background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 11-kun

Assalomu alaykum aziz dindoshim!
Bugun Ramazonning o'n birinchi kuni. Ayyomingiz xayrli o'tsin!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Muborak kun Oyati

Bas, ular dedilar: "Allohgagina tavakkul qildik. Ey, Rabbimiz! Zolimlar qavmiga bizni fitna (aldanuvchi) qilib qo'ymagin!
O'z rahmating bilan bizni kofirlar qavmidan xalos etgin!"
(Yunus surasi, 85-86-oyatlar)
 

Muborak kun Hadisi

«Banda Qiyomat kunida eng avvalo namozdan hisob-kitob qilinadi. Agar namozi durust chiqsa, qutulibdi va yutibdi. Agar namozi durust chiqmasa, yutqazibdi. Farz namozlari kam chiqsa, Alloh azza va jalla: «Qarang-chi, qulimning nafl namozlari bormi?» deydi. Namozlarining kami nafl namozlar bilan to'ldiriladi. Qolgan amallari ham shu tarzda hisob-kitob qilinadi».

Ro'zadorga ikki xursandchilik bordir: og'zi ochish paytidagi xursandchilik; rabbisiga yo'liqqan paytdagi xursandchilik.
Imom Buxoriy, Muslim va Nasaiy rivoyatlari
 

Muborak kun Hikmati

Allohga sevimli ishlar uchta: Qasos olishga qodir bo'laturib kechirish, g'azabi kelganda o'zini bosish, Allohning bandalariga muloiim bo'lish. Kim Allohning bandalariga muloyim bo'lsa unga ham muloyim bo'linadi.
Umar ibn Abdulaziz
  

Muborak kun Hikoyati

Bir kishi Hazrati Umar r.a.ning huzurlariga ayolidan shikoyat qilib kelgan ekan. Shu payt Hazrati Umarning r.a. xonadonlaridan ayol kishining qattiq-qattiq gapirgani eshitilibdi. Arzchining hayolidan: "Hazrati Umardek obro'li kishining oilasida shunday holat bo'lsa, men nolimasam ham bo'lar ekan", degan hayol bilan ortiga qaytibdi. Shunda Hazrati Umar r.a. uydan chiqib uni ko'rib chaqiribdilar. - Nima gaping bor edi, - deb so'rabdilar. - Yo amrul mo'minin ayolimdan sizga shikoyat qilib kelgan edim. Lekin bildimki sizning ayolingiz ham menikidan qolishmas ekan. Shuning uchun arz qilishga hojat qolmadi, - debdi. Shunda Hazrati Umar r.a: - Ey birodar, hotinimni menda haqqi ko'p, chunki u menga ovqat pishirib beradigan oshpaz, non yopadigan nonvoy, kiyimlarimni yuvguvchi hizmatkor, farzandlarimni tarbiyachisi, xonadonimning qo'riqchisi, meni harom ishlardan saqlovchi... Shuncha hizmatlarni qilgan ayolimning ozgina ozoriga sabr qilmog'im zarur emasmi? - degan ekanlar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.