background
logotype
image1 image2 image3

Ayollarga xos holatlar

Balog‘at yoshiga yetgan qizlar va ayollarga xos uch holat mavjud:

I. Hayz holati. Hayz eng kami uch kun, ko‘pi bilan o‘n kun bachadondan keladigan qondir. Bu kunlar ichida qon davomli kelmasdan, ora-sira to‘xtashi ham mumkin. Biroq oraliqdagi bu kunlar ham hayz kunlari hisoblanadi. Hayz kunlari ayollarga quyidagi amallar taqiqlanadi:

1) namoz o‘qish;

2) ro‘za tutish;

3) Qur’on o‘qish. Biroq hayz holidagi Qur’on muallimasi Qur’on o‘qish niyati bilan emas, tolibaga o‘rgatish maqsadida harfma-harf, so‘zma-so‘z Qur’on o‘rgatishi mumkin;

4) Qur’oni karimga qo‘l tekkizish;

5) Ka’bani tavof etish;

6) masjidga kirish;

7) eri bilan jinsiy aloqada bo‘lish.

Ayollar hayz ko‘rgan kunlari o‘qiyolmagan namozlarining qazosini o‘qimaydilar, biroq tutolmagan ro‘zalarini keyin tutadilar. Homilador ayollar hayz ko‘rmaydilar.

II. Nifos holati. Ayollarda tuqqandan so‘ng bachadondan qirq kungacha keladigan qon nifos qonidir. Bu qon qirq kundan oldin ham to‘xtashi mumkin. Qon to‘xtagan kuni g‘usl olib ibodatlarda davom etiladi. Qirq kun ichida qon kelishi yana boshlanib qolsa, qon to‘xtagan oldingi kunlar ham nifos holatidagi kunlar hisoblanadi.

Hayz kunlarida taqiqlangan (harom sanalgan) amallar nifos holatida ham taqiqlanadi. Bu kunlarda o‘qilmagan namozlar qazo qilib o‘qilmaydi, tutilmagan ro‘zalarning qazosi tutiladi.

III. Istihoza. Xastalik tufayli ayollarda tanosil uzvi yo‘li bilan bachadondan emas, tomirdan keladigan qon iztihoza qonidir. Hayz qonining o‘n kundan oshig‘i va uch kundan oz davom etgani, ko‘zi yorigach nifosning qirq kundan ortiq davom etgani va homiladorlik paytida keladigan suyuqliklar istihozadir. Bunday holatlar ayollar uchun uzrli sanaladi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.