background
logotype
image1 image2 image3

Bani Qurayza g’azoti

Payg'ambar alayhis-salom Xandaq jangidan qaytib, hali jangovar liboslarini yechib ulgurmaslaridan Olloh taolo musulmonlar tang ahvolda qolganda ularga qarshi xiyonatkorona bosh ko'targan yahudiylar bilan orani ochdi qilib, bu zamindan quvib chiqarishini amr etdi. Rasululloh sahobalarga asr namozini bani Qurayza yerida o'qishni buyurib, o'zlari ularning orqasidan yo'lga tushdilar. U kishining o'rniga Madinada Abdulloh ibn Ummu Maktum qoldi. Ali ibn Abu Tolib bayroqdor bo'lib, sahobalarni jadal boshlab ketdi.

Jangga otlanganlarning soni uch ming nafar edi. Sahobalarning bir qismi rasulullohning buyrug'ini manzilga tezroq yetish ma'nosida tushunib namozdigarni yo'lda o'qidi, ikkinchi guruh esa bu farmonni ayni ma'nosida anglab, ibodatni bani Qurayzada bir oz kechikib ado etdi. Rasululloh ularning hech qaysisini ayblamadilar. Bani Qurayza yahudiylari quyundek shiddat bilan bostirib kelayotgan musulmonlarni ko'rgach, o'takalari yorilgudek bo'lib, shosha-pisha qo'rg'onlariga yashirinib olishdi. Ular o'z qilmishlarini - va'daga vafo qilmay musulmonlarni tang ahvolda qoldirib, g'anim bilan til biriktirishganini, bu munofiqliklari uchun kechirilmasliklarini yaxshi bilishardi.

Musulmonlar ularni yigirma besh kun muhosara qildilar. Yahudiylar to'qnashuv muqarrarligini, agar muhosara shu zaylda davom etaversa ochlikdan qirilib bitajaklarini, yaxshisi musulmonlarni insofga keltirib, xuddi bani Nazir qabilasidek faqat mol-mulkini olib yurtidan chiqib ketishga ijozat so'rash kerakligini anglab yetishdi. Biroq rasululloh ularning talabiga rozi bo'lmadilar. Yahudiylar hech narsasini olmay, choponini yelkasiga tashlab chiqib ketajaklarini aytishdi. Sarvari olam bunga ham ko'nmadilar, nimaga hukm etsalar shunga rozi bo'lmagunlaricha qamalda saqlayajaklarini bildirdilar.

Yahudiylar: "Bizga Abu Lubobani yuborgin. U bilan kengashib bir qarorga kelaylik", deyishdi. Abu Luboba yahudiylarning ittifoqchisi Avs qabilasidan bo'lib, bola-chaqasi, mol-mulki yahudiylarning qo'lida edi. Ular Abu Lubobadan nima qilish kerakligi haqida maslahat so'rashdi. "Agar payg'ambar alayhis-salomning hukmiga rozi bo'lsanglar, qix, - u kaftining qirrasi bilan tomog'ini kesib ko'rsatdi. - Kallanglar ketadi, hammangiz o'limga hukm etilasiz". Abu Luboba bu gapni aytishga aytdi-yu, biroq shu zahoti Xudoga, payg'ambarga xiyonat qilganini tushundi.

Yahudiylarning qarorgohidan qaytgach rasulullohga ro'para kelishdan uyalib Madinaga yo'l oldi, o'zini ustunga bog'latib, payg'ambar alayhis-salomga xabar yubordi va qilmishiga yarasha jazo kuta boshladi. Rasululloh: "Agar Abu Luboba to'g'ri kelib menga uchrashganda afv etardim, o'z bilgicha ish tutgan ekan, Ollohdan hukm tushguncha qimir etmay tursin", dedilar. Chorasiz qolgan bani Qurayza yahudiylari rasulullohning amriga bo'ysunishdi.

