background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 22-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 22-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, bizlarni (jahannamdan hayoti dunyoga) chiqargin. Bas agar yana (tug‘yonga) qaytsak, u holda shak-shubhasiz (o‘z jonimizga) jabr qilguvchidirmiz! (Mu’minun surasi, 107-oyat)  
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
Yigirma ikkinchi hadis. 
Muozdan (r.a.)  rivoyat qilinadi: «Ey Rasululloh, menga bir amalning xabarini beringki, u meni jannatga kiritib, do‘zaxdan uzoq qilsin», desam, u zot: «Sen juda katta narsa so‘rading. Albatta u Alloh oson qilgan kishiga  yengildir. Allohga biror narsani shirk keltirmasdan ibodat qilasan. Namozni qoim qilasan. Zakotni berasan. Ramazon ro‘zasini tutasan. Baytullohni haj qilasan. Seni eshiklarning yaxshisiga dalolat qilaymi? Ro‘za pardadir. Sadaqa xatolarni xuddi suv o‘tni o‘chirgandek o‘chiradi», dedilar. Kishining kechaning o‘rtasidagi namozi haqida quyidagi oyatni o‘qidilar: «Ularning yonboshlari o‘rin-joylaridan yiroq bo‘lur. (Ya’ni, tunlarini ibodat bilan o‘tkazishib, oz uxlaydilar.) Ular Parvardigorlariga ko‘rquv va umidvorlik bilan duo-iltijo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar. Bas, ularning qilib o‘tgan amallariga mukofot qilib, ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini (ya’ni, oxirat ne’matlarini) biror jon bilmas» (Sajda surasi, 16-17-oyat). So‘ngra yana u zot: «Ishning boshi va ustuni hamda yuksak cho‘kqisining xabarini beraymi?» deganlarida, «Ha, ey Rasululloh», dedim. Shunda u zot: «Ishning boshi - Islom. Ustuni - namoz. Yuksak cho‘qqisi - jihoddir. Bularning hammasidan ham asosiysining xabarini beraymi?» dedilar. Men: «Ha, ey Rasululloh», dedim. U zot tillarini ushlab, «Sen mana buni tiygin», dedilar. Shunda men: «Ey Rasululloh, gapirgan narsalarimizga ham jazolanamizmi?» desam, u zot: «Onang farzandidan ajragur, kishilarning yuzlari bilan do‘zaxga ag‘darilishlari faqat tillari gapirgan narsalar sababidandir», dedilar. Imom Termiziy  rivoyatlari. 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Usmon ibn Affon o'gitlari
- Qullik - amal etish, amal bilan hukmlarni muhofaza qilish, va’daga vafo, boriga rizo, yo‘g‘iga sabrdir.
- Sizdan avval o‘tgan kimsalarning holidan ibrat oling. So‘ng sa’y-harakat qiling va g‘aflatda qolmang. Zero, siz g‘aflatga tushib qolsangiz hamki, ishlaringizni hisob-kitob qilishda sira g‘aflatga tushilmaydi.
- Siz o‘tkinchi bir hayot uyidasiz va umringizning qolgan qismi ham o‘tishini kutmoqdasiz... Unutmangki, bu dunyo yolg‘on va aldov ustiga bino bo‘lgan.
- Dunyoda ekinlar ekib-o‘rgan, baland koshonalar qurgan, uzoq vaqt zavqu safo surgan dunyoning o‘g‘illari, do‘stlari bugun qaerda? Dunyo ularni yutib yubormadimi? Jalil Alloh dunyoga naqadar ahamiyat bermaganidek, siz ham unga shunday berilmang. Oxirat uchun harakat qiling. 
 
Saodat asri qissalari


Xurmo pishgan kunlarda
Abu Dardo, roziyallohu anhu, Hazrati Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, suyukli sahobalaridan biri edi. Barcha namozlarini masjidi nabaviyda, Payg‘ambarimizning  ortlarida turib o‘qishga harakat qilardi. Shuning uchun masjidga erta kelar va kech qaytar edi. Rasuli akramning namozdan keyingi suhbatlarini diqqat bilan tinglardi. Biroq xurmo terish mavsumi boshlanganida Abu Dardo namozga kech kelib erta ketadigan bo‘ldi. Bu hol Payg‘ambarimizning diqqatlarini tortdi. Abu Dardoni yonlariga chaqirib:
— Sening masjidga kelib-ketishingda bir o‘zgarish  ko‘ryapman. Nima bo‘ldi? — deb so‘radilar.
Abu Dardo shunday dedi:
— Shu kunlarda qo‘shnimizning xurmo daraxti mevalarini to‘ka boshladi. Xurmolar bizning hovliga tushyapti. Bolalarim, qo‘shnimdan beso‘roq ulardan yeb qo‘yishmasin, deb xavotirdaman. Bomdodga kelishdan oldin to‘kilgan  xurmolarni to‘plab, qo‘shnimning bog‘iga o‘tkazib qo‘yaman. Shu sabab masjidga kech kelyapman. Men masjiddaligimda ham daraxtlardan xurmo to‘kiladi. Ularni yig‘ib qo‘shnimnikiga qo‘yish uchun shoshilaman. Shunday qilsam bolalarim harom yemaydi, qo‘shnimga ham zarar yetmaydi.
Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, Abu Dardoning bu so‘zlaridan mamnun bo‘ldilar va uning haqqiga duo qildilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.