background
logotype
image1 image2 image3

Ulamolar nazdida vaqtning qadri

To‘qqiz yuz ellik yil umr ko‘rgan payg‘ambar Nuh (a.s.) huzuriga o‘lim farishtasi Azroil (a.s.) kelib, so‘radi: “Ey payg‘ambarlar ichida uzoq umr kechirgan zot, dunyo hayoti haqida qanday fikrdasan?” U zot bunday javob berdilar:  “Men uchun bu dunyo go‘yoki ikki eshigi bor hovliga o‘xshaydi. Birinchisidan kirib, ikkinchisidan chiqib ketmoqdaman”.

Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadi: “Biror narsaga quyosh botib, kunim o‘tib va menga berilgan muhlat qisqarib, unda amalim ziyoda bo‘lmaganiga achinganim kabi achinmadim”.

Sahobalardan biri Iskandariya shahri fathi haqidagi xabarni hazrat Umar (r.a.)ga yetkazish uchun jon-jahdi bilan harakat qilib Madinaga keladi. U qaylula vaqtida kelgani uchun hazrat Umar (r.a) ham qaylula qilib, dam olayotgan bo‘lsalar kerak, deb masjidga boribdi. Qarasa, u zot masjidda ekanlar. Hazrat Umar unga qarata: “Agar kunduzi dam olsam, ra’iyat (xalq) haqini zoe qilaman. Mabodo, kechasi uxlasam Alloh taolo haqini zoe qilaman. Bu ikki haq o‘rtasida qanday qilib uxlab dam olaman”, debdilar.

Ulug‘ tobein Hasan Basriy (r.a.) deydi: “Ey odam bolasi, sen o‘tib borayotgan kunlardan iboratsan. Sen uchun bir kunning ketishi bir qisming ketishi demakdir”.

Umar ibn Abdulaziz aytadi: “Kecha va kunduz sening jismingda o‘z ishini ko‘rsatyapti, demak, sen ham ularni g‘animat bilib, foydalanib qol”.

Hofiz Ibn Hajar aytadi: “Sog‘ligi va bo‘sh vaqtidan Alloh toatida foydalangan kishi baxtlidir. Aksincha, ma’siyatga sarflagan odam ziyonkordir”.

Abu Sulaymon Doroniy bunday degan: “Oqil umrining qolgan qismiga emas, balki toatsiz o‘tgan hayoti uchun yig‘lasa edi, bu yig‘i uning o‘limigacha davom etgan bo‘lardi. Ajabo, inson o‘z umrining johillik bilan kechgan qismiga nazar solsa, qolgani­ni qanday kutarkan-a?”

Oriflardan biri deydi: «Agar o‘lim farishtasi bandaga ko‘rinib: “Bir soatlik umring qoldi, uni bir daqiqaga ham uzaytirolmaysan”, desa, banda afsus va nadomat bilan shunday hasrat chekadiki, o‘sha qolgan bir soatni tavbalarga to‘la, xatolari o‘ng­langan boshqa bir soatga almashtirish uchun borini, agar butun dunyo uniki bo‘lsa, sarflagan bo‘lardi».

Hazrat Bahouddin Naqshband bunday degan: “Kim vaqtini zoe ketkazsa, vaqt uning dushmaniga aylanadi. Shunday ekan, nafasning zoe bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang va undan ehtiyot bo‘ling”.

Ibn Qayyum aytadi: “Aslida, inson vaqti uning umridir. Vaqt bulutdek o‘tib ketadi. Kimning vaqti Alloh uchun va Alloh bilan bo‘lsa, vaqt uning hayoti va umridir. Aks holda, inson hayotidan hisoblanmaydi. Kishi o‘z zamoni va vaqtining qadrini bilishi, hatto biror lahzasini ham behuda o‘tkazmasligi va shu asnoda eng afzal so‘z va ishlar bajarishi lozim. Doimo niyati yaxshilikda qoim bo‘lishi va bajariladigan amallarda sustkashlik kilmasligi kerak”.

Hukamolardan biri bunday deydi: “Kim kunini bekorga o‘tkazsa, biror yaxshi ish yo insonlarga chiroyli so‘z yoki yaxshi muomala qilmasa yoxud ilm-ma’rifat hosil qilmasa, u kuniga jabr, o‘ziga zulm qilibdi”.

Abdulloh Ansoriy o‘zining “Tuhfatul muluk” asarida har bir masalani to‘rt tushuncha bilan sharhlaydi. Jumladan, to‘rt narsani aslo qaytarib bo‘lmaslik haqida bunday deydi: Aytilgan so‘z, otilgan o‘q, o‘tgan umr va qazoyi qadar.

Mutafakkirlardan biri aytganidek: “Vaqt hayotdir. Inson hayoti esa uning tug‘ilgan onidan vafot kunigacha yashab o‘tadigan vaqtidir”.

Tolibjon Qodirov tayyorladi.

“Irfon” taqvimining 2013 yil 1-sonidan olindi.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.