background
logotype
image1 image2 image3

Tahoratning hikmati va foydalari

Tarixchi Jon Draper (1811-1882) “Ovrupaning ma’naviy takomili” nomli asarida Islomning jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni, muhim ta’siri va xizmatlari haqida to‘xtalib, Ovruponing musulmonlardan ma’nan qarzdor ekanini e’tirof etadi.

Mazkur asarida u o‘rta asr Ispaniyasidagi ahvol haqida batafsil ma’lumot beradi: “U paytlarda Ovrupada butkul vahshat va qorong‘ulik hukm surardi. Boshlari xurofot va bid’atlar bilan to‘la, tafakkur qilish qobiliyatidan mahrum ovrupaliklar ibtidoiy kulbalarda yovvoyi hayot kechirardilar. Ovqatlari yovvoyi loviya, sabzi va daraxtlarning po‘stlog‘idan iborat bo‘lib, kiyimlari oshlanmagan hayvon terisidan edi. Shuning uchun qaerga borsalar, o‘sha joydan yoqimsiz hid anqib turardi. Musulmonlar ilk kunlardanoq ularga tozalikni o‘rgatdi. Ustilaridagi badbo‘y, bitlab ketgan hayvon terilarini yechib oldi”.

XVI asrda gollandiyalik elchi Baron de Busber usmoniylarni ziyorat qilib, shunday degan ekan: “E, bu odamlar kasal bo‘ladilar. Xuddi baliq kabi yuvinadilar. Shuncha ko‘p yuvinish mumkinmi axir?” U musulmonlarning ko‘p-ko‘p yuvinishlaridan taajjublanadi.

Chindan ham Islomda inkor qilib bo‘lmaydigan darajada moddiy va ma’naviy poklik bor. Biz yuqoridagi fikrlarni pokizalikning asosi bo‘lgan tahoratning sirlarini ochish maqsadida keltirdik. Bu kun inson biologiyasi sohasi bo‘yicha mashhur biror olimdan: “Limfa tizimiga qanday tiyraklik, jonlilik berish mumkin?” deb so‘rasangiz, sizga tahoratning foydalarini ta’riflab beradi.

Tahorat va g‘uslning tibbiy jihatdan ajib hikmatlari bor:
a) vujudga birikkan elektronlar chiqarib tashlanadi va ular ta’sirida bo‘layotgan jismoniy og‘irlashuv yo‘qoladi;
b) tananing qarishi sekinlashadi;
v) limfa (qon bilan to‘qimalararo modda almashinuvini ta’minlovchi suyuqlik) aylanishi eng yaxshi saviyada bo‘ladi.

Biz uzzukun oromkursida yoki kondensator yonida o‘tiramiz. Sun’iy tolali kiyimlar kiyamiz. Havodagi elektr kuchlanishlari buzilib turadi. Xullas, ortiqcha elektronlarga to‘lib ketamiz. Chiqit birikmalar esa asosan qo‘l, oyoq va yuzning kapillyar naychalarida to‘planadi. Tahorat amallari ayni shu a’zolarimizga taalluqlidir.

Bu salbiy ta’sirlarni yo‘qotishning birdan-bir chorasi tahorat va g‘usldir. Shuning uchun ham tahorat olganlarning yuzlari nurli bo‘ladi. Ajabo, tahorat olish buyurilganida shu maqsad ko‘zlanganmidi, deguvchilar bo‘lsa, javob tayyor: faqat tahorat emas, hatto tayammum ham bunday foydalarni ta’minlay oladi. Aks holda, tayammum amr qilinmagan bo‘lardi.

Tahorat olish amr qilingan oyat bu hikmatlarga diqqatimizni tortadi: “Ey mo‘minlar, namozga turganingizda yuzlaringizni va qo‘llaringizni tirsak bilan yuving, boshingizga mash torting (nam qo‘llaringiz bilan silang) va oyoqlaringizni to‘piklari bilan yuving. Agar junub bo‘lsangiz, cho‘miling. Alloh sizlarga qiyinchilik keltirib chiqarishni istamaydi. Lekin sizlarni tahoratli (pokiza) qilishni va o‘z ne’matini komil qilib berishni istaydi, shoyad shukr qilsangizlar...”(Moida, 6, mazmuni).

Demak, tahoratdan ikki maqsad ko‘zlanadi:
1. Pokizalik.
2. Ilohiy ne’matning komil qilib berilishi.

Ilohiy ne’matning komilligi nima? Tani sog‘likning mustahkamlanishi. Modda almashinuvini ta’minlaydigan tomir tizimi va limfa tizimidagi oqsashlarni aritish. Oyatda bizlarga berilgan bebaho ne’matlar tahorat olish bilan komil bo‘lishi ta’kidlanmoqda.

G‘usl-ku (vujudni boshdanoyoq yuvish) ma’lum ma’noda butun dunyoga yoyildi. Tahorat ham shunday bo‘lajagi shubhasizdir.

Surayyo Zohir tayyorladi
«Hidoyat» jurnali 2003 yil 1-sonidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.