background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 22-kun

Assalomu alaykum aziz dindoshim!
Bugun Ramazonning yigirma ikkinchi kuni. Ayyomingiz xayrli o'tsin!

Bismillahir rohmanir rohiym.

Muborak kun Oyati

Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo'lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur.
(Ra'd surasi, 28-oyat)
 

Muborak kun Hadisi

Halol rizq istash har bir musulmon uchun vojibdir.
Imom al-Buxoriy rivoyati

Kimki yolg'on so'zlamoqni tark etmasa va Alloh qaytargan narsalardan qaytmasa, ro'za tutib, yemay-ichmay qo'ygani birlan ro'zasi qabul bo'lmag'aydir. Alloh unga rahmat nazarini tashlamag'aydir.
Imom al-Buxoriy rivoyati
 

Muborak kun Hikmati

Mo'min odam gunohlarini qulay–qulay deb turgan ulkan tog'dek, o'zini esa shu tog' bosib qoladigan kishidek tasavvur qiladi. Fojir odam gunohlarini burni ustuga qo'ngan va qo'li bilan bunday qilsa (ya'ni, haydasa), yana uchib ketadigan pashshadek ko'radi.
Abdulloh ibn Ma'sud
  

Muborak kun Hikoyati

Qays ibn Abi Hozim hikoya qiladi: Bir kuni Abdulloh ibn Ravoha ayolining tizzasiga bosh qo'yib yotarkan, yig'ladi. Buni ko'rgan ayoli ham o'zini tutib turolmadi. Abdulloh undan: — Sen nega yig'layapsan? — deb so'radi. — Yig'layotganingizni ko'rib, men ham yig'ladim, — javob qildi xotini. Shunda Abdulloh: — Men Alloh taoloning: "Sizlardan har biringiz unga (do'zaxga) tushguvchidirsiz" (Maryam, 71, mazmuni) degan amri esimga tushib qolib yig'ladim, — dedi Abdulloq xotiniga.

LAYLATUL QADR FAZILATLARI

Barcha Olamlar Robbisi bo'lgan Alloh ta'ologa hamdu sanolar, payg'ambarimiz, Uning oilasi va barcha sahobalariga salavotu salomlar bo'lsin.
Muhtaram va aziz dindoshlar, kuni kecha ramazon kirishini zavq bilan kutib olgandik. Mana bugun esa uning ko'pi ketib ozi qolibdi. Xash-pash deguncha ramazon tugab hayit ham kelib qoladi. Hammangizga ma'lum ramazon oyi oylarning eng ulug'i bo'lganidek, bu oyning ham kecha va kunduzlarining fazilatli va ulug'lari bor. Ular ramazonning oxirgi o'n kunligi. Ularning fazilati shu kechalarda yashiringan «Laylatul qadr - Qadr kechasi» sabablidir. Qadr kechasining qadrini quyida zikr qilinadigan oyat va hadislarni taammul qilgan kishi anglab yetadi. Alloh taolo Qur'oni karimda dedi: «Albatta Biz u (Qur'on)ni Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad sallallohu alayhi va sallam), Qadr kechasi nima ekanligini Siz qayerdan ham bilar edingiz?! Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir. U (kecha) da farishtalar va Ruh (ya'ni, Jabroil alayhissalom) Parvardigorlarining izni-ixtiyoriy-la (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar bilan tushurlar. U (kecha) to tong otguncha tinchlik-omonlikdir.» (Qadr surasi)
Duxon surasida esa shunday deydi: «Ochiq-ravshan Kitob-Qur'onga qasamki, albatta Biz uni bir muborak kechada nozil qildik. Darhaqiqat, Biz (insu-jinlarni ushbu Qur'on bilan oxirat azobidan) ogohlantiruvchi bo'ldik» (Duxon: 2,3).
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi, rasululloh sallallohu alayhi va sallam dedilar: «Kimki Qadr kechasida iymon bilan va savob umidida bedor bo'lsa, uning avvalda qilgan gunohlari kechiriladi» (Muttafaqun alayhi).
Abu Zakariyya al-Madaniy.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.