Payg'ambar alayhis-salom bani Qurayzaning barcha erkaklarini qo'lini bog'lagan holda olib kelishni buyurdilar. Avs qabilasining odamlari o'rtaga tushib, ularga ham bani Qaynuqo' yahudiylariga qilinganidek iltifot ko'rsatilishini o'tinishdi. "Agar orangizdan biron kishi hukm chiqarsa, uning aytganiga rozi bo'lasizlarmi?" deb so'radilar rasululloh. Odamlar rozi bo'lajaklarini aytib, hukm chiqarish huquqini o'z oqsoqollari Sa'd ibn Maozga munosib ko'rishdi. Sa'd ibn Muoz Xandaq jangida yaralanib, yaradorlar uchun ajratilgan maxsus chodirda yotardi. Payg'ambar alayhis-salom yuborgan odamlar uni eshakka mindirib olib kelishdi. Avs qabilasining oqsoqollari Sa'dning atrofini o'rab, yahudiylarga qattiqqo'llik qilmaslikni o'tinishdi. "Odamlarning ayblashlaridan qo'rqmay Ollohning hukmini ijro etadigan payt keldi," dedi Sa'd. U yetib kelganda rasululloh sahobalar bilan gaplashib o'tirgan edilar. "Boshlig'inglarni eshakdan tushirib qo'ynnglar", dedilar payg'ambar alayhis-salom uning atrofida turganlarga. Odamlar buyruqni bajo keltirishgach, rasululloh senga ittifoqchilarning ustidan hukm
chiqarishni topshirmoqchilar, deyishdi.

Payg'ambar alayhis-salom bu fikrii tasdiqlab: "Ey Sa'd, bani Qurayza yahudiylari ustidan hukm chiqar, dedilar. Sa'd sahobalarga yuzlanib: "Men chiqargan hukmni ijro etishga Xudoni o'rtaga qo'yib qasam ichasizlarmi?" deb so'radi. Sahobalar qasam ichib, rasululloh ularning fikrini tasdiqlagach, Sa'd qarorini aytdi: "Erkaklarni o'limga, ayollar bilan bolalarni asir olishga hukm etaman". "Sen Ollohning hukmi kabi hukm chiqarding", dedilar rasululloh. Suiqasdchi xoinlarning jazosi shunday bo'lishi kerak. Payg'ambar alayhis-salomning amriga binoan hukm shu zahoti ijro etildi.

Bir yarim ming qilich, uch yuz sovut, ikki ming nayza, besh yuz qalqon, juda ko'p ro'zg'or buyumlari, idish-tovoq, tuya, qo'y ganimat olindi. Bularga xurmo va asirlarni ham qo'shib, beshga bo'lindi. Suvoriylarga uch hissa, piyodalarga bir hissa, hatto yaradorlarga qaraydigan ayollarga ham ma'lum ulush berildi. Ichkilik solingan idishlarning ichidagi aroq-sharoblar to'kib tashlandi. Bu ishlar nihoyasiga yetmay turib Sa'd ibn Muoz ham vafot etdi. U juda ko'p qon yo'qotgan, jarohati tuzalish o'rniga battar zo'rayib ketgan edi. Uning ansorlar orasidagi obro'-e'tibori Abu Bakrning muhojirlar o'rtasidagi martabasi bilan tang edi. Sa'd ibn Muoz hamma g'azotlarda qatnashib beqiyos qahramonliklar ko'rsatgan, shu bois rasululloh uni juda yaxshi ko'rardilar. Dafn marosimida jannatu rizvonga noil bo'lajagini bashorat qildilar.

Musulmonlar Madinaga qaytib kelgach, Olloh taolo Qur'ondagi Tavba surasining 102-oyatini nozil qilib, Abu Lubobaning tavbasini qabul etdi: "Yaxshi ishga yomonlikni aralashtirilib bajargan bir guruh odam o'zlarining gunohini tan olishdi, Olloh ularning tavbasini qabul qilishi mumkin, Olloh mag'firat etguvchidir, benihoya mehribondur. "Abu Luboba xiyonat qilgan joyi - bani Qurayza diyorini butunlay tark etishga qasam ichdi. Bu g'azot tufayli parvardigor musulmonlarni ikkiyuzlamachilik va xoinlikka odatlangan yahudiylarning xavf-xataridai xolos etdi. Aslida Xandaq urushiga kelganlarni vasvasga solganlar yahudiylarning Haybarda qolgan bir guruh buzg'unchi kattalari edi. Ularning qanday ta'zirini yeganligi haqida keyingi boblarda to'xtalib o'tamiz.

