background
logotype
image1 image2 image3

Shogird

O‘tmishda hunarmandlar o‘zlariga shogird tanlashda nihoyatda talabchan bo‘lishgan. Bu ishda, albatta, bo‘lajak shogirdning nasl-nasabi, salomatligi, aqlu zakovati, sabru chidami, odob-ahloqi, qo‘yingki, hamma-hamma tomonlari inobatga olingan. Ayniqsa, shogirdning nechog‘lik halolligi har xil yo‘llar bilan sinab ko‘rilgan. Masalan, sezdirmay yo‘liga pul tashlab qo‘yilar, savdo tushumiga ortiqcha so‘m qo‘shib, shogirddan sanab berilishi so‘ralar yoxud adadidan ortiqcha mol berilib, natijasi kuzatilar edi.

Afsuski, hamma shogirdlar ham bunday turdagi sinovlardan o‘ta olmasdilar. Shu munosabat ila qo‘shnimiz Akbar akaning hikoyasini e’tiborlaringga havola etaman:

"O‘smirligimda Chorsu bozoridagi mashhur Soat qassobga shogird tushgan edim. Meni do‘konga yetaklab borgan otam rahmatlik ustozga topshirar ekanlar: 
- Mana, endi Akbarjon sizning o‘g‘lingiz bo‘ladi, suyagi ham, go‘shti ham sizniki, otalik qilasiz, - dedilar. 
Jussador, sersavlat ustoz, ochiq yuz bilan qarshi olib:
- Bolang o‘zingga buyursin, mayli, shogird qilib olaman, endi u yog‘i o‘ziga bog‘liq bo‘ladi, - dedilar meni zimdan kuzatib.
Og‘aynim Zohidjon yo‘lning u chetidagi Ikrom qassobga shogird tushgan edi. Bush vaqtlarimizda bir-birimizni yo‘qlab turardik. Bir gal asr namozi arafalarida odatdagidek og‘aynimni yo‘qlab o‘tdim. Do‘kon orqasidagi xona o‘rtasida kursi turibdi, kursiga savdo puli o‘yib tashlangan, og‘aynim boshi egilgancha tik oyoqda. Ko‘rpachada chordona qurib o‘tirgan ustozi: "Uch so‘m pul yetmayapti, qani u?" deb so‘roqqa tutar edi.
Zohidjon, bilmayman, deb bosh chayqardi.
- Nega bilmaysan. Do‘konga ikkalamizdan boshqa hech kim kirmadi. Men olmagan bo‘lsam, sen bilmasang, kim biladi?
- Bilmayman...
- Bilmaysanmi, mayli, qani, bir borib otangni olib kel-chi.
Zohidjon g‘irillagancha Chorsudan Beshyog‘ochga qarab ketdi. U yetib borganida, istirohat bog‘ida choyxonachi bo‘lib ishlaydigan otasi Olim amaki o‘choq boshida kosov bilan o‘ymalashib turgan ekan. Bolasini ko‘rib nima gap, deb so‘rabdi. U yig‘lab, uch so‘m yo‘qoluvdi, ustoz mendan gumonsirab, adangni olib kel, deb yubordi, debdi.
Amaki yumushini davom ettira turib:
-Uv yaramas, sen mening o‘g‘lim bo‘lsang, nahotki sendan ko‘rdi, hozir boray, onasini ko‘rsatib qo‘yaman. Qani, mana bu o‘tinni olib ber-chi, - deb, o‘g‘li engashganida kapgir bilan boshiga tushiribdi. Yaralangan o‘g‘il ko‘chaga qochib chiqibdi. Orqasidan yugurib chiqqan ota:
- Hoziroq do‘konga zipilla, yaramas, orqangdan yetib boraman, - deb qichqirib qolibdi.
Olim amaki yetib kelganida ustoz asabiylashgancha o‘tirar, Zohidjon uning tepasida boshi egik. O‘g‘lini qo‘li bilan niqtab:
- Bu muttahamni nega boplab adabini bermay, mening oldimga jo‘natding, kelishuvga binoan uni senga butunlay bergan edim-ku, - dedi Olim aka.
Qarab turibman-ku, og‘aynimga rahmim keladi. Aft-basharasi qop-qora qon. Na otasi, na ustozi unga rahm qilishadi...
Ko‘pni ko‘rgan bu ikki kishining siyosatlaridan so‘ng og‘aynim shimining o‘g‘ri cho‘ntagidan buklab solingan uch so‘mlik pulni chiqarib berdi.
...Keyinchalik og‘aynim shahardagi eng mashhur halol savdo xodimlaridan biri bo‘lib elga tanildi. U o‘la-o‘lguncha ustozga izzat-hurmat ko‘rsatib o‘tdi".

Omonulloh Mutal
“Hidoyat” jurnalining 2000 yil 6-sonidan olindi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.