background
logotype
image1 image2 image3

Habashistonga qilingan ikkinchi hijrat

Payg'ambar alayhis-salom jamoasi qamalga olingach, odamlar bir-biriga ko'maklashib, mehr-oqibat ko'rsatishlari uchun rasulluloh musulmonlarga Habashistonga safarga otlanishni buyurdilar. Sakson uch erkak bilan o'n sakkiz ayol yo'lga chiqdi. Ular orasida Ja'far ibn Abutolib va uning ayoli Umaysning qizi Asmo, Miqdod ibn Asvad, Abdulloh ibn Mas'ud, Ubaydulloh ibn Jahsh va uning ayoli, Abu Sufyonning qizi Ummu Xubayba bor edi. Yamanlik musulmonlardan Abumuso Ash'ari o'z yaqinlari bilan ularga hamroh bo'ldi. Bundan xabar topgan mushriklar Habashiston podshosi Najoshiyga Amr ibn Os hamda Umora ibn Validni juda ko'p sovg'a-salomlar bilan jo'natib, musulmonlarni yurtiga kiritmay qaytarib yuborishni so'rashdi. Najot istab kelgan kishilardan muruvvatini darig' tutishni talab etishgani Najoshiyga og'ir botdi. U mushriklarning elchilarini qattiq haqoratlab iziga qaytarib yubordi. Muhojirlar Habashistonda quchoq ochib kutib olindi. Biroq darada qolgan musulmonlar uch yilgacha benihoya azob-uqubatlarga giriftor bo'ldilar. Ular faqat imonli odamlar xufyona yetkazib bergan oziq-ovqatlar bilan bir amallab jon saqladilar.

QARORNING BEKOR QILINISHI

Quraysh oqsoqollaridan besh kishi bu mash'um qarorning bekor etilishini talab qilishdi. Qamalga olinganlarga hammadan ko'p qayg'urgan Hishom ibn Amr ibn Alhoris Al'omiri, rasulullohning ammalari Otikaning o'g'li Zuhayir ibn Abu Umayya Maxzumi, Mut'am ibn Adi Navfali, Abulbuhtari ibn Hishom Al'asadi, Zam'a ibn Al'asad kechasi maslahat kengashiga yig'ilib, qat'iy qarorga kelishdi. Tong otganidan keyin Zuhayr Baytullohni ziyorat qildi-da, odamlarga yuzlanb: "Ey Makka xalqi, bizning yeyishga ozig'imiz, kiyishga kiyimimiz bor. Hoshim bilan Muttalib jamoasi halok bo'lish arafasida turibdi. Ular savdo-sotiq qilish xuquqidan mahrum. Xudo haqqi, bu shafqatsiz, nohaq qaror yirtib tashlanmaguncha men o'taomay tik turaveraman", dedi. Shunda Abu Jahl yolg'on aytyapsan, dedi. Uning gapidan ta'sirlangan Zam'a ibn Asvad Abu Jahlga: "Sen o'zing slg'onchisan. Biz boshdayoh bunday qarorga qarshi edik", dedi. Abulbuhtari uning fikrini qo'llab-quvvatladi. Mut'am ibn Adi: "Sizlar rost gapni aytdinglar. Abu Jahlning fikriga qo'shilib bo'lmaydi", dedi. Hishom ibi Amr ham ularning gapini yoqladi. Ko'pchilikning gapidan ruhlangan Mut'am ibn Adi devorga yopishtirib qo'yilgan qarornomani yirtib tashladi. Qurt nomani yeb bitirgan edi. Unda faqat Ollohning nomi yozilgan joyigina qolgan edi. Bunday bo'lishini Rasul alayhis-salom amakisi Abu Tolibga oldinroq aytgan edi. Darada qamal qilinganlar ozodlikka chiqib, o'z makonlariga yo'l oldilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.