PAYG'AMBAR ALAYHIS-SALOMNING ZAYNABGA UYLANISHLARI

Rasululloh shu yili Jahshning qizi Zaynabni nikohlariga oldilar. U ilgari payg'ambar alayhis-salomning ozodgardasi (ozod etilgan quli) bilan turmush qurgan edi. Rasululloh o'z ammalarining qizini Zaydga olib berganlarida uning asilzoda ota-onasi qulni kuyov qilishni o'zlariga or bilishgan edi. Arablar qizlarini qullarga berishni haqorot deb bilishar, bunga imkoni boricha yo'l qo'yishmas edi. Rasululloh asrab-avaylagani bilan Zaydning nasl-nasabi o'zgarmas, payg'ambar avlodiga kuyov bo'lishga baribir loyiq sanalmasdi. Lekin parvardigor Ahzob surasining 3-oyatini nozil etgach, Zaynabiing ota-onasi rasulullohning istagiga qarshi chiqolmay qolishdi. "Olloh va uning payg'ambari biror ish (xususida) hukm chiqargandan keyin erkagu ayol mo'minlarking ixtiyorlari o'zlarida bo'lmaydi. Kimki Ollohga va uning payg'ambariga osiylik qilsa, ro'y-rost adashgan hisoblanadi".

Turmush qurishganidan keyin Zaynab eridan o'zini ustun qo'yib, takabburlik qildi. Bu haqoratga chidolmagan Zayd rasulullohga dardini aytganda, u kishi asrandi o'g'lini sabr qilishga, turmush qiyinchiliklarini og'ir-bosiqlik bilan yengishga undadilar. Oradan ko'p o'tmay o'ziga bino qo'ygan bu xotin bilan murosa qilolmasligini aytib yana bir necha marta nolidi. Zo'rlik bilan qurilgan oila buzilib, xotinining talog'ini berdi. Shundan keyin Olloh taolo payg'ambar alayhis-salomga Zaynabni nikohiga olishni buyurdi. Shu bilan har xil gap-so'zlarga sabab bo'lgan mojarolarga chek qo'yildi hamda Zaynabning qulga nikohlanishi bilan oilasining yerga urilgan qadr-qimmati tiklandi.

Payg'ambar alayhis-salom odamlarning Muhammad asrandi o'g'lining xotinini tortib oldi, deya gap-so'z qilishlaridan qo'rqib, Zaydga: "Turmushingni buzishga Xudodan qo'rqqin. Sabr-toqat bilan chidab yashayver", derdilar. Rasululloh Olloh taoloning bo'yrug'ini oshkor etishdan hayiqdilar. Ahzob surasining 37-oyati bilan parvardigor bunday o'y-fikrlarni bekor etdi: "Mo'minlarga ularning asrandi o'g'illari taloq qilgan xotinlarini nikohlab olish gunoh bo'lmasligi uchun Zayd xotinini qo'yib yuborgach, uni senga nikohlab berdik, Ollohning amri bajo keltirilishi kerak".

Parvardigori olam arablardagi bola asrash odatining ayrim zararli tomonlarini e'tiborga olib, bu odatni Ahzob surasining 40-oyati bilan bekor qildi: "Muhammad orangizdagi biron erkakning otasi emas, u Ollohning payg'ambari va nabiylarning so'nggisidir. Olloh hamma narsani (ko'rib) bilib turguvchidir". Shu daqiqadan e'tiboran asrandi o'g'il Muhammadning o'g'li Zayd deb emas, Horisaning o'g'li Zayd deb atala boshlandi. Shu lahzadan e'tiboran uning ismi Qur'onda asrlar mobaniyda zikr etiladigan bo'ldi.

