background
logotype
image1 image2 image3

Fijor urushi

Payg'ambar alayhis-salom 20 yoshga kirganlarida Fijor urushiga qatnashdilar. Kinona, quraysh va qays qabilalari o'rtasida yuz bergan urushning sababi quyidagicha edi. Furot daryosining g'arbidagi Xira shahrining podshosi No'mon ibni Munzir Madina yaqinidagi har yili bir marta bo'ladigan Ukoz bozoriga mol yuborib sottirar edi. U mollarni hammaga gapi o'tadigan e'tiborli odamlar nazoratida jo'natar edi. Kunlarning birida Kinona qabilasidan bo'lmish Barroz ibn Qays No'monning huzuriga tashrif buyurdi. O'ta zolim va yovuz bu kimsani qabiladoshlari oqsoqollikdan olib tashlashgan edi. U kelganda Urva ibn O'tbatur Rahhol No'monning huzurida o'tirgan edi. No'mon: "Mening mollarimni kim Ukozga yetkazib qo'yadi?" deb so'radi. Barroz: "Men mollaringni kinona qabilasidan asrab beraman", dedi. No'mon: "Mening mollarimni boshqalardan ham asray oladigan odam bormi, deyapman", dedi. Urva gapga aralashib: "E, qoyil-e, allaqanday pastkash it mollaringni asray olarmidi. Sening mollaringni arablarning hammasidan mana men asrayman", dedi. Bu gap Barrozga og'ir botsa-da, indamadi, o'ch olishni ko'ngliga tugib qo'ydi. Urva tijorat bilan yo'lga chiqqanda qulay fursat topib uni o'ldirdi va kinona qabilasiga odam jo'natib, qays qabilasi ularga hujum qilmoqchiligini yetkazdi. Bu xabarni eshitgan qays qabilasi yoppasiga otlanib Naxlaga* yetib keldi, hamda quraysh bilan kinona qabilasiga hujum qildi. Beadad qonlar to'kilib, qays qabilasi g'olib keldi, mag'lub ikki qabilaning odamlari panoh istab masjidi haromga yashirinib olishdi. Ularning orasida rasululloh ham bor edilar. G'alaba nash'u namosidan g'ururlangan qayslar: "Biz Urvaning qonidan kechmaymiz. Kelgusi yili Ukozda yana jang qilamiz!" deya tahdid solishdi. Ular yurtiga qaytgach, butun qabilani urushga safarbar etdi, atrofiga o'z tarafdorlarini yigdi. Saqif bilan yana bir necha qabila ularning tug'i ostiga jam bo'ldi. Quraysh ham kinonadan tashqari Makkaning janubidagi o'z ittifoqchilarini to'pladi. Hoshim avlodining boshlig'i Zubayir ibn Abdulmuttalib esa u bilan birga aka-ukalari Abutolib, Hamza, Abbos hamda jiyani Muhammad alayhis-salom ham bor edilar. Harb ibn Umayya quraysh qabilasidagi eng yoshi ulug va mo'tabar kishi bo'lgani uchun bani Umayya aymogining boshlig'i hisoblanardi. Bu qabiladagi har bir aymoqning o'z boshlig'i bo'lar edi.

Ikki tomon yuzma-yuz kelib, shiddatli jang boshlandi va arab tarixida misli ko'rilmagan qirg'inbarotga aylandi. Muqaddas Makkaning hurmati oyoq osti qilingani uchun bu qirg'in Fijor urushi - gunohkorlar urushi deb ataldi. Qays qabilasining omadi chopmai uning tarafdorlari birin-ketin mag'lubiyatga uchray boshladi. Shunda tadbirli bir odam o'rtaga chiqib, ikki tomonning qancha talofot ko'rganini, kim ko'p odam yo'qotgan bo'lsa g'olib tomon o'lganlarga tovon to'lashi lozimligini aytib, sulhga chaqirdi. Qays qabilasi ko'p talofat ko'rgani uchun qurayshlar tovon to'laydigan bo'ldi, bu ishni nazorat qilishga Harb ibn Umayya mas'ul etib tayinlandi va tovon to'lanib bo'lgancha o'g'li Abu Sufyonni qays qabilasiga garovga berib qo'ydi. Juda ko'p bsgunoh odamlarning yostig'ini quritgan bu maqsadsiz urush shu zayl barham topdi. Islom nuri tarqala boshlagach, Olloh arablarning qalbini do'stlik, birodarlikka moyil qildi, nohaq qon to'kishlar to'xtadi.

*Naxla - Makka bilan Toif oralig'idagi joy.

XAYRIYA UYUSHMASI

Qurayshlar Fijor urushidan qaytgach, xayriya uyushmasi qurishga qaror qilishdi. Qabila boshliqlaridan Abdulloh ibn Jud'on Taimning hovlisida uyushma tashkil etildi. Bu ishda Abdumonofning ikki o'g'li bo'lmish Hoshim va Muttalib avlodi, Asad ibni Abduluzzo, Zuhra ibni Kilob avlodi va Taim ibn Murra avlodi jamoasi qatnashdi. Ular ittifoq tuzib, makkaliklardan yoki musofirlardan birortasi Makkada zulmga uchrasa, unga yordam berib, qaqni qaror toptirishga qaror qilishdi. Payg'ambarimiz ham amakilari bilan birga uyushmaga a'zo bo'ldilar. U kishi payg'ambarlik sharafiga erishgach, men Abdulloh ibn Jud'oning hovlisida qurilgan uyushmaga kirganman, bu tashkilot qizil tuyalardan* qimmatroq, agar hozir ham birov shunday ishga da'vat etsa, sira ikkilanmay qabul qilardim, deganlar. Payg'ambar alayhis-salom odamlarga go'zal xulq-atvorlarni o'rgatishga yuborilgan, xayriya uyushmasining ishlari ham go'zal axloq jumlasiga mansub. Islom dini mana shunday olijanob ishlarni e'tirof etadi. Payg'ambar alayhis-salomning: "Men go'zal axloqlarni jam etish uchun yuborildim", degan so'zlari shu fikrning tasdiqidir. Mazkur uyushmaga kirgan ko'pchilik xulq-atvorini o'zgartirib, yaxshilarning safidan joy olishgan.

*Qizil tuya - arablarda eng qimmatbaho narsa hisoblanadi.

RASULULLOHNING SHOMGA QILGAN IKKINCHI SAFARI

Payg'ambar alayhys-salom yigirma besh yoshga kirganlarida Shomga ikkinchi marta safarga otlandilar. Asad jamoasidan bo'lmish Huvaylidning qizi Xadicha boy savdogar xonimlardan edi. U odam yollab, sherikchilikka tijorat qilardi. Muhammad alayhis-salomning g'oyat samimiyligini, rostgo'yligini, qabiladoshlari uni Amin (ishonchli) deb atashlarini eshitgan Xadicha u kishini ishga yollab, mollarining eng aslini berdi hamda sodiq xizmatkori Maysarani hamroh qilib Shomga jo'natdi, bu galgi savdo-sotiq juda katta foyda keltirdi, tujjorlarning ishlari doim o'ngidan kelib, baraka yog'ilib turdi. Rasulullohning xosiyatli odamligini ko'rgan Maysaraning hurmati chandon ortib, u kishiga bir umr bog'lanib qoldi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.