background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 12-kun

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 12-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 

Rasululloh SAVning duolari

Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma laka aslamtu va bika omantu va'alayka tavakkaltu va ilayka anabtu va bika xosamtu. Allohumma inniy a'uzu bi'izzatika la ilaha illa anta an tuzillaniy antal hayyullaziy la yamutu val jinnu val insu yamutun», deb aytardilar. (Ma'nosi: Allohim, Senga bo‘ysundim, Senga imon keltirdim, Senga tavakkal qildim, Senga tavba qildim va Sening noming ila xusumatlashdim (ya'ni, Sening noming ila hujjat talab qildim, difo' qildim va urishdim). Allohim, meni adashtirmog‘ingdan izzating ila panoh tilayman. Sendan boshqa iloh yo‘qdir. Sen tirikdirsan, o‘lmaysan. Ins va jin o‘lishadi.) Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abu Burda raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Muoz (ibn Jabal) va Abu Musoni Yamanga (ya'ni, Yamandagi ikki viloyatga amir qilib) yuborayotib: «Osonlashtiringizlar, qiyinlashtirmangizlar, (Olloh taoloning fazlu karami benihoyat keng ekanligini aytib, odamlarni) xushnud qilingizlar, (do‘q-po‘pisalar birlan) ularni cho‘chitib quymangizlar, bir-biringiz birlan kelishib (ish qilingizlar), o‘zaro janjallashmangizlar!» - deb tayinladilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Banu Isroilga mansub bir ayol o‘g‘ilchasini emizib turgan erdi. Nogahon uning yonidan (jang liboslarini kiyib, qurol-yarog‘larini taqib olgan) bir (xushqomat) otliq o‘tib qoldi. Boyagi ayol (unga havasi kelganidan): «Yo parvardigoro, mening o‘g‘ilchamni ham shu kishiga monand qilgil!» deb duo qildi. Shunda go‘dak onasining ko‘kragidan og‘zini oldi-da, otliqqa o‘girilib qarab: «Yo parvardigoro, meni unga o‘xshash qilmagil!» - deb iltijo qildi. So‘ng, yana onasining ko‘kragini og‘ziga olib, emishda davom etdi. Keyin, boyagi ayol bir cho‘ri (joriya) yonidan o‘tib ketayotib: «Yo parvardigoro! o‘g‘ilchamni shu cho‘riga o‘xshash qilmagil!» - deb duo qildi! Shunda go‘dak (yana) og‘zini onasining ko‘kragidan olib: «Yo parvardigoro, meni shu cho‘riga o‘xshash qilgil!» - deb iltijo qildi. Onasi (hayron bo‘lib): «Nechun bunday deding?»- dedi. O'g‘ilchasi: «Boyagi otliq zolimlardan biridir, manavi cho‘ri ersa, odamlar unga «o‘g‘risan, zinokorsan» deyishgani birlan, u bunday ishlarni sira qilmagan»,-dedi». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam men birlan (nabiralari) Hasanni ko‘tarib olardilar-da: «Yo parvardigoro, bularni (O'zingga) mahbub qilgaysen, chunki men bularni yaxshi ko‘rurmen!» - der erdilar». (Sahih, Buxoriy rivoyati)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.