background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 14-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 14-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, ustimizdan sabru toqatni yog‘dirgaysan va bizlarni faqat musulmon bo‘lgan holimizda o‘ldirgaysan! (A’rof surasi, 126-oyat) 
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
O'n to‘rtinchi hadis. 
Ibn Umardan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishilar «La ilaha illallohu va anna Muhammadan Rasululloh», deyishmagunicha, namozni qoim qilishmagunicha, zakotni berishmagunicha ular bilan urushmokqa buyurildim. Agar mana shularni qilishsa, qonlari-yu mollari mendan omonda bo‘ladi. Faqat Islom haqida unday emas (ya’ni, hadlarda). Va ularning hisobi Alloh taologadir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari. 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Abu Hurayra o'gitlari
- Bu ummatga uch narsadan zararliroq narsa yo‘qdir: pulni yaxshi ko‘rish, boshliq bo‘lishga intilish va sultonlar eshigiga qatnash. Batahqiq, Alloh taolo ulardan chiqish yo‘lini ham ko‘rsatib qo‘ygan.
- Zolimning zulmidan ezilgan va qo‘rquv bosgan tuvaloq inida yotgan joyida jon beradi. 
 
Saodat asri qissalari


Xushxabar
Ibn Abbosdan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi:
“Ey imon keltirganlar, o‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg’isi odamlar va toshlardan bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda qattiqqo‘l, Allohning buyurganiga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni bajaradigan farishtalar (turur)” (Tahrim, 6, mazmuni) mazmunli oyati karima nozil bo‘lgach, Janobi Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, sahobalariga o‘qib eshittirgan edilar, o‘sha yerda turgan bir yosh yigit hushidan ketib yiqildi. Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam, muborak qo‘llarini yigitning ko‘kragiga qo‘ydilar va yuragi urayotganini bilgach, unga: “La ilaha illalloh”, degin, dedilar. Yigit kalimani qaytargach, Payg‘ambarimiz, alayhissalom, unga oxirati haqida xushxabar aytdilar.
Sahobalar so‘rashdi:
— Yo Rasulalloh! Bu mujda oramizda faqat unga tegishlimi?
Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam, ularga:
—Alloh taoloning: “Bu mujda (va’da) Mening huzurimda (hisob-kitob uchun) turishdan  qo‘rquvchi va Mening ogohlantirishimdan xavfda yashovchi kishilar uchundir” deb marhamat etilgan oyatini eshitmaganmisiz? — deya javob qildilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.