background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 18-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 18-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, hisob-kitob qilinadigan (qiyomat) kuni meni, ota-onamni va barcha mo‘minlarni mag‘firat qilgil. (Ibrohim surasi, 41-oyat) 
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
O’n sakkizinchi hadis. 
Shaddod ibn Avsdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Albatta Alloh taolo har bir narsada yaxshilik bo‘lishini yozdi. Agar qatl qilsalaringiz, qatlni chiroyli qilinglar. Agar qurbonlik qilsalaringiz, qurbonlikni chiroyli qilinglar. Sizlarning biringiz (qurbonlik qiladigan bo‘lsa) tig‘ini o‘tkirlab, uni tinchitsin» dedilar. Imom Muslim  rivoyatlari. 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Abdulloh ibn Muborak o'gitlari
- Kishi ilm o‘rganishda davom etayotgan pallada olimdir. «Olim bo‘ldim, endi bas», deb xulosa chiqargan chog‘idan boshlab johildir.
- Ilm o‘rganmasdan turib, ulug‘likka intilgan kishiga hayronman.
- Ilmiga baxillik qilgan kishi uchta narsaning bittasi bilan balolanadi yoki o‘lib ketadi: ilmi behuda ketadi yoki podshoh bilan musibatlanadi yoki yod olgan ilmini esdan chiqaradi.
- Haromdan topilgan bir dirhamni tark etish yuz ming dirhamni sadaqa qilishdan afzaldir.
- Mas’uliyatsiz, kayfu safo ichra yashash ishtiyoqi va gunohlar qalbni butunlay o‘rab oladi. Yaxshilik va haqiqat tuyg‘ulari endi qalbga qanday qilib kirsin?!
- Niyatlarga ko‘ra qancha-qancha ishlar ulug‘ bo‘ladi, yana qancha-qancha katta ishlar niyatlarga ko‘ra arzimasga aylanadi.
 
Saodat asri qissalari


Rasululloh o‘rgatgan duo
Abu Umomadan, roziyallohu anhu:
“Xolid ibn Valid Rasulullohga, sollallohu alayhi va sallam, kechalari dahshatli tushlar ko‘rayotgani, bu hol uni namozdan chalg’itayotganini kuyinib so‘zladi. Shunda Alloh rasuli unga:
Ey Xolid! Bir duo borki, uni uch marta o‘qib tugatmasingdanoq Alloh taolo seni bu holdan qutqaradi, —dedilar.
— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasulalloh! O‘sha duoni menga o‘rgating, — dedi Xolid ibn Valid.
Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, quyidagi duoni o‘qidilar:
“Allohning azobidan, jazosidan, qullarining yomonligidan, shaytonlarning bug’zu adovatidan (gij-gijlashidan) va yonimda bo‘lishlaridan Allohning kalimalari panohiga qochaman”.
Oyisha, roziyallohu anho, deydilar: Oradan bir necha kun o‘tgach, Xolid ibn Valid yana kelib:
— Yo Rasulalloh! Ota-onam sizga fido bo‘lsin! Sizni haq payg‘ambar etib yuborgan Allohga qasamki, siz menga o‘tgatgan duoni uch bora (uch kecha) o‘qimasimdan Alloh taolo avvalgi mushkul holdan meni xalos ayladi. Bundan buyon kechalari arslonning iniga kirsam-da, parvoyimga kelmas, — dedi”.
Amr ibn Shuayb ham bobosidan rivoyat qilib, “Birortalaringiz uyquda qo‘rqsangiz, ushbu duoni o‘qisin”, deb aytganlar. Abdulloh ibn Os, roziyallohu anhu, esa har doim bolalariga bu duoni o‘rgatar edilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.