background
logotype
image1 image2 image3

Habashistondagi muhojirlarning qaytishlari

Xaybar yurishi nihoyasiga yetgach, Habashistondagi Ja'far ibn Abu Tolib, Abu Muso Ash'ariy bilan ularning hamrohlari qaytib kelishdi. Payg'ambar alayhis-salom musofirchilikda o'n yil yashagan musulmonlarning qaytganidan benihoya xursand bo'lib, ularga Xaybarda qo'lga kiritilgan g'animatlardan berdilar. Abu Sufyonning qizi Ummu Habiba Ja'far bilan birga qaytib keldi. O'sha vaqtda Davs qabilasining odamlari ham kelib musulmonlar safiga qo'shilgan edi. Ularning orasida Abu Hurayra bor edi. Payg'ambar alayhis-salom yangi kelganlarni ham quruq qo'ymadilar.

FADAKNING FATH QILINISHI

Payg'ambar alayhis-salom Madinadan olti kunlik olisdagi Fadak kentiga odam yuborib, u yerdagi yahudiylarning musulmonlarga itoat etishini talab qildilar. Yahudiylar mol-mulki bilan yer-suvini berish evaziga omonlik so'rashdi. Bu taklif ma'qul ko'rilib, sulh tuzildi. Fadakning yerlari to'laligicha rasulullohning ixtiyorlariga o'tib, olingan daromad u kishining o'z ehtiyojlariga hamda Hoshim jamoasining yetim-esirlari, beva-bechoralariga sarflanadigan bo'ldi.

TAYMA' SULHI

Madinadan sakkiz kunlik joydagi Tayma' kenti yahudiylarining - yuragiga g'ulgula tushib, musulmonlar bilan sulh tuzishga shoshildilar. Ular o'z yurtida xotirjam yashashlari uchun xiroj to'lashni taklif etishdi. Musulmonlar bu taklifga rozi bo'ldilar.

VODIL QURONING FATH ETILISHI

Payg'ambar alayhis-salom Vodil Quro yahudiylariga taslim bo'lishni taklif etdilar, biroq ular bosh tortib, musulmonlarga qarshi urush e'lon qilishdi. Natijada ulardan o'n bir kishi o'ldi, ko'pchilik yaralandi, musulmonlar esa juda ko'p g'animatni qo'lga kiritdilar. Payg'ambar alayhis-salom g'animatni beshga bo'lib, taqsimladilar. Olingan hosilning teng yarmini musulmonlarga berish sharti bilan yer-suv egalarida qoldirildi. Xaybar yahudiylari bilan ham xuddi shunday kelishim tuzilgan edi. Rasululloh Vodil Quro yahudiylarining mahsulotini chamalab taqsimlashga Abdulloh ibn Ravohani yubordilar. Uning taqsimoti yahudiylarga yoqmadi. Ular Ravohaga pora berib, taqsimotni o'z foydasiga hal qilmoqchi bo'lishdi. "Ey Ollohning dushmanlari, - dedi g'azablangan ibn Ravoha. Menga harom yedirmoqchimisizlar? Men sizlarii maymundan ham, cho'chqadan ham yomon ko'raman. Sizlarga bo'lgan nafratim, o'zim uchun suyumli payg'ambarga bo'lgan muhabbatim tufayli adolat bilan hukm chiqaraman".

Madina atrofidagi yahudiylar bo'ysunib, o'rtada va'dayu shartnomalar tuzilgan bo'lsa-da, musulmonlarga xavf solib turtanlar ko'p edi. Shunga qaramay musulmonlar Vodil Quro yahudiylarini taslim qilib muhim g'alabani qo'lga kiritdilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.