background
logotype
image1 image2 image3

Haj va umra duolari

Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning sherigi ham yo‘q. Alloh ulug‘dir, Unga ko‘p hamdlar aytamiz. Butun olamning Parvardigori bo‘lmish Allohga tasbih aytamiz, hech qanday kuch-quvvat Allohdan o‘zgada yo‘qdir. U Azizu Hakimdir. Iloho, meni mag‘firat et va rahmat qil va hidoyat yo‘liga boshla va rizqimni ziyoda qil. Iloho, Sendan roziligingni so‘rayman va xotirjam tirikchilik qilish va vafotimdan keyin ham tinch bo‘lishni so‘rayman va Sening diydoringga nazar qilishlik lazzatidan nasib etishingni so‘rayman va Senga hech qanday zarar ko‘rmagan holimda yo‘liqishni so‘rayman. Birovga zulm qilishdan va birovlar ham menga zulm qilishidan O‘zing asra. Halol kasblarni nasib et. Gunohlarimni kechir. Iloho, men Sendan mustahkam iymon va tuganmas ne’mat, doimiy shodlik va payg‘ambaring Muhammad alayhissalomga rafiqlikni so‘rayman. Ey Xudoyo, barcha pok narsalarni va xayrli ishlarni va gunohlardan uzoqlashishni, kambag‘al bechoralarni do‘st tutishni bizga nasib et. Sendan muhabbat va Seni suymoqni va Sen sevgan bandalarni ham sevmoqni so‘rayman, muhabbatingga sabab bo‘ladigan amallarni bildirishingni so‘rayman va tavbalarimizni qabul etib, mag‘firat etishingni so‘rayman va fitnalardan tinch qilishingni iltijo qilaman.

Iloho, O‘zingga taqvo qiladigan, gunohlariga o‘kinadigan va Senga tavakkul qiladigan qalblarni bizga nasib et. Iloho, Sendan ulug‘ ishlarni ado etishni, mag‘firatingni va rahmatingga sabab bo‘ladigan amallarni qilishni nasib etishingni so‘raymiz. Gunohlardan salomatlik va yaxshi ishlarni g‘animat bilishlikni bizlarga ato et, jannatingga erishishlik va do‘zaxingdan omonda bo‘lishlikni nasib ayla.

Yakka Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Barcha mulku ashyo Unga xosdir. Unga hamdu sano aytamiz. U barcha narsalarga qodir. Iloho, namozimiz ham ibodatlarimiz, hayotu mamotlarimiz barchasi Sening uchundir. Sening huzuringga borurmiz va mulklarimiz Senga meros qolur. Iloho, men o‘z nafsimga o‘zim zulm qildim, faqat o‘zing gunohlarni kechirguvchisan. O‘zing kechir va rahmat et, Sen kechirguvchi mehribon Zotsan. Bizlarga haqiqiy tavbani, qaytib gunoh qilmaydigan tavbalarni ato et. Bizlarni to‘g‘ri yo‘lga boshla, gunoh ishlardan uzoqlashtir. Halol rizqingni ber. O‘zingdan boshqaga muhtoj etma. Qalbimizni va qabrimizni munavvar qil, barcha yomonliklardan panoh ber, barcha yaxshiliklarni ato et. Iloho, o‘zimga-o‘zimni topshirib qo‘yma. Qiyinchiliklardan saqla. Iloho, haqiqiy, asosiy ishim bo‘lmish dinimni isloh et, yashab turar joyim sanalmish dunyoyimni isloh et, boradigan joyim bo‘lmish oxiratimni isloh et. Hayotimni faqat yaxshiliklarni ziyoda qilishlikka sarf qilishimni va o‘limni esa barcha yomonliklardan rohat bo‘lishini nasib qil. Iloho, bizni, ota-onalarimizni, zurriyotlarimizni, birodar va ahlimizni va g‘oyib musulmon-mo‘minlarni O‘zing mag‘firat et. Iloho, ofiyat va tinchligimizni bizdan judo qilma, g‘azabingdan O‘zing asra. Iloho, bu dunyo va oxiratda hidoyat qil va mag‘firat et. Tirikchiligimizni yaxshila va baytingni ziyorat qilib, haj ibodatlarini ado etadigan hojilardan qil. Iloho, Sen mening so‘zlarimni eshitasan, turgan joyimni bilasan, maxfiy va oshkora ishlarimdan xabardorsan, Senga biror narsa maxfiy emas. Men esa bir bechora faqirman, O‘zingdan najot so‘rayman. Gunohimga iqrorman, Sendan bir miskin kabi so‘rayman va iltijo qilaman, duolarimni ijobat et. Iloho, ijobatdan mahrum etma. Iloho, Sen mehmon-do‘stlikni yaxshi ko‘rasan, biz Sening mehmonlaringmiz, bizni jannating bilan ziyofat qil. Mehmonlarga mukofot va sovg‘a beriladi, Sen bizga o‘z rahmating va mag‘firating va jannatingni sovg‘a et. Biz Sening baytingga har tomondan keldik, umid bilan kelgan bandalaringning duolarini ijobat qil.

