background
logotype
image1 image2 image3

Xorlikka eltuvchi qora ajal

Giyohvandlik insoniyatni jismoniy va ruhiy jihatdan tubanlikka eltuvchi, aql-idrokdan mahrum etib, ikki dunyo xorligiga yetaklovchi ofatdir. Giyohvand moddalar insonni ayni kuch-quvvatga to‘lgan davrida alkogolga nisbatan 4-6 barobar tezroq halokatga uchratadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1987 yil 7 dekabrdagi karoriga asosan, 26 iyun «Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni» deb e’lon qilingan. Shuningdek, BMT tomonidan “Narkotik moddalar to‘g‘risida”gi, “Psixotrop moddalar” hamda “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi qurash to‘g‘risida”gi konventsiyalar qabul qilingan.
1999 yil 19 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida” Qonuni qabul qilingan.

Qora ajal

Afsuski, giyohvandlik kasaliga mubtalo bo‘lganlar soni yildan yilga oshmoqda. BMT ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 200 milliondan ortiq kishi (boshqa statistikaga ko‘ra 500 million) giyohvandlik dardiga yo‘liqqan. Uning aksariyat qismini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Qora ajal oqibatida har yili 200 mingdan ortiq kishi hayotdan ko‘z yummoqda. Dunyoda sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi giyohvandlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
rbc.ru saytining yozishicha, hozirda Rossiyada 2-2,5 million narkomanlar bo‘lib, ularning yoshi 18 dan 39 gachadir. Har yili 80 ming yangi narkomanlar ular orasiga qo‘shilmoqda. Har yili 30 ming (kuniga 80 kishi) rossiyalik giyohvandlik qurboniga aylanmoqda.
Respublikamizda ham 20 mingdan ortiq shaxsning giyohvand moddalar iste’moliga ruju qo‘ygani qayd qilingan (“Darakchi” gazetasi, 14.03.2002 yil).

Giyohvandlik bosqichlari
 
Mutaxassislarning fikrlariga ko‘ra, giyohvand moddalar iste’mol qilingandan so‘ng narkotik sarxushlik holati yuzaga keladi. Bunda yuqori kayfiyat, ko‘p kulish, telbalik, diqqat chalg‘ishi, lanjlik, harakat muvofiqligining buzilishi, qadam tashlashning o‘zgaruvchanligi namoyon bo‘ladi. Ba’zida beg‘amlik, xayolparastlik, badjahllik, jizzakilik, tajovuzkorlik kuzatiladi. Teri qoplami qizaradi, ko‘z xiralashadi va kengayadi. Ushbu belgilar giyohvandlikka moyillikning 1-bosqichi bo‘lib, bunda narkotik moddaga ruhiy moyillik paydo bo‘ladi, organizmning himoya jarayoni susayadi.
2-bosqichda giyohvand narkotik moddaga yengib bo‘lmas darajadagi hirs qo‘yadi, organizm narkotik ta’siri ostida qolib, jismoniy qaramlik yuzaga keladi.
3-bosqichda organizm narkotik moddalarga qarshi kurasholmay qoladi, bemorlarda giyohvand moddalarsiz yashay olmaslik xususiyatlari paydo bo‘ladi. Kuchli og‘riq kuzatilib, narkotikka butkul qaramlik yuzaga keladi.
Narkomaniya inson ruhiyatini og‘ir tarzda buzadi, organizmni ishdan chiqaradi. Narkomanga har qadamda o‘lim tahdid qilib turadi, bunday odam organizmning holdan toyishidan, preparat dozasini tasodifan oshirishdan, tekshirilmagan moddani qabul qilishdan, ukoldan zararlanishdan, depressiv holatdan o‘lib qolishi mumkin. Narkoman bo‘lib qolgan kishi boshqa hech narsaga qiziqmay qo‘yadi, kuch-quvvatdan qolib, mehnat qobiliyatini yo‘qotadi.

Narkomaniya turlari

1. Opiyning kimyoviy hosilasi - geroin narkomaniyasi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, inson hayotiga eng katta xavf soluvchi ushbu og‘u ta’siriga dunyo bo‘ylab 10 million kishi duchor bo‘lgan. Organizmga geroin moddasi tushganda odamning ongi xiralashadi, his-tuyg‘ulari keskin ravishda o‘zgaradi, fikrlari chalkashib ketadi, ko‘ziga har xil qo‘rqinchli narsalar ko‘rinadi, qo‘rqadi, turli harakatlar qiladi, atrofdagi kishilarga hujum qilib, ularga tashlanadi. Ana shu alomatlar zaminida jinsiy mayl yo‘qoladi va mijoz keskin susayadi.
2. Nasha moddalarini iste’mol qilishdan kelib chiqadigan giyohvandlik. Narkotik moddalarning ushbu guruhiga nashaning turli navlaridan olinadigan saqichsimon moddalar - marixuana, anasha, bang, xusus, xaras kiradi. Nashavandlik ortidan maishiy buzuqlik va aql idrokning kamayishi yuzaga keladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi nashavandlar soni 150 milliondan oshadi. Nasha chekkan odam karaxt bo‘ladi, tentaknamo bo‘lib qoladi, jinniga o‘xshab kulaveradi, ishtahasi ochiladi va jinsiy hisi ortadi. Narkotik moddani ko‘p qabul qilganda odamning ko‘ziga narsalar katta bo‘lib ko‘rinadi, ranglar yorqinroqqa o‘xshaydi. Nashani muntazam ravishda surunkali chekib yurganda kishi shaxsiyati shunchalik o‘zgarib ketadiki, u besaranjom, loqayd, lapashang va odamovi, boshqalarga aralashmaydigan bo‘lib qoladi. Bemorda psixozlar paydo bo‘ladiki, bu holatni shizofreniyadan ajratib bo‘lmaydi.
3. Kokain narkomaniyasi. Janubiy Amerikada o‘suvchi koka o‘simlik bargidan tayyorlanadigan ushbu modda iste’mol qilinganda darmonsizlik, jahldorlik, mushaklar bo‘shashuvi va titroq holatlari kuzatiladi. Kokain iste’mol qilish vahimali-depressiv holatga olib keladi. Kokaindan zaharlanganda ko‘pincha psixozlar, gallyutsinatsiyalar paydo bo‘ladi. Kokainni tez-tez iste’mol qilib turganda odam organizmi nihoyatda holdan toyadi, kishi ozib ketadi, uni uyqusizlik qiynaydi, xotirasi susayadi.
4. Barbituromaniya - uyqu keltiruvchi moddalar iste’moli narkomaniyasi. Ko‘pincha alkogolizm, geroin narkomaniyasiga uchragan bemorlarda yoki ko‘p vaqt uyqusizlikdan qiynalayotgan kishilarda uchraydi. Uzoq vaqt uyqu dorilar iste’mol etilganda bemorlarda surunkali eyforiya, jahldorlik, disforiya, parishonxotirlik, organik dementsiya, xotira va aql-idrokning susayishi bilan bog‘liq nevrologik o‘zgarishlar (talaffuz buzilishi, titroq, muvozanatning yo‘qolishi) kuzatiladi. Uyqu dorilarining birmuncha dozasi odamni mast qiladi, uning harakatlari, ongi o‘zgaradi, ba’zan bemor shok holatiga tushib qoladi. Uyqu dorilarini kishi uzoq muddat mobaynida ichib yuradigan bo‘lsa, uning aql-idroki birmuncha pasayadi va xotirasi susayadi. Ayni paytda reflektor reaktsiyalarning barcha turlari ortadi, bemorning muskullari mo‘rtlashadi, boshi qattiq og‘riydi, qon bosimi pasayadi, u jahldor, g‘azabkor va hujumkor bo‘lib qoladi. Agar narkotikning shu turi ichmay qo‘yilsa, bemor tirishib, tutqanoq tutadi.
5. Ruhiy holatni qo‘zg‘otuvchi, gallyutsinogenlar keltirib chiqaruvchi moddalar iste’moli. Bunday bemorlarda depressiya holatlari kuzatiladi.

Giyohvandlik asoratlari

1. Iqtisodiy asoratlar: katta pul sarflanishi, daromadlarning yo‘qolishi, ishni yo‘qotish, qarzga botish, talonchilik va tilanchilik.
2. Ma’naviy asoratlar: oilalarning buzilishi, befarqlik, tushkunlik, norozilik, xudbinlik, mahdudlik.
3. Jinoiy asoratlar: o‘g‘rilik, bosqinchilik, odam o‘ldirish, urush va terror.

Giyohvandlikning tibbiy asoratlari

- odamning ongi xiralashadi, his-tuyg‘ulari keskin ravishda o‘zgaradi, fikrlari chalkashib ketadi;
- ko‘ziga har xil qo‘rqinchli narsalar ko‘rinadi, qattiq qo‘rqadi;
- jinsiy mayl yo‘qoladi va mijoz keskin susayadi;
- giyohvand moddalarni in’ektsiya yo‘li orqali qabul qilinishi oqibatida OITS bilan kasallanish darajasi ortadi (OITS kasalligiga chalinganlarning 80 foizdan ko‘pini giyohvandlar tashkil qiladi);
- homiladorlik davrida narkotik moddani iste’mol qilgan ayollardan dunyoga kelgan bolalar juda bezovta bo‘ladi, tirishadi, ko‘p esnaydi, ichi ketadi, nafas olishga qiynaladi (bunday chaqaloqlar odatda hayotining 2—3-kuni nobud bo‘ladi), chaqaloq falaj bo‘lib tug‘iladi;
- ko‘z qorachig‘i kengayadi, shilliq pardalari quruqshaydi, yurak tez uradi, muskul tonusi ortadi va qon bosimi ko‘tariladi;
- narkoman narkotik modda topolmasa, kasal bo‘lib qoladi, noxush sezgilar paydo  bo‘ladi: so‘lagi va ko‘zidan yosh oqadi, tumov bo‘ladi, aksiradi, terlaydi, titrab-qaqshaydi, muskullari zo‘riqadi;
- me’da-ichak ishi buziladi, tirishib, tutqanoq tutadi va hatto og‘ir psixoz boshlanadi;
- og‘iz bo‘shlig‘i, til qizilo‘ngach, o‘pka saratoni, yurak, qon-tomir, nafas olish, oshqozon-ichak, jinsiy kasalliklarga olib keladi.
 
Dinimiz nima deydi?

“Payg‘ambar (s.a.v.) har qanday mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytardilar”, deyiladi hadisi sharifda (Ahmad va Abu Dovud rivoyati). Mazkur hadisi sharif har qanday turdagi giyohvandlik harom ekaniga dalolat qiladi.
Alloma ibn Hajar al-Makkiyning “Fatovoi Kabir”ida shunday deyiladi: “Giyohvandlik moddalarini iste’mol qilishda bir qancha diniy va dunyoviy zararlar mavjud: u inson tafakkurini o‘tmaslashtiradi, tananing turli kasalliklarga chidamliligini yo‘qotadi, xotirani susaytiradi, bosh, yurak, sil, istisqo xastaliklarini yuzaga keltiradi, ibodatdan to‘sadi, sharmu hayoni ketkazadi, insoniy munosabatlar va muruvvatga zarar yetkazadi”.
Yana fatvolarda kelishicha, “Giyohvand moddalarini iste’mol qilish va uning tijoratidan kelgan foyda ham harom sanaladi”.
Imom Sanoniy shunday deydi: “Giyohvandlik nima narsadan bo‘lishidan qat’i nazar mast qildimi yoki afyun kabi narsa bo‘lib iste’mol qilinishida kayf berdimi – u mutlaq haromdir”.
Imom A’zam (rahmutulohi alayh) mazhablaridagi oxirgi mujtahid ulamolardan Ibn Obidin hazratlari Ibn Hajardan naql etib shunday deydi: “Bang-afyun iste’mol etishda 120 xil diniy va dunyoviy zarar, ofatlar bo‘ladi”.
Insonning ikki dunyosini xarob qiladigan ushbu ofatdan uzoqda bo‘lish barchamizga nasib etsin!

Davronbek Tojialiyev tayyorladi


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.