Ayrim nodon tarixchi-yu, g'arazli kimsalar bu voqeani o'z mayllariga moslab talqin etishadi. Ularning aytishicha, go'yo kunlarning birida payg'ambar alayhis-salom asrandi o'g'li Zaydni ko'rgani borganda shamol bo'lib, Zaynabning yuzidagi parda ochilib ketganmish va Sarvari olamning ammavachchasiga ishqi tushib, subhonalloh, deb yuborganmishlar. Zaynab bu voqeani aytgach, Zayd o'zini ajralishim kerak deb o'ylab, niyatini rasulullohga aytganmish. Lekin rasululloh uni niyatidan qaytarish uchun ko'p nasihat qilganmishlar va hokazo va hokazo...

Bu gaplarning yolg'onligi shundan ma'lumki, u paytlarda arab ayollari yuzlarini berkitib yurishlari hali rasm bo'lmagan edi; qolaversa ammalarining qizi Zaynab rasululloh Makkada paytlarida Islomga kirgan edi. Payg'ambar alayhis-salom uni o'n yil mobaynida biron marta ko'rmay shamol ro'molini ko'tarib yuborishi bilan ko'zi tushib qoladimi? Zaynabni Zaydga rasulullohning o'zlari olib berganlar. Agar u kishining ko'nglida boshqacha niyat bo'lsa, bu ishga o'zgacha tus berib, Zaynabga uylanishlariga nima mone'lik qilardi? Chindan ham Olloh tomonidan yuborilib, Qur'ondagi: "Biz kofirlardan bir jamoani manfaatlantirgan dunyoning mol-mulki, zeb-ziynatlariga ko'z tashlamagin", degan buyrug'ini ertayu kech takrorlab, odamlarga ezib-ichki qilib yuradigan payg'ambar o'z yaqinining uyiga kirib, xotiniga tasodifan ko'zi tushib qolsa, darrov uni olish fikriga borishiga aql bovar qilmaydi. G'ayritabiiy bu ish odatdagi odam tomonidan sodir etilsa ham ayblanishi turgan gap.

Bunday ish barcha tarixchilar tomonidan birdek eng odobli, dunyoviy, hoyu havaslardan holi, hushyor va dono deb e'tifor etilgan, hatto parvardigor Qalam surasining 4-oyatida: "Sen chindan ham ulug' axloq egasisan", deya maqtagan zot tomonidan sodir etilishi sira mumkin emas. Bu gapni xuddi G'aroniq afsonasidek Islom dinining dushmanlari o'z chirkin maqsadlariga yetib, Xudoning elchisini qoralash niyatida o'ylab topishgan. Xudoga shukrki, ularning yovuz niyatlari aqliy va naqliy dalillar bilan barbod etildi. Odamlarning xohishi bilan payg'ambarni badnom etib bo'lmasligi yana bir karra isbotlandi. Ahzob surasining 37-oyati bu fikrni to'la tasdiqlaydi: "Olloh ne'mat bergan, sen ham in'om qilgan kishiga: xotiningni nikohingda tut, Ollohdan qo'rq, degan paytingni eslagin. Olloh oshkor etmoqchi bo'lgan narsani ko'nglingda pinhon tutding, odamlarning ta'nayu malomatlaridan qo'rqding. Vaholanki, Ollohdan qo'rqsang to'g'ri bo'lardi. Mo'minlar asrandi o'g'illari qo'yib yuborgan xotinlarini nikohiga olsa gunoh hisoblanmasligi uchun Zayd xotinini taloq qilgandan keyin senga nikohlab berdik. Ollohning amri bajo keltirilishi kerak". Parvardigori olamning o'zi rasulullohga Zaynabga uylanishi lozimligini uqtiryapti. Xudoning amri hech qanday shubhayu g'iybatlarga o'rin qoldirmaydi. Bunga faqat imoni zaif odamgana e'tiroz bildirishi mumkin.

