background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 8-kun

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 8-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 

Rasululloh SAVning duolari

Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Quyidagilar ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duolaridan edi: «Allohumma inniy a'uzu bika min zavoli ni'matika va tahavvuli ‘ofiyatika va faj'ati niqmatika va jamiy'i suxtika». (Ma'nosi: Allohim, bergan ne'mating zavol bo‘lishidan, bergan ofiyating o‘zgarib ketishdan, to‘satdan keluvchi o‘chingdan va jamiki g‘azabingdan panoh tilayman.) Imom Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Odamlarning (o‘zaro qilgan) har bir salom-aligi uchun savob yozilur, Quyosh chiqadirgan har bir kunda (ya'ni, bu dunyoda) odamlar o‘rtasida qilingan adolat uchun savob yozilur!» - deb marhamat qildilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Payg‘ambarlardan biri (dam olmoq bo‘lib) bir daraxt ostiga kelib o‘ltirdilar. Bir mahal bir chumoli ul kishini chaqib olib erdi, kiyimlarini yechib ichidan chumolini olib tashlashni hamda uning iniga o‘t qo‘yishni amr qildilar. Shunda Olloh taolo ul kishiga vahiy yuborib: «Sizni bitta chumoli chaqmaganmidi?! (Nega endi bitta chumolini deb, butun chumolilar iniga o‘t quydingiz?!) - dedi». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Hazrat Umar: «Rasululloh sallallohu alayhi va saldam vafot qilayotib undan (Talha ibn Ubaydullohdan) rozi ekanliklarini aytganlar», - deydilar.

Qays ibn Abu Hozim: «Men Talhaning Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni (jangda) pana qilib turgan qo‘llarini ko‘rdim, o‘shal qullari (o‘q tegaverganidan) shol bo‘lib qolibdi». (Sahih, Buxoriy rivoyati)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.