background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 24-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 24-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, O’zing bizlarga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan shod-xurramlik hadya etgin va bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin! (Furqon surasi, 74-oyat) 
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
Yigirma to‘rtinchi hadis. 
Irboz ibn Soriyadan (r.a.)  rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga va’z aytdilar, undan qalblar vahimaga tushdi va ko‘zlardan yosh oqdi. Shunda biz: «Ey Rasululloh, vidolashuvchi mav’iza bo‘lsa kerak, bizga vasiyat qiling», desak, u zot: «Sizlarga Allohdan taqvo qilishni hamda agar qul boshliq bo‘lsa, uning so‘zini eshitib itoat etishni vasiyat qilaman. Chunki sizlardan qaysi biringiz yashaydigan bo‘lsa, ko‘p ixtiloflarni ko‘radi. Ana shu paytda mening sunnatimni va to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi xulafoi roshidinlar sunnatini o‘zingizga lozim topib, uni oziq tishlaringiz bilan mahkam tishlanglar. Ishlarning yangisidan chetlaninglar. Chunki har bir bid’at zalolatdir», dedilar. Abu Dovud  va Termiziylar  rivoyati. 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Hazrat Muoviya o'gitlari
- Kimki ilmini yozmasa, uning ilmini ilm hisoblamayman.
- Hammani rozi qilishim mumkin, faqat ne’matga hasad qilguvchini rozi qila olmayman. Chunki uni faqatgina ne’matning ketishi rozi qiladi.
- Ey o‘g‘ilginam, hasaddan saqlangin. Chunki u dushmaningga yetmasdan, sening o‘zingga bilinadi.
 
Saodat asri qissalari


Alloh ko‘rib turibdi
Hazrati Umar, roziyallohu anhu, xalifalik davrida sutga suv qo‘shishdek yomon odatni qat’iy taqiqladilar.
Shahar osoyishtaligini nazorat qilish uchun bir kecha Madina ko‘chalarida kezib yurgan xalifa charchab, bir uy yaqinidagi tosh ustiga o‘tirdi. Kutilmaganda uy ichida ona bilan qizi o‘rtasidagi shu gaplarni eshitib qoldi:
— Qani, qizim, turgin-da, sutlarga bir oz suv qo‘shib yubor!
— Xalifa sutga suv qo‘shishni taqiqlaganini bilmaysizmi, onajon!
— Bilaman.
— Axir xalifa taqiqlagan ishni qanday bajaraman?
— E-e, qo‘shaversang-chi, Umar seni ko‘rib turgani yo‘q!
— Umar ko‘rmasa ko‘rmas, ammo Alloh ko‘rib turibdi-ku...
Hazrati Umar shundan  so‘ng uyga qaytdilar. O‘g’illari Osimni imon-e’tiqodli, go‘zal axloqli bu faqir qizga uylantirdilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.