YUZNI YOPIB YURISHNING JORIY ETILISHI

Shu yili yuzni yopib yurish haqida oyat nozil bo'ldi. Bu narsa avvalo Payg'ambar alayhis-salomning ayollariga taalluqli edi. Oyat nozil bo'lishdan avvalroq Umar ibn Xattob ayollar yuzini yopib yurishi lozimligi haqida ko'p gapirar, bu xususda Xudoning hukmi kelishini orzu qilardi. Payg'ambar alayhis-salomning ayollariga, sizlarga begona odamning nazari tushmasligi kerak, derdi. Shunday kunlarning birida Ahzob surasining 53-oyati nozil bo'ldi: "Payg'ambarning ayollaridan biron narsa so'ragan paytingizda parda orqasida turib gapiringlar, bu har ikkala tomonning ko'nglini pok saqlaydi".

Ba'zi bir badniyat kimsalar: "Bundan keyin ammalarimizning qizlari bilan ham pardaning naryog'ida turib gaplashamizmi? Bo'lmagan gap. Men Muhammad (alayhis-salom) o'lgandan keyin albatta Oishani olaman", deya aljishdi. Olloh taolo yuqoridagi oyatni davom ettirib, bunday kimsalarga qattiq tanbeh berdi: "Rasulullohning dilini og'ritadigan ishlarni qilishinglar va vafotidan keyin uning ayollariga uylanishinglar sira mumkin emas. Bu (ishinglar) Ollohning oldida katta gunohdir".

Shu bilan birga payg'ambar alayhis-salomning rafiqalaridan boshqa ayollarga ham hayoli va iffatli bo'lish buyurildi, erkaklardan ham shu narsa talab etildi; ayollar barmog'idagi uzuk, tirnog'idagi xina, ko'zidagi surmadan tashqari ichki taqinchoqlarini nomahramlardan pinhon tutishlari joriy etildi. Bilakuzuk, bo'yinga osiladigan marjon, tillaqosh, zebigardon, zirak namoyish etilmaydigan ziynat buyumlaridir. Bunday buyumlar taqilgan-joyiga qarab namoyish etiladigan va yashiriladigan turlarga bo'linadi. Ayollar ko'kragi ochilib qolmasligi uchun maxsus yopinchiq tashlab yurishlari kerak.

Shu paytgacha ayollar keng yoqalik ko'ylak kiyganlari uchun ko'ksi ochiq yurishaverardi. Arab ayollari oyoqlariga qo'ng'iroq bog'lab olishardi, endi ularning oyoqlarini qattiq bosishlari ham ta'qiqlanadi; hamonki taqinchoqni yashirish lozim ekan, uning ovozini chiqarib birovlarning e'tiborini jalb etish ham mumkin emas, ziynatning o'zi ham, ovozi ham pinhon tutilar ekan, bu narsa taqilgan a'zolarni begona ko'zdan yashirish zarurligi o'z-o'zidan ayon. Olloh taolo Nur surasining 31-oyatida bu haqda shunday deydi: "Mo'minalarga aytginki, (nomahramlarga) tikilib qarashmasin, avratlarini (uyat joylarini) yopishsin. Tashqi ziynatlaridan boshqa taqinchoqlarini namoyish etishmasin, yoqalariga yopinchiqlarini yopishsin. Pinhon ziynatlarini erlari va otalaridan, qaynotalaridan, o'g'illaridan, erlarining o'g'illaridan, xotinlarining o'z qarindoshlaridan, qarindoshlarining o'g'illaridan, hamshiralarining (egachi singillarining) o'g'illaridan, dindosh ayollaridan, qo'l ostidagi cho'rilardan, qullardan, tobelardan,* ayollarning uyat joylariga fahmi yetmaydigan (balog'atga yetmagan) bolalardan o'zgalarga ko'rsatishmasin. Ayollar yashirin taqinchoqlarini birovlarga bildirish uchun oyoqlarini yerga qattiq bosishmasin. Ey mo'minlar, baxtga erishish uchun hammaigaz Ollohga tavba qiling!"