Zam-zam ichilganda o‘qiladigan duo 

Allohumma inni asaluka ‘ilman nafi’an va qolban xoshi’an va nuran sati’an va rizqon vasi’an va shifaan min kulli dain. Allohumma inni ashrobuhu litag‘firoli. Allohumma fag‘firli. Allohumma inni ashrobuhu mustashfiyan bihi. Allohumma fashfini.

Iloho, Sendan foydali ilm, taqvoli qalb va yorug‘ nur va keng rizq va barcha illatlardan shifo tilayman. Iloho, bu Zam-zam suvini Sendan mag‘firat so‘rab va dardlarimga shifo talabida ichmoqdaman, O‘zing shifo ber. 

Ravzai muborakda o‘qiladigan duo 

Assalamu ‘alayka ya rasulallohi! Assalamu ‘alayka ya xiyratallohi min xolqihi! Assalamu ‘alayka ya habiballohi! Assalamu ‘alayka ya sayyidal-mursalina va xotaman-nabiyyina! Assalamu ‘alayka va ‘ala alika va ashabika va ahli baytika va ‘alan-nabiyyina va sa’iris-solihina! Ashhadu annaka ballag‘tar-risalata va addaytal-amanata va nasohtal-ummata, fa jazakallohu ‘anna afzola ma jaza rasulan ‘an ummatihi.

 Allohumma solli ‘ala Muhammadiv-va ‘ala ali Muhammad. Kama sollayta ‘ala Ibrohima va ‘ala ali Ibrohim. Innaka hamidum-majid.

Va barik ‘ala Muhammadiv-va ‘ala ali Muhammad. Kama barokta ‘ala Ibrohima va ‘ala ali Ibrohim. Innaka hamidum-majid.

Allohumma innaka qulta: «Va lav annahum iz zolamu anfusahum jauka fa-stag‘farulloha va-stag‘fara lahumur-rosulu la vajadulloha tavvaban rohima». Va qod ataytuka ya rasulallohi mustag‘firon min zunubi, mustashfi’an bika ila robbi, fa asaluka ya robbi an tujiba liyal-mag‘firota kama avjabtaha liman atahu fi hayatihi. Allohumma-j’alhu avva lash-shafi’ina ya arhamar-rohimin.

Ma’nosi: O‘ Rasululloh sizga salom, ey xalqlarning eng afzali, sizga salom, ey Habibulloh, sizga salom, ey payg‘ambarlarning sayyidi, sizga salom, ey payg‘ambarlarning xotami, sizga salom! Sizga va ahli ayolingizga va sahobalaringizga va barcha payg‘ambarlar va solih bandalarga salomlar bo‘lsin. Guvohlik beramanki, siz payg‘ambarlik vazifangizni to‘g‘ri ado etdingiz. Allohning omonatini topshirdingiz, ummatlaringizga nasihat qildingiz, Sizga Alloh ajru azimlar ato qilsin. Iloho, Muhammad alayhissalomga, oli ashoblariga O‘zing salavotlar yuborgin va U kishiga va oli ashoblariga barakotlar nozil qilgin, chunonchi Ibrohim alayhissalomga nozil qilganing kabi. Iloho, O‘zing Qur’oni karimda marhamat qildingkim, «Agar ular o‘zlariga o‘zlari zulm qilganlaridan ke-yin payg‘ambarim huzuriga kelib istig‘for etsalar va payg‘ambarim ham istig‘for etsa, Alloh taolo ularning tavbalarini qabul etuvchi, mehribon zotdir», degansan. Mana, Rasululloh huzuriga istig‘for aytib, Allohdan gunohimizni so‘rab keldik, Uni shafoatchi qildik, Parvardigor huzuriga tavba qildik, Alloh o‘zi Rasulullohning shafoatlari bilan bizlarni mag‘firat qilishini so‘raymiz.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.