloh boshchiligidagi qo'shin Madinaga sog'-salomat qaytib keldi.

BUVOT G'AZOTI

Oradan ko'p o'tmay Shomdan qurayshlarning katta karvoni kelayotgani, ikki ming besh yuz tuyani Umayya ibn Xalaf boshchiligidagi yuz kishi qo'riqlayotgani aniqlandi. Payg'ambar alayhis-salom ikki yuz muhojir bilan yo'lga chiqdilar, bu gal Sa'd ibn Abu Vaqqos yalovbardorlik qildi. Lekin bu safar ham mushriklar bilan to'qnashish nasib etmadi. Ehtiyotkor quraysh mushriklari allaqachon manzilini o'zgartirib ulgurishgan edi.

USHAYRA G'AZOTI

Muhojirlar qaytib kelar-kelmas qurayshlarning juda ko'p mol-mulk ortilgan yangi karvoni yo'lga chiqqani, uni Abu Sufyon boshchiligidagi yigirma chog'li odam qo'riqlab borayotgani haqida ma'lumot keldi, Payg'ambar alayhissalom jum'adil avval oyida yuz ellik kishi bilan mushriklarning yo'lini to'sgani otlandilar. Lekin bu gal ham ikki tomon uchrashmadi; Mushriklar musulmonlar yetib kelgan joydan allaqachon o'tib ketishgan ekan. Safar behuda ketgani yo'q. Rasululloh bani Mudlij qabilasi hamda ularning ittifoqchilari bilan do'stlik shartnomasi tuzdilar.

DASTLABKI BADR G'AZOTI

Musulmonlar safardan kelar-kelmas Kurz ibn Jobir Fihriy madinaliklarning yaylovdagi chorva mollarini talon-taroj qilib qochdi. Rasululloh o'z qo'shini bilan qaroqchining izidan tushdilar, biroq Kurz allaqachon olislab ketgani uchun tutolmay quruq qaytdilar.

HARBIY QISM

Shu yilning rajab oyida payg'ambar alayhis-salom Abdulloh ibn Jahish boshchiligida sakkiz kishini safarga otlantirdilar. Abdullohning qo'liga muhrlangan xat tutqazib, ikki kundan keyin ochib o'qishni uqtirdilar. Rosa ikki kun yurganlaridan keyin Abdulloh xatni ochib o'qidi. Unda: "Bu xatimni o'qigach, Naxla degan joyga bor, quraysh arablarini kuzatib ular haqida ma'lumot olib kel", deyilgan edi. Rasululloh niyatlari yahudiy va munofiqlarning qulog'iga yetib qolishidan xavfsirab, shunday usul qo'llashga majbur bo'ldilar. Safarga ketayotganlarning soni oz, dushmanga taqobil turishi mahol edi. Aksiga olib yo'lda Sa'd ibn Abu Vaqqos bilan Utba ibn G'azvon mingashib ketayotgan tuya yo'qolib, ular hamrohlardan ayrilib qolishdi. Oltovlon Naxlaga yetib kelganda qurayshlarning karvoniga duch kelishdi. Karvonda Amir ibn Hazramiy, Usmon ibn Abdulloh ibn Mug'ira, uning birodari Navfal bilan Hakam ibn Kaysonlar bor edi. Musulmonlar karvonga hujum qilib, mollarni qo'lga tushirmoqchi bo'lishdi va Rajab oyining so'nggi kuni karvonning yo'lini to'sib Amir ibn Hazramiyni o'ldirishdi, Usmon bilan Hakam asir olindi, Navfal esa qochib qutildi. Musulmonlar karvonni o'z manzilgohlariga olib ketishdi. Bu g'animlar bilan bo'lgan to'qnashuvlarda musulmonlarning qo'lga kiritgan birinchi o'ljasi edi. G'oliblar Madinaga qaytib kelgach, yahudiylar bilan mushriklar ularni jang qilish ta'qiqlangan oyda qon to'kishda ayblashdi, musulmonlar ham bu fikrga qo'shilmay ilojlari yo'q edi. Rasululloh ham jang qilish ta'qiqlangan oyda urushishni buyurmaganliklarini aytdilar. Karvonning yo'lini to'sganlar o'z qilmishlari uchun pushaymon bo'lishdi. Bu xususda Olloh Taolo Baqara surasining 217-oyatida shunday deydi: "Sendan ta'qiqlangan oyda urush qilish haqida so'rashadi. Ularga bu oyda urushish katta gunoh, lekin Xudoning yo'lidan qaytarish, parvardigorga osiy bo'lish, Masjidi Haromda ibodat qilishga yo'l qo'ymaslik, bu dargohdan odamlarni haydab chiqarish yaratganning nazdida undan ko'ra kattaroq gunohdir, deb ayt". Shundan keyingina urushganlarning ko'ngli sal joyiga tushdi. Mushriklar asirlarni to'lov evaziga qaytarib olmoqchi bo'lishdi. Rasululloh bu taklifni ma'qulladilar. Ikki asir yurtiga qaytarildi, lekin Hakam ibn Kayson islom dinini qabul qilib, Madinada qoldi, Usmon esa musulmon bo'lmay qaytib ketdi.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.