background
logotype
image1 image2 image3

Hamroul Asad g'azoti

Payg'ambar alayhis-salom mushriklar uzil-kesil g'alaba qozonish niyatida orqaga qaytib, shaharni talon-taroj qilish ehtimolining oldini olish niyatida sahobalarni dushmanni ta'qib etishga chaqirdilar va safarga faqat Uhud jangida qatnashganlar borishi mumkinligini uqtirdilar. Sahobalar jarohatlariga malham qo'yib, Uhud g'azoti uchun bog'langan a'lamni yechmasdanoq jangga otlanishdi. Bu safar bayroq Ali ibn Abutolibga tutqazildi. Rasululloh o'z o'rinlariga Madinada Abdulloh ibn Ummu Maktumni qoldirdilar. Lashkar jadal yo'lga chiqib, Madinadan sakkiz mil olisdagi Hamroul Asad degan joyga yetib keldi.

Payg'ambar alayhis-salomning taxminlari to'g'ri chiqdi: mushriklar Madinani bosib olib to'la zafar qozonmay ketayotganlari uchun qattiq bahslashayotgan, iziga qaytib, musulmonlarni bosh ko'tarmaydigan qilib qo'yishni ko'zlab turishgan ekan. Rasulullohning lashkar tortib kelayotganlarini eshitgach, Uhud jangida qatnashmaganlar ham ular bilan birga otlangan bo'lsa kerak, degan xayolga borishdi. Qo'rquvdan o'takalari yorilib orqa-oldiga qaramay Makkaga qochishdi. Rasululloh qo'lga tushgan shoir Abu Azzani o'limga buyurdilar. U Badrda asirga tushganda musulmonlarga qarshi tashviqot yurgizmaslik sharti bilan qo'yib yuborilgan edi. "Ey Muhammad, qizlarim uchun qo'yib yubor, bolalarimni yetim qilma. Bundan keyin senga qarshi bir og'iz ham gapirmaslikka va'da beraman", deya yolbordi. "Yo'q, sening Makkaga sog'-salomat borib, Muhammadni ikki marta boplab laqillatdim, deyishinga yo'l qo'yilmaydi. Mo'min odam chayon chaqqan to'shakka ikkinchi marta qo'lini tiqmaydi, - dedilar rasululloh qat'iyat bilan va Zayidga yuzlanib buyurdilar. - Uning kallasini tanidan judo qil!" Buyruq shu zahoti ijro etildi.

Rasulullohning yuqoridagi gaplaridan aldam-qaldamdan saqlan-magan odam aqlli hisoblanmasligi, hokimiyatning asosini mustahqamlash uchun, qat'iyatli bo'lish zarurligi anglashiladi.

SHU YILI YUZ BERGAN BOSHQA VOQEALAR

Payg'ambar alayhis-salomning Usmon ibn Affon nikohidagi qizlari Ruqiya vafot etgach, ikkinchi qizlari Ummu Gulsumni unga nikohlab berdilar. Shu bois u kishi Usmon Zunnurayn (Ikki nurli) deb ataladi.

Shu yili payg'ambar alayhis-salom Umar ibn Xattobning qizi Hafsani nikohlariga oldilar. Hafsaning onasi Usmon ibn Maz'unning hamshirasi edi. Hafsa ilgari Badr g'azotida yaralanib vafot etgan Hunays ibn Huzofaning nikohida edi.

Shu yili payg'ambar alayhis-salom Hilol ibn Omir avlodidan bo'lmish Huzaymaning qizi Zaynabni ham nikohlariga oldilar. Zaynab johiliyat davrida miskinlarga qilgan shafqati va xayr-saxovati tufayli Ummul Masokin (Miskinlarning onasi) degan nomga erishgan edi. U kishi ilgari Uhud jangida shahid ketgan Abdulloh ibn Jahshning xasmida edi. Zaynab Horisning qizi Maymuna bilan ona bir hamshira (egachi-singil) edi.

Shu yili Alining o'gli Husayn tug'ildi.

Shu yili aroq harom qilindi. Arablar ichkilikni haddan tashqari yaxshi ko'rishar, agar birdaniga taqiqlansa juda ko'p ko'ngilsizlik yuz berishi ko'zda tutilib, tadrijiy cheklana bordi. Aroq odamlarning dilini xufton qiladigan voqealarga sabab bo'lishi, ham moddiy, ham ma'naviy, ham tibbiy zarari tufayli harom deb topildi. Har qanday ish ma'lum sabab tufayli taqiqlansa hech kim e'tiroz bildirmaydi, aksincha qattiq ta'sirlanib, qo'llab-quvvatlaydi. Ichkilik haqida dastlab Baqara surasining 219-oyatida to'xtalib o'tilgan: "Sendan ichkilik va qimor haqida so'rashadi. Sen ularga: "Bu ikki narsada katta gunoh va ba'zi bir foyda bor, lekin ularning gunohi foydasiga nisbatan anchagina katta, degin". Qimorning foydasi shuki, arablarning odatiga binoan cho'tal kambag'allarga sadaqa tarzida bo'lib berilardi. Aroq inson a'zosini kuchaytiradi, deb hisoblanardi. Ba'zi musulmonlar kayf bilan namoz o'qiy turib Qur'on tilovatidan yanglishib ketgani uchun Niso surasining 43-oyati nozil bo'ldi: "Ey, mo'minlar, agar mast bo'lsangiz, to nima deyayotganingizni anglab yetmaguningizcha namozga yaqinlashmanglar". Musulmonlar mast holda bir-biriga ozor yetkazgani uchun Moida surasining 90-91-oyatlari nozil bo'lib, ichkilik butunlay harom qilindi: "Ey mo'minlar, aroq ichish, qimor o'ynash, butlar (cho'qinish uchun tiklangan toshlar), fol cho'plari* chindan ham yaramas odat, shaytonning ishi. Najot topish uchun ulardan saqlaninglar. Shayton aroq, qimor orqali orangizda adovat, dushmanlik tug'dirishga, Ollohning zikridan va namozdan qaytarishga urinadi. Bu ishlardan qaytmaysizlarmi?" O'sha paytdagi musulmonlar "qaytdik" deb javob berishgan. Bugungi musulmonlar ham shunday deyishlari kerak.

*Fol cho'plari - johiliyat davrida arablar safarga chiqmoqchi, uylanmoqchi bo'lsa yoki biron kishining nasl-nasabi ustida tortishib qolishsa, Uzro, Hubal nomli butlarning yoniga borib Azlom deb ataladigan maxsus cho'plar bilan fol ochishardi. Masalan, "Robbim buyurdi" yoki "robbim qaytardi" degan so'zlar yozilgan cho'plarni maxsus idishga solib aralashtirishar va qo'liga qaysi cho'p chiqsa, shunga qarab ish qilishardi.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.