background
logotype
image1 image2 image3

Abu Bakrning namozda imom bo’lishi

Payg'ambar alayhis-salom isitmalab, oyoq-qo'llarida darmon ketgani uchun Abu Bakrga jamoatga imom bo'lib namoz o'qishni buyurdilar. Bu rasulullohning Abu Bakrni o'zlariga xalifa (o'rinbosar) qilishni ixtiyor etganlarining nishonasi edi. Ansorlar payg'ambar alayhis-salomning dardi og'irligini bilib, masjid atrofida aylanib yurishdi. Abbos ichkariga kirib, ansorlar tashvishda qolishganini aytdi. Rasulullohning ishorasiga binoan Ali bilan Fazl u kishining qo'ltig'iga kirishdi. Abbos oldinda yo'l boshlab yurdi. Boshlari tang'ib bog'langan sarvari olam minbarning birinchi pillapoyasiga o'tirdilar. Odamlar u kishining hurmatlari uchun gur etib o'rinlaridan qo'zg'alishdi. Payg'ambar alayhis-salom Ollohga hamdu sano aytganlaridan keyin:

"Ey xaloyiq! Sizlar payg'ambaringiz vafot etishidan qo'rqayapsizlar. Avvalgi payg'ambarlar mangu yashagan emas, men ham abadiy yashamayman. Men robbimning dargohiga ketaman, sizlar ham orqamdan yetib borasizlar. Mendan keyin hijratning avvalidagi muhojirlarga yaxshi muomala qilishinglarni tavsiya etaman, muhojirlar ham o'zaro bir-birlariga mehr-oqibatli bo'lishsin. Olloh Qur'ondagi Val'asr surasida bunday deydi: "Zamon bilan qasamki, barcha inson ziyon ichidadir, faqat imon keltirgan, yaxshi amallarni qilgan, bir-biriga haqni tavsiya etgan, bir-birini sabrli bo'lishga undagan kishilar bundan mustasnodir". Hamma ish Ollohning izni bilan amalga oshadi. Hech bir ishda shoshqaloqlik qilmanglar, Olloh insonning shoshilishiga qarab bir ishni tezlatmaydi. Ollohga qarshi urush ochgan odam mag'lub bo'ladi, Ollohni aldashni ko'zlagan odam o'zi aldanib qoladi. Muhammad surasining 22-oyatida bejiz: "Agar sizlar hokimiyat yurgizsanglar yer yuzida yomon ish qilasizlarmi, qarindoshlik munosabatlarini uzib qo'yasizlarmi, deyilmagan. Sizlar muhojir ansorlarga yaxshi muomala qilinglar, chunki ansorlar sizlar Madinaga kelmasdan burun bu yerlarda makon tutgan va oqko'ngillik bilan imon keltirishgan. Ansorlarga yahshilik qilinglar, ular topgan-tutganini sizlar bilan baham ko'rishdi, uylaridan joy berishdi, o'zlari muhtoj bo'la turib, o'z nafslarini tiyib, bor-budini sizlardan ayashmadi. Muhojirlardan birov ansorlarga hokim bo'lsa, ularning kamchilik va xatolarini kechirsin, o'zini ulardan yuqori tutmasin. Men sizlardan avval ketaman, sizlar ham orqamdan yetib borasizlar, sizlar bilan jannatda ko'rishamiz. Kimki oxiratda jannatga kirishni istasa, tili bilan qo'lini yomonlikdan tiysin", dedilar.

Rabbiul avval oyining 13 (dushanba) kuni Abu Bakr musulmonlarga imom bo'lib bomdod namozini o'qiyotganida payg'ambar alayhis-salom hazrati Oishaning hujrasidan pardani ochib, odamlarga tabassum qildilar. Abu Bakr rasululloh namozga chiqdilar degan o'yda orqa safga chekindi. Payg'ambar alayhis-salomni ko'rgan musulmonlar quvonganlaridan namozlarini ham unutib, u kishining ziyoratlariga yugurishlariga sal qoldi. Sarvari olam qo'llari bilan Xudoning ibodatini davom ettiraverishni imo qildilar va ichkariga kirib, pardani yopib qo'ydilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.