background
logotype
image1 image2 image3

Habashistonga qilingan dastlabki hijrat

Vaziyat keskinlashib, musulmonlarning hayoti xavf ostida qolgani uchun rasulullohning ko‘rsatmasiga binoan bir qism odam diniy ta'limotni asrash niyatida uy-joy, mol-mulkini tashlab, yurtini tark etishga qaror qildi. Bu islom tarixidagi dastlabki hijrat edi. Muhojirlardan o‘n kishi erkak va beshovlon ayol bo‘lib, bular Usmon ibn Affon va uning rafiqasi, rasulullohning qizlari Ruqiyya, Abu Salama ayoli Ummu Salama bilan, Abu Salamaning o‘gay birodari Abu Subra ibn Abu Rahm ayoli Ummu Gulsum bilan, Omir ibn Robiya ayoli Laylo bilan, Abu Xuzayfa ibn Utba ibn Robiya ayoli Suhaylning qizi Sahla bilan, Abdurahmon ibn Avf, Usmon ibn Maz'un, Mus'ab ibn Umayr, Suhayl ibn Bayzo, Zubayir ibn Avvomlar edi. Ibn Hishomning rivoyat qilishicha, Usmon ibn Maz'un ularga boshliq etib tayinlandi. Muhojirlar ko‘p mashaqqatlar chekib, Qizil dengiz sohiliga kelishdi va bir kemani yollab, ko‘zlangan manzillariga sog‘-salomat yetib olishdi. Mushriklarning jabr-sitamlaridan qutulib, Habashistonda xotirjam yashay boshladi. Rasululloh bilan Makkada sanoqligina musulmon qoldi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.