background
logotype
image1 image2 image3

Ser Bordli: «Halovatni Islomdan topdim»

1918 yili butun hayotim o‘tgan vatanimni tark etib, shimoliy g‘arbiy Afriqo tomon yuzlandim va uning sahrolarida badaviylar bilan yetti yil yashadim. Shu davr mobaynida sahroviy badaviylar tilini o‘rgandim, kiyimlarini kiydim va ovqatlarini yedim. Ulardek qo‘y boqib, o‘tovlarda tunab, barcha hayot ko‘rinishlarini o‘zimga qabul kildim. Islomni shu qadar chuqur o‘rgandimki, hatto Muhammad (s.a.v.) haqlarida "Rasul" nomli kitob yozdim. Ana shu ko‘chmanchi badaviylar bilan o‘tkazganim mazkur yetti yil hayotimning eng osuda, tinch, xotirjam va hayotdan rozi yillarim bo‘ldi. 
Men sahro arablaridan bezovtalikni qanday mag‘lub etishni o‘rgandim. Ular musulmon bo‘lganlari uchun qazoi qadarga imon keltirgan edilar. Bu imon ularga hayotni osuda o‘tkazishga ko‘maklashar, hayot qiyinchiliklarini yengil qabul etishga yordamlashar edi. Ular hech bir ishga shoshilishmas, g‘am-tashvish to‘fonlari aro o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmas edi. Ular taqdir qilingan narsa bo‘lishiga, kishiga "Faqat Alloh yozib qo‘ygan narsagina yetishi"ga imon keltirishgan. Buning ma’nosi ular hamma narsaga befarq, faoliyatsiz yoki falokatlar qarshisida qo‘li bog‘langan holda chorasiz degani emas, aslo.
Misol keltiraman. Bir kuni dahshatli dovul ko‘tarildi. U sahro qumlarini O‘rta Yer dengizi osha Fransaning Run vodiysigacha uchirib bordi. Dovul o‘zidan juda issiq havo ufurardi. Men dahshatli qurg‘oqchilikdan jinni bo‘layozdim. Lekin arablar hech ham nolishmasdi. Yelkalarini qisib, odatlaricha, "qazoi qadar" deb qo‘yishardi.
Lekin dovul to‘xtar-to‘xtamas ular kuchli g‘ayrat bilan ishga kirishib ketishdi. Qurg‘oqchilik o‘limiga sabab bo‘lmasidan avval qo‘zichoqlarni so‘yishardi, podani esa janubga, suv tomon haydashdi. Ular bu ishlarni ovozsiz, xotirjam va nolimasdan bajarishdi. Qabila boshlig‘i bo‘lgan shayx bunday dedi: "Ko‘p narsani yo‘qotmadik. Biz o‘zi hamma narsamizni yo‘qotishga munosib edik. Lekin Allohga hamd va shukrlar bo‘lsinki, podamizning yuzdan qirqqa yaqini sog‘-salomat. Ishimizni qaytadan boshlash qo‘limizdan keladi".
Yana bir voqea. Biz mashinada sahrodan o‘tib ketayotgan edik. G‘ildiraklardan biri yorilib ketdi. Haydovchi ehtiyot g‘ildiragini olishni unutgan ekan. Meni g‘azab o‘ti egallab, bezovtalik va tashvishlanish hislari chulg‘ab oldi. Hamrohlarimdan achchiqlanib: "Endi nima qilasiz?" deya so‘radim. Ular g‘azablanish zarracha foyda bermasligini, balki kishini jaholat va halokatga yetaklashini menga eslatishdi.
Shu holda yana ozgina yuruvdikki, benzin tugagani ham ma’lum bo‘lib qoldi. Shunday vaziyatda ham a’robiy hamrohlarimdan birortasi pinagini buzmadi, ularni xotirjamlik tark etmadi. Balki qo‘shiq xirgoyi qilgan holda piyoda yo‘lga tushib ketishdi.
Ko‘chmanchi arablar bilan sahroda o‘tkazgan yetti yilimda Amriqo va Ovro‘pani to‘ldirgan ruhiy xastalar, xafaqonlar va asab kasallarining barchasi o‘ziga sur’atni asos qilib olgan madaniyat qurbonlari ekaniga qanoat hosil qildim.
Men sahroda, balki Allohning jannatida yashar ekanman bezovtalik, tahlikadan ozor chekkanim yo‘q, sakinat, qanoat va rizoni unda topdim. Vaholanki, ko‘p odamlar a’robiylar imon keltirgan taqdir masalalariga istehzo bilan qaraydilar, ularning qazo va qadarga ishonchlarini masxaralaydilar.
Lekin kim bilibdi, balki sahroyilar ayni haqiqatni topgandirlar. O‘tkazgan hayotimni xotiramda gavdalantiraman. Shunda daf’ etishga toqatim, ko‘tarishga majolim yo‘q voqea-hodisalarga duch kelamanki, buni arablar qadar yoki qismat yoxud Allohning qazosi deb nomlashadi. Siz ham uni xohlagan nomingiz bilan atang.
Xullas, sahroni tark etganykga o‘n yetti yil bo‘lgan bo‘lsa ham, Allohning qazoi qadariga nisbatan munosabatim halihanuz arablarnikidek. O‘zim ojiz bo‘lgan hodisalarni hotirjamlik, itoat va sukunat bilan qarshilayman. Arablardan o‘rganganim bu xususiyatlar asabimni tinchlantirishda minglarcha xapdoridan foydaliroqdir.

("Allohni qanday ko‘raman..." kitobidan.)
«Hidoyat» jurnalining 2000-yil 1-sonidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.