background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 10-kun

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 10-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 

Rasululloh SAVning duolari

Sa'd ibn Abu Vaqqosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir a'robiy kelib, «Ey Allohning rasuli, menga bir kalom o‘rgatingki, uni aytib yurayin», deganda, u zot:«La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu, Allohu Akbar kabiyron valhamdu lillahi kasiyron subhanallohi robbil olamiyna, la havla vala quvvata illa billahil azizil hakim» (ma'nosi: Yakka Allohdan boshqa iloh yo‘q. Uning sherigi ham yo‘q. Alloh ulug‘larning ulug‘idir. Allohga ko‘p hamd bo‘lsin. Olamlar Rabbi Allohni poklab yod eturman. Hakim, Aziz sifatli Allohdan boshqa biror o‘zgartiruvchi ham quvvat ham yo‘q), deb ayt, dedilar. A'robiy: «Bular Rabbim uchundir. Men uchun esa nima?» deganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Allohumma ig‘fir liy varhamniy vahdiniy varzuqniy va ‘ofiniy», deb ayt, dedilar. (Ma'nosi: Allohim, meni mag‘firat qil, menga rahm qil, meni hidoyat et, meni rizqlantir va ofiyatda qil.) Imom Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Yo parvardigoro, meni notavonliqdan, yalqovlikdan, (qarib) ezma bo‘lib qolmoqdan, shuningdek tiriklik va o‘lim chog‘ida bo‘ladirgan fitnalardan hamda qabr azobidan o‘z panohingda asragil!» - deb iltijo qilur erdilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «O'lim farishtasi (odam qiyofasida) Muso alayhissalomga yuborildi. U kelgach, Muso alayhissalom uni (o‘zlari birlan urushmoqni qasd qilib ijozatsiz uylariga kirib kelgan odam, deb o‘yladilar-da), bir urib (ko‘zini chiqardilar). So‘ng, farishta o‘z parvardigori qoshiga qaytib borib: «Meni o‘limni istamagan bandang huzuriga yuboribsan», - dedi. Olloh taolo uning ko‘zini o‘rniga qaytarib: «(Uning oldiga) qaytgil-da, unga aytgilki, qo‘lini bir ho‘kizning ustiga qo‘ysin, qo‘li yopgan barcha junlarning har biri - uning uchun bir yil (umrdur)»,- dedi. (Farishta Olloh taoloning amrini yetkazgach), Muso alayhissalom: «Yo parvardigorim! (Undan) keyinchi?» - dedilar. Olloh taolo: «(Undan) keyin o‘limdur», - dedi. Muso alayhissalom (Olloh taolo birlan tezroq uchrashish shavqida): «(Unday bo‘lsa), hozir (omonatingni olaver)», - dedilar. So‘ng, Olloh taolodan o‘zlarini Muqaddas yerga (Bayt ul-Maqdisga) bir tosh otim masofada yaqinlashtirmog‘ini so‘radilar. (Ya'ni, Bayt ul-Maqdisga bir tosh otim yaqin masofada dafn qilinmoqlarini so‘radilar. Chunki, ko‘pchilik payg‘ambarlar o‘shal yerga dafn qilingan bo‘lib, ularga yaqin bo‘lmoqni o‘zlariga xayrli deb bildilar va Olloh taolo ularga nozil qiladirgan fazlu rahmatning o‘zlariga ham naf'i tegmog‘idan umid qildilar). Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar o‘shal yerda bo‘lsam, ul kishining qizil qum uyumi yonidan o‘tgan yo‘l chekkasidagi qabrlarini sizlarga albatta ko‘rsatar erdim», - dedilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Misvar ibn al-Maxrama raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hazrat Ali Abu Jahlning qizi (Juvayriya)ga uylanmoqchi bo‘ldilar. Fotima alayhossalom buni eshitib qolib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga keldilar-da: «Qavmingiz ta'kidlashayotirki, siz qizlaringizga aziyat yetkazilsa, darg‘azab bo‘lmas emishsiz. Anavi Ali ersa mening ustimga Abu Jahlning qiziga uylanmoqchi», - dedilar. Shunda men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning o‘rinlaridan turib kalimai shahodat aytgach, bunday deganlarini eshitdim: «Ammo ba'd, men (katta qizim Zaynabni) Abu al-Os ibn ar-Rabiy'ga nikohlab bergan erdim, u (qizim ustiga uylanmaslikka menga va'da berib) so‘zining ustidan chiqdi. Fotima mening bir bo‘lagimdur, men unga biror kimsaning yomonlik qilmog‘ini istamasman. Olloh taolo haqi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qizi birlan Olloh taoloning dushmani (bo‘lmish Abu Jahlning) qizi bir erning nikohida bo‘lmas!» - dedilar. Shundan so‘ng, Hazrat Ali o‘shal qizga uylanmadilar». (Sahih, Buxoriy rivoyati)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.