Islomning avvalida ayollar xuddi johiliyat davridagidek faqat ko'ylagu yopinchih bilan tashqariga chiqib ketishaverardi, Kiyinishda hur ayol bilan cho'riiing farqi yo'q edi, Cho'rilar kechasi hojat uchun tashqariga chiqishganda yosh-yalang sho'xlik qilib, yo'llarini to'sishardi. Hur ayollarning ham yo'llarini to'sib, cho'ri deb o'ylabmiz, deyishardi. Shu bois hur ayollarga yopinchiq yopinib, yuzi va ko'ksini berkitib yurish joriy etildi. Bunday libosdagi hur ayolga birov botinib so'z qotolmasdi. Olloh taolo Ahzob surasining 59-oyatida rasulullohga bunday iltifot qiladi: "Ey Payg'ambar, ayollaringga, qizlaringga va mo'minlarning ayollariga aytginki, nimcha bilan badanini o'rab olishsin. Shundagana ular yaqqol ko'zga tashlanib turishadi, hech kim ularga teganishga botinolmaydi. Olloh bandalariga mag'firat qilguvchidir, benihoya mehribondir".

Ayollarning turmushga chiqayotgan kishisiga ko'rinmay turib mastura bo'lishi rasululloh davrida ham, salaf-solihlarning zamonasida ham odat tusiga kirmagan edi. Payg'ambar alayhis-salom xotinni ko'rib olishni sunnat qildilar. Bu erkak kishi olayotgan ayoli bilan tanishib, bilishib, totuv oila qurishiga xizmat qiladigan islomiy omillardan biridir. Buyuk alloma imom G'azzoliy "Ihyou ulumiddin" nomli kitobida bu xususda alohida to'xtalib o'tadi. Jumladan: "Shariat er-xotinning inoq bo'lishini e'tiborga olib, uylanishdan oldin ayol bilan ko'rishishni lozim topadi. Shunday ekan, biron ayolni olmoqchi bo'lsang, ko'rib ol, buning totuv o'tishga foydasi bor. Payg'ambar alayhis-salom: "Ansor ayollarining ko'zlarida qusur bor, uylanishni istaganlar ularni ko'rib olishsin", deganlar. Ba'zi birovlar ularning ko'zi xira desa, birovlar ko'zi kichik edi, deydi. Uylanmoqchi bo'lgan ayrim dindorlar chuv tushib qolishdan qo'rqib, olayotgan xotinini sinchiklab tekshiruvdan o'tkazardi. A'mash ismli olim: "Olayotgan ayolni ko'rmasdan qilingan to'yning hammasi oxir-oqibat kishiga g'am-qayg'u olib keladi", deb yozadi. Zamon buzilgani va odamlarni go'zal axloq egasi qilib voyaga yetkazadigan haqiqiy diniy tarbiya yo'qligi uchun islomning avvalida musulmonlar buzuqchilikni cheklab, fisqu fujurning oldini olish maqsadida barcha ayollarning begona ko'zdan o'zlarini yashirib, mastura bo'lishlarini to'g'ri deb topishgan.

*Tobelar - qorin to'yg'azish ilinjida birovlarnikiga boradigan chaqirilmagan mehmonlar, yoshi o'tib qolgan yoki aqliy noqisligi tufayli ayollarga hojati tushmaydigan kishilar.

HAJNING FARZ QILINISHI

Ko'pchilik olimlarning fikricha, hijratning beshinchi yili Olloh taolo moddiy va jismoniy jihatdan qodir odamga haj ziyoratiga borishni farz qildi. Hajdan maqsad, turli joylardan kelgan musulmonlar yig'ilib, Islom e'tiqodidagi odamlarga yordam berishini tilab, Ollohga yuzlanib iltijo qilishdir. Haj musulmonlarning o'zaro aloqasini mustahkamlabgina qolmay bir-biriga mehr-oqibatini oshiradi, qalblarini poklaydi, bu dunyoda to'g'ri yo'lga boshlagani uchun Haq taologa shukrona aytishni o'rgatadi.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.