background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 21-kun

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 21-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 

Rasululloh SAVning duolari

Ibn Mas'uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Allohumma innaa nas'aluka mujibati rohmatika va ‘azoima mag‘firotika, vassalamata min kulli ismin val g‘oniymata min kulli birrin val favza biljannati van najota (bi'avnika) minannar» ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duolaridan edi. (Ma'nosi: Allohim, rahmatingga mustahiq bo‘ladigan narsani, mag‘firatingni vojib qiladigan narsani, har bir gunohdan salomat bo‘lishni va har bir yaxshilikda g‘animatni hamda jannat bilan zafar qozonishni va yordaming bilan do‘zaxdan najot topishni so‘rayman). Imom Hokim «Mustadrak»larida rivoyat qilganlar. Muslimning shartlariga binoan sahihdir.

Sahih hadisi shariflar

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uchta xislat borki, ular kimda bo‘lsa, iymon lazzatini topibdi: 1. Biror kishini faqat Alloh uchun yaxshi ko‘rsa. 2. Alloh va Uning rasuli boshqa narsalardan sevimli bo‘lsa. 3. Alloh uni kufrdan qutqarganidan keyin yana kofirlikka qaytmog‘idan ko‘ra olovga tashlanishni afzalroq deb bilsa», dedilar. (sahih, Muslim rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga Ramazon zakotini (fitri ro‘zani) qo‘riqlab turish vakolatini berdilar. Shunda bir odam kelib, zakotga berilgan xurmolardan hovuchlab ola boshladi. Men uni ushlab olib: «Seni hozir Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga olib borurman!» - dedim. U: «Men muhtojman, bola-chaqam ko‘p, juda zoriqib qoldim», - dedi. Keyin, men uni qo‘yib yubordim. Ertalab Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: «Ey Abu Hurayra, kecha siz qo‘lga tushirgan odam ne qildi?» - dedilar. Men: «Yo Rasulalloh, u juda muhtoj ekanligi va bola-chaqasining ko‘pligidan shikoyat qildi. Shul bois rahmim kelib, uni qo‘yib yubordim», - dedim. Janob Rasululloh: «Ammo, u sizga yolg‘on gapirgan, bugun yana qaytib kelur»,- dedilar. Keyin, men: «Janob Rasululloh «Qaytib kelur» dedilarmi, demak, albatta qaytib kelur» - deb uni; poyladim. O'shal kuni u yana kelib, xurmodan hovuchlab ola boshladi. Men uni yana ushlab oldim-da: «Hozir seni Janob rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga olib borurman!» - dedim. U yana: «Muhtojman, bola-chaqam ko‘p, endi kelmayman, meni qo‘yib yubor!» - dedi. Shunda men rahmim kelib, uni yana qo‘yib yubordim. Ertalab Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam yana: «Ey Abu Hurayra, asiringiz ne qildi?» - dedilar. Men: «U bola-chaqasi ko‘pligidan, muhtoj ekanligidan shikoyat qilib, endi qaytib kelmasligini aytib erdi, rahmim kelib, yana quyib yubordim», - dedim. Janob Rasululloh: «U sizni aldagan, u yana qaytib kelur», - dedilar. So‘ng, men uni uchinchi marta poylab turdim. U yana kelib, xurmodan hovuchlab ola boshlagan erdi, men uni ushlab oldim-da: «Hozir seni Janob Rasulullohning huzurlariga olib borurman, uch safardan beri meni aldab «Endi qaytib kelmayman» deysan-u, yana qaytib kelasan!» - dedim. Shunda u menga: «Meni qo‘yib yubor, (buning evaziga) men senga shunday so‘zlarni o‘rgatayinki, Olloh ul (so‘zlarni aytganing) tufayli senga naf' yetkazur», - dedi. Men: «Ul (so‘zlar) qanday so‘zlar erkan?» - dedim. U: «Agar o‘rningga yetsang, «Oyat ul-Kursiy»ni oxiriga qadar qiroat qilgil, shunda Ollohning huzuridan (bir) himoyachi (kelib) seni (tuni birlan) muhofaza qilur, hattoki ertalab uyg‘onguningga qadar shayton ham senga yaqin kela olmas», - dedi. So‘ng men uni qo‘yib yubordim. Ertalab Janob Rasululloh menga: «Asiringiz kecha ne qildi?» - dedilar. Men: «Yo Rasulalloh, u menga shunday so‘zlarni o‘rgatmog‘ini ta'kidladiki, agar ul so‘zlarni aytsam, Olloh taolo menga naf' yetkazar erkan, so‘ng men uni qo‘yib yubordim», - dedim. Janob Rasululloh: «Ul (so‘zlar) qanday so‘zlar erkan?» - dedilar. Men: «Ul menga: «Agar o‘rningga yetsang, «Oyat ul-Kursiy»ni oxiriga qadar qiroat qilgil, shunda Ollohning huzuridan (bir) himoyati (kelib) seni (tuni birlan) muhofaza qilur, hattoki ertalab uyg‘onguningga qadar shayton ham senga yaqin kela olmas» - deb aytdi», - dedim. (Sahobalar xayrli narsalarni o‘rganmoqqa ana shunday ishtiyoqmand erdilar). Janob Rasululloh: «Ammo, U yolg‘onchi bul safar sizga rost aytibdi. Ey Abu Hurayra, uch kechadan beri yolg‘on so‘zlayotgan kishining aslida kim ekanligini bilursizmi?» - dedilar. Men: «Yo‘q», - dedim. Janob Rasululloh: «U shayton erdi», - dedilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qur'onni to‘rt kishi- Ibn Mas'ud, Abu Huzayfaning mavlosi Solim, Ubay va Muoz ibn Jabaldan o‘rganingizlar!» - deb marhamat qildilar». (Sahih, Buxoriy rivoyati)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.