background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 3-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 3-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, ularning orasiga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmatni (Qur’on va Hadisni) o‘rgatadigan va ularni poklaydigan bir payg‘ambarni yubor! Shubhasiz, sen qudrat va hikmat sohibisan! (Baqara surasi, 129-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
Uchinchi hadis. 
Nu’mon ibn Bashirdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta halol ochiq-ravshan. Albatta harom ochiq-ravshan. Uning o‘rtasida shubhali narsalar bo‘lib, uni ko‘p insonlar bilishmaydi. Kimki shubhadan taqvo qilsa, dini va obro‘sini soflabdi. Kimki shubhaga voqe’ bo‘lsa, haromga yo‘liqibdi. Rioya qiluvchi qo‘riqxona atrofiga borib, uning ichiga kirib qolishi mumkin. Har bir podshohning qo‘riqxonasi bor. Ogoh bo‘ling, Allohning qo‘riqxonasi U harom qilgan narsalardir. Ogoh bo‘ling, jasadda bir parcha go‘sht bor. Agar u isloh bo‘lsa, jasadning barchasi isloh bo‘ladi. Agar u fasod bo‘lsa, jasadning barchasi fasod bo‘ladi. U ham bo‘lsa qalbdir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Hazrati Umarning o‘gitlari
“Shu yulduzlar ilmidan sizga quruqlik va suv qoronHuliklarida yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘ladigan darajada, tarix ilmidan esa xalqaro munosabatlardan xabardor etadigan miqdorda o‘rganingiz.
Qur’onga Hilof, ilmga manba bo‘ling. Allohdan kunlik rizqingizni so‘rang.
Gunohlariga pushaymon qiladiganlar bilan oshno bo‘ling. Zero, ularning qalbi har narsadan yupqadir.
Allohdan qo‘rqqan kimsa jahl qilmaydi va xohlagan har ishini bajaravermaydi. Agar oxirat bo‘lmasa edi, dunyoni bu tarzda ko‘rmas edingiz.
Haqdan ayrilmangki, sizga haq egalarining joyi ko‘rsatilgay. Har doim faqat haqiqat bilan hukm eting...» 
 
Saodat asri qissalari


Gapiruvchi bo‘ri yoxud qiyomat alomati
Abu Said al-Xudriydan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi: “Bir bo‘ri suruvga hujum qilib, bir qo‘yni olib qochdi. Cho‘pon bo‘rini quvib, qo‘yni tortib oldi. Shunda bo‘ri tilga kirib:
— Allohdan qo‘rqmaysanmi? Parvardigor menga yuborgan rizqni nega qaytarib olyapsan? — dedi.
— Vo ajab? Bo‘ri inson kabi gapirmoqda! — hayratini yashira olmadi cho‘pon.
— Mening odamday gapirganimga ajablanyapsanmi? Bundan ham muhimroq narsa bor. Yasribda Muhammad ismli bir zot odamlarga yangi dinni ta’lim bermoqda, — dedi bo‘ri.
Shundan so‘ng cho‘pon suruvini haydab Madinaga keldi. Qo‘ylarni bir pana joyda qoldirib, Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, huzurlariga keldi va bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berdi. Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, odamlarni namozga chaqirishni buyurgach, cho‘ponga:
— Ko‘rganlaringni bularga ham so‘zlab ber, — dedilar.
Cho‘pon voqeani so‘zlab berdi. Shunda Sarvari olam, sollallohu alayhi va sallam, marhamat qildilar: 
— Birodaringiz to‘g‘ri gapiryapti. Muhammadning qayoti izmida bo‘lgan Allohga qasamki, jonivorlar insonlar bilan gaplashmagunicha, kishining oyoq kiyimidagi bog‘ich ip tilga kirib, so‘zlamagunicha va kishining soni, u ko‘chada yo safarda bo‘lganida oilasining uyda nimalar qilganini xabar bermagunicha (ya’ni, shunday zamonlar kelmay turib) qiyomat qoim bo‘lmaydi».


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.