background
logotype
image1 image2 image3

Xiyonat

O‘qishlar tugab, yozgi ta’tillar boshlangan payt. Diqqinafas shahardan chiqib bir oz tog‘ havosidan nafas olish maqsadida uch to‘rt og‘ayni sayrga yo‘l oldik. Talabalik, imkon boricha arzonroq ulovni qidiramiz. Safarimizni elektrichkada boshlashga ahd qildik. Borar yerimiz uzoq, bu “tezyurar” ulovda manzilga yetib borguncha anva vaqt ketadi... Odamlar zerikmaslik uchun biror narsa bilan mashg‘ul. Burchakda kitob o‘qib ketayotgan bir o‘ris kampir diqqatimni tortdi. Ancha joygacha birga borgan bo‘lsak-da, uni sezmaganimga hayron bo‘ldim. Ayol esa bizga e’tibor ham bermasdi. Chunki u kitob o‘qiyotgan edi. Tabiiyki, bunday holatga ko‘plarimiz guvoh bo‘lganmiz. Lekin negadir ahamiyat bermaymiz. 
Chunki biz kitob o‘qimaymiz. O‘qimay qo‘yganmiz.
Ha, bugun kitob o‘qimayapmiz, o‘qimasligimizning achinarli natijalari ham ko‘rinib qolyapti. Tushunchasi sayoz, yangiliklarni ixtiro qilishdan mahrum olomonga aylandik. Aksariyatimizda kitob o‘qishga tashnalikdan ko‘ra, undan nafratlanish hissi kuchliroq. “Nima uchun kitob o‘qimaysan?” savoliga beriladigan javob juda kulguli: “Vaqtim yo‘q!” Albatta, kitob o‘quvchining ham bo‘sh vaqti yo‘q. Kitobni u bo‘sh vaqtida emas, kerakli vaqtida o‘qiydi.
O‘zini qadrlaganlar bugun o‘qiyapti, fikr yurityapti va tushunib yetyapti. Xoh uyda, xoh mashinada, xoh avtobusda bo‘lsin, yonida kitob olib yurib o‘qiyapti va vaqtini o‘zi uchun munosib tarzda qadrlayapti.
Turkiy ziyolilardan Ahmad Mithad “Manfo” asarida shunday yozadi: “Ilgari gazeta, kitob o‘qiyotgan insonlarga duch kelsam, ichimda kuchli havas uyg‘onar, uyatdan yuzlarim qizarib ketar edi. Kitob o‘quvchilarning biz johillardan alohida bir dunyoda yashashlarini bilardim. Ularning bu ustunliklariga hasad qilardim. Hech narsani bilmasligim esimga tushsa, o‘zimni insonlar orasida yurgan hayvonlarga o‘xshatib, ezilardim”.
Insoniyatni hayvonotdan ajratib turuvchi, ular o‘rtasidagi chegarani belgilab beruvchi mezonni yodimizdan chiqardik, ehtimol. Hatto shu darajaga bordikki, o‘z ruh olamimizga, o‘zligimizga qaytishimiz imkonsizdek ko‘rinayotganga o‘xshaydi. Chunki necha ming yillik kitob dunyoimizdan begonamiz.
Bir do‘stim adabiyot darsida: “Buni qara-ya, Alisher Navoiy ham sevgan qizini tasvirlashni boplagan ekan”, deb qoldi. Komputerni “suv qilib ichib yuborgan”, xorijiy futbol jamoa o‘yinchilarining nominiyu nimani yaxshi ko‘rishigacha biladigan do‘stim bugun Alisher Navoiyni zo‘rg‘a taniydi.
Biz bugun kitob o‘quvchi emas, tomosha qiluvchiga aylandik. Balki o‘sha komputerchi do‘stimning ta’biri bilan aytsak, kitob o‘qimay ham olim bo‘lish mumkindir, biroq bunday “olim”ning odam bo‘lishiga ishonish mushkul. Chunki o‘zini tanimagan millat bugun bo‘lmasa, ertaga inqirozga yuz tutishi tarixdan ma’lum.
Ulug‘ allomalar bizga qoldirgan ilmiy-ma’naviy meros shunchalik ko‘pki, sanab adog‘iga yetolmaymiz. Taassufki, ulardan ko‘pining nomiyu muallifidan boshqasini bilmaymiz. Televizor oldida soatlab o‘tkazadigan vaqtimizdan ozginasini kitob o‘qishga ajratolmaymiz. Chunki kitobdan olinadigan zavqni his qilolmaymiz. X asrda yashagan buyuk olim Ibn Rushd hayoti davomida faqat ikki kechani kitob o‘qimay o‘tkazgan ekan. Bulardan biri uylangan, ikkinchisi esa, otasi vafot etgan kecha edi.
Ilm-ma’rifatda katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritayotgan yaponlarning lug‘atiga yurgan yo‘lida ham kitob o‘qiydigan kishi ma’nosini bildiruvchi “tashiyomi” so‘zi kiritilgan. Biz esa yurgan yo‘limizda emas, hatto uyda ham kitobning betiga qaramay qo‘ydik. Kitoblar javonlarimizni bezab turuvchi jihozga aylandi.
Besh milyon aholi yashaydigan Finlandiyada 1500 ta yirik ommaviy kutubxona, yana shuncha kitob tarqatish shoxobchasi, 250 ta ko‘chma kutubxona (bibliobus) ishlab turibdi. Bizda esa, kutubxonalar tizimi juda nochor, kitob do‘konlari tijorat rastalariga aylantirildi.
Maqolani yozish davomida o‘zimcha kichik tadqiqot o‘tkazdim. Ya’ni, uch-to‘rt talaba do‘stimdan so‘nggi paytda o‘qigan kitoblarini so‘rab chiqdim. Jo‘yali bir javob ololmadim, kimdir vaqt topolmayotganini, ishi ko‘payib ketganini pesh qilsa, kimdir bir necha oydan beri qo‘lida ko‘tarib yurgan she’riy to‘plamni ko‘rsatdi.
O‘qimayapmiz, demakki, umrimizga, qimmatli lahzalarimizga, kelajak avlodga, vatanimizga, olgan ta’limimizga xiyonat qilyapmiz. O‘zimiz bilan o‘zimiz bo‘shliqda esankirab yursak, kelayotgan naslga qanday yordam bera olamiz. Holbuki, o‘qish hayotimizning g‘oyasi, eng birinchi vazifamiz bo‘lmog‘i lozim. Dinimizning “O‘qi!” degan amriga hammadan oldin biz amaliy javob berishimiz kerak emasmi?

Mahmud MA’MURJON
“Hidoyat” jurnalining 2004-yil, 6-sonidan